O'qildi: 291
14.02.2026
/ 26 Shaban 1447
Fatvo mavzusi: Roʻza tutishdan qaytarilgan kunlar » Sha’bon oyi
Savol
Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam shak kuni roʻza tutishdan va Ramazondan ikki kun oldin roʻza tutishdan qaytarganliklarini bilaman. Lekin shu kunlarda oʻtgan Ramazonning qazosini tutishim joizmi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Javobning qisqacha mazmuni:
Shak kunida va Ramazondan bir yoki ikki kun oldin oʻtgan Ramazonning qazosini tutish joiz. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam shak kuni roʻza tutishdan va Ramazondan bir yoki ikki kun oldin roʻza tutib boshlashdan qaytarganlari sobit boʻlgan. Lekin bu qaytariq insonning roʻza tutish odati boʻlmagan holatga tegishlidir.
Batafsil javob:
Ha, oʻtgan Ramazonning qazosini Ramazondan bir yoki ikki kun oldin tutish joiz. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam shak kuni roʻza tutishdan va Ramazondan bir yoki ikki kun oldin roʻza tutib boshlashdan qaytarganlari sobit boʻlgan. Lekin bu qaytariq insonning roʻza tutish odati boʻlmagan holatga tegishlidir, chunki sahih hadisda:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramazondan bir ikki kun oldindan roʻza tutib olmanglar. Lekin bir kishining tutib yurgan roʻzasi boʻlsa, uni tutaversin», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 1914; Sahihi Muslim, 1082).
Agar inson dushanba kuni roʻza tutishga odatlangan boʻlsa va bu Shaʼbonning oxirgi kuniga toʻgʻri kelsa, unga nafl roʻza tutishi joiz va bundan qaytarilmaydi.
Agar odatdagi nafl roʻza joiz boʻlsa, Ramazon qazosini tutish undan ham muhimdir. Chunki uning qazosini oʻtash vojibdir va qazoni kelayotgan Ramazondan keyinga qoldirish joiz emas.
Imom Navaviy rahimahulloh aytadi: «Asʼhoblarimiz aytadilar: «Shak kunida Ramazon roʻzasini tutish durust boʻlmasligiga hech qanday ixtilof yoʻq… Agar bu kuni qazo, nazr yoki kafforat roʻzasini tutsa, roʻzasi roʻza boʻladi, chunki bu kuni sababli nafl roʻza tutish joiz boʻlsa, farz boʻlgan qazoni oʻtash undan ham avloroq joizdir, xuddi namoz oʻqishdan qaytarilgan vaqtda qazo namozni oʻqish joizligi kabi. Chunki agar uning zimmasida Ramazonning qazosi boʻlsa, qazo qilish muddati chegaralanib qolgani sababli, bu kun aynan shu maqsad uchun belgilanib qoladi» («Majmuʼ», 6/399).
Manba: Islomiy savol-javob ulamolari hayʼati
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?