O'qildi: 27
Oktabr 25, 2025
/ 3 Jumadal-ula 1447
Fatvo mavzusi: Jinlar, sehr va nazarga iymon
Savol
So‘nggi kunlarda jinlarning inson tanasiga kirishi masalasi ko‘tarildi va bu aqlga sig‘maydigan holat deb da’vo qilinmoqda! Chunki yaratilishda asosiy farq bor: insonlar loydan, jinlar esa olovdan yaratilgan. Shaytonlar faqat vasvasa qilish qobiliyatigagina ega, Alloh ularga insonlar ustidan hukm yuritish huquqini bermagan! Shuningdek, bu boradagi yozib olingan videolavhalar esa dalil bo‘la olmasligi aytilmoqda. Siz bu haqda qanday fikrdasiz?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Jinlarning inson tanasiga kirishi Qur’on, sunnat, ahli sunna val jamoa ijmosi, shuningdek, kuzatish va hissiy tajriba bilan isbotlangan. Faqat mo‘taziliylar bu masalaga qarshi chiqishgan, chunki ular Qur’on va sunnatdagi dalillardan ko‘ra o‘zlarining aqliy qarashlarini ustun qo‘yishgan. Bu haqda qisqacha ma’lumot beramiz.
Alloh azza va jalla aytadi:
«Sudxo‘r bo‘lgan kimsalar (Qiyomat Kunida qabrlaridan) turmaydilar, magar jin chalgan majnun kabi turadilar. Bunga sabab ularning: «Bay’ (oldi-sotdi) ham sudxo‘rlikning o‘zi-ku?», deganlaridir» (Baqara: 275).
Qurtubiy aytadi: Bu oyat jinlar sababli yuz beradigan tutqanoqni inkor etuvchilarning fikri noto‘g‘ri ekanligiga dalildir. Ular buni tabiatning ishi deb da’vo qiladilar va shayton odamning ichiga kira olmaydi hamda jinlarning insonga hech qanday ta’siri yo‘q deb hisoblaydilar» (Tafsiri Qurtubiy, 3/355).
Ibn Kasir o‘z tafsirida yuqoridagi oyatni keltirgandan so‘ng bunday deydi: «Ya’ni, ular qiyomat kuni qabrlaridan jin chalib, tutqanoq boʻlgan holatda turadilar. Bu ajablanarli holatdir. Ibn Abbos aytadi: «Sudxo‘rlik qilgan kishi qiyomat kuni telba kabi bo‘g‘ilib turadi» (Tafsiri Ibn Kasir, 1/32).
Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilgan sahih hadisda keladi:
Abu Yasardan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shunday duo qilar edilar: «Allohim, men Sendan biror narsa bosib qolishidan asrashingni so‘rayman va balandlikdan qulashdan saqlashingni so‘rayman. Sendan g‘arq bo‘lishdan, kuyishdan va o‘ta qarilikdan panoh tilayman. Sendan o‘lim chogʻidagi shaytonning buzg‘unchiligidan muhofaza qilishingni so‘rayman. Sening yo‘lingdan ortga chekingan holda o‘lishdan panoh tilayman. Biror narsa chaqib o‘lishdan Sendan panoh so‘rayman» (Nasoiy, 5531; Abu Dovud, 1552. Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Sunani Abu Dovud, 1552»).
Munoviy «o‘lim chogʻidagi shaytonning buzg‘unchiligidan» iborasini quyidagicha sharhlaydi: «Ya’ni, oyoqlar toyib, aql va g‘ayratlar susayib qoladigan so‘nggi lahzalarda shayton meni tutqanoqqa solishidan, men bilan o‘ynashishidan, dinimni yoki aqlimni buzishidan (panoh tilayman, deganidir). Shayton ba’zan insonni bu dunyoni tark etayotgan paytda chalg‘itib, tavba qilishiga to‘sqinlik qilishi mumkin…» (Fayzul Qodiyr, 2/148).
Shayxulislom aytadi: «Jinlarning inson tanasiga kirishi ahli sunna val jamoaning ijmosi bilan tasdiqlangan» (Majmu’ al-fatovo, 24/276).
Alloh taolo aytadi:
«Sudxo‘r bo‘lgan kimsalar (Qiyomat Kunida qabrlaridan) turmaydilar, magar jin chalgan majnun kabi turadilar» (Baqara: 275).
Aliy ibn Husayn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga Safiyya bint Huyay keldi (u zot e’tikofda edilar). Qaytayotganida u bilan birga chiqqan edilar, oldilaridan ikki ansoriy o‘tib qoldi. Shunda u zot ularni chaqirib, «Bu Safiyya», dedilar. Ular: «Subhanalloh!» deyishdi. U zot: «Shayton Odam bolasining qonyurar joyida yuradi», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 7171).
Imom Ahmad ibn Hanbalning oʻgʻli Abdulloh shunday deydi: «Otamga: «Ba’zi odamlar tutqanoq tutgan kishining tanasiga jin kirmaydi, deb aytishadi», dedim. U: «O‘g‘lim, ular yolg‘on gapirmoqda, chunki jin odamning tili bilan gapiradi», javob berdi. Sahyxulislom buni quyidagicha izohlaydi: «Bu mashhur fikr, chunki tutqanoq xurujiga uchragan odam tushunarsiz tilda gapiradi. Uning tanasi shunchalik kuchli qaltiraydi-ki, agar tuya shunday holga tushsa, unga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lardi. Shu bilan birga, tutqanoq tutgan odam bu zarbani sezmaydi va aytgan so‘zlarini eslay olmaydi. Ba’zida jin tutqanoq tutgan odamni ham, tutmagan odamni ham, ular o‘tirgan gilamni ham sudrab ketadi, buyumlarni joyidan qo‘zg‘atadi, ularni bir joydan boshqa joyga ko‘chiradi va shunga o‘xshash boshqa harakatlarni qiladi. Kishi bularni ko‘rgach, bu mavjudot insondan farqli tabiatga ega ekanligi, inson tili orqali gapirishi va bu tanani boshqarishi mumkinligiga oid unda zaruriy ilm hosil bo‘ladi». U kishi rahimahulloh yana shunday deydi: «Musulmon ulamolar orasida jinlarning tutqanoq keltirishini va boshqa odamlarning tanasiga kirishini inkor etgan bironta kishi yo‘q. Kim buni inkor etsa va shariat buni rad etadi desa, u shariat haqida yolg‘on gapirgan bo‘ladi. Shar’iy manbalarga bunga zid keladigan hech qanday dalil yo‘q».
Shunday qilib, Qur’oni Karim, Sunnati mutahhara va yuqorida so‘zlari keltirib o‘tilgan ahli sunna val-jamoa ulamolarining ittifoqi bilan jinlarning inson tanasiga kirishi tasdiqlangan. Alloh azza va jallaning:
«(Lekin) ular (yahudiy sehrgarlar) sehr bilan Allohning iznisiz hech kimga zarar yetkaza olmaydilar» (Baqara: 102), degan oyatiga kelsak, u jinlarning sehr, tutqanoq yoki boshqa turdagi ozor va aldovlar orqali hech kimga zarar yetkaza olmasligiga – faqat Allohning izni bilangina mumkinligini – ochiq-ravshan dalildir. Hasan Basriy aytganidek: «Alloh ularni O‘zi xohlagan kishilar ustidan hukmron qiladi va xohlamagan kishilarga ustidan esa hukmron qilmaydi». Alloh taolo aytganidek, ular Allohning iznisiz hech kimga zarar yetkaza olmaydilar. Shayton (kofir jinlar) mo‘minlarning gunohlari, Allohni zikr qilmasliklari, tavhiddan uzoqlashishlari va Allohga ibodatda ixlossizliklari tufayli ular ustidan g‘olib kelishi mumkin. Ammo u Allohning solih bandalarini o‘z hukmiga bo‘ysundira olmaydi. Alloh taolo marhamat qilganidek:
«Mening (iymon-e’tiqodli) bandalarim ustiga esa sen uchun hech qanday saltanat-hukmronlik bo‘lmas. Parvardigoringning O‘zi yetarli qo‘riqlovchidir» (Isro: 65).
Johiliyat davrida arablar bu haqda yaxshi bilishgan va buni o‘z she’rlarida ham qo‘llashgan.
A’sho o‘z tuyasining tetikligini jinnilik bilan qiyoslab, shunday degan:
«Uzoq tundan so‘ng shunday uyg‘onadi-ki,
Uni Avloq jini ziyorat qilgandek, go‘yo».
Avloq esa telbalikka o‘xshash bir holat hisoblanadi.
Tutqanoq sabablariga kelsak, Shayxulislom bu haqda shunday deydi: «Insonning jinlar tomonidan tutqanoqqa duchor bo‘lishi, xuddi odamlar orasida bo‘lgani kabi shahvat, istak va muhabbat tufayli yuz berishi mumkin… Bu nafrat va jazodan ham kelib chiqishi mumkin – eng ko‘p uchraydigan holat shu. Masalan, ba’zi insonlar ularga ozor beradi yoki ular inson ataylab ozor beryapti deb o‘ylaydilar – siyish, issiq suv quyish yoki ularning ba’zilarini o‘ldirish orqali, garchi inson bundan bexabar bo‘lsa ham. Jinlar johil va zolimdir, ular odamlarni haqiqiy loyiq bo‘lganidan ko‘ra qattiqroq jazolaydilar. Bu ularning behuda o‘yinlari va yovuzliklari tufayli ham sodir bo‘lishi mumkin, xuddi insonlar orasida ahmoqlari ham boʻlgani kabi» (Majmu’ al-fatovo, 19/39).
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, bundan saqlanishning yo‘li har bir ishni boshlaganda Allohni zikr qilib, bismillah aytishdir. Xuddi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ovqatlanayotganda, ichayotganda, ulovga minayotganda, hojat uchun kiyimlarini yechayotganda, jinsiy aloqa qilayotganda va boshqa ko‘plab hollarda bismillah aytib, Allohni zikr qilganlari ishonchli manbalarda keltirilganidek.
Shayxulislom Majmu’ al-fatovo, 19-jild, 42-betda buning davosi haqida shunday deydi: «Maqsad Asosiysi shuki, agar jinlar insonga hujum qilsa, ularga Alloh va Uning Rasulining hukmi yetkazilishi, dalillar keltirilishi, xuddi inson da’vat qilinganidek, ular ham yaxshilikka buyurilishi va yomonlikdan qaytarilishi lozim. Chunki Alloh taolo aytadi:
«Biz to biron payg‘ambar yubormaguncha (u orqali O‘zimizning amru farmonlarimizni yuborib, unga itoat qilishdan bosh tortmagunlaricha, biron kimsani) azoblaguvchi emasmiz» (Isro: 15).
U kishi yana aytadi: «Agar jinlar buyruq, qaytariq va tushuntirishlardan keyin to‘xtamasa, xuddi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shaytonning yuziga olov parchasini tashlamoqchi bo‘lganida qilganlaridek, ularni koyish, la’natlash, qo‘rqitish va qoralash joiz. Oʻshanda u zot:
«Sendan Allohning panohiga qochaman!. Seni Allohning la’nati ila la’natlayman!», deb uch marta aytganlar. (Sahihi Muslim, 542). Bundan tashqari, kishi Allohni zikr qilish va Qur’on o‘qish orqali, ayniqsa Oyat al-Kursiy vositasida, undan himoyalanishga intilishi lozim.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni Ramazonning zakotini muhofaza qilishga vakil qildilar. Mening oldimga birov kelib, yegulikdan hovuchlab ola boshladi. Uni tutib, «Seni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib boraman», dedim. – Roviy hadisni hikoya qilib berdi – Shunda u: «To‘shagingga yotganingda «Oyat al-Kursiy»ni o‘qigin. U Alloh tarafidan yoningda bir muhofazachi bo‘lib turadi va tong otguncha shayton senga yaqin kela olmaydi», dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «O‘zi yolg‘onchi bo‘lsa ham, senga rost gapiribdi. O‘sha shaytondir», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 5010).
Shuningdek, «Muavvizatayn» (Falaq va Nos suralari)ni o‘qish ham qalqon boʻladi.
Biroq, psixologlar masalasiga kelsak, agar ular tutqanoq kasalligini davolashda yuqorida aytib o‘tilgan shar’iy usullardan foydalanmasalar, bemorni davolashda hech qanday natijaga erisha olmaydilar.
Bu masala yanada chuqurroq muhokamani talab qiladi, ammo biz aytgan fikrlar ergashuvchilar uchun yetarlidir. Barcha maqtovlar olamlarning Parvardigori Allohga bo‘lsin.
Bu javob foydali bo’ldimi?