O'qildi: 57
18.04.2026
/ 1 Zulqada 1447
Fatvo mavzusi: Tahorat
Savol
Bilishimcha, o‘z ixtiyoridan tashqari holatlar, masalan, siydik tutolmaslik va shunga o‘xshash sabablar tufayli tahoratni saqlashga qiynaladigan kishiga mashaqqat tufayli doimiy g‘usl qilish vojib emas. Balki unga har bir farz namozidan oldin tahoratini yangilash vojib bo‘ladi. Lekin ikki farz namozi orasidagi vaqt qisqa bo‘lsa, masalan, biror uzr sababli asr namozini kechiktirib, shomdan yarim soat oldin o‘qisa, nima bo‘ladi? Shu qisqa vaqt oralig‘iga qaramay, shom namozi uchun tahoratini yangilashi vojibmi? Agar juma namozi uchun tahorat qilsa, asr namozigacha tahoratli hisoblanadimi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Siydik tutolmaslik kasalligiga chalingan kishiga, garchi avvalgi namoz uchun yaqinda tahorat qilgan bo‘lsa ham har bir namoz vaqti kirganda alohida tahorat qilishi lozim. Chunki Nabiy sollallohu alayhi vasallam istihoza ko‘rgan ayolga shunday qilishni o‘rgatganlar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Fotima bint Abu Hubaysh Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Ey Allohning Rasuli, men istihoza* ko‘radigan ayolman, sira pok bo‘lmayman, namozni tark etamanmi?» dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q, u tomir kasalidir, hayz emas. Hayzing kelganda namozni tark et, to‘xtasa, qonni yuvib, so‘ngra namoz o‘qiyver», dedilar». (Roviylardan biri) Hishom ibn Urva aytadi: «Otam: «So‘ngra o‘sha vaqt (yangi hayz vaqti) kelguncha har namozga tahorat qil», degan» (Sahihi Buxoriy, 228).
*Istihoza – ayol kishining rahmidan odatiy hayz va nifosdan tashqari keladigan qondir.
Abu Iso aytadi: «Oisha roziyallohu anhoning hadisi hasan sahihdir. Bu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalari va tobeinlardan bo‘lgan bir necha ahli ilmning so‘zidir. Sufyon Savriy, Molik, Ibn Muborak va Shofe’iylar ham shunga ko‘ra, istihoza ko‘rgan ayol hayz kunlaridan o‘tgach, g‘usl qilib, har bir namoz uchun tahorat oladi, deyishgan».
Ibn Hajar rahimahulloh aytadi: «Istihoza qonining hukmi hadas (tahoratsizlik) hukmidadir, shuning uchun u har bir namozga tahorat qiladi. Lekin u zotning: «So‘ngra o‘sha vaqt (yangi hayz vaqti) kelguncha har namozga tahorat qil» degan so‘zlarining zohiriga ko‘ra, o‘sha tahorat bilan birdan ortiq farz namozini, xoh ado bo‘lsin, xoh qazo, o‘qimaydi. Jumhur ulamolar shu fikrdalar» (Fathul Boriy: Hayz kitobi, istihoza bobi).
Shunga koʻra, siydik yoki yel tutolmaslik kabi doimiy hadas sohibining hukmi istihoza ko‘rgan ayolning hukmi kabidir. Siz farz namozi uchun olingan tahorat bilan o‘sha farzning vaqti chiqquniga qadar xohlaganingizcha nafl namozlar o‘qishingiz joiz.
Alloh bilguvchiroqdir.
Manba: Shayx Muhammad Solih al-Munajjid.
Bu javob foydali bo’ldimi?