O'qildi: 58
09.03.2026
/ 20 Ramazon 1447
Fatvo mavzusi: Eʼtikof masalalari » Ramazon » Roʻza masalalari
Javob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Alloh taologa hamdu sanolar, Payg‘ambarimizga salavot va salomlar bo‘lsin.
Ayol kishi erining iznisiz e’tikof o‘tirishi joiz emas, chunki uning masjidda e’tikof o‘tirishi erining haqlariga putur yetkazadi.
Agar er ruxsat bersa, keyinchalik bu ruxsatidan qaytib, ayolni e’tikofdan chiqarib yuborishga haqli bo‘ladi.
Ibn Qudoma aytadi:
«Xotin erining ruxsatisiz e’tikof o‘tira olmaydi… Agar er ruxsat bergach, ayol e’tikofni boshlaganidan so‘ng uni e’tikofdan chiqarmoqchi bo‘lsa, nafl e’tikof bo‘lgan taqdirda bunga haqqi bor. Imom Shofeiy ham shu soʻzni ixtiyor qilganlar… Bordi-yu, ruxsat berilgan e’tikof nazr qilingan bo‘lsa, er uni man etishga haqli emas. Chunki e’tikof boshlanishi bilan farzga aylanadi va uni oxiriga yetkazish, xuddi kishining ehrom bog‘lab hajni ado etishi kabi vojib bo‘ladi». Iqtibos ba’zi qisqartirishlar bilan tugadi (Mugʻniy, 4/485).
Sunnatda erning o‘z ruxsatisiz xotinini e’tikof o‘tirishdan qaytarishi joiz ekaniga dalolat bor.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam e’tikof o‘tirmoqchi bo‘lsalar, bomdodni o‘qib, keyin e’tikof joylariga kirib ketardilar. U zot buyurdilar, chodirlari tikildi. U zot Ramazonning oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirmoqchi edilar. Zaynab ham aytgan edi, unga ham chodir tikishdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning boshqa zavjalari ham o‘zlariga chodir tikishni buyurishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bomdod namozini o‘qib bo‘lib qarasalar, bir nechta chodirlar turibdi. «(Bu bilan) yaxshilikni ko‘zladilaringmi?» dedilar. U zot buyurdilar, ularning chodirlari yig‘ishtirib olindi. U zot Ramazon oyidagi e’tikofni tark etdilar. So‘ng shavvolning birinchi o‘n kunligida e’tikof o‘tirdilar» (Sahihi Buxoriy, 2033; Sahihi Muslim, 1173).
Buxoriyning rivoyatida:
«Hafsa Oishadan kapa tikishga izn so‘radi, u unga izn berdi»
Imom Navaviy aytadi:
«Qarasalar, bir nechta chodirlar turibdi». «(Bu bilan) yaxshilikni ko‘zladilaringmi?» dedilar. U zot buyurdilar, ularning chodirlari yig‘ishtirib olindi».
Qoziy aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu so‘zni ularning ishiga e’tiroz bildirib aytdilar. Vaholanki, u zot sollallohu alayhi va sallam ba’zi ayollariga e’tikofga izn bergan edilar, Buxoriy rivoyat qilganidek. U aytadi: U zotning inkor qilishlarining sababi, ularning e’tikofda ixlos qilmaganlaridir, balki u zotga rashklari tufayli yoki u zotning ularga rashklari tufayli u zotga yaqin bo‘lishni istaganlaridan qo‘rqqanlari sabablidir. U zot ularning masjidda doim bo‘lishlarini xush koʻrmadilar. Zero ki u yerda odamlar yig‘iladi, badaviylar va munofiqlar keladi, ayollari esa o‘z hojatlarini ravo qilish uchun kirib-chiqishlariga to‘g‘ri keladi, bu esa ularning obro‘siga putur yetkazadi. Yoki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ularni o‘z huzurlarida, masjidda ko‘rganlari sababli go‘yo ular o‘z uylarida ayollari bilan birga bo‘lgandek holat yuzaga kelgan. Holbuki, e’tikofdan asosiy maqsad ayollardan, dunyoviy ishlardan va shunga o‘xshash narsalardan uzoqlashishdir. Yoki ular o‘z kapalari bilan masjidni toraytirib qo‘yganlari uchun shunday bo‘lgan. Bu hadisda ayollar uchun e’tikofning joizligiga dalil bor, chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ularga bunga ruxsat berganlar, ammo keyinroq muayyan bir sababga ko‘ra man qilganlar. Shuningdek, hadisda er o‘z iznisiz xotinini e’tikofdan qaytarishga haqli ekaniga ham dalil mavjud va bu borada barcha ulamolar yakdil fikrdadir. Agar er ruxsat bergan bo‘lsa, keyinchalik buni man etishga haqqi bormi? Bu masalada ulamolar o‘rtasida ixtilof bor. Shofeiy, Ahmad va Dovudning nazdida, er uni man qilishga va nafl e’tikofdan chiqarib yuborishga haqlidir» (iqtibos tugadi).
Ibn Munzir va boshqalar aytadilar: «Hadisda ayol kishi eridan ruxsat so‘ramay e’tikof o‘tirmasligi kerakligi, bordi-yu erining iznisiz e’tikof o‘tirsa, er uni chiqarib yuborishga haqli ekani ko‘rsatilgan. Hatto e’tikof erining ruxsati bilan bo‘lgan taqdirda ham, er fikridan qaytib, xotinini bundan man qilishga haqlidir. Hanafiylarga ko‘ra, agar er ruxsat berib, keyin uni man qilsa, gunohkor bo‘ladi, ayol esa (e’tikofdan) tiyilishi lozim. Imom Molikning fikricha, er bunday huquqqa ega emas. Ammo bu hadis ushbu ikki mazhabning fikriga qarshi dalildir», deyiladi («Fathul Boriy»dan iqtibos tugadi).
Alloh bilguvchiroqdir.
Manba: Islom savol va javob
Bu javob foydali bo’ldimi?