O'qildi: 381
29.01.2026
/ 10 Shaban 1447
Fatvo mavzusi: Sha’bon oyi
Savol
Hadisning zaifligini bilgandan keyin unga amal qilishimiz joizmi? Buni fazoilul aʼmol (amallarning fazilati) deb, masalan, Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasida roʻza tutish haqida kelgan: «Qachon Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasi kelsa, uning kechasini bedor oʻtkazinglar, kunduzining roʻzasini tutinglar» hadisiga koʻra, nafl roʻzada va kechasi qoim boʻlishda Allohga ibodat borligini inobatga olib ibodat qilishimiz joizmi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Javobning qisqacha mazmuni:
Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasida namoz, roʻza va ibodatlarning fazilati haqida kelgan rivoyatlar zaif hadislar bobidan emas, balki toʻqima va botil hadislar bobidandir.
Ulamolarning sahih soʻzlariga koʻra, garchi fazoilul aʼmol (amallar fazilati) yoki targʻib va tarhib (qiziqtirish va qoʻrqitish) bobidan boʻlsa ham zaif hadisga mutlaqo amal qilinmaydi. Zero, sahih hadislarda musulmon kishi uchun zaif hadislarga ergashish zaruratini yoʻqqa chiqaradigan unsurlar mavjud.
Javob:
Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasida namoz, roʻza va ibodatlarning fazilati haqida kelgan rivoyatlar zaif hadislar bobidan emas, balki toʻqima va botil hadislar bobidandir. Bunga amal qilish va uning taqozosiga koʻra ish tutish na fazilatli amallarda, na boshqasida joiz.
Bu borada kelgan rivoyatlarning botilligiga bir qancha muhaddislar hukm qilgan. Bular qatoriga quyidagilar kiradi: Ibn al-Javziy oʻzining «Al-Mavzuʼot» (2/440-445) kitobida, Ibn Qayyim al-Javziya «Al-Manor al-Munif» asarida (174-177-raqam), Abu Shoma ash-Shofeʼiy «Al-Bois ʼala inkor al-bidaʼ val-havodis» kitobida (124-137), Iroqiy «Taxrij ihyo ulum ad-din» asarida (582-raqam). Shayxulislom «Majmuʼ al-fatovo»da (28/138) kitobida mazkur rivoyatlarning botil ekaniga ijmoʻ naql qilgan.
Shayx Ibn Boz rahimahulloh «Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasini xoslash hukmi» haqida aytadi: «Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasini namoz yoki boshqa ibodat bilan xoslash va uning kunduzini roʻza bilan xoslash aksar ahli ilmlar nazdida munkar bidʼatdir va pok shariatda uning asli yoʻq».
U kishi rahimahulloh yana aytadi: «Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasi haqida birorta sahih hadis kelmagan, bu borada kelgan barcha hadislar toʻqima, zaif va asli yoʻq sanaladi. Bu kechaning Qurʼon oʻqishga oid ham, xos namoz yoki jamoat bilan bogʻliq ham biron xususiyati yoʻq. Baʼzi ulamolarning uning xususiyati bor degan soʻzlari esa zaif soʻzdir. Bu kunni biror ibodat bilan xoslash joiz emas. Mana shu toʻgʻri fikrdir. Tavfiq Allohdandir» («Fatovo Islomiyya», 4/511).
Agar bu bobdagi hadislarga toʻqima emas, balki zaif deb qarasak ham, ahli ilmlarning sahih soʻzlariga koʻra, garchi fazoilul aʼmol (amallar fazilati) yoki targʻib va tarhib (qiziqtirish va qoʻrqitish) bobidan boʻlsa ham zaif hadisga mutlaqo amal qilinmaydi. Zero, sahih hadislarda musulmon kishi uchun zaif hadislarga ergashish zaruratini yoʻqqa chiqaradigan unsurlar mavjud. Mazkur kechani va uning kunduzini biror ibodat bilan xoslash shariatda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam nazdida ham, u zotning sahobalari nazdida maʼlum emas.
Alloma Ahmad Shokir aytadi: «Hukmlar bilan fazoilul aʼmol va shunga oʻxshashlar oʻrtasida zaif rivoyatga amal qilmaslikda farq yoʻq. Balki hech kimga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sahih yoki hasan hadis bilan sobit boʻlgan narsadan boshqasida hujjat yoʻq» («Al-Bois al-hasis», 1/278).
Qoʻshimcha maʼlumot uchun sahifamizning kitoblar boʻlimidagi: «Zaif hadisga amal qilish hukmi borasida chuqur mulohaza» asariga murojaat qiling.
Manba: Islomiy savol-javob ulamolari hayʼati
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?