O'qildi: 49
14.02.2026
/ 26 Shaban 1447
Fatvo mavzusi: Ruqya — Qurʼon bilan davolanish
Javob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Sehr xavfidan saqlanishning eng muhim vositalaridan biri – shar’iy zikrlar, duolar bilan himoyalanishdir. Shular jumlasidan:
«Allohdan o‘zga hech qanday (haq) iloh yo‘q. Faqat Uning O‘zi bordir. U tirik va abadiy turguvchidir. Uni na mudroq, na uyqu olmaydi. Samovot va Yerdagi bor narsalar Uningdir. Uning huzurida hech kim (birovni) Uning iznisiz shafoat qila olmaydi. U ularning (barcha odamlarning) oldilaridagi va orqalaridagi bor narsani biladi. Va ular U zotning ilmidan faqat O‘zi istagan narsalarnigina biladilar. Uning kursisi osmonlar va Yerdan kengdir. Va uni osmonlar va Yerni hifzu himoyatda saqlab turish qiynamaydi. U eng yuksak va buyukdir» (Baqara: 255).
«Payg‘ambar o‘ziga Parvardigoridan nozil qilingan narsaga iymon keltirdi va mo‘minlar (ham iymon keltirdilar). Allohga, farishtalariga, kitoblariga va payg‘ambarlariga iymon keltirgan har bir kishi (aytdi): «Uning payg‘ambarlaridan biron kishini ajratib qo‘ymaymiz». Va «Eshitdik va itoat etdik. Parvardigoro, gunohlarimizni mag‘firat qilishingni so‘raymiz. Va faqat O‘zingga qaytajakmiz», dedilar. Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga buyurmaydi. (Har kimning) qilgan (yaxshi) amali o‘zi uchundir va (yomon) amali ham o‘zining bo‘ynigadir. Parvardigoro, agar unutgan yoki xato qilgan bo‘lsak, bizni azobingga giriftor aylama! Parvardigoro, bizlarning zimmamizga bizdan ilgari o‘tganlarning boʻyinlariga qo‘ygan yukingni yuklama! Parvardigoro, bizlarni toqatimiz yetmaydigan narsaga zo‘rlama! Bizlarni afv et, (gunohlarimizni) mag‘firat qil, (holimizga) rahm ayla! O‘zing Xojamizsan! Bas, bu kofir qavm ustiga O‘zing bizni g‘olib qil!» (Baqara: 285-286).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni Ramazon zakotini qo‘riqlashga vakil qildilar. Birov kelib, yegulikdan hovuchlab ola boshladi. Men uni tutib oldim-da, «Allohga qasamki, seni albatta Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib chiqaman», dedim. U: «Men hojatmandman, bola-chaqam bor. Qattiq muhtojligim bor», dedi. Men uni qo‘yib yubordim. Tong otdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ey Abu Hurayra, bu kecha asiring nima qildi?» dedilar. «Ey Allohning Rasuli, qattiq muhtojligi va bola-chaqasi borligidan shikoyat qilgan edi, rahmim kelib, qo‘yib yubordim», dedim. U zot: «Bilib qo‘y, u seni aldabdi. Hali yana keladi», dedilar. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Hali yana keladi» degan so‘zlaridan uning qaytib kelishini bilib, uni poyladim. Kelib, yegulikdan hovuchlab ola boshlagan edi, uni tutib oldim. «Seni albatta Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib chiqaman», dedim. U: «Meni qo‘yib yubor, chunki men muhtojman, bola-chaqam bor. Endi qaytib kelmayman», dedi. Unga rahmim kelib, qo‘yib yubordim. Tong otdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: «Ey Abu Hurayra, asiring nima qildi?» dedilar. Men: «Ey Allohning Rasuli, qattiq muhtojligi va bola-chaqasi borligidan shikoyat qilgan edi, yana rahmim kelib, qo‘yib yubordim», dedim. U zot: «Bilib qo‘y, u seni aldabdi. Hali yana keladi», dedilar. Uni uchinchi marta poyladim. Kelib, yegulikdan hovuchlab ola boshlagan edi, uni tutib oldim. «Seni albatta Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib chiqaman. Bu oxirgisi. Sen qaytib kelmayman deb, uchinchi marta qaytib kelyapsan», dedim. U: «Meni qo‘yib yubor, Alloh senga manfaat beradigan kalimalarni o‘rgataman», dedi. «Nima u?» dedim. U: «Qachon to‘shagingga kirsang, Oyat al-Kursiyni – «Allohu laa ilaaha illa huval-Hayyul-Qoyyum»ni (Baqara: 255) oyatni tugatguningcha o‘qi. Shunda tong ottirguningcha Alloh tomonidan ustingda bir qo‘riqchi bo‘ladi va shayton senga hargiz yaqinlasha olmaydi», dedi. Uni qo‘yib yubordim. Tong otdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: «Bu kecha asiring nima qildi?» dedilar. Men: «Ey Allohning Rasuli, Alloh menga manfaat beradigan kalimalarni o‘rgatishini aytgan edi, qo‘yib yubordim», dedim. U zot: «Ular nima ekan?» dedilar. «U menga: «Qachon to‘shagingga kirsang, Oyat al-Kursiyni – «Allohu laa ilaaha illa huval-Hayyul-Qoyyum»ni boshidan boshlab, tugatguningcha o‘qi», dedi va menga: «Tong ottirguningcha Alloh tomonidan ustingda bir qo‘riqchi bo‘ladi va shayton senga yaqinlasha olmaydi», deb aytdi», dedim. – Ular (sahobalar) yaxshilikka juda o‘ch kishilar edi – Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Bilib qo‘y, o‘zi g‘irt yolg‘onchi bo‘lsa ham, senga rost aytibdi. Uch kechadan beri kim bilan gaplashayotganingni bilasanmi, ey Abu Hurayra?» dedilar. «Yo‘q», dedim. U zot: «U shayton edi», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 2311).
«Aamanar rosuvlu» oyatlarini oʻqishning daliliga kelsak:
Abdurrahmon ibn Yaziddan rivoyat qilinadi: «Baytning oldida Abu Mas’udni uchratib qoldim. «Menga Baqara surasidagi ikki oyat haqida sizdan bir hadis yetib keldi», dedim. U: «Ha. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Baqara surasining oxirida ikkita oyat bor. Kim kechqurun ularni o‘qisa, shu unga kifoya qiladi», deganlar», dedi» (Sahihi Muslim, 807).
Buning ma’nosi, har qanday yomonlikdan kifoya qiladi, deganidir. Vallohu a’lam.
Xavla bint Hakim Sulamiya roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Kim bir manzilga tushgandan keyin «A’uuzu bikalimaatillaahit-taammaati min sharri maa xolaq»* desa, unga o‘sha manzilidan jo‘nab ketgunicha hech narsa zarar yetkazmaydi», deganlarini eshitganman» (Sahihi Muslim, 2708).
* Duoning ma’nosi: «Allohning mukammal kalimalari bilan U Zot yaratgan barcha narsalarning sharridan panoh tilayman», deganidir.
Abon ibn Usmon aytadi: «Usmonning shunday deganini eshitganman: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitganman: «Kim uch marta «Bismillaahillazii laa yadurru ma’asmihii shay’un fil-ardi va laa fis-samaai va huvas-samiy’ul ’aliym»* desa, tong otgunicha unga qo‘qqisdan balo kelmaydi. Kim buni tongda aytsa, kechgacha qo‘qqisdan balo kelmaydi». Roviy aytadi: «Abon ibn Usmon falaj bo‘lib qoldi. Undan bu hadisni eshitgan odam unga boshqacharoq qaragan edi (ya’ni, shuni bilar ekansan, oʻzing qanday falaj boʻlgansan, degandek qaragan edi – tarj.), «Nega menga bunday qarayapsan? Allohga qasamki, men Usmondan, Usmon Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan yolg‘on hadis rivoyat qilmaganmiz, lekin menga balo yetgan o‘sha kuni nimadandir jahlim chiqib, buni aytishni unutgan ekanman», dedi» («Abu Dovud», 5088; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Abu Dovud», 5088).
Zero, bu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan sahih holatda rivoyat qilingan va har qanday yomonlikdan salomat qolishning sababidir.
Bu zikrlar va panoh so‘rashlar ularni sodiqlik, iymon, Allohga ishonch, Unga tavakkul qilish hamda bu zikrlar ifodalagan ma’nolarga ochiq qalb bilan doimiy ravishda amal qiluvchilar uchun sehr va boshqa yomonliklardan himoyalanishning eng kuchli vositalaridan hisoblanadi.
Shuningdek, ular sehr-jodu sodir bo‘lganidan so‘ng uni qaytarishning eng kuchli qurollaridan, eng ta’sirchan usullaridan biridir. Bularga qo‘shimcha, Allohga ko‘p yolvorish va zararni ketkazishini va musibatni aritishini so‘rash lozim.
Ushbu duo «Sahihi Buxoriy»da sobit boʻlgan:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam ba’zi ahllariga panoh tilar, o‘ng qo‘llari bilan silab, «Allohumma, Robban-naas! Azhibil-baas, ishfihi va antash-shaafiy, laa shifaa’a illaa shifaauk, shifa’an laa yug‘oodiru saqoma», der edilar» (Sahihi Buxoriy, 5743). Duoning ma’nosi: «Insonlarning Robbi Allohim! Ziyonni ketkaz! Bunga shifo ber, Sening shifoingdan boshqa shifo yo‘q! Dard qoldirmaydigan shifo (bergin!)»
Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Jabroil Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, «Ey Muhammad, bemormisiz?» dedi. U zot: «Ha», dedilar. Shunda u: «Bismillaahi arqiyk, min kulli shay’in yu’ziyk, min sharri kulli nafsin av ’aynin haasid. Allohu yashfiyk. Bismillaahi arqiyk», dedi» (Sahihi Muslim, 2186).
* Duoning ma’nosi: «Senga aziyat bergan barcha narsadan, har bir nafs va hasadgo‘y ko‘zning sharridan Allohning ismi bilan senga ruqya qilaman, Alloh senga shifo bersin. Allohning ismi bilan senga ruqya qilaman».
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?