O'qildi: 54
14.08.2026
/ 1 Rabiul-avval 1448
Fatvo mavzusi: Namozdagi qunut
Savol
Sizdan namozdagi qunut (ruku’dan keyin qo‘l ko‘tarib duo qilish) haqida so‘ramoqchiman. Bu amal Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridanmi yoki bu ish ularning holati sababli istisno tariqasida bo‘lganmi? Iltimos, menga javob bering, chunki masjidimiz imomi, Rasulullohdan qaysi namoz afzal, deb so‘ralganda, u zot alayhissalotu vassalom: «Qunuti uzunroq bo‘lgan namoz», deb javob berganlar», deb aytdi.
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Javobning qisqacha mazmuni:
Qunut – namozda, qiyomning ma’lum bir o‘rnida qilinadigan duoning nomidir. U ulamolarning ikki so‘zidan sahihrog‘iga ko‘ra vitr namozida ruku’dan keyin joriy qilingan. Shuningdek, musulmonlarga biror musibat yetsa, besh vaqt farz namozlarining har birining oxirgi rakatida ruku’dan turgandan keyin, Alloh musibatni ochmaguncha va musulmonlardan ko‘tarmaguncha duo qilish joriy qilingan. Bomdod namozida doimo, barcha holatlarda qunut qilishga kelsak, Nabiy sollallohu alayhi vasallam bomdodni qunut bilan xoslaganlari yoki bomdod namozida uni doimiy qilganlari sahih rivoyatda kelmagan. Vitr namozidagi qunut duosining vorid bo‘lgan shakllari bor, lekin boshqa duolar bilan ham duo qilish joiz. Jumhur ulamolarning qarashlariga ko‘ra, qunut ruku’dan keyindir, agar ruku’dan oldin qunut qilsa ham, zarari yo‘q.
Javob:
Fuqaholar ta’rifida qunut: «namozda, qiyomning ma’lum bir o‘rnida qilinadigan duoning nomidir».
U ulamolarning ikki so‘zidan sahihrog‘iga ko‘ra, vitr namozida ruku’dan keyin joriy qilingan.
Musulmonlarga biror musibat yetsa, besh vaqt farz namozlarining har birining oxirgi rak’atida ruku’dan turgandan keyin, Alloh musibatni ketkizmaguncha va musulmonlardan ko‘tarmaguncha duo qilish joriy qilingan. (Shayx Bakr Abu Zayd; «Tas’hih ad-duo», 460-bet).
Bomdod namozida barcha holatlarda qunut oʻqilishiga kelsak, u:
Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan bomdodni qunut bilan xoslaganlari yoki bomdod namozida uni doimiy qilganlari sahih rivoyatda kelmagan. Balki u zot sollallohu alayhi vasallamdan sobit bo‘lgani shuki, u zot musibatli holatlarda o‘sha holatga munosib qunut oʻqiganlar. U zot bomdod va boshqa namozlarda, u zot dinlarini o‘rgatish uchun yuborgan qorilarni o‘ldirganlari uchun Ri’l, Zakvon va Usayya qabilalariga qarshi duo qilib qunut oʻqiganlar. Shuningdek, bomdod va boshqa namozlarda zaif mo‘minlarni dushmanlaridan qutqarishini so‘rab duo qilganlari sobit bo‘lgan. Lekin buni doimiy qilmaganlar. U zotdan keyin xulafoi roshidinlar ham shu yo‘ldan yurganlar. Shunday ekan, (imom uchun) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga iqtido qilib, faqat musibatli holatlarda qunut oʻqish bilan cheklangani yaxshiroqdir.
Abu Molik al-Ashja’iy Sa’d ibn Toriqdan rivoyat qilinadi. U aytadi: «Men otamga: «Ey otajon, siz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali orqalarida bu yerda, Kufada, besh yilcha namoz o‘qidingiz. Ular bomdodda qunut o‘qisharmidi?» – dedim. U: «Ey o‘g‘lim, bu yangi chiqqan ishdir», – dedi (Ibn Moja, 1241; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Irvo’ul g‘alil», 435).
Eng yaxshi yo‘l – Muhammad sollallohu alayhi vasallamning yo‘lidir». Ilmiy tadqiqotlar va fatvo bo‘yicha doimiy qo‘mita (7/47).
Vitr namozidagi qunut va musibatlardagi qunut uchun muayyan bir shakl bormi?
Javob:
Vitr namozidagi qunut duosining vorid bo‘lgan shakllari bor, jumladan:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hasan ibn Ali roziyallohu anhumoga o‘rgatgan shakl, u ham bo‘lsa:
Hasan ibn Aliy roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga vitrda aytiladigan kalimalarimni o‘rgatdilar. – (Roviy) Ibn Javvos «vitrning qunutida», deb aytgan. – «Allohummahdiniy fii man hadayt, va ’aafiniy fii man ’aafayt va tavallanii fii man tavallayt va baarik lii fii maa a’toyt va qinii sharro maa qodoyt, innaka taqdiy va laa yuqdoo ’alayk va innahu laa yazillu man vaalayt, tabaarokta Robbana va ta’aalayt» (Abu Dovud, 1420; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Irvo’ul g‘alil», 429).
* Ma’nosi: «Allohim! Hidoyat qilganlaring qatorida meni ham hidoyat qilgin, ofiyat berganlaring qatorida menga ham ofiyat bergin, do‘st tutganlaring qatorida meni ham do‘st tutgin, menga berganlaringga barakot bergin, taqdir qilgan narsalaringning yomonligidan meni saqlagin, Sen hukm qilursan, Senga hukm qilinmas. Sen do‘st tutganlar xor bo‘lmas. Robbimiz, Sen Muborak va Oliydirsan».
Vitr namozidagi qunut duosining yana biri:
Ali ibn Abu Tolibdan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam «vitrlarining oxirida shunday der edilar: «Allohumma inniy a’uzu birizoka min saxotik, va bimu’afatika min ’uqubatik, va a’uzu bika minka la uhsiy sanaan ’alayk, anta kama asnayta ’ala nafsik» (Nasoiy, 1747; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Irvo’ul g‘alil », 430).
* Ma’nosi: «Allohim, Sening g‘azabingdan roziliging bilan, uqubatingdan ofiyating bilan panoh so‘rayman. Va Sendan O‘zing bilan panoh so‘rayman. Senga bo‘lgan sanoning hisobiga yeta olmayman. Sen O‘zingga O‘zing sano aytganing kabidirsan».
So‘ngra Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salavot aytadi. Bu ba’zi sahobalar roziyallohu anhumdan, jumladan: Ubay ibn Ka’b va Muoz roziyallohu anhumolardan vitr qunutining oxirida o‘qilishi sobit bo‘lgan». Shayx Bakr Abu Zayd («Tas’hih ad-duo», 460-bet).
Musibatlar uchun qunut qilganda holatga munosib duo qilinadi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinganidek, u zot o‘z as’hoblariga xiyonat qilib, ularni o‘ldirgan arab qabilalarini la’natlaganlar va Makkadagi zaif mo‘minlarni Alloh taolo qutqarishini so‘rab duo qilganlar. Umar ibn Xattobdan u kishinig ushbu duo bilan qunut qilganlari sobit bo‘lgan:
«Allohumma innaa nasta’iynuka va nastag‘firuka. Va nusniy alaykal xoyro va laa nakfuruk. Va naxla’u va natruku man yafjuruk. Allohumma iyyaaka na’budu va laka nusolliy va nasjudu va ilayka nas’aa va nahfidu. Narjuu rohmataka va naxshaa azaabaka. Inna azaabaka bil kaafiriyna mulhiq» (Bayhaqiy, 3187; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Irvo’ul g‘alil», 2\170).
Ma’nosi: «Allohim, albatta, biz Sendan yordam so‘raymiz, senga istig‘for aytamiz va senga shukr keltiramiz, kufr keltirmaymiz. Kim senga fojirlik qilsa, uni ajratamiz va tark qilamiz. Allohim, sengagina ibodat qilamiz, sengagina namoz o‘qiymiz va sajda qilamiz, Sengagina intilamiz va shoshilamiz. Sening rahmatingni umid qilamiz va azobingdan qo‘rqamiz. Albatta, Sening haq azobing kofirlarga yetguvchidir».
Hadisning zohiriga ko‘ra, bu musibat qunutida bo‘lgan, undagi kofirlarga qarshi duo shunga ishora qiladi.
Zikr qilinganlardan boshqa duolarni qilishim joizmi?
Javob:
Ha, bu joizdir. Navaviy aytadi: «Sahih, mashhur va jumhur qat’iy aytgan fikr shuki, u (ya’ni, bu shakl) bilan cheklanilmaydi, balki har qanday duo bilan hosil bo‘ladi», iqtibos tugadi («Majmu’», 3/497).
Modomiki vorid bo‘lgan shakllardan birortasi tayin qilinmagan ekan va Nabiy sollallohu alayhi vasallam u bilan duo qilmagan ekanlar, unga qo‘shimcha qilishning zarari yo‘q. Shayx Alboniy rahimahulloh aytadi: «Qunut duosiga kofirlarni la’natlash, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salavot aytish va musulmonlar uchun duo qilish bilan qo‘shimcha qilishning zarari yo‘q» («Qiyomu Ramazon», 31-bet).
Bizda muhim bir masala qoldi: Qunut duosi ruku’dan oldinmi yoki keyinmi?
Javob:
Shayx Muhammad ibn Usaymin rahimahulloh aytadi: «Ko‘plagan hadislar va ko‘pchilik ahli ilmlarning fikricha: qunut ruku’dan keyindir. Agar ruku’dan oldin qunut qilsa ham, zarari yo‘q. Namozxon qiroatini tugatgach, ruku’ qilish, so‘ng «Robbana va lakal hamd» deb turgach, qunut qilish… va qiroatni tugatgach, qunut qilib, so‘ng takbir aytib ruku’ qilish o‘rtasida ixtiyorlidir. Bularning barchasi sunnatda kelgan», iqtibos tugadi («ash-Sharh al-Mumti’», 4/64).
Savol beruvchining «afzal namoz qunuti uzunroq bo‘lganidir» degan so‘zi, ehtimol, Imom Muslim Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisga ishoradir.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Namozning afzali uzoq tik turishdir», dedilar» (Sahihi Muslim, 856).
Imom Navaviy aytadi: «Bu yerda qunutdan murod, mening bilishimcha, ulamolar ittifoqiga ko‘ra, qiyomning uzunligidir», iqtibos tugadi.
Demak, hadisdagi qunut kalimasi dan murod ruku’dan turgandan keyingi duo emas, balki qiyomning uzunligidir.
Alloh bilguvchiroqdir.
Manba: Shayx Muhammad Solih al-Munajjid
Bu javob foydali bo’ldimi?