O'qildi: 12
04.03.2026
/ 15 Ramazon 1447
Fatvo mavzusi: Zakot majbur boʻladigan narsalar
Savol
Nima uchun yashash uchun mo‘ljallangan uydan zakot berish farz bo‘lmaydi-yu, uy sotib olish uchun jamg‘arilgan puldan zakot farz bo‘ladi? Bu holatda zakot olinmasligi avloroq emasmi? Ya’ni, bir kishi ijarada yashaydi va uy sotib olish uchun kundan kunga pul jamg‘aradi, agar uning puli nisobga yetib, bir yil o‘tsa, undan zakot vojib bo‘ladi. Holbuki, oʻzining uyi boʻlgan, unda yashayotgan kishiga hech narsa vojib emas? Axir hukmlarning sabablari bor emasmi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Shar’iy dalillar zakot musulmon egalik qiladigan har qanday mol-mulkdan vojib bo‘lavermasligiga, balki muayyan mol-mulklardangina berish vojib ekaniga dalolat qiladi. Zakot berish vojib boʻlgan mol-mulklar quyidagi oyatda bayon etilgan:
«Albatta, sadaqalar (ya’ni, zakotlar) Alloh tomonidan farz bo‘lgan holda, faqat faqirlarga, miskinlarga, sadaqa yig‘uvchilarga, ko‘ngillari (Islomga) oshno qilinuvchi kishilarga, bo‘yinlarni (qullarni) ozod qilishga, qarzdor kishilarga va Alloh yo‘lida (ya’ni, Alloh yoʻlidagi kishilarga) hamda yo‘lovchi musofirlarga berilur. Alloh bilim va hikmat Sohibidir» (Tavba: 60).
Shunga koʻra, zakot berish vojib boʻlgan mol-mulklar quyidagilardir:
«Islom Olami Uyushmasi huzuridagi Fiqh Akademiyasi qarori»da shunday deyilgan: «Qog‘oz pullarning qiymati oltin yoki kumushdan birining nisobiga yetsa yoki boshqa pul tabiatiga ega mollar va tijorat mollari bilan birga nisobni to‘ldirsa, ulardan zakot berish vojibdir» («Qaror», 6/101).
«Kibor Ulamolar Hay’ati qarori»da (1/88) shunday deyilgan:
«Qog‘oz pullar pul tabiatini o‘zida yaqqol mujassam etgani bois, bularning barchasiga asoslangan holda Kibor Ulamolar Hay’ati ko‘pchilik ovoz bilan quyidagicha qaror qildi: «Qog‘oz pullar oltin, kumush va boshqa qimmatbaho boyliklar singari mustaqil pul birligi hisoblanadi. Bundan esa quyidagi shar’iy hukmlar kelib chiqadi: …
Ikkinchidan: Agar qogʻoz pulllarning qiymati oltin yoki kumush nisobiga yetsa yoxud zakot berishi vojib bo‘lgan shaxslarning mulkidagi boshqa pul tabiatiga ega buyumlar va savdo mollariga qo‘shilib nisobni to‘ldirsa, ulardan zakot chiqarish farz bo‘ladi». Iqtibos tugadi.
Ulamolar ushbu mol-mulklardan zakot berish farz ekaniga ijmo qilganlar, faqat tijorat mollari borasida zaif xilof bor.
Shayxulislom rahimahulloh Ibn Munzir rahimahullohdan rivoyat qilib aytadi: «Islom ulamolari zakot to‘qqiz turdagi mol-mulkka farz ekaniga ittifoq qilganlar. Bular: tuyalar, sigirlar, qo‘ylar, oltin, kumush, bug‘doy, arpa, xurmo va mayizdir. Ushbu mol-mulk turlarining har biri zakot vojib bo‘ladigan nisobga yetsa, undan zakot berish farz bo‘ladi» («Majmu’ al-fatovo», 25/10).
Batafsil ma’lumot uchun: 49632 va 220039-raqamli savollarning javoblariga qarang.
Bulardan boshqa mol-mulklarda esa, qiymati qanchalik yuqori bo‘lmasin, zakot yo‘q.
Musulmon tijorat maqsadida emas, balki foydalanish maqsadida egalik qiladigan narsalarda ulamolar ijmosiga ko‘ra zakot yo‘qdir. Bular fuqaholar nazdida «qunya mollari» deb ataladi.
Quyidagi hadis bunga dalil bo‘ladi:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Musulmonga qulidan ham, otidan ham zakot berish vojib emas», dedilar» (Sahihi Muslim, 982).
Imom Navaviy rahimahulloh «Sahihi Muslim sharhi»da aytadi: «Bu hadis qunya mollarida zakot yo‘qligi va tijorat uchun bo‘lmasa, ot va qullarda zakot yo‘qligiga asosdir». Iqtibos tugadi.
Shayx Ibn Usaymin rahimahulloh aytadi:
«Inson o‘zi egalik qiladigan idishlar, mebel, uskunalar, avtomobillar, ko‘chmas mulk va shunga o‘xshash narsalarda, hatto ularni ijaraga berish uchun tayyorlab qo‘ygan bo‘lsa ham, zakot vojib bo‘lmaydi. Agar bir kishining millionlab qiymatga ega ko‘plab ko‘chmas mulklari bo‘lsa-yu, lekin ular bilan tijorat qilmasa, ya’ni ularni sotmasa yoki o‘rniga boshqasini sotib olmasa, balki ularni foydalanish uchun tayyorlab qo‘ygan bo‘lsa, bu ko‘chmas mulklarda, garchi ko‘p bo‘lsa ham, zakot yo‘q. Zakot faqat ulardan keladigan ijara haqi yoki daromaddan beriladi: ijara haqiga esa agar shartnoma tuzilgan kundan boshlab bir yil o‘tgan bo‘lsa zakot vojib bo‘ladi; agar bir yil to‘lmagan bo‘lsa, zakot vojib bo‘lmaydi. Zero, bu narsalarning asli — zimmaning pokligidir, toki zakot vojibligiga shar’iy dalil kelmaguncha.
Zero, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning: «Musulmonga qulidan ham, otidan ham zakot berish vojib emas» degan so‘zlarida ularda zakot vojib emasligiga dalil bor. Bu shunga dalolat qiladiki, inson o‘zi uchun xos qilib olgan zakot berilmaydigan mol-mulklardan zakot vojib boʻlmaydi. Inson foydalanish uchun tayyorlab qo‘ygan ko‘chmas mulk va boshqa mol-mulklarni, shubhasiz, o‘zi uchun xohlagan, boshqalar uchun emas. Chunki u ularni sotmaydi, balki foydalanish va unish uchun saqlab qoladi» («Majmu’u fatavo li-Ibn Usaymin», 18/254).
Zakot beriladigan mol-mulk bilan zakot berilmaydigan mol-mulkning farqi shundaki, Shariat chorva mollari, ekinlar va mevalar kabi o‘suvchi (ko‘payuvchi) mol-mulkdan zakot berishni buyurgan, zero ular o‘z-o‘zidan ko‘payadi. Pul, oltin va kumush esa savdo orqali ko‘payish xususiyatiga ega.
Inson foydalanish maqsadida egalik qiladigan uy-joy, avtomobil va boshqa narsalar esa o‘sish uchun mo‘ljallanmagan.
Bu shariatning rahmati va hikmatidandir. Agar u barcha mol-mulklarda zakotni farz qilganida, bunda musulmon uchun mashaqqat bo‘lar edi, chunki yillar o‘tishi bilan zakot uning hayot uchun zarur bo‘lgan mol-mulkini yeb bitirardi.
Shariat o‘suvchi mol-mulklarda zakotni vojib qildi, toki zakot chiqarish musulmonga oson bo‘lsin, chunki u zakotni mol-mulklarning o‘simidan chiqaradi.
Ibn Qosim rahimahulloh aytadi:
«Zakot faqat o‘suvchi mol-mulklarda joriy qilingan» («Ravzul murbi’», 3/256).
Ibn Qudoma rahimahulloh aytadi:
«Zakot faqat o‘suvchi narsalarda vojib bo‘ladi, toki o‘simdan chiqarilsin va bu osonroq bo‘lsin» («Mug‘niy», 4/169).
U kishi yana shunday degan:
«Bir yil o‘tishi e’tiborga olingan va olinmagan narsalar o‘rtasidagi farq shundaki, bir yil o‘tishi e’tiborga olingan narsalar o‘sish uchun mo‘ljallangandir. Chorva hayvonlari sut va nasl uchun, tijorat mollari foyda uchun, shuningdek, pul tabiatiga ega mollar [oltin, kumush va pullar] ham. Shuning uchun ularda bir yil o‘tishi e’tiborga olingan, chunki bu o‘sish ehtimolidir, toki zakot foydadan chiqarilsin, chunki bu osonroq va yengilroqdir. Biz uning sezilarli darajada o‘zgarib turishi va noaniqligi sababli haqiqiy o‘sishni e’tiborga olmaymiz. Ushbu mulkdan zakot takroran olinar ekan, ketma-ket keladigan majburiyatlar mol egasining butun boyligini yeb bitirmasligi uchun unga muayyan bir me’yor (nisob) belgilanishi lozim.
Ekinlar va mevalarga kelsak, ular o‘z-o‘zidan o‘simdir, ulardan zakot chiqarilayotganda to‘liq bo‘ladi, shunda ulardan zakot olinadi, so‘ngra ular o‘sishga emas, kamayishga yuz tutadi, shuning uchun ularda ikkinchi marta zakot vojib bo‘lmaydi, chunki ular o‘sish uchun mo‘ljallanmagan. Kondan chiqqan narsa esa yerdan chiqqan foyda bo‘lib, ekin va meva kabidir. Lekin agar u samanlar jinsidan (pul tabiatiga ega) bo‘lsa, undan har yili zakot beriladi, chunki u o‘sish ehtimolidir, zero pul tabiatiga ega mol-mulklarning qiymati, tijoratlarning sarmoyasidir, ular bilan muzoraba va shirkat amalga oshadi hamda ular shuning uchun yaratilgan. Shunday qilib, ular asli va yaratilishi bilan tijorat uchun tayyorlangan mol kabidir». Iqtibos tugadi («Mug‘niy», 4/74).
Shu bilan uy sotib olish uchun jamg‘arilgan pullar bilan uyning o‘zi o‘rtasidagi farq ayon bo‘ladi. Pullardan zakot berilishining sababi ular savdo orqali ko‘payish xususiyatiga ega ekanidir.
Uyning o‘zi esa ko‘payish xususiyatiga ega emas, balki u egalik qilish uchundir, shuning uchun unda zakot berilmaydi.
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?