O'qildi: 55
09.03.2026
/ 20 Ramazon 1447
Fatvo mavzusi: Eʼtikof masalalari
Savol
Ramazonning oxirgi o‘n kunligida masjidda e’tikof o‘tirish qanday bo‘lishini bilmoqchi edim. Men ishlayman va ishim soat ikkida tugashini inobatga olgan holda javob bersangiz. Masjidda doimiy qolishim shartmi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
E’tikof o‘tiruvchining masjiddan chiqishi e’tikofni buzadi, chunki e’tikof – bu Alloh taologa toat qilish uchun masjidda qolishdir.
Faqatgina zaruriy holatlar uchun chiqsa bundan mustasno, masalan, hojatxonaga borish, tahorat olish, g‘usl qilish, agar unga masjidga ovqat olib keladigan kishisi bo‘lmasa, ovqat olib kelish va shunga o‘xshash zaruriy hamda masjidda qilish mumkin bo‘lmagan ishlar uchun joiz.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam e’tikof o‘tirganlarida (darchadan) boshlarini menga tutar edilar, men uni tarab qo‘yar edim. U zot uyga insoniy ehtiyoj (qazoi hojat) tufayligina kirar edilar» (Sahihi Buxoriy, 2092; Sahihi Muslim, 297).
Ibn Qudoma rahimahulloh aytadi:
«Inson hojatidan murod bavl va katta hojatdir, bu ikkisi kinoya qilingan, chunki har bir inson ularni qilishga muhtoj bo‘ladi. Hojatning ma’nosiga ovqat va ichimlikka bo‘lgan ehtiyoj ham kiradi, agar e’tikof oʻtiruvchining yegulik olib keladigan kishisi bo‘lmasa, yegulikka ehtiyoj sezganda chiqishi mumkin… Shuningdek, unga zarur bo‘lgan va masjidda qilish mumkin bo‘lmagan har bir narsa uchun chiqishi joiz, agar uzoqqa cho‘zilmasa bu uning e’tikofini buzmaydi».
E’tikof o‘tiruvchining tirikchilik, kasb-u hunar uchun masjiddan chiqishi e’tikofga ziddir.
Doimiy qo‘mitadan so‘raldi:
«E’tikof o‘tiruvchining kasalni ziyorat qilishi, chaqiriqqa ijobat qilishi, ahlining hojatlarini bajarishi, janozaga ergashishi yoki ishga borishi joizmi?»
Bu savolga quyidagicha javob berdilar:
«Sunnatga ko‘ra, e’tikof o‘tiruvchi e’tikofi davomida kasalni ziyorat qilmaydi, chaqirilgan joyga bormaydi, ahlining hojatlarini bajarmaydi, janozaga qatnashmaydi va masjiddan tashqaridagi ishiga bormaydi. Chunki sahih hadisda shunday vorid boʻlgan:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «E’tikof o‘tirgan kishiga bemorni ziyorat qilmaslik, janozaga qatnashmaslik, ayol kishi bilan yaqinlik ham, mubosharat ham qilmaslik, faqat zaruriy ehtiyoj uchun chiqish sunnatdir. Ro‘zasiz e’tikof yo‘q. Jome masjiddan boshqa joyda e’tikof yo‘q» (Abu Dovud, 2473; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Abu Dovud», 2473).
(«Doimiy Qoʻmita fatvolari», 10/410).
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?