Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar

Namoz


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Bosh sahifa » Fiqh asoslari » Fiqh » Muomalalar » Ijara » Harom kasblar » «CadenzaX Music» platformasi orqali pul topish hukmi
Fatvo: 1

O'qildi: 82

11.08.2026

/ 28 Safar 1448

Fatvo mavzusi:

«CadenzaX Music» platformasi orqali pul topish hukmi

Savol

Men sizlardan hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlarda ommalashayotgan «CadenzaX music» nomli platformaga (yoki shunga o‘xshash loyihalarga) qo‘shilish va undan daromad topishning Islomdagi hukmi haqida so‘ramoqchi edim. Bu sahifaning ishlash tizimi va daromad ko‘rish tartibi quyidagicha:
1. Sayt yoki ilova foydalanuvchilarga ma’lum musiqalarni eshitish, layk bosish yoki qandaydir oddiy vazifalarni bajarish evaziga pul to‘lashni va’da qiladi.
2. Ko‘proq pul ishlash uchun foydalanuvchidan dastlab o‘z yonidan pul kiritib, maxsus «VIP» darajalarni sotib olish talab etiladi.
3. Sayt qoidalariga ko‘ra, orqangizdan yangi odamlarni taklif qilsangiz va ular ham pul kiritsa, ularning sarmoyasidan sizga ma’lum foizlarda bonus (daromad) beriladi.
Meni shubhalantirgan jihati shundaki, tizimning asosi aslida musiqa eshitish emas, balki tarmoqli marketing va moliyaviy piramidaga o‘xshab ketadi. Chunki tizim asosan yangi qo‘shilganlarning pullari hisobidan eskilariga pul to‘layotgandek ko‘rinadi.

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

CadenzaX — bu musiqiy asarlar va qo‘shiqlarning mualliflik huquqlarini (royalti) sotib olish va ulardan daromad ko‘rish platformasidir. Investorlar ma’lum bir mablag‘ evaziga qo‘shiqlar katalogidan ulush sotib olishadi. Ushbu qo‘shiqlar striming platformalarida (Apple Music, YouTube va h.k.) eshitilganda, radiolarda qo‘yilganda yoki reklamalarda ishlatilganda tushadigan daromadning bir qismi investorlarga taqsimlanadi. Undan tashqari, savolda ham urgʻu berilganidek, bu tizimning asosi nafaqat musiqadan daromad koʻrish, balki tarmoqli marketing va moliyaviy piramidani ham oʻz ichiga olgan. Chunki tizim nafaqat musiqa daromadidan, balki odam yollash zanjiridan kelayotgan, tarmoqli marketing (elektron piramida) ko‘rinishida ham faoliyat yuritadi. Tarmoqli marketing yoki piramida ko‘rinishidagi tizimlar esa qimor va g‘arar (noaniqlik) sababli Islomda qat’iyan harom qilingan. Bu esa zulmat ustiga zulmat deganidir.

Shunga koʻra, savolga ikki jihatdan javob berish mumkin:

  1. Musiqiy platformalarga sarmoya kiritish va bundan foyda olish hukmi

Islom shariatida musiqa asboblarini tinglash, ularni tarqatish hamda ulardan moddiy manfaat ko‘rish harom qilingani ma’lum va mashhurdir. Shunga ko‘ra, ushbu harom qilingan faoliyat natijasida topilgan mol ham, Allohga osiylik qilishga yordam berish ham harom sanaladi; Alloh taolo aytadi:

﴿وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ ۚ وَاتَّقُوا اللَّهَ ۖ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ﴾

«Gunoh va haddan oshish yoʻlida hamkorlik qilmangiz! Allohdan qoʻrqingiz! Shubhasiz, Allohning azobi qattiqdir» (Moida: 2).

Shayx Ibn Boz rahimahulloh aytadilar: «Qo‘shiqlarni eshitish, ularni sotish, sotib olish va ular bilan tijorat qilishning barchasi harom, barchasi munkar ishdir. Bu muomala buyuk buzg‘unchilik ustiga qurilgandir. Musiqalar qalblarning kasallanishi va Allohning zikridan hamda namozdan to‘sishning eng katta sabablaridandir. Shunday ekan, bundan ehtiyot bo‘lish vojibdir. Xalq orasida bunday ish keng tarqalib ketgani, koʻpchilikning bu ishni qilishi hujjat sanalmaydi. Zero, odamlar bundan boshqa ko‘plab munkar ishlarni ham qiladilar. Bas, odamlarning fe’llari, amallari hujjat boʻlmaydi. Balki hujjat – Allohning aytgani va Allohning Rasuli sollallohu alayhi va sallam aytgan soʻzlardir.

Demak, musulmonga ushbu harom ishlardan ehtiyot bo‘lishi va ulardan uzoqlashishi vojibdir. Shuningdek, musiqa bilan tijorat qilmasligi vojibdir» (Manba: Shayx Ibn Boz fatvolari, 7794).

 

  1. Tarmoqli marketing va moliyaviy piramida hukmi

 Bu turdagi muomala haromdir. Chunki muomaladan maqsad mahsulot emas, balki komission haqlardir. Komission haqlar o‘n minglabga yetadi, holbuki mahsulot narxi bir necha yuzdan oshmaydi. Har qanday aqli raso kishiga bu ikki narsa taklif qilinsa, u albatta komission haqlarni tanlaydi. Shuning uchun bu shirkatlar o‘z mahsulotlarini sotish va reklama qilishda ishtirokchi olishi mumkin bo‘lgan katta miqdordagi komission haqlarni ko‘rsatishga va uni mahsulot narxi bo‘lgan ozgina mablag‘ evaziga haddan tashqari katta foyda bilan qiziqtirishga tayanadi. Bu shirkatlar sotayotgan mahsulot komission haqlar va foyda olish uchun shunchaki bir parda va bahonadir. Bu muomalaning haqiqati shunday ekan, u bir necha sabablarga ko‘ra shar’an haromdir:

Birinchidan:

U riboning ikki turini – fazl ribosi va nasiya ribosini o‘zida jamlagan. Ishtirokchi katta miqdordagi pulni olish uchun oz miqdorda pul to‘laydi. Bu – pul evaziga farq va kechiktirish bilan pul olishdir. Bu esa Qurʼon, sunnat va ulamolar ijmosi bilan harom qilingan ribodir. Shirkat mijozga sotayotgan mahsulot esa bu ayirboshlash uchun shunchaki bir pardadir, ishtirokchining maqsadi mahsulot emas, shuning uchun mahsulot nima bo‘lishidan qat‘i nazar yuqorida aytilgan hukmga ta’sir ko‘rsatmaydi.

Ikkinchidan:

Bu shar’an harom qilingan g‘arar (aldov, noaniqlik) turlaridandir. Chunki ishtirokchi kerakli miqdordagi ishtirokchilarni to‘plashga muvaffaqiyat qozonadimi yoki yo‘qmi, bilmaydi. Tarmoqli yoki piramida marketingi qancha davom etmasin, u albatta bir nuqtaga yetib to‘xtaydi. Ishtirokchi piramidaga qo‘shilgan paytda o‘zining yuqori qatlamlarda bo‘lib, foyda ko‘ruvchi bo‘lishini yoki quyi qatlamlarda bo‘lib, zarar ko‘ruvchi bo‘lishini bilmaydi. Voqelikda esa piramida a’zolarining aksariyati zarar ko‘ruvchilardir, faqatgina yuqoridagi juda ozchilik bundan mustasno. Demak, g‘olib keluvchi holat – zarardir. Bu g‘ararning haqiqati, ya’ni ikki ish o‘rtasida ikkilanish bo‘lib, ularning aksari qo‘rqinchlirog‘idir. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam g‘arardan qaytarganlar, buni Muslim o‘z «Sahih»ida rivoyat qilgan.

Uchinchidan:

Bu muomala shirkatlarning odamlarning molini botil yo‘l bilan yeyishni o‘z ichiga olgan. Bu shartnomadan faqat shirkat va u boshqalarni aldash maqsadida bermoqchi bo‘lgan ishtirokchilargina foyda ko‘radi. Bu esa Alloh taoloning quyidagi oyatida harom qilingandir:

﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ﴾

«Ey moʻminlar, mollaringizni oʻrtalaringizda nohaq (yaʼni, oʻgʻrilik, qaroqchilik, sudxoʻrlik, poraxoʻrlik, qimor kabi) yoʻllar bilan yemangiz!» (Niso: 29)

To‘rtinchidan:

Bu muomaladagi aldov, firibgarlik va odamlarni chalg‘itish. Bir tomondan, mahsulotni go‘yoki muomaladan maqsad shudek ko‘rsatish, holbuki unday emas. Boshqa tomondan, ularni ko‘pincha amalga oshmaydigan katta komission haqlar bilan qiziqtirish. Bu shar’an harom qilingan aldovdir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:

«مَنْ غَشَّ فَلَيْسَ مِنِّي»

«Kim aldamchilik qilsa, mendan emas!», deganlar. (Sahihi Muslim, 102).

Boshqa hadisda esa:

عَنْ حَكِيمِ بْنِ حِزَامٍ، عَنِ النَّبِيِّ ﷺ قَالَ: «الْبَيِّعَانِ بِالْخِيَارِ مَا لَمْ يَتَفَرَّقَا، فَإِنْ صَدَقَا وَبَيَّنَا، بُورِكَ لَهُمَا فِي بَيْعِهِمَا، وَإِنْ كَذَبَا وَكَتَمَا، مُحِقَ بَرَكَةُ بَيْعِهِمَا»

Hakim ibn Hizom roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Sotuvchi va xaridor bir-birlaridan ajralgunlariga qadar (savdoni buzish yoki davom ettirishda) ixtiyorlidirlar. Agar ular rost gapirsalar va (molning aybi yoki narxini) bayon qilsalar, ikkalasining savdosiga baraka beriladi. Agar yolgʻon gapirib, (ayblarni) yashirsalar, savdolarining barakasi oʻchiriladi (yoʻq qilinadi)» (Sahihi Buxoriy, 2079; Sahihi Muslim, 1532).

Bu muomalani dallollik (vositachilik) deyish esa to‘g‘ri emas. Chunki dallollik – bu bir shartnoma bo‘lib, unga ko‘ra dallol tovarni sotish evaziga haq oladi. Tarmoqli marketingda esa ishtirokchining o‘zi mahsulotni sotish uchun haq to‘laydi. Shuningdek, dallollikdan maqsad tovarni haqiqatan sotishdir, tarmoqli marketingdan farqli o‘laroq, undagi haqiqiy maqsad komission haqlarni sotishdir, mahsulotni emas. Shuning uchun ishtirokchi sotuvchiga sotuvchini, unga ham sotuvchini topadi va hokazo. Dallollikda esa dallol tovarni haqiqatan xohlaydigan kishiga sotadi. Ikkisi o‘rtasidagi farq ochiq-oydindir.

Komission haqlarni hadya (sovg‘a) deyish ham to‘g‘ri emas. Agar shunday deb qabul qilinsa ham, har qanday hadya shar’an joiz bo‘lavermaydi. Qarz ustiga berilgan hadya ribodir. Shuning uchun Abdulloh ibn Salom Abu Burda roziyallohu anhumoga aytganlar:

«إِنَّكَ بِأَرْضٍ الرِّبَا بِهَا فَاشٍ، إِذَا كَانَ لَكَ عَلَى رَجُلٍ حَقٌّ، فَأَهْدَى إِلَيْكَ حِمْلَ تِبْنٍ، أَوْ حِمْلَ شَعِيرٍ، أَوْ حِمْلَ قَتٍّ، فَلَا تَأْخُذْهُ فَإِنَّهُ رِبًا»

«Sen ribo keng tarqalgan yerdasan. Agar birovda haqqing bo‘lsa va u senga bir ko‘tarim somonmi, arpami, bedami hadya qilgudek bo‘lsa ham, uni olma, chunki u ribodir» (Sahihi Buxoriy, 3814).

Hadya u berilishiga sabab bo‘lgan narsaning hukmini oladi. Shuning uchun u zot sollallohu alayhi va sallam (o‘ziga hadya qilingan narsa haqida) «Bu sizlarniki, bu esa menga hadya qilindi» degan xodimga:

«أَفَلَا قَعَدَ فِي بَيْتِ أَبِيهِ أَوْ فِي بَيْتِ أُمِّهِ حَتَّى يَنْظُرَ أَيُهْدَى إِلَيْهِ أَمْ لَا»

«Otasining uyida yoki onasining uyida oʻtirmabdi-da, unga hadya qilinadimi yoki yoʻqmi, koʻrar edi!», deganlar (Sahihi Buxoriy, 6979; Sahihi Muslim, 1832).

Bu komission haqlar faqatgina tarmoqli marketingda ishtirok etish uchun paydo bo‘lgan. Unga qanday nom berilmasin, hadya deyiladimi, bonus yoki mukofot yoxud boshqa nom beriladimi, uning haqiqati va hukmini hech narsa o‘zgartira olmaydi.

Shuni ta’kidlash joizki, bozorda «Smarts Vey», «Gold Kvest» va «Seven Daymond» kabi tarmoqli yoki piramida marketingi yo‘lini tutgan shirkatlar paydo bo‘ldi. Ularning hukmi yuqorida zikr qilingan shirkatlarnikidan farq qilmaydi, garchi ular taklif qilayotgan mahsulotlari bilan bir-biridan farq qilsa ham.

Tavfiq Allohdandir. Va sollallohu ala nabiyyina Muhammad va olihi va sahbihi.

Alloh bilguvchiroqdir.

Manba: Ilmiy tadqiqotlar va fatvolar bo‘yicha doimiy qo‘mita, 22935-fatvo, 14- Robiul avval 1425-yil.

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

1

O’xshash fatvolar

  • Tarmoqli marketing hukmi

    «Tarmoqli marketing» yoxud «Majburiy matritsa tizimi» shunday tizimki, unda bir kishi kompaniyaga 10 dollar to‘laydi. Shundan so‘ng, kompaniya va (tizimda avvaldan tanlangan) yana to‘rt kishining har biriga 2 dollardan o‘tkazib beriladi. Bu bir martalik to‘lov bo‘lib, to‘lovni amalga oshirgan kishi tizimga qo‘shiladigan yangi a’zolar ham shunday qilishini kutadi. Har safar yangi a’zo qo‘shilganda, tizimdagi har bir ishtirokchi 2 dollardan oladi, chunki yangi a’zolar to‘lovni bevosita o‘zidan yuqoridagi to‘rt kishiga to‘laydi. Kompaniya esa har bir a’zodan xizmat haqi sifatida o‘zining 2 dollarini olib qoladi. Ushbu dasturga qo‘shilish halolmi? Alloh sizni yaxshilik bilan mukofotlasin.
  • Piramida marketing sxemalari

    Ilmiy tadqiqotlar va fatvolar bo‘yicha doimiy qo‘mitaga «Biznes» va «Hibatul-Jazira» kabi piramida yoki tarmoqli marketing shirkatlarining faoliyati haqida ko‘plab savollar kelib tushdi. Bu shirkatlar faoliyatining mohiyati quyidagicha: bir kishi mahsulot yoki tovar sotib olishga ko‘ndiriladi, so‘ng u boshqalarni xuddi shunday qilishga undaydi, ular ham o‘z navbatida keyingilarni jalb qiladi va bu zanjir shu tarzda davom etadi. Ishtirokchilar qatlami qancha kengaysa, birinchi ishtirokchi shuncha ko‘p komission haq oladi va bu summa hatto minglab riyollarga yetishi mumkin. Har bir ishtirokchi o‘zidan keyingilarni a’zolar ro‘yxatiga yangi odamlarni jalb qila olsa, katta komission to‘lovlar olishi mumkinligi bilan qiziqtiradi. Aynan mana shu narsa piramida yoki tarmoqli marketing deb ataladi.
  • Bankda ishlash joizmi?

    Menga bir bankning kompyuter bo‘limida tizim muhandisi bo‘lib ishlaydigan kishidan sovchi keldi. Bu kasbning hukmini bilmoqchi edim. Yigitning daromadi halolmi yoki yoʻqmi degan xavotirdaman. Ushbu kasbdan keladigan daromad halolmi yoki harommi?
  • Spirtli ichimliklar sotiladigan restoranda ishlash hukmi

    Ko‘plab musulmon talabalar bu mamlakatlarda yashash va o‘qish xarajatlarini qoplash uchun ishlashga majbur, chunki ularning aksariyati oilalaridan yetarli mablag‘ olmaydi. Shu bois, ishlash ular uchun hayotiy zarurat hisoblanadi. Ko‘pincha ular faqat spirtli ichimliklar sotiladigan yoki cho‘chqa go‘shti va boshqa taqiqlangan taomlar tayyorlanadigan restoranlardagina ish topishi mumkin. Bunday muassasalarda ishlashning hukmi qanday? Musulmonning spirtli ichimliklar va cho‘chqa go‘shti sotishi, spirtli ichimliklar ishlab chiqarishi va ularni g‘ayridinlarga sotishining shar’iy hukmi qanday? E’tibor bering, bu mamlakatlarda ba’zi musulmonlar buni o‘zlariga kasb qilib olishgan.
  • Banklar uchun kompyuter dasturlarini ishlab chiqish hukmi

    Men dasturiy ta’minot tuzuvchisiman. Savolim: Riboga asoslangan bank uchun dastur tuzishim joizmi?