O'qildi: 6
Sentabr 20, 2025
/ 28 Rabiul-avval 1447
Fatvo mavzusi: Mazhab va firqalar
Savol
Garchi Islom yagona din ekanini bilsam-da, Islomdagi firqalar o‘rtasidagi asosiy farqlarni tushuntirib bersangiz, minnatdor bo‘lardim.
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Savol beruvchi aziz singlim! Savolingizning javobi shunchalik uzun-ki, u butun bir kitob boʻlishga arziydi, bunday sahifalarda uni toʻliq yoritib boʻlmaydi. Lekin bu yerda qisqacha aytishimiz mumkinki: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bizga bu ummat ham oldingi ummatlar kabi firqalarga boʻlinishini oldindan xabar berganlar. Bu haqda sahih hadisda shunday deyilgan:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Yahudiylar yetmish bir [yoki yetmish ikki] firqaga bo‘linib ketdi. Nasorolar yetmish bir [yoki yetmish ikki] firqaga bo‘linib ketdi. Mening ummatim esa yetmish uch firqaga bo‘linib ketadi». «Yahudiylar yetmish bir yoki yetmish ikki firqaga bo‘lindilar, nasroniylar yetmish bir yoki yetmish ikki firqaga bo‘lindilar va mening ummatim yetmish uch firqaga bo‘linadi» (Abu Dovud, 4586; Hadis hukmi: «hasan sahih». Manba: «Sahihi Abu Dovud», 4596).
Boshqa rivoyatda:
Avf ibn Molikdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Yahudiylar yetmish bir firqaga bo‘lindi, ularning bittasi jannatda, yetmishtasi esa do‘zaxda boʻladi. Nasroniylar yetmish ikki firqaga bo‘lindi, ularning yetmish bittasi do‘zaxda, bittasi esa jannatda boʻladi. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, mening ummatim yetmish uch firqaga bo‘linadi, ularning bittasi jannatda, yetmish ikkitasi esa do‘zaxda». Shunda u zotdan: «Ey Allohning Rasuli, ular kimlar?» deb so‘rashdi. U kishi: «Jamoat», deb javob berdilar» (Ibn Moja, 3982; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Ibn Moja», 3241).
Hadisdagi «Jamoat»dan murod – Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va u zotning sahobalari e’tiqod va amalda tutgan yo‘ldir.
Islomga mansub deb hisoblangan ba’zi firqalar tavhid (ya’ni, Alloh taoloning birligi), Allohning ismlari va sifatlari borasida adashdilar. Ular: «Barcha mavjudotlar Allohdir yoki Alloh O‘z maxluqotlari bilan qoʻshilib ketgan», deyishadi, Alloh ularning soʻzlaridan, da’volaridan pokdir.
Aslida esa, Alloh subhanahu va taolo osmonlarning yuqorisida, Arshiga ko‘tarilgan, maxluqotlaridan ajragan Zotdir.
Ba’zi firqalar iymon bobida adashdilar. Ular amalni iymondan ajratib, iymon na ziyoda boʻladi va na kamayadi, dedilar. Holbuki, haqiqat shuki, iymon – so‘z va amaldan iborat boʻlib, itoat bilan ziyoda bo‘ladi va gunoh bilan kamayadi.
Ularning ba’zilari gunohi kabira qilgan kishilar dindan chiqib, do‘zaxda abadiy qoladi, deb notoʻgʻri hukm berdilar va bu masalada adashganlar. Biroq, haqiqat shuki, gunohi kabira qilgan kishi,(agar shirk va katta kufrga qoʻl urmasa) dindan chiqmaydi.
Ba’zi firqalar qazo va qadar bobida adashib, inson o‘zi qilayotgan ishlarga majbur, deb da’vo qildilar. Biroq, haqiqat shuki, insonning o‘z irodasi va istagi bor, shunga ko‘ra u hisob-kitob qilinadi va o‘z xatti-harakatlarining oqibatlari uchun javobgar boʻladi.
Ba’zi firqalar Qur’on bobida adashib, uni maxluq, dedilar. Vaholanki, u Alloh taoloning kalomi boʻlib, nozil qilingan, yaratilmagan, maxluq emas.
Ba’zi firqalar esa sahobalar borasida adashib, ularni kofirga chiqardilar va so‘kdilar. Holbuki, ular sharafli Paygʻambarning sahobalaridirki, vahiy ularning orasida nozil bo‘lgan. Ular ummatning eng bilimdoni, eng ibodatgoʻyi. Ular Alloh yo‘lida haqiqiy jihod qildilar. Alloh ular orqali dinga yordam berdi. Alloh ulardan rozi bo‘lsin.
Islomdan chiqib, Allohning dinida bid’at paydo qilgan boshqa firqalar ham xuddi shunday adashgan firqalar qatoriga kiradi.
Har bir firqa o‘zidagi narsa bilan xursanddir. Ular Allohning quyidagi so‘zlariga xilof ravishda shaytonning yo‘lini tutdilar:
«Albatta, mana shu Mening To‘g‘ri Yo‘limdir. Bas, shu yo‘lga ergashinglar! (Boshqa) yo‘llarga ergashmangizki, ular sizlarni Uning yo‘lidan uzib qo‘yar. Shoyad taqvo qilsangiz, deb sizlarni mana shu narsalarga buyurdi» (An’om: 153).
Alloh taolodan bizlarni do‘zaxdan najot topadigan ahli sunnadan qilishini va bizlarni solih kishilar qatorida jannatga kiritishini so‘raymiz.
Allohning saloti payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga bo‘lsin.
Bu javob foydali bo’ldimi?