O'qildi: 114
23.02.2026
/ 6 Ramazon 1447
Fatvo mavzusi: Roʻzani buzadigan narsalar
Savol
Ramazonda musiqa eshitishning hukmi nima va u roʻzaning sahihligiga taʼsir qiladimi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Javobning qisqacha mazmuni:
Musiqa eshitish bilan roʻza buzilmaydi. Toʻgʻri, amal sahih sanaladi va roʻzadordan zimmasidagi farzni soqit qiladi, u roʻzaning qazosini tutishga buyurilmaydi. Lekin musiqa ehitishdek gunoh ishga qoʻl urish sababli roʻzaning savobi kamayadi va baʼzan savobi butunlay yoʻq boʻlib ketishi ham mumkin.
Batafsil javob:
Musiqa eshitish haromdir, xoh Ramazonda boʻlsin, xoh undan boshqa vaqtda. Ramazonda esa uning haromligi yanada ortadi va gunohi ogʻirlashadi. Chunki roʻzadan maqsad faqat yeb-ichishdan tiyilish emas, balki Alloh taologa taqvo qilishni roʻyobga chiqarish, aʼzolarning roʻza tutishi va ularning Allohga osiy boʻlishdan tiyilishidir.
Alloh taolo aytadi:
«Ey moʻminlar, taqvoli kishilar boʻlishingiz uchun sizlardan ilgari oʻtganlarga farz qilingani kabi sizlarga ham roʻza tutish farz qilindi» (Baqara: 183).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Roʻza faqat yeyish va ichishdan (tiyilish) emas. Balki behuda gaplar (lagʻv) va shahvoniy (yomon) soʻzlardan tiyilishdir» (Mustadrak Hokim, 1570; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Targʻib», 1082).
Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamdan kelgan ochiq va sahih sunnat musiqa asboblarini eshitishning haromligiga dalolat qilgan.
Imom Buxoriy muallaq holda rivoyat qiladi:
Abdurrahmon ibn Gʻanm Ashʼariy soʻzlab berdi: «Abu Omir [yoki Abu Molik] Ashʼariy menga hadis aytib berdi, Allohga qasamki, u menga yolgʻon gapirmadi. U Nabiy sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitgan ekan: «Ummatimdan farj (zino)ni, ipakni, xamr (mast qiluvchi ichimliklar)ni va sozlarni halol sanaydigan qavmlar boʻladi…» (Sahihi Buxoriy, 5590).
Hadisdagi «Hiro» kalimasidan murod zinodir. «Maʼozif» esa musiqa asboblaridir.
Hadis ikki jihatdan musiqa asboblarining haromligiga dalolat qiladi:
Birinchi: Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamning «halol sanaydilar» degan soʻzlari. Bu zikr qilingan narsalarning harom ekaniga, oʻsha qavmlar esa ularni halol sanashiga ochiq-oydin dalolatdir.
Ikkinchi: Musiqa asboblarini haromligi qatʼiy boʻlgan zino va xamr bilan birga zikr qilinishi. Agar musiqa harom boʻlmaganida, zino va mast qiluvchi ichimliklar bilan bir qatorda zikr qilinmagan boʻlar edi («Silsilatus-sahiha», 91).
Moʻmin kishiga bu muborak oyni gʻanimat bilib, unda Robbisiga yuzlanishi, Alloh taologa tavba qilishi va Ramazondan oldin odatlanib qolgan harom ishlardan tiyilishi vojibdir. Shoyadki, Alloh taolo uning roʻzasini qabul qilib, ahvolini isloh qilsa.
Gunohlar (jumladan, musiqa eshitish) roʻzaning savobini kamaytiradi. Roʻzadorning gunohlari qancha koʻp va katta boʻlsa, roʻzasining savobi shuncha kamayadi. Baʼzan savobi butunlay yoʻq boʻlib ketishi ham mumkin. Natijada u oʻzini yeb-ichish va boshqa roʻzani buzuvchi narsalardan tiygan boʻladi-yu, lekin Allohga osiy boʻlishi bilan oʻsha savobni yoʻqqa chiqargan boʻladi. Shu bois, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sobit boʻlgan hadisda:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Shunday roʻzadorlar borki, ularga roʻzasidan faqat ochlik qoladi. Shunday tungi namoz oʻquvchilar (qoimlar) borki, ularga namozidan faqat bedorlik (uyqusizlik) qoladi» (Ibn Moja, 1690; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihul Jomeʼ», 3488).
Gunohlar, jumladan, musiqa eshitish bilan roʻzaning buzilishiga kelsak, roʻza bu bilan buzilmaydi, balki u sahih boʻlib, roʻzadordan farzni soqit qiladi va uning qazosini tutishga buyurilmaydi. Lekin gunoh qilish bilan roʻzaning savobi kamayadi va yuqorida aytilganidek, baʼzan savobi butunlay yoʻq boʻlib ketishi mumkin.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun ushbu javoblarga murojaat qilishingizni tavsiya qilamiz: 37877, 37989, 50063.
Vallohu aʼlam.
Bu javob foydali bo’ldimi?