O'qildi: 66
Avgust 28, 2025
/ 5 Rabiul-avval 1447
Fatvo mavzusi: Ishq va gunohga sabab boʻluvchi narsalar
Savol
Men va turmush o‘rtog‘im arab tili darslariga qatnashmoqchimiz. Lekin sinflar aralash (erkak-ayol birga o‘qiydi). Biz erkak va ayollar aralashib yurishi (bir joyda aralashib ishlashi, o‘qishi) joiz emasligini bilamiz. Aralashib yurish o‘zi nima, uning hukmi qanday? Dalillar bilan javob bersangiz.
Qo‘shimcha tafsilotlar: Sinfda 10 nafar talaba bor, ularning aksariyati ayollar. Men va turmush o‘rtog‘im shu sinfda bo‘ladigan darslarda qatnashsak bo‘ladimi? Ular orasida gʻayridinlar ham bor.
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Erkak va ayollarning bir joyda to‘planishi, ular orasidagi aralashish, bir-biriga yaqinlashish, bir-birlari bilan siqilib-turtilib yurishlari, ayollarning erkaklar oldida ochiq-sochiq yurishlari – bularning barchasi shariatda harom qilingan ishlardir. Chunki bu fitna va shahvatlarni qo‘zg‘atuvchi sabablardan bo‘lib, fahsh va gunohlarga yetaklovchi omillardandir.
Erkak va ayollar o‘zaro aralashib yurishining haromligi haqidagi dalillar Qur’on va Sunnatda ko‘p. Quyida ulardan ba’zilarini sanab oʻtamiz.
Alloh taoloning quyidagi so‘zlari:
«Qachonki u(ayollar)lardan biror narsa so‘rasangiz, parda ortida turib so‘ranglar! Shunday qilmog‘ingiz o‘z qalblaringiz uchun ham, ularning qalblari uchun ham pokroqdir» (Ahzob: 53).
Ibn Kasir rohimahulloh ushbu oyatni tafsir qilib aytadi: «Ya’ni, men sizlarni ularning oldiga kirishdan qaytarganimdek, ularga umuman nazar tashlamang. Agar sizlardan birontangizning ulardan biron narsani olish kabi ehtiyoji bo‘lsa, ularga qaramasin va o‘rtada to‘siq bo‘lmasa, ulardan biron narsani so‘ramasin».
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam Allohga eng sevimli joylarda – masjidlarda ham erkaklarning ayollar bilan aralashishining oldini olish uchun ayollar saflarini erkaklar saflaridan ajratish, ayollar chiqib ketishi uchun salomdan keyin o‘rnida o‘tirib turish va masjidda ayollar uchun maxsus eshik ajratish kabi chora ko‘rganlar. Bunga dalillar:
Ummu Salama roziyallohu anho aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (namozdan so‘ng) salom berib bo‘lishlari bilanoq ayollar turib ketishardi. U zot turmasdan avval o‘rinlarida biroz qolar edilar». (Roviylardan biri) Ibn Shihob aytadi: «Menimcha, u zotning biroz to‘xtab turishlari ayollarning namozdan turayotgan odamlarga ro‘para bo‘lmay turib, tarqalib ketishlari uchun bo‘lgan. Yana Alloh biladi» (Sahihi Buxoriy, 837).
Imom Abu Dovud ham xuddi shu hadisni «Namoz» kitobining «Ayollarning erkaklardan oldin namozdan chiqib ketishi» deb nomlangan bobida 876-raqam bilan rivoyat qilgan.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu eshikni ayollar uchun qoldirsakmikan», dedilar. (Roviy) Nofe’: «Ibn Umar vafot etguniga qadar o‘sha eshikdan kirmadi», degan (Abu Dovud, 462; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihul jome’», 5258).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Erkaklar safining eng yaxshisi – avvalgisi, yomoni – oxirgisidir. Ayollar safining eng yaxshisi – oxirgisi, yomoni – avvalgisidir», dedilar» (Sahihi Muslim, 440).
Bu hadis shariatning erkak va ayol aralashib yurishini taqiqlaganining eng muhim dalillaridandir. Ya’ni, hatto namozda erkak kishi ayollar safidan qanchalik uzoq bo‘lsa, shunchalik afzal; ayol kishi erkaklar safidan qanchalik uzoq bo‘lsa, uning uchun ham shunchalik afzaldir.
Agar bu choralar masjidda – ayollar va erkaklar shahvatdan eng uzoq bo‘lgan pok ibodat joyida qo‘llanilgan bo‘lsa, boshqa joylarda bu choralarni qo‘llash, shubhasiz, yanada muhimroqdir.
Hamza ibn Abu Usayd Ansoriy otasi roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjiddan chiqayotganlarida yo‘lda erkag-u ayollar aralashib ketishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollarga: «Orqaga o‘tinglar, sizlarga yo‘lning o‘rtasidan yurish mumkin emas. Sizlar yo‘lning chekkasidan yuringlar», deganlarini eshitganman. Shundan keyin ayollar devorlarga yopishib yuradigan bo‘lishdi, hatto devorga juda yaqin yurganlaridan kiyimlari devorga ilinib qolar edi» (Bu hadisni Abu Dovud oʻz «Sunan»ning «Adab» kitobidagi «Ayollarning erkaklar bilan birga yo‘lda yurishi» bobida rivoyat qilgan; Hadis hukmi: «hasan». Manba: «Sahihi Abu Dovud», 5272).
Biz bilamizki, erkaklar bilan ayollar aralashib yurishi va ayollarning erkaklar bilan bir joyda tiqilib-tirbandlikda qolishi zamonamizda ko‘p hollarda, jumladan, bozorlar, shifoxonalar, universitetlar va boshqa joylarda ommaviy kulfatga aylandi. Lekin biz:
Birinchidan, bu ishni ixtiyor qilmaymiz va unga rozi bo‘lmaymiz. Ayniqsa, diniy ma’ruzalarda va Islom markazlaridagi boshqaruv yig‘ilishlarida erkak va ayol aralashib yurishidan uzoq bo‘lish lozim.
Ikkinchidan, imkon qadar manfaatlarga rioya qilgan holda, erkak va ayol aralashib yurishining oldini olish uchun choralar ko‘ramiz. Masalan, erkaklar joyini ayollardan ajratish, ikkala jins vakillari uchun alohida eshiklar ajratish, o‘qituvchi va ma’ruzachining ovozini yetkazib berish uchun zamonaviy aloqa vositalaridan foydalanish va ayollar ayollarga ta’lim beradigan sharoitlarni tezroq yaratish kabilar.
Uchinchidan, imkon qadar Allohdan qo‘rqib, erkaklar ko‘zini ayollarga, ayollar koʻzini erkaklarga qaratmaslik va nafs bilan jihod qilish orqali bu ishdan saqlanamiz.
Quyida ba’zi ijtimoiy tadqiqotchilar tomonidan erkak va ayol aralashib yurishi bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlardan bir qismini havola qilamiz.
Tadqiqotchilardan biri shunday deydi:
«Biz ishtirokchilarga quyidagi savolni berdik:
1-savol: Sizningcha, shariatda erkak va ayol aralashib yurishining hukmi qanday?
Natija quyidagicha bo‘ldi:
76% tadqiqot ishtirokchilari «Joiz emas», deb javob berishdi.
12% ishtirokchilar «Joiz, lekin diniy va axloqiy mezonlarga rioya qilgan holda», deb javob berishdi.
12% ishtirokchilar «Bilmayman», deb javob berishdi.
Siz qay birini tanlaysiz?!
2-savol: Agar sizga erkak va ayol aralashib yuradigan va aralashib yurmaydigan ish muhiti o‘rtasida tanlov berilsa, nimani tanlaysiz?
Bu savolga javoblar quyidagicha natija berdi:
67% ishtirokchilar aralashmagan muhitni tanlashdi.
9% ishtirokchilar aralash muhitni afzal ko‘rishdi.
15% ishtirokchilar o‘z mutaxassisliklariga mos bo‘lgan har qanday muhitga, aralash yoki aralashmagan bo‘lishidan qat’i nazar, qarshi emaslar.
Juda noqulay
3-savol: Erkak va ayol aralashib yurishi tufayli noqulay vaziyatga tushganmisiz?
Tadqiqot ishtirokchilari tomonidan quyidagi noqulay vaziyatlar keltirilgan:
Erkak va ayol aralashib yurishining qurbonlari… Boʻlgan voqealar.
1. Yo‘qolgan umid
Ummu Muhammad qirq yoshdan oshgan yetuk ayol, u o‘z hikoyasini so‘zlab beradi:
«Men turmush o‘rtog‘im bilan o‘zaro yaqinlik va uyg‘unlik bo‘lmasa-da, sokin hayot kechirardim. Erim ayol sifatida g‘ururimni qondiradigan kuchli shaxs emas edi, ammo uning yaxshiligi tufayli oilamga tegishli mashaqqatlarning ko‘p qismini o‘z zimmamga olishimga ham ko‘z yumardim.
Erim ko‘pincha ish bo‘yicha sherigi va do‘stining nomini men eshitadigan tarzda takrorlar edi. O‘sha do‘sti bilan bir necha yil davomida uyimizning bir qismi bo‘lgan o‘z ishxonasida uchrashib, uzoq gaplashib yurardi. Keyin bu odam oilasi bilan bizning ziyoratimizga kela boshladi. Oilaviy tashriflar takrorlanaverdi, erimning unga bo‘lgan kuchli do‘stligi tufayli tashriflar soni va har bir tashrifning soatlari qanchalik oshib ketganini payqamay qoldik. Hatto u odam ko‘pincha biz – men va erim bilan soatlab o‘tirish uchun yolg‘iz keladigan bo‘ldi.
Erimning unga bo‘lgan ishonchi cheksiz edi va kunlar o‘tib, men bu odamni yaqindan bilib oldim. U juda ajoyib va hurmatli kishi edi. Natijada, men bu odamga nisbatan kuchli maylni his qila boshladim, ayni paytda, u ham menga xuddi shunday his bilan munosabatda bo‘layotganini sezdim.
Keyin ishlar g‘alati yo‘sinda keta boshladi. Men bu odam o‘zim istagan erkak ekanligini, u mening bir vaqtlar orzu qilgan odamim ekanligini anglab yetdim… Nega u hozir, shuncha yillardan keyin paydo boʻldi? Har safar bu odam ko‘z o‘ngimda bir daraja yuqori ko‘tarilganida erim bir necha daraja pasayar edi. Go‘yo uning shaxsiyatining go‘zalligini ko‘rish uchun erimning shaxsiyatining xunukligini ochishim kerak edi.
Men bilan bu hurmatli odam o‘rtasidagi munosabat kecha-yu kunduz meni band qilgan xayollardan nariga o‘tmadi. Na men, na u qalblarimizdagi narsalarni aytmadik. Lekin bugungi kunimda, shunga qaramay, oilaviy hayotim tugadi. Erim menga faqat o‘sha zaif, larzaga tushuvchi, sust inson sifatida ko‘rindi. Men undan nafratlanar edim: qanday qilib bu nafrat to‘kilib ketganini bilmayman. Oʻtgan barcha yillar davomida uni yelkamda og‘irlik sifatida ko‘tarib yurganimni o‘yladim, hayotiy kurashlarga yolg‘iz kirar edim. Ishlar shunchalik yomonlashdiki, men erimdan ajrashishni so‘radim. Ha, u meni o‘z xohishimga binoan taloq qildi va keyin vayron bo‘lgan odamga aylandi.
Bundan ham yomonrog‘i, uyim vayron bo‘lib, farzandlarim va erimdan ajralganimdan keyin, anavi odamning (erimning do‘stining) oilaviy ahvoli ham yomonlashdi. Chunki uning ayoli o‘z tabiati bilan qalblarning tub-tubida nima sodir bo‘layotganini sezdi va erining hayotini jahannamga aylantirdi. Rashk uni shu darajada zabt etdiki, kunlarning birida yarim tundan keyin, soat ikkida uyidan chiqib, mening uyimga kelib janjal qildi, u baqirar, yig‘lar va meni ayblar edi. Uning uyi ham vayron bo‘lish arafasida edi…
Tan olaman, biz birga o‘tkazgan go‘zal damlar bizga umrimizning nomunosib vaqtida bir-birimizni tanish imkonini berdi.
Bu uchrashuvlar natijasida uning oilasi vayron bo‘ldi, meniki ham. Men hamma narsamni yo‘qotdim. Hozir aniq bilamanki, mening va uning sharoiti bir-birimiz bilan bog‘lanish uchun hech qanday ijobiy qadam tashlashga imkon bermaydi. Men hozir har qachongidan ham baxtsizroqman, o‘sha soxta baxt va yo‘qolgan umidni izlayapman…»
2. «Zino qarzdir», yoxud doʻstining xotinini zinoga chorlovchilar «bazmi»
Ummu Ahmad hikoya qiladi:
«Erimning bir guruh uylangan do‘stlari bor edi. Ular bilan bo‘lgan kuchli munosabatlarimiz tufayli, har hafta uylarimizning birida kechki gurung va ko‘ngilxushlik uchun to‘planar edik.
Menga bu muhit yoqmas edi, chunki kechki ovqat, shirinliklar, yong‘oqlar va sharbatlar bilan birga ko‘pincha odob chegarasidan chiquvchi hazillar va latifalar sababli qattiq kulgi to‘lqinlari ko‘tarilardi.
Do‘stlik nomi bilan takalluf ko‘tarilib, vaqti-vaqti bilan falonchi va falonchining eri o‘rtasida maxfiy, sirli kulgilar eshitilardi. Bu og‘ir hazil-mutoyiba edi, uyalmasdan jinsiy aloqa va ayollarga xos bo‘lgan nozik mavzularga tegib o‘tardi. Bu oddiy, hatto maqbul va jozibali hol edi.
Men bunday ishlarda ular bilan qatnashishimga qaramay, vijdonim qiynalardi. Bu toki ushbu muhitning xunuk va pastkashligini fosh qilgan kungacha davom etdi…
Telefon jiringladi va men do‘stlar guruhidan birining ovozini eshitdim. Unga «Xush kelibsiz», dedim va erim yo‘qligi uchun uzr so‘radim. Lekin u buni bilishini va faqat men bilan gaplashish uchun qo‘ng‘iroq qilayotganini aytdi! U men bilan yaqin munosabat o‘rnatishni taklif qilganidan keyin g‘azabim qaynab ketdi, unga qattiq so‘zlar aytib, uni tanqid qildim. U esa kulib: «Menga bunday qahramonlik ko‘rsatish o‘rniga eringga qahramon bo‘l va u nima qilishini kuzat», dedi. Bu so‘z qalbimni vayron qildi, lekin o‘zimni qo‘lga oldim va bu odam uyimni buzmoqchi ekan, deb o‘yladim. Lekin u qalbimda erimga nisbatan shubha urug‘larini eka oldi.
Qisqa muddat ichida katta kulfat yuz berdi: erim boshqa ayol bilan birga menga xiyonat qilayotganini (zino qilib yurganini) bilib qoldim. Bu men uchun hayot yoki o‘lim masalasi edi… Erim bilan yuzma-yuz o‘tirib: «Munosabatlar o‘rnatish huquqi faqat sizgagina berilmagan, menga ham shunga o‘xshash taklif bo‘ldi», dedim va unga do‘stining hikoyasini aytib berdim. U hayratdan qotib qoldi. «Agar siz mening o‘sha ayol bilan aloqangizni qabul qilishimni istasangiz, bu o‘sha bilan teng», dedim.
O‘shanda uning yuzimga tushirgan shapalog‘i butun vujudimni larzaga soldi. U bu so‘zlarni jiddiy aytmaganimni bilardi, lekin shunday bo‘lsa-da, hayotimizni qamrab olgan kulfat va biz yashayotgan buzilgan muhitni his qildi. Erim o‘sha pastkash ayol bilan aloqani uzgunigacha ko‘p azob chekdim, chunki u o‘zi tan olganidek, u ayolga bog‘lanib qolgan edi. Keyin uni tark etib, uyiga, bolalariga qaytdi, lekin endi kim menga erimning qalbimdagi avvalgidek hurmatini qaytarib bera oladi?! Kim uning salobati, izzati va qadrini ko‘nglimda qayta tiklay oladi? Bu jarohat yuragimda qoldi. O‘sha sassiq muhitdan pushaymon va kuyish bilan oqib turadigan, «bezarar kechki yigʻilishlar» deb nomlangan, ammo aslida gunohga to‘lgan voqealar haqida guvohlik beradigan jarohat…
Aziz Rabbimdan rahmat so‘raydigan jarohat…»
3. Aql ham fitnadir
Abdulfattoh hikoya qiladi:
«Men katta kompaniyalardan birida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayman. Uzoq vaqtdan beri ayol hamkasblarimdan biriga qoyil qolardim. Uning go‘zalligi uchun emas, balki ishdagi jiddiyligi, aqli va ustunligi, bunga qo‘shimcha, u juda hurmatli, kamtar, faqat ishga e’tibor beradigan ayolligi uchun edi. Qoyil qolish borib-borib unga bog‘lanib qolishga aylandi. Holbuki, men Allohdan qo‘rqadigan, farzlarni qoldirmay ado etadigan, uylangan erkak edim. Unga hislarimni ochdim, lekin rad javobidan boshqa narsani ko‘rmadim. U turmush qurgan va farzandlari ham bor edi. U o‘zi bilan munosabat o‘rnatish uchun hech qanday do‘stlik, hamkasblik, qoyil qolish yoki boshqa nomlar ostidagi gaplarni asos deb bilmasdi. Ba’zida yomon vasvasa kelardi: unga uylanish uchun ichimda uning eri taloq qilishini istardim.
Ishda unga bosim o‘tkazib, boshliqlarim oldida uning darajasini pasaytira boshladim, bu ehtimol undan o‘ch olishning bir turi edi. U esa bularga keng qalb bilan, hech qanday norozilik, izoh yoki inkorsiz munosabatda bo‘lardi. U faqat ishlar, faqat ishi uning darajasi haqida gapirar va u buni yaxshi bilardi. Unga bog‘lanishim oshib borayotgan bir paytda, uning menga qarshilik qilishi ham xuddi shu darajada oshib borardi.
Men ayollarga osonlik bilan qiziqib qolmaydigan odamman. Chunki Allohdan qo‘rqaman va ular bilan munosabatlarimda ish talab qilganidan tashqari chegaralarni buzmayman. Lekin bu ayol meni qiziqtirib qoldi… Nima qilish kerak… Bilmayman…»
4. O‘rdak bolasi suzishni bilib tug‘iladimi?
N.A.A. ismli o‘n to‘qqiz yoshli qiz bizga hikoya qiladi:
«O‘shanda men kichik qizcha edim, begunoh ko‘zlarim bilan oilam do‘stlarini uyda jamlagan o‘sha kechki gurunglarni kuzatardim. Esimda qolgani: men faqat bitta erkakni ko‘rar edim, u – otam edi. Uning har bir harakatini kuzatardim: yurishlarini, qarashlarini… Bu qarashlar o‘sha yerdagi ayollarni cho‘g‘dek yutar edi, otam ularning oyoqlarini, ko‘kraklarini, ko‘zlarini, sochlarini, yana boshqasining belini maqtardi. Bechora onam bunday razil takalluflarni indamay eshitishga majbur, chunki u juda oddiy ayol edi.
Kelganlar orasida bir ayol bor edi. U ataylab otamning e’tiborini o‘ziga qaratardi, goh unga yaqinlashib, goh yengil harakatlar qilardi. Men buni qiziqish bilan kuzatardim, onam esa mehmonlar uchun oshxonada band bo‘lardi.
Bu yig‘ilishlar to‘satdan to‘xtadi. Yosh boshim bilan nima bo‘lganini tushunish va sodir bo‘lgan hodisani tahlil qilishga harakat qildim, lekin bunga muvaffaq bo‘lmadim.
Esimda qolgani, o‘sha paytda onam butunlay tushkunlikka tushdi va uyda otam haqida eshitishga toqati ham qolmadi. Atrofimdagi kattalarning g‘ira-shira gaplarini eshitardim: «xiyonat, yotoqxona, ularni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi, pastkash, sharmandali vaziyatda…» va boshqa bu kabi faqat kattalar tushunadigan kalit so‘zlar.
Katta bo‘ldim, holatni tushundim va hamma erkaklarga nisbatan nafrat tuydim: ularning barchasi xoin, onam vayron bo‘lgan inson, biznikiga kelgan har qanday ayol erkak o‘g‘risi va otamni tuzoqqa tushirmoqchi, deb ayblay boshladim.
Otam… u hali ham sevimli mashg‘ulotini – ayollarni ta’qib qilishni davom ettirib kelmoqda, lekin uydan tashqarida. Hozir yoshim o‘n to‘qqizda, lekin men ko‘p yigitlarni bilaman. Ulardan o‘ch olayotganimda behad lazzat sezaman, chunki ular otamning nusxasi: ularni aldayman va o‘zimga jalb qilaman, lekin biron soch tolamga ham qo‘l tegizishlariga yo‘l qo‘ymayman. Ular meni savdo majmualarida va bozorlarda harakatlarim va ataylab qilingan imo-ishoralarim sababli ta’qib qilishadi. Telefonim ba’zida hech qachon gaplashishdan to‘xtamaydi. Ba’zida qilayotgan ishlarimdan, Havvo jinsi va onam uchun o‘ch olayotganimdan faxrlanaman. Lekin ko‘pincha bo‘g‘ilish darajasigacha baxtsizlik va mag‘lubiyatni his qilaman. Hayotimni katta qora bulut qoplagan, uning nomi – otam…»
5. Falokatdan avval ehtiyot bo‘ling
S.N.A. o‘z tajribasini hikoya qiladi:
«Hech qachon ish sharoitim meni qarama-qarshi jins bo‘lgan erkaklar bilan muomala qilishga majbur etishini tasavvur qilmagan edim, lekin bu haqiqatda sodir bo‘ldi… Boshida men yuzimga niqob tutib, shu bilan erkaklardan yashirinardim. Lekin ba’zi opa-singillar bu kiyim mening borligimga ko‘proq e’tibor tortishini aytishdi. Ayniqsa, ko‘zlarim biroz ajralib turganini e’tiborga olib, «Niqobni yechganing ma’qul», deyishdi. Men «Darhaqiqat, bu yaxshiroq», deb o‘ylab, yuzimdan pardani oldim…
Lekin hamkasblar bilan aralashib yurishga o‘rganib, o‘zimni suhbatlarda va kulgili gaplarda qatnashmasligim, qattiqqo‘lligim bilan hammadan ajralib turganimni ko‘rdim. Hamma bu «yovvoyi ayol»dan (albatta, ularning ko‘zida) ehtiyot bo‘lardi. Buni bir kishi tasdiqladi, u «mutakabbir va manman shaxs» bilan ishlashni istamasligini aytdi.
Vaholanki, men aslida unday emas edim. Shunda men o‘zimga zulm qilmaslikka va hamkasblar orasida yoqimsiz holatga tushmaslikka qaror qildim. Shunday qilib, hazil-mutoyibalarda qatnashadigan bo‘ldim. Hamma mening yuqori darajadagi nutq qobiliyatiga ega ekanimni, ishontira olish, ta’sir o‘tkaza olish qobiliyatimni kashf etdi. Shuningdek, men qat’iy, lekin ayni paytda ba’zi hamkasblarga jozibali bo‘lgan usulda gapirar edim.
Ko‘p vaqt o‘tmay, bevosita mas’ul shaxs yuzida ba’zi ta’sirlarni, qo‘zg‘alish, oqarish va mening nutqim usuli va harakatlarimdan zavqlanishlarni ko‘rdim. U ataylab men muhokamaga qo‘shilishim uchun ba’zi mavzularni ko‘tarar va men uning ko‘zlarida yoqimsiz, sariq qarashlarni ko‘rar edim.
Bu erkak haqida fikrlash qalbimga kirib qolganini inkor qilmayman. Shunda men dindor ayol tuzog‘iga erkak kishi osonlik bilan tushishidan hayratda qoldim; agar buzuq ayol ochiq-sochiq kiyinib, uni buzuqlikka chaqirsa, oqibati nima bo‘ladi?
Haqiqatda, men u haqida noaxloqiy biron narsa o‘ylamagan edim, lekin u, baribir, fikrlarimning bir qismini uzoq vaqt davomida band qildi. Keyin garchi o‘zimga bo‘lgan ishonchni tuysam ham, bu begona erkakning hech qanday lazzati uchun, hatto ma’naviy zavqi uchun bo‘lsa ham sabab bo‘lishdan bosh tortdim, u bilan xoli qolishga majburlaydigan har qanday yo‘lni to‘sdim.
Oxiri, men quyidagi foydali xulosalarga keldim:
Endi nima bo‘ladi?
Erkak va ayollarning aralashib yurishi masalasiga tegishli yuqoridagi shuncha masalalarni ko‘targandan so‘ng, «Endi nima bo‘ladi?» – deb so‘raymiz?
Biz erkak va ayollarning aralashib yurishini qanchalik chiroyli va yengil qilib ko‘rsatmaylik, uning yomon oqibatlari bizni ta’qib qilib, zararlari oilalarimizni vayron qilishini tan olish vaqti keldi.
Sog‘lom fitrat erkak va ayollarning aralashib yurishini ijtimoiy munosabatlarda sog‘lom muhit deb qabul qilishdan qochadi, bu xuddi o‘sha fitrat tadqiqotida qatnashganlarning aksariyatini (76%) erkak va ayol aralashmagan muhitda ishlashni afzal ko‘rishga undadi. Xuddi shu foiz (76%) aralashish shar’an joiz emasligini aytdi.
E’tiborli joyi esa ushbu faxrli foizlar emas, ular Islom jamiyatining uning ahli qalbidagi pokligini ko‘rsatadi. Ammo diqqatimizni tortgan joyi «aralashish joiz» deydigan oz miqdordagi odamlar (12%) edi. Bu guruhdagi odamlar «istisnosiz ravishda erkak va ayollarning aralashib yurishi joiz; lekin din, urf, odatlar, axloq, vijdon, hayo va boshqa mezonlar bilan» dedilar… Ularning fikricha, shu qadar go‘zal qadriyatlar ro‘yxati erkak va ayollarning aralashib yurishining chegaralarini saqlab qoladi goʻyo. Saqlab qolmayapti-ku!
Biz ulardan so‘raymiz: hozirgi kunda universitetlarimiz, bozorlarimiz, ish joylarimiz, oilaviy va ijtimoiy yig‘ilishlarimizda ko‘rayotganimiz erkak va ayollarning aralashib yurishiga yuqorida aytilgan afzalliklarni tatbiq qilish mumkinmi? Yoki bu joylar kiyim, gap-so‘z va xatti-harakatlarda chegaralarni buzish bilan to‘lami? Bu joylarda ochiq-sochiqlik, fitnalar va shubhali munosabatlarni, axloqsizlikni, vijdonsizlikni, hayosizlikni ko‘ramiz.
Go‘yoki, holatning oʻzi shunday deyayotgandek: «hozirgi ko‘rinishdagi erkak va ayollarning aralashib yurishi hatto pok muhitda ularning aralashishlarini qo‘llab-quvvatlaydiganlarga ham yoqmaydi!»
Erkak va ayollarning aralashib yurishi – bu qaynoq, yopishqoq, ho‘l narsa ekanligini tan olish vaqti keldi. U zaharli ijtimoiy fitna-fasodlar o‘sib, ko‘payib, chalkashib ketishi uchun unumli tuproqni ifodalaydi va buning asosiy sababi erkak va ayollarning aralashib yurishi ekanini hech kim sezmaydigan darajada rivojlanadi.
Erkak va ayollarning aralashib yurishi, haqiqatan, sukut saqlovchi fitna boshi bo‘lib, uning soyasida qalblar va shahvatlar toyib ketadi, xiyonatlar portlaydi, uylar va qalblar vayron bo‘ladi.
Allohdan salomatlik, ofiyat va yaxshilik tilaymiz. Alloh Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga salovat va salomlar yo‘llasin.
Bu javob foydali bo’ldimi?