O'qildi: 171
23.01.2026
/ 4 Shaban 1447
Fatvo mavzusi: Sha’bon oyi
Savol
Men har oyning «ayyomul biyz» (oydin kechalar)ida roʻza tutishga odatlanganman, Allohga hamd boʻlsin. Lekin bu oyda roʻza tutmadim. Roʻza tutmoqchi boʻlganimda, menga bu joiz emas va bidʼat deyishdi. (Men oyning boshida dushanba kuni, soʻng Shaʼbonning 19-kuni chorshanba kunida roʻza tutdim va inshaalloh ertaga payshanba kuni ham tutaman, shu bilan 3 kun tutgan boʻlaman). Buning hukmi qanday? Shaʼbon oyida roʻzani koʻpaytirishning hukmi qanday?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Javobning qisqacha mazmuni:
Har oyda uch kun roʻza tutish mustahabdir, afzali «ayyomul biyz» (oydin kechalar), yaʼni oʻn uchinchi, oʻn toʻrtinchi va oʻn beshinchi kunlar boʻlishidir. Shaʼbon oyida uch kun roʻza tutishingizning zarari yoʻq, garchi baʼzi kunlari oyning ikkinchi yarmiga toʻgʻri kelib qolsa ham. Shaʼbon oyida roʻzani koʻpaytirishning ham zarari yoʻq, balki bu sunnatdandir.
Javob:
Mundarija
Alloh taolo O‘zi haqida ilmsiz gapirishni harom qilgan va bu ishni shirk hamda gunohi kabiralar qatoriga qo‘ygan. U Zot aytadi:
«Ayting: «Rabbim faqatgina oshkor va yashirin buzuqliklarni, (barcha) gunoh ishlarni, nohaq zulm qilishni va Allohga (sherik ekanligiga) hech qanday hujjat tushirmagan narsalarni Unga sherik qilib olishingizni hamda Alloh sha’niga bilmaydigan narsalarni gapirishingizni harom qilgan, xolos» (A’rof: 33).
Savolda aytilgan baʼzi kishilarning Shaʼbon oyida uch kun savolda zikr qilingan shaklda roʻza tutish bidʼat ekanligini daʼvo qilishlari ham Alloh taolo haqida ilmsiz gapirishning bir koʻrinishidir.
Har oyda uch kun roʻza tutish mustahabdir, afzali «ayyomul biyz» (oydin kechalar), yaʼni oʻn uchinchi, oʻn toʻrtinchi va oʻn beshinchi kunlar boʻlishidir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Xalilim menga uch narsani vasiyat qildilar, ularni o‘lgunimcha tark etmayman: har oy uch kun ro‘za tutish, choshgoh namozi va uxlashdan oldin vitr o‘qib olish» (Sahihi Buxoriy, 1178; Sahihi Muslim, 721).
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumo bunday so‘zlab berdi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: «…Senga har oyda uch kun ro‘za tutish kifoya. Zero, sen uchun har bir yaxshilik evaziga uning o‘n barobari bordir. Mana shuning o‘zi yil-o‘n ikki oy to‘la ro‘za tutishdir», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 1975; Sahihi Muslim, 1159).
Abu Zarrdan rivoyat qilinadi, u kishi aytdilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga shunday dedilar: «Agar oydan uch kun roʻza tutsang, oʻn uchinchi, oʻn toʻrtinchi va oʻn beshinchi kunlarida roʻza tut» (Termiziy, 761; Nasoiy, 2744; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihul Jomeʼ», 7817).
Shayx Muhammad ibn Solih al-Usaymin rahimahullohdan soʻraldi: «Hadisi sharifda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam Abu Hurayra roziyallohu anhuga har oyda uch kun roʻza tutishni vasiyat qilganlari kelgan. Bu roʻza qaysi kunlarda tutilishi kerak? Ular albatta ketma-ket boʻlishi shartmi?»
U kishi quyidagicha javob berdilar:
«Bu uch kunni ketma-ket yoki alohida-alohida tutish joiz. Oyning boshida, oʻrtasida yoki oxirida boʻlishi ham joiz. Bu masalada ish keng, Allohga hamd boʻlsin, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tayin qilmaganlar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zavjalari Oishadan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har oyda uch kun ro‘za tutarmidilar?» deb so‘radim. U: «Ha», dedi. Men unga: «Oyning qaysi kunlarida ro‘za tutardilar?» dedim. «Ro‘zani oyning qaysi kuni ekanligiga qaramay tutaverardilar», dedi» (Sahihi Muslim, 1160).
Lekin oʻn uchinchi, oʻn toʻrtinchi va oʻn beshinchi kunlar afzalroqdir, chunki ular «ayyomul biyz» (oydin kechalar)dir» («Majmuʼ fatovo li-Shayx Ibn Usaymin», 20/376-savol).
Ehtimol, sizni bu oyda (Shaʼbonda) bu kunlarda roʻza tutishdan man qilmoqchi boʻlgan kishi, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam Shaʼbon yarimlaganda roʻza tutishdan qaytarganlarini bilgani uchun shunday degandir.
«Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasidan keyin qazo roʻza tutish joizmi?» nomli savolning javobida aytib oʻtilganidek, bu qaytariq faqat Shaʼbonning ikkinchi yarmida roʻzani boshlagan va roʻza tutish odati boʻlmagan kishiga tegishlidir.
Ammo birinchi yarmida roʻzani boshlab, ikkinchi yarmida ham davom ettirgan yoki roʻza tutish odati boʻlgan kishiga Shaʼbonning ikkinchi yarmida roʻza tutishining zarari yoʻq. Masalan, har oyda uch kun yoki dushanba va payshanba kunlari roʻza tutishga odatlangan kishi kabi.
Shunga koʻra, Shaʼbon oyida uch kun roʻza tutishingizning zarari yoʻq, garchi baʼzi kunlari oyning ikkinchi yarmiga toʻgʻri kelib qolsa ham.
Shaʼbon oyida roʻzani koʻpaytirishning zarari yoʻq, balki bu sunnatdandir. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam bu oyda koʻp roʻza tutardilar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, biz hatto «endi og‘zi ochiq bo‘lmasalar kerak», der edik. U zot og‘zi ochiq ham yurardilar, biz hatto «endi ro‘za tutmasalar kerak», der edik. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ramazondan boshqa biror oyda to‘liq ro‘za tutganlarini ko‘rmaganman. U zotning Sha’bon oyidagidek ko‘p ro‘za tutganlarini ham ko‘rmaganman» (Sahihi Buxoriy, 1969; Sahihi Muslim, 1156).
Abu Salamadan rivoyat qilinadi, Oisha roziyallohu anho aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam biron oyda Sha’bondagidan ko‘p ro‘za tutmas edilar. Zotan, u zot Sha’bonning hammasida ro‘za tutar edilar. U zot: «Amallardan toqatingiz yetadiganini oling, chunki siz malollanmasangiz, Alloh ham malollanmaydi», der edilar (Sahihi Buxoriy, 1970; Sahihi Muslim, 1156).
Manba: Islomiy savol-javob hay’ati ulamolari
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?