O'qildi: 46
15.08.2026
/ 2 Rabiul-avval 1448
Fatvo mavzusi: Harom kasblar
Savol
Ilmiy tadqiqotlar va fatvolar bo‘yicha doimiy qo‘mitaga «Biznes» va «Hibatul-Jazira» kabi piramida yoki tarmoqli marketing shirkatlarining faoliyati haqida ko‘plab savollar kelib tushdi. Bu shirkatlar faoliyatining mohiyati quyidagicha: bir kishi mahsulot yoki tovar sotib olishga ko‘ndiriladi, so‘ng u boshqalarni xuddi shunday qilishga undaydi, ular ham o‘z navbatida keyingilarni jalb qiladi va bu zanjir shu tarzda davom etadi. Ishtirokchilar qatlami qancha kengaysa, birinchi ishtirokchi shuncha ko‘p komission haq oladi va bu summa hatto minglab riyollarga yetishi mumkin. Har bir ishtirokchi o‘zidan keyingilarni a’zolar ro‘yxatiga yangi odamlarni jalb qila olsa, katta komission to‘lovlar olishi mumkinligi bilan qiziqtiradi. Aynan mana shu narsa piramida yoki tarmoqli marketing deb ataladi.
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Qo‘mita yuqoridagi savolga quyidagicha javob berdi:
Bu turdagi muomala haromdir. Chunki muomaladan maqsad mahsulot emas, balki komission haqlardir. Komission haqlar o‘n minglabga yetadi, holbuki mahsulot narxi bir necha yuzdan oshmaydi. Har qanday aqli raso kishiga bu ikki narsa taklif qilinsa, u albatta komission haqlarni tanlaydi. Shuning uchun bu shirkatlar o‘z mahsulotlarini sotish va reklama qilishda ishtirokchi olishi mumkin bo‘lgan katta miqdordagi komission haqlarni ko‘rsatishga va uni mahsulot narxi bo‘lgan ozgina mablag‘ evaziga haddan tashqari katta foyda bilan qiziqtirishga tayanadi. Bu shirkatlar sotayotgan mahsulot komission haqlar va foyda olish uchun shunchaki bir parda va bahonadir. Bu muomalaning haqiqati shunday ekan, u bir necha sabablarga ko‘ra shar’an haromdir:
Birinchidan:
U riboning ikki turini – fazl ribosi va nasiya ribosini o‘zida jamlagan. Ishtirokchi katta miqdordagi pulni olish uchun oz miqdorda pul to‘laydi. Bu – pul evaziga farq va kechiktirish bilan pul olishdir. Bu esa Qurʼon, sunnat va ulamolar ijmosi bilan harom qilingan ribodir. Shirkat mijozga sotayotgan mahsulot esa bu ayirboshlash uchun shunchaki bir pardadir, ishtirokchining maqsadi mahsulot emas, shuning uchun mahsulot nima bo‘lishidan qat‘i nazar yuqorida aytilgan hukmga ta’sir ko‘rsatmaydi.
Ikkinchidan:
Bu shar’an harom qilingan g‘arar (aldov, noaniqlik) turlaridandir. Chunki ishtirokchi kerakli miqdordagi ishtirokchilarni to‘plashga muvaffaqiyat qozonadimi yoki yo‘qmi, bilmaydi. Tarmoqli yoki piramida marketingi qancha davom etmasin, u albatta bir nuqtaga yetib to‘xtaydi. Ishtirokchi piramidaga qo‘shilgan paytda o‘zining yuqori qatlamlarda bo‘lib, foyda ko‘ruvchi bo‘lishini yoki quyi qatlamlarda bo‘lib, zarar ko‘ruvchi bo‘lishini bilmaydi. Voqelikda esa piramida a’zolarining aksariyati zarar ko‘ruvchilardir, faqatgina yuqoridagi juda ozchilik bundan mustasno. Demak, g‘olib keluvchi holat – zarardir. Bu g‘ararning haqiqati, ya’ni ikki ish o‘rtasida ikkilanish bo‘lib, ularning aksari qo‘rqinchlirog‘idir. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam g‘arardan qaytarganlar, buni Muslim o‘z «Sahih»ida rivoyat qilgan.
Uchinchidan:
Bu muomala shirkatlarning odamlarning molini botil yo‘l bilan yeyishni o‘z ichiga olgan. Bu shartnomadan faqat shirkat va u boshqalarni aldash maqsadida bermoqchi bo‘lgan ishtirokchilargina foyda ko‘radi. Bu esa Alloh taoloning quyidagi oyatida harom qilingandir:
«Ey moʻminlar, mollaringizni oʻrtalaringizda nohaq (yaʼni, oʻgʻrilik, qaroqchilik, sudxoʻrlik, poraxoʻrlik, qimor kabi) yoʻllar bilan yemangiz!» (Niso: 29)
To‘rtinchidan:
Bu muomaladagi aldov, firibgarlik va odamlarni chalg‘itish. Bir tomondan, mahsulotni go‘yoki muomaladan maqsad shudek ko‘rsatish, holbuki unday emas. Boshqa tomondan, ularni ko‘pincha amalga oshmaydigan katta komission haqlar bilan qiziqtirish. Bu shar’an harom qilingan aldovdir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
«Kim aldamchilik qilsa, mendan emas!», deganlar. (Sahihi Muslim, 102).
Boshqa hadisda esa:
Hakim ibn Hizom roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Sotuvchi va xaridor bir-birlaridan ajralgunlariga qadar (savdoni buzish yoki davom ettirishda) ixtiyorlidirlar. Agar ular rost gapirsalar va (molning aybi yoki narxini) bayon qilsalar, ikkalasining savdosiga baraka beriladi. Agar yolgʻon gapirib, (ayblarni) yashirsalar, savdolarining barakasi oʻchiriladi (yoʻq qilinadi)» (Sahihi Buxoriy, 2079; Sahihi Muslim, 1532).
Bu muomalani dallollik (vositachilik) deyish esa to‘g‘ri emas. Chunki dallollik – bu bir shartnoma bo‘lib, unga ko‘ra dallol tovarni sotish evaziga haq oladi. Tarmoqli marketingda esa ishtirokchining o‘zi mahsulotni sotish uchun haq to‘laydi. Shuningdek, dallollikdan maqsad tovarni haqiqatan sotishdir, tarmoqli marketingdan farqli o‘laroq, undagi haqiqiy maqsad komission haqlarni sotishdir, mahsulotni emas. Shuning uchun ishtirokchi sotuvchiga sotuvchini, unga ham sotuvchini topadi va hokazo. Dallollikda esa dallol tovarni haqiqatan xohlaydigan kishiga sotadi. Ikkisi o‘rtasidagi farq ochiq-oydindir.
Komission haqlarni hadya (sovg‘a) deyish ham to‘g‘ri emas. Agar shunday deb qabul qilinsa ham, har qanday hadya shar’an joiz bo‘lavermaydi. Qarz ustiga berilgan hadya ribodir. Shuning uchun Abdulloh ibn Salom Abu Burda roziyallohu anhumoga aytganlar:
«Sen ribo keng tarqalgan yerdasan. Agar birovda haqqing bo‘lsa va u senga bir ko‘tarim somonmi, arpami, bedami hadya qilgudek bo‘lsa ham, uni olma, chunki u ribodir» (Sahihi Buxoriy, 3814).
Hadya u berilishiga sabab bo‘lgan narsaning hukmini oladi. Shuning uchun u zot sollallohu alayhi va sallam (o‘ziga hadya qilingan narsa haqida) «Bu sizlarniki, bu esa menga hadya qilindi» degan xodimga:
«Otasining uyida yoki onasining uyida oʻtirmabdi-da, unga hadya qilinadimi yoki yoʻqmi, koʻrar edi!», deganlar (Sahihi Buxoriy, 6979; Sahihi Muslim, 1832).
Bu komission haqlar faqatgina tarmoqli marketingda ishtirok etish uchun paydo bo‘lgan. Unga qanday nom berilmasin, hadya deyiladimi, bonus yoki mukofot yoxud boshqa nom beriladimi, uning haqiqati va hukmini hech narsa o‘zgartira olmaydi.
Shuni ta’kidlash joizki, bozorda «Smarts Vey», «Gold Kvest» va «Seven Daymond» kabi tarmoqli yoki piramida marketingi yo‘lini tutgan shirkatlar paydo bo‘ldi. Ularning hukmi yuqorida zikr qilingan shirkatlarnikidan farq qilmaydi, garchi ular taklif qilayotgan mahsulotlari bilan bir-biridan farq qilsa ham.
Tavfiq Allohdandir. Va sollallohu ala nabiyyina Muhammad va olihi va sahbihi.
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?