O'qildi: 78
19.10.2026
/ 8 Jumadal-ula 1448
Fatvo mavzusi: Er-xotinlik hayoti » Ijtimoiy muammolar
Savol
Turmush qurganimga uch yil bo‘ldi, ammo erim bilan oramizdagi kelishmovchiliklar boshidanoq davom etib kelmoqda. Hatto u meni ikki marta taloq ham qilgan. U tez jahli chiqadigan odam, ba’zan meni uradi ham. Bundan ikki hafta oldin u menga ikkinchi xotinga uylanmoqchi ekanini aytdi. Men bunga chiday olmayapman. Garchi bu shariat unga bergan huquq ekanini bilsam-da, bu mening nafsimga juda og‘ir botmoqda. Bu holatni qabul qilishimni yanada qiyinlashtirgan narsa shuki, u uylanmoqchi bo‘lgan ayol mening dugonalarimdan biri ekan. Men undan bu boradagi fikrini so‘radim, hatto unga erimga turmushga chiqmaslikni maslahat berdim va: «Senga undan ham yaxshiroq er berishini so‘rab Allohga duo qilaman», dedim. Erim bundan xabar topib g‘azablandi va bu katta gunoh ekanini, mening bunday qilishga haqqim yo‘qligini aytdi.
Mening savollarim quyidagicha:
– Ularning turmush qurmasliklarini so‘rab, ularning ziddiga duo qilishim joizmi?
– U ayol bilan gaplashganim va uni bu niyatidan qaytarishga urinishim shariatga xilofmi?
– Agar unga uylansa, taloq so‘rashim joizmi?
– Agar biror narsaga qasam ichib, so‘ng qasamimni buzsam, bu katta gunohlardan sanaladimi? Bunday holatda zimmamga nima vojib bo‘ladi?
Alloh sizlardan rozi bo‘lsin.
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Birinchidan:
Agar erining dugonasiga uylanishini qabul qilish ayol kishiga og‘ir bo‘lsa, bu nikoh amalga oshmasligini so‘rab duo qilishining mone’ligi yo‘q. Dugonangiz bilan gaplashib qilgan ishingizda ham shariatga xilof biror jihat ko‘rinmayapti. Zero, siz unga yaxshilik tilagansiz va uning aslo turmush qurmasligini so‘rab duoibad qilmagansiz — holbuki, bunisi gunoh hisoblanadi —, aksincha, Alloh taolo unga eringizdan ham yaxshiroq boshqa bir munosib juft ato etishini tilab duo qilishingizni aytgansiz. Shunga binoan, eringizning siz dugonangiz bilan gaplashib «katta gunoh» qildingiz, degan gapi to‘g‘ri emas. Bizningcha, uning bu ayolga uylanmasligini so‘rab duo qilishingiz joiz amal bo‘lib, bunda hech qanday gunoh yo‘q. Shuningdek, uning sizning ustingizga umuman boshqa uylanmasligini so‘rab duo qilishingiz ham joizdir. Ammo uylana olmasin degan maqsadda eringizga zarar yoki qashshoqlik tilab duo qilishingiz joiz boʻlmaydi, chunki bu gunoh ishni tilab qilingan duo sanaladi. Shuningdek, agar u uylanishga muhtoj bo‘lsa va bunga qodir bo‘lsa, uylanmasligini so‘rab duo qilishingiz ham joiz emas.
Ikkinchidan:
Ayol kishining uzrli sababsiz taloq so‘rashi ulkan gunohlardan (gunohi kabiralardan) hisoblanadi. Sahih hadisda shunday deyilgan:
Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qaysi bir ayol arzimas sabab tufayli eridan taloq so‘rasa, unga jannatning hidi ham haromdir», dedilar» («Abu Dovud», 2226; Hadisning darajasi: «sahih». Manba: «Shuayb Arnautning Abu Dovud Sunani taxriji», 2226).
Erining boshqa ayolga uylanganining o‘zi sababli xotinning taloq so‘rashi joiz emas. Zero, u bu holatga chidashi va sabr qilishi kerak. Agar taloq so‘rasa, hadisda kelgan qaytariq (va tahdid) ostiga tushib qolishidan qo‘rqiladi.
Shayx Abdulloh ibn Jibrin rahimahullohdan: «Xotin kishi o‘zida sabr yetishmagani sababli, eri uning ustiga boshqa ayolga uylansa, undan taloq so‘rashi joizmi?», deb so‘ralganda u kishi quyidagicha javob berganlar: «Ayolning bunday qilishi joiz emas. Zero, hadisi sharifda kelishicha:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ayol o‘z dugonasining tovog‘ini bo‘shatib olish uchun uning talog‘ini so‘ramasin. Nikohlansin, chunki unga ham o‘ziga taqdir qilingani bo‘ladi», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 6601).
Shunday ekan, ayol sabr-toqat qilishi lozim. Yana bir hadisda esa:
Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qaysi bir ayol arzimas sabab tufayli eridan taloq so‘rasa, unga jannatning hidi ham haromdir», dedilar» («Abu Dovud», 2226; Hadisning darajasi: «sahih». Manba: «Shuayb Arnautning Abu Dovud Sunani taxriji», 2226). Ayol sabr qilishi va chidashi darkor, ayniqsa er adolatli bo‘lib, o‘z zimmasidagi burchlarini to‘laqonli ado etayotgan bo‘lsa» (Manba: http://audio.islamweb.net/audio/index.php?page=FullContent&audioid=145888).
Agar er boshqasiga uylanganda ayol sabr qila olmay, ruhiy yoki jismoniy jihatdan bunga dosh berolmasa va bu holat erining haq-huquqlarini ado eta olmasligiga olib borsa, ajrashishni (taloqni) talab qilishi joiz bo‘ladi va u bu talabida ma’zur sanaladi.
Shayx Muhammad ibn Solih al-Usaymin rahimahulloh aytadilar: «Agar ayol erining (boshqa xotin olishiga) sabr qila olmasa va eriga nisbatan zimmasidagi Alloh buyurgan burchlarini bajara olmaslikdan qo‘rqsa, taloq so‘rashining moneligi yo‘q» («Fatovo nurun ala ad-darb», 346-kasseta).
Erining boshqa ayolga uylanishiga sabr qilgan ayolning savobi haqida 21421-raqamli savolning javobiga qarang.
Uchinchidan:
Qasamni buzish (ya’ni qasam ichilgan narsaning xilofini qilish) masalasiga kelsak, uning hukmi nima ustida qasam ichilganiga bog‘liqdir. Qasam ichilgan narsaning mohiyatiga ko‘ra, uni buzish vojib, harom, makruh, mustahab yoki muboh bo‘lishi mumkin.
Fiqhiy ensiklopediyada keladi: «Qasamni qasddan buzish besh xil ahkom doirasida bo‘ladi:
«Allohni kafil qilib ichgan qasamlaringizni (Alloh nomini zikr etish bilan) mustahkam qilganingizdan keyin buzmangiz! Albatta, Alloh qilayotgan ishlaringizni bilur» (Nahl: 91).
Yanada batafsil ma’lumot olish uchun 143578-raqamli savolning javobiga ham qarang.
Qasamni buzish natijasida kelib chiqadigan narsaga kelsak, qayerda qasamni buzish sodir bo‘lsa, qasamni buzganning zimmasiga qasam kafforoti yuklanadi. U o‘nta miskinni bir mahal – tushlik yoki kechki ovqat – bilan taomlantirishdir. Kafforotni pul bilan chiqarish joiz emas.
Fiqhiy ensiklopediyada keladi: «Faqihlar o‘rtasida qasam kafforati faqatgina qasam buzilgandagina vojib bo‘lishida hech qanday ixtilof yo‘qdir. Shuningdek, qasamning buzilishi ichilgan qasamga xilof qilish orqali – ya’ni qilmaslikka qasam ichilgan ishni qilish yoki qilishga qasam ichilgan ishni, agar uni qilishning imkoni bo‘lmaydigan vaqtgacha kechiktirgani ma’lum bo‘lsa, tark etish orqali sodir bo‘lishida ham ixtilof yo‘q. Kelajakdagi biror ishga nisbatan inkor yoki tasdiq ma’nosida ichilgan qasamni buzish bilan kafforat vojib bo‘lishi xususida ham yakdil fikrdadirlar» («Al-Mavsu’a al-Fiqhiyya», 35/40).
Qoʻshimcha ma’lumot uchun 45676-raqamli savolning javobiga qarang.
Vallohu a’lam.
Bu javob foydali bo’ldimi?