O'qildi: 153
26.01.2026
/ 7 Shaban 1447
Fatvo mavzusi: Sha’bon oyi
Savol
Alloh taolo Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasida dunyo osmoniga tushib, ikki kishi – kofir va adovatli kishidan tashqari barcha odamlarni magʻfirat qiladimi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Javobning qisqacha mazmuni:
Alloh taoloning dunyo osmoniga tushishi faqat Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasiga xos emas. Balki «Sahihayn» va boshqa hadis toʻplamlarida U Zotning har kecha tunning oxirgi uchdan birida dunyo osmoniga tushishi sobit boʻlgan. Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasi ham ushbu umumiylik ostiga kiradi.
Javob:
Savolda zikr etilgan xabar baʼzi hadislarda kelgan, lekin hadisning sahihligi borasida ahli ilmlarning mulohazalari bor va Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasining fazilati haqida birorta ham sahih hadis sobit boʻlmagan.
Abu Muso al-Ashʼariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Albatta, Alloh Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasida (bandalariga) nazar soladi va jamiki maxluqotlarini magʻfirat qiladi. Faqatgina mushrik va mushohin (adovatchi) bundan mustasnodir» (Ibn Moja, 1390).
«Az-Zavoid» asarida: «Bu hadisning isnodi zaif; Abdulloh ibn Lahiyʼaning zaifligi va Valid ibn Muslimning tadlisi sababli», deyilgan.
Hadisda iztirob bor, uni Doraqutniy «Al-ilal» kitobida (6/50-51) bayon qilgan va «Hadis sobit emas», degan.
Muoz ibn Jabal, Oisha onamiz, Abu Hurayra, Abu Saʼlaba al-Xushaniy roziyallohu anhum va boshqalardan ham rivoyat qilingan, lekin hech bir yoʻli zaiflikdan xoli emas, baʼzilari esa oʻta zaifdir.
Ibn Rajab aytadi: «Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasining fazilati haqida bir necha hadislar boʻlib, ularning sahih yo zaifligi borasida ixtilof qilingan. Aksariyat ulamolar bu hadisni zaif sanagan, Ibn Hibbon esa baʼzilarini sahih degan» («Latoif al-maorif», 261).
Alloh taoloning dunyo osmoniga tushishi faqat Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasiga xos emas. Balki «Sahihayn» va boshqa kitoblarda U Zotning har kecha tunning oxirgi uchdan birida dunyo osmoniga tushishi sobit boʻlgan. Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasi ham ushbu umumiylik ostiga kiradi.
Shuning uchun Abdulloh ibn Muborakdan Alloh taoloning Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasida tushishi haqida soʻralganda, u savol beruvchiga: «Ey zaif! Faqat 15-kechadami!? U Zot har kecha tushadi», degan. Abu Usmon as-Sobuniy «Eʼtiqodi ahl as-sunna» asarida (92-raqam) rivoyat qilgan.
Uqayliy rahimahulloh aytadi: «Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasidagi nuzul haqida zaif hadislar bor. Har kecha tushish haqidagi rivoyatlar esa sobit, sahih hadislardir. Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasi ham, inshaalloh, shunga kiradi» («Az-Zuafo», 3/29).
Manba: Islomiy savol-javob ulamolari hayʼati
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?