O'qildi: 161
31.01.2026
/ 12 Shaban 1447
Fatvo mavzusi: Nafl roʻzalar
Savol
Men bir oyda uch martadan ortiq roʻza tutish yoki Dovud alayhissalomning roʻzasi kabi roʻza tutish man etilgani haqidagi hadisni oʻqigan edim. Biroq, yaqinda sahobalarning oʻz gunohlariga kafforat sifatida koʻp kunlar davomida roʻza tutganlari haqidagi rivoyatlarni oʻqib qoldim. Bu amal joizmi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Siz oʻqigan, uch kundan ortiq roʻza tutish yoki Dovud alayhissalomning roʻzasini tutish man etilgan, degan maʼlumot toʻgʻri emas. Aslida, bu masalada ish keng. Siz uch kundan kam yoki koʻp roʻza tutishingiz joiz. Ushbu mavzu boʻyicha baʼzi hadislarni keltirib oʻtamiz:
Abu Qatoda Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan u zotning roʻzalari haqida soʻrashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam gʻazablandilar. Shunda Umar roziyallohu anhu: «Allohni Robb deb, Islomni din deb, Muhammadni (sollallohu alayhi vasallam) Rasul deb, bayʼatimizni bayʼat deb rozi boʻldik», dedi. U zotdan yil boʻyi roʻza tutish haqida soʻrashdi. «U roʻza ham tutmagan, ogʻzi ochiq ham boʻlmagan» [yoki «U roʻza ham tutmabdi, ogʻzi ochiq ham boʻlmabdi»], dedilar. Ikki kun roʻza tutib, bir kun ogʻiz ochiq boʻlish haqida soʻrashdi. «Bunga kim ham toqat qila olardi?» dedilar. Bir kun roʻza tutib, ikki kun ogʻiz ochiq boʻlish haqida soʻrashdi. «Qaniydi Alloh bizga ham bunga quvvat bersa», dedilar. Bir kun roʻza tutib, bir kun ogʻiz ochiq boʻlish haqida soʻrashdi. «Bu birodarim Dovudning – alayhissalom – roʻzasidir», dedilar. Dushanba kunining roʻzasi haqida soʻrashdi. «Men shu kunda tugʻilganman va shu kuni paygʻambar qilib yuborilganman [yoki «menga (vahiy) nozil qilingan»] dedilar. Soʻng: «Har oyda uch kun roʻza tutish va har yilgi Ramazon roʻzasini tutib borish yil boʻyi roʻza tutishdir», dedilar. Arafa kunining roʻzasi haqida soʻrashgan edi, «(Bugungacha) oʻtgan bir yilga va kelgusi yana bir yilga kafforat boʻladi», dedilar. Ashuro kuni roʻzasi haqida soʻrashgan edi, «Oʻtgan bir yilga kafforat boʻladi», dedilar» (Sahihi Muslim, 1162).
Izoh: Hadisdagi «dushanba roʻzasi haqida soʻrashdi» degan jumla Shuʼbaning rivoyatida «dushanba va payshanba» deb kelgan.
Hadisda roʻzaga targʻib ochiq-oydin koʻrinib turibdi: xoh yilda bir kun boʻlsin, xoh ikki kun, xoh haftada bir kun, xoh oyda uch kun, xoh bir kun roʻza tutib, ikki kun ogʻiz ochish yoki aksincha, xoh bir kun roʻza tutib, bir kun ogʻiz ochish – bularning barchasida ish keng.
Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon roʻzasini tutib boʻlib, ketidan shavvolda olti kun roʻza tutsa, yil boʻyi roʻza tutgandek boʻladi”, dedilar» (Sahihi Muslim, 1164).
Bu ham savol beruvchi oʻqigan maʼlumotning notoʻgʻri ekaniga dalil boʻladi. Bu bir oyda olti kun roʻza tutishga targʻibdir.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam roʻza tutar edilar, biz hatto “endi ogʻzi ochiq boʻlmasalar kerak”, der edik. U zot ogʻzi ochiq ham yurardilar, biz hatto “endi roʻza tutmasalar kerak”, der edik. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ramazondan boshqa biror oyda toʻliq roʻza tutganlarini koʻrmaganman. U zotning shaʼbon oyidagidek koʻp roʻza tutganlarini ham koʻrmaganman» (Sahihi Buxoriy, 1969; Sahihi Muslim, 1156).
Bu hadis roʻza tutishning faqat muayyan kunlar bilan cheklanmaganligini aniq koʻrsatib beradi.
Vallohu aʼlam.
Manba: Islomiy savol-javoblar
Bu javob foydali bo’ldimi?