O'qildi: 13
Iyul 3, 2025
/ 9 Muharram 1447
Fatvo mavzusi: Axloq » Ayblangan fazilatlar » Odob » Odob-axloq va maʼnaviyat
Savol
Inson o‘z asablarini qanday jilovlay oladi? Men koʻp bezovta boʻlaman va g‘azablansam, turgan joyimni oʻzgartiraman. Ba’zi zikrlarni aytib, «La havla va la quvvata illa billah» desam ham, bularning hech biri yordam bermaydi. Bu muammoni bartaraf etish uchun yana qanday choralar ko‘rishim mumkin?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
G‘azab – shaytonning vasvasalaridan biri bo‘lib, u ko‘plab yomonliklar va fojialarga sabab bo‘lgan. Bularning ko‘lamini faqat Alloh biladi. Shu bois shariatda bu yomon xulqning keng bayoni va nabaviy sunnatda bu darddan xalos bo‘lish va uning ta’sirini kamaytirish uchun davolar kelgan. Ulardan quyidagilar:
Sulaymon ibn Surad roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam bilan o‘tirgan edim. Ikki kishi so‘kishayotgan edi. Birining yuzi qizarib, bo‘g‘iztomirlari shishib ketdi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Men shunday bir kalima bilamanki, agar u o‘shani aytsa, undagi darg‘azablik ketadi. «A’uuzu billaahi minash-shayton» desa, undan darg‘azablik ketadi», dedilar» (Buxoriy, 3282; Muslim, 2610).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Agar kishi g‘azablanib, «A’uzu billah» (Allohdan panoh so‘rayman) desa, g‘azabi bosiladi» (Sahihul Jome’ as-Sag’ir, 695; Sahih hadis).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Agar biringiz g‘azablansa, sukut saqlasin», dedilar» (Musnadi Ahmad, 213; «Sahihul Jome’» 693 va 4027).
Chunki g‘azablangan odam ko‘p hollarda o‘zini nazorat qila olmay qoladi, natijada natijada kufr so‘zlarni (Alloh saqlasin), yo la’nat yoki nikohni buzadigan taloq so‘zlarini, yoxud boshqalarning adovati va nafratiga sabab bo‘ladigan tuhmat so‘zlarini aytib yuborishi mumkin. Qisqasi, jim turish, sukut saqlash bu kabi barcha yomonliklardan saqlanishga yordam beradigan yechimdir.
Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizga: «Qay biringizning g‘azabi kelsa, turgan bo‘lsa, o‘tirib olsin. Gʻazab ketsa ketdi, bo‘lmasa, yonboshlab olsin», dedilar» (Abu Dovud, 4782; Sahih hadis).
Bu hadisni Abu Zarr roziyallohu anhu rivoyat qilgan bo‘lib, uning rivoyati bilan bog‘liq bir voqea bor: U kishi o‘ziga tegishli suvloqqa tuyalarini sug‘organi olib borardi. Shunda boshqa odamlar kelib, bir-biriga: «Kim Abu Zarr bilan bellashib, uning g‘azabini qo‘zg‘ay oladi?» deyishdi. Bir kishi: «Men», deb chiqdi-da, hayvonlarini olib kelib Abu Zarr bilan musobaqalashdi. Natijada suvloq sinib ketdi. [Ya’ni, Abu Zarr tuyalarini sug‘orishda yordam kutgan edi, ammo aksincha, bu odam nojo‘ya xatti-harakat qilib, suvloqning buzilishiga sabab bo‘ldi]. Abu Zarr tik turgan edi, o‘tirdi, keyin yotdi. Bir kishi undan: «Ey Abu Zarr, nega o‘tirib, keyin yotdingiz?», deb so’radi. U kishi javob berdi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar…», deb yuqoridagi hadisni aytib berdi. Hadis va bu voqeani «Musnadi Ahmad» 5/152da keltirilgan; shuningdek, «Sahihul jome’»da, 694-raqam ostida ham keltirilgan.
Boshqa bir rivoyatga ko‘ra, Abu Zarr suvloqda hayvonlarini sug‘orayotganda, boshqa bir kishi uni g‘azablantirgan, shunda u o’tirib olgan… (Fayzul Qodir, Munoviy, 1/408).
Bu nabaviy yo‘l-yo‘riqning foydalaridan biri shuki, u g‘azablangan odamning o‘zini yo‘qotib qo‘yishiga yo‘l qo‘ymaydi. Chunki u birovni urib jarohat yetkazishi yoki hatto o‘ldirib qo‘yishi mumkin yoki mol-mulkni vayron qilishi mumkin va hokazo (bunga keyinroq batafsil toʻxtalamiz). O‘tirish ortiqcha sarosima va hayajonni kamaytiradi. Yotish esa uning bemulohaza yoki zararli ish qilish ehtimolini yanada pasaytiradi.
Alloma Xattobiy rahimahulloh Abu Dovudning sharhida shunday degan: «Turgan odam harakat qilish va zarar berishga tayyor bo’ladi. O‘tirgan odamda bunday imkoniyat kamroq, yotgan odam esa bularning birortasini ham qila olmaydi. Ehtimol, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam g‘azablangan odamga keyinchalik afsuslanib qoladigan ish qilmasligi uchun o‘tirishni yoki yotishni buyurgan bo‘lishlari mumkin. Alloh bilguvchiroqdir» («Ma’olim as-Sunan» 5/141).
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ ﵁: «أَنَّ رَجُلًا قَالَ لِلنَّبِيِّ ﷺ: أَوْصِنِي، قَالَ: لَا تَغْضَبْ، فَرَدَّدَ مِرَارًا قَالَ: لَا تَغْضَبْ».
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallamga: «Menga nasihat qiling», dedi. U zot: «Gʻazablanma!» dedilar. U (o‘sha gapini) bir necha marta takrorladi. U zot: «Gʻazablanma!» dedilar» (Sahihi Buxoriy, 6116).
Boshqa bir rivoyatga ko‘ra, u kishi shunday degan: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning aytganlarini o‘ylab ko‘rdim va g‘azab barcha yomonliklarni o‘z ichiga olishini tushundim» (Musnad Ahmad, 23171).
G‘azab sabablaridan uzoq turgan va uni jilovlash uchun o‘zida kuch topgan taqvodor kishilarga Alloh taolo va’da qilgan narsalarni eslash g‘azab olovini o‘chirishning eng samarali usullaridan biridir. uning savobi ulug‘ ekanligini ta’riflovchi hadislardan biri: Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning: « Kim g‘azablanish imkoniyati bo‘la turib, uni bosib olsa, Alloh taolo qiyomat kuni uning qalbini rozilik bilan to‘ldiradi», degan so‘zlaridir («Sahihul Jome’», 176. Hasan ligʻoyrihi).
Yana bir ulkan mukofot Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning quyidagi soʻzlaridir:
Sahl ibn Muoz otasi roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: «Kim alamini olishga qodir bo‘la turib, g‘azabini ichiga yutsa, Qiyomat kuni Alloh azza va jalla butun xaloyiqning oldida uni chaqirib, hurlardan istaganini tanlash ixtiyorini beradi» (Abu Dovud, 4777; «Sahihul Jome’», 6518. Hasan hadis).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kurashda yenggan kuchli bo‘lavermaydi. Gʻazab chog‘ida o‘zini qo‘lga ola bilgangina haqiqiy kuchlidir», dedilar» (Buxoriy, 6117; Muslim, 2609).
G‘azab qanchalik kuchli bo‘lsa, o‘zini tuta bilgan kishining martabasi shunchalik yuqori bo‘ladi. Imom Ahmad rivoyat qilgan 23115-uzun hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: «Eng kuchli kishi g‘azablanib, yuzi qizarib, sochi hurpayganida g‘azabini yenga oladigan kishidir», deganlar )«Sahihul Jome’», 3859. Hasan hadis).
Va u zot sollallohu alayhi va sallam sahobalar oldida yuz bergan bir voqeada fursatdan foydalanib, bu masalani ochiq-oydin bayon qilganlar. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kurashayotgan odamlar oldidan o‘tib ketayotib: «Bu nima?» deb so‘radilar. Ular: «Falonchi polvon, u har qanday odamni yenga oladi», deyishdi. Shunda Payg’ambar sollallohu alayhi va sallam: « Sizlarga undan ham kuchliroq kishini aytaymi? Birov unga yomonlik qilganida g‘azabini bosgan odam o’zini, oʻz shaytonini va g‘azablantirgan odamning shaytonini yenggan bo‘ladi», dedilar (Musnadi Bazzor, 7272; Ibn Hajar hasan hadis degan).
Gʻazabni yengish Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning axloqlaridan bo‘lib, bu borada y zotdan o‘rnak va namuna olishimiz lozim. Bu bir qator hadislarda qayd etilgan. Bunga yaqqol misollardan biri:
Anas Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam bilan birga borar edim. Egnilarida hoshiyasi qalin najroniy burda bor edi. Bir a’robiy yetib olib, u zotni(ng ridolaridan) qattiq tortdi, hatto Nabiy sollallohu alayhi va sallamning bo‘yinlariga qarasam, qattiq tortganidan ridoning hoshiyasining izi tushib qolibdi. Keyin u: «Sendagi Allohning molidan menga ham (berishga) buyur», dedi. U zot unga o‘girilib qarab, kulib qo‘ydilar va unga ato berishni buyurdilar» (Muttafaqun alayh: Buxoriy, 3149; Muslim, 1057).
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamdan o‘rnak olishning yana bir yo‘li – Allohning hadlari poymol bo’lganda, Alloh harom qilgan chegaralar buzilganda g‘azablanishimizdir. Bu maqtovga sazovor g‘azabdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam namozni haddan tashqari cho‘zib, odamlarni namozdan bezdirgan imom haqida eshitganlarida g‘azablandilar. Oisha rozyiallohu anhoning uyida jonli mavjudotlar tasviri tushirilgan pardani ko’rganlarida g‘azablandilar. Usoma o‘g‘rilik qilgan maxzumiylik ayol haqida gapirganida: « Alloh belgilagan jazolardan birida shafoat istayapsanmi?», deb g‘azablandilar. Oʻzlari yoqtirmagan narsalar haqida so’ralganlarida boshqa holatlarda g‘azablandilar. U zot faqat Alloh uchun va faqat Alloh yo‘lida gʻazab qilar edilar.
Bular Alloh O‘z kitobida maqtagan, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam tasanno aytgan, Ularga osmonlar va yerning kengligidek jannatlar tayyorlab qo‘yilgan. Qurʻon ularni shunday ta’riflaydi:
«(U taqvodor zotlar) yaxshi-yomon kunlarda infoq-ehson qiladigan, g‘azablarini ichlariga yutadigan, odamlarning (xato-kamchiliklarini) afv etadigan kishilardir. Alloh bunday yaxshilik qiluvchilarni yoqtiradir» (Oli Imron, 134).
Bular Alloh taolo go‘zal xulqlari, chiroyli fazilatlari va amallari bilan zikr qilgan, odamlar havas qilib, ergashishni istaydigan zotlardir. Ularning yana bir xususiyati shuki:
«Ular g‘azablangan vaqtlarida esa kechirib yuboradigan zotlardir» (Sho’ro, 37).
G‘azab inson tabiatining bir qismi bo‘lib, odamlarning g‘azabi turlicha bo‘ladi. Insonning g‘azablanmasligi qiyin bo‘lsa-da, samimiy kishilarga eslatma berilganda Allohni eslaydilar va haddan oshmaydilar. Quyida bunga ba’zi misollar keltiramiz:
أَنَّ عَبْدَ اللهِ بْنَ عَبَّاسٍ ﵄ قَالَ: «…فَاسْتَأْذَنَ لِعُيَيْنَةَ، فَلَمَّا دَخَلَ قَالَ: يَا ابْنَ الْخَطَّابِ، وَاللهِ مَا تُعْطِينَا الْجَزْلَ، وَمَا تَحْكُمُ بَيْنَنَا بِالْعَدْلِ، فَغَضِبَ عُمَرُ حَتَّى هَمَّ بِأَنْ يَقَعَ بِهِ، فَقَالَ الْحُرُّ: يَا أَمِيرَ الْمُؤْمِنِينَ، إِنَّ اللهَ تَعَالَى قَالَ لِنَبِيِّهِ ﷺ: ﴿خُذِ الْعَفْوَ وَأْمُرْ بِالْعُرْفِ وَأَعْرِضْ عَنِ الْجَاهِلِينَ﴾ وَإِنَّ هَذَا مِنَ الْجَاهِلِينَ، فَوَاللهِ مَا جَاوَزَهَا عُمَرُ حِينَ تَلَاهَا عَلَيْهِ، وَكَانَ وَقَّافًا عِنْدَ كِتَابِ اللهِ».
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadiki, bir kishi Umar roziyallohu anhudan gapirishga ijozat so‘radi. Ijozat berilgach, u: «Ey Xattobning o‘g‘li, sen bizga ko‘p narsa bermayapsan va oramizda adolatli hukm chiqarmayapsan», dedi. Umar g‘azablanib ketdi, hatto unga xezlandi ham. Shunda o‘sha yerda bo‘lganlardan biri bo‘lgan Hurr ibn Qays unga: «Ey mo‘minlar amiri, Alloh taolo O‘z Nabiysi sollallohu alayhi va sallamga:
«Kechirimli bo‘ling, yaxshilikka buyuring va nodonlardan yuz o‘giring» (A’rof: 199) degan. Bu ham johillardan-da», dedi. Allohga qasamki, u Umarga buni tilovat qilgan payt (Umar) bunga beparvo bo‘lmadi. U Allohning Kitobi buyurganda taqqa to‘xtaydigan kishi edi» (Sahihi Buxoriy, 7286).
Musulmon mana shunday, nasihat eshitganda taqqa to‘xtaydigan bo‘lishi kerak. Xabis munofiqlar esa eslatma berilsa ham toʻxtamaydi. Bunga dalil:
عَنْ سُلَيْمَان بْن صُرَدٍ رَجُلًا مِنْ أَصْحَابِ النَّبِيِّ ﷺ قَالَ: «اسْتَبَّ رَجُلَانِ عِنْدَ النَّبِيِّ ﷺ، فَغَضِبَ أَحَدُهُمَا فَاشْتَدَّ غَضَبُهُ حَتَّى انْتَفَخَ وَجْهُهُ وَتَغَيَّرَ، فَقَالَ النَّبِيُّ ﷺ: إِنِّي لَأَعْلَمُ كَلِمَةً لَوْ قَالَهَا لَذَهَبَ عَنْهُ الَّذِي يَجِدُ، فَانْطَلَقَ إِلَيْهِ الرَّجُلُ فَأَخْبَرَهُ بِقَوْلِ النَّبِيِّ ﷺ، وَقَالَ: تَعَوَّذْ بِاللهِ مِنَ الشَّيْطَانِ، فَقَالَ: أَتُرَى بِي بَأْسٌ، أَمَجْنُونٌ أَنَا، اذْهَبْ»
Nabiy sollallohu alayhi va sallamning asʼhoblaridan biri Sulaymon ibn Surod aytadi: «Ikki kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallamning huzurlarida so‘kishib qoldi. Ulardan biri g‘azablanib, hatto yuzi bo‘g‘riqib, o‘zgarib ketdi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Men shunday kalimani bilamanki, agar uni aytsa, undagi darg‘azablik ketadi», dedilar. Bir kishi uning yoniga borib, Nabiy sollallohu alayhi va sallamning so‘zlarini xabar qilib, «Auzubillah» degin (Allohdan shaytondan panoh so‘ra!)» dedi. Shunda u: «Menga biror ziyon tekkan deb o‘ylaysanmi? Men jinni ekanmanmi? Bor, jo‘na!» dedi» (Sahihi Buxoriy, 6048).
G‘azabning salbiy ta’siri ko‘p; qisqacha aytganda, u o‘ziga ham, boshqalarga ham zarar yetkazadi. G‘azablangan odam tuhmat va behayo so‘zlarni aytishi, boshqalarga nazoratni yo‘qotgan holda jismoniy tajovuz qilishi, hatto o‘ldirishi mumkin. Quyidagi hikoyada ibratli saboq bor:
Alqama ibn Voildan rivoyat qilinadi: «Otam menga shunday dedi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam bilan o‘tirgan edim. Bir kishi boshqasini qayish bilan (bog‘lab) olib kelib, «Ey Allohning Rasuli, bu mening akamni o‘ldirdi», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Uni o‘ldirdingmi?» dedilar. (Boyagi odam) «Agar tan olmasa, men bunga dalil keltiraman», degan edi, u: «Ha, uni o‘ldirdim», dedi. U zot: «Qanday o‘ldirding?» dedilar. U: «U bilan daraxtdan barg qoqayotgan edik. U meni so‘kib, jahlimni chiqardi. Boshiga bolta bilan urib, o‘ldirib qo‘ydim», dedi (Sahihi Muslim, 1680; Abdulboqiy tartibida 1307).
G‘azab o‘ldirishdan tashqari jarohatlash va suyaklarni sindirishga ham olib kelishi mumkin. Agar g‘azabni qo‘zg‘atgan odam qochib ketsa, g‘azablangan odam g‘azabini o‘ziga qaratadi. Natijada u kiyimlarini yirtib yuborishi, yuziga urishi, ba’zida yiqilib hushidan ketishi, idish-tovoqlarni yoki boshqa narsalarni sindirishi mumkin.
G‘azabning salbiy oqibatlaridan biri, ijtimoiy falokatlarga, oilaviy aloqalarning uzilishiga, ya’ni taloqqa – ajralishga olib keladi. Ayolini taloq qilgan kishilarning aksariyatidan qachon va qanday taloq qilganlari haqida so‘rasangiz, «Jahl ustida taloq qilib qoʻydim» degan javobni eshitasiz.
Bu esa bolalarning baxtsizligiga, pushaymonlik va tushkunlikka, og‘ir va mashaqqatli hayotga olib keladi. Bularning barchasi g‘azab natijasida yuz beradi. Agar ular Allohni eslab, o‘zlariga kelib, g‘azablarini bosib, Allohdan panoh so‘raganlarida, bularning hech biri sodir bo‘lmas edi. Shariatga xilof ish qilish faqat zarar keltiradi.
G‘azab sababli yuz beradigan jismoniy zararlar ham katta, shifokorlar aytganidek, tromboz, yuqori qon bosimi, taxikardiya (yurak urishining g‘ayritabiiy tezlashuvi) va giperventilyatsiya (tez, sayoz nafas olish) kabi holatlar o‘limga olib keluvchi yurak xurujlari, qandli diabet va boshqa kasalliklarga olib kelishi mumkin. Allohdan ofiyat so‘raymiz.
Agar g‘azablangan kishi g‘azab paytida o‘zining qiyofasini ko‘zguda ko‘ra olganida edi, o‘zidan va qiyofasidan nafratlangan bo‘lardi. Agar u o‘zining o‘zgarib borayotganini, a’zoyi badani qaltirayotganini, ko‘zlari chaqnab turganini, xatti-harakatlari aqldan ozganday bo‘lib qolganini ko‘rganida edi, o‘zidan nafratlanib, shakl-shamoyilidan jirkangan bo‘lardi. Ma’lumki, ichki qabihlik tashqi qabihlikdan ham yomonroqdir. Inson shu ahvolga tushganda shaytonning xursandligidan boshi osmonga yetsa kerak.
Alloh taolo shaytondan va muvaffaqiyatsizlikdan panoh bersin.
Duo doimo mo‘minning quroli hisoblanadi. U bilan mo‘min Allohdan yomonlik, balo-ofat va yomon xulqdan himoya so‘raydi hamda g‘azab tufayli kufr yoki noto‘g‘ri yo‘lga tushib qolishdan panoh tilaydi. Najot beruvchi uch narsadan biri: xursandchilik va g‘azab paytida adolatli bo‘lishdir («Sahihul Jome’» 3039).
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning duolaridan:
«Allohim, g‘aybni bilishing va yaratishga qodirliging bilan so‘rayman! Agar hayotni men uchun xayrli deb bilsang, meni tirik qoldir. Agar o‘limni men uchun xayrli deb bilsang, menga o‘lim ber» Allohim! Meni oshkoru g‘ayb ishlarda O‘zingdan bo‘lgan qo‘rquv so‘rayman. Roziligu g‘azabda haqni so’zlashni so‘rayman. Boylikda ham, faqirlikda ham tejamkorlik berishingni so‘rayman. Tuganmas ne’mat, uzilmas sevinch so‘rayman. Qazo-hukmdan keyin rozilikni, o‘limdan so‘ng yaxshi hayotni so‘rayman. Yuzingni ko‘rish lazzatini va zararli qayg‘ularsiz, adashtiruvchi fitnalarsiz visoling shavqini so‘rayman Allohim, bizni iymon ziynati ila ziynatla va to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi, to‘g‘ri yo‘lda yuruvchilardan qil» (Sunani Nasoiy, 1305. Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihul Jome’, 1301»)
G‘azab bilan bog‘liq masalalar haqida ko‘proq ma’lumot olish uchun ushbu javoblarga murojaat qiling: (45647, 5733, 145463, 300457, 133861, 21357, 509113, 42505)
Hamdning barchasi olamlarning Rabbi – Allohga xosdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?