O'qildi: 54
13.02.2026
/ 25 Shaban 1447
Fatvo mavzusi: Gʻusl
Savol
G‘usl durust bo‘lishi uchun er-xotinlik aloqalaridan keyin sochni yuvish shartmi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Juniblikdan g‘usl qilganda sochni yuvish farzdir. Quyidagi hadis bunga dalil boʻladi:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam junublikdan g‘usl qilsalar, avval ikki qo‘llarini yuvishdan boshlar edilar. Keyin o‘ng qo‘llari bilan chap qo‘llariga suv quyib, farjlarini yuvardilar. Keyin namozga qiladigan tahoratlaridek tahorat qilardilar. Keyin suv olib, barmoqlarini sochlari ostiga kiritardilar. Nihoyat, maromiga yetkazganlariga ishonch hosil qilganlaridan keyin, boshlariga uch hovuch suv quyardilar. Keyin badanlarining qolgan qismiga suv quyar, so‘ngra oyoqlarini yuvar edilar» (Sahihi Muslim, 316).
Shayx Ibn Usaymiyn aytadi: «Bu hadisda junublikdan g‘usl qilganda sochning tagiga suv yetkazish vojibligiga dalil bor, hatto soch qalin bo‘lsa ham. Bu u zotning soch tolalari ostiga barmoqlarini kiritib, soch ildizlarini suv bilan to‘yintirganidan so‘ng uch marta suv quyish amalidan kelib chiqadi» («Bulug‘ul marom sharhi» 399).
Sochlarning ostiga suv yetkazish masalasida erkak va ayolning hukmi bir, faqat ulamolar ayol kishiga nisbatan janobat va hayzdan g‘usl qilganda o‘rilgan sochni yechish borasida mulohaza bildirganlar.
Rojih (quvvatliroq) fikrga ko‘ra, o‘rilgan sochni yoyish vojib emas. Buning dalili quyidagi hadisdir:
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Yo Rasulalloh, men soch o‘rimimni mahkam bog‘lab yuraman. Junublikdan g‘usl qilganimda (boshqa rivoyatda: «hayzdan g‘usl qilganimda) uni yoyishim kerakmi?» dedim. U zot: «Yo‘q, boshingdan uch hovuch suv quyib, keyin ustingdan suv quysang yetadi, pok bo‘lasan», dedilar» (Sahihi Muslim, 330).
Yana boshqa dalillardan biri,
Ubayd ibn Umayrdan rivoyat qilinadi: «Abdulloh ibn Umar ayollarga g‘usl qilganda sochlarini yozishni buyurayotgani Oishaga yetib keldi. Shunda u: «Bu Ibn Umarga hayronsan, ayollarni g‘usl qilganda sochlarini yozishga buyuryapti ekan! Sochlarini qirdirishga ham buyurmabdi-da?! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan bir idishdan g‘usl qilardik, men boshimdan uch marta suv quyishdan boshqa hech narsa qilmas edim», dedi» (Sahihi Muslim, 331).
Shayx Muhammad ibn Solih al-Usaymiyn aytadi: «Bu hadis ayol kishining g‘usl qilishi haqidadir. Ayol kishiga o‘rilgan kokillarni yechib, ostini yuvishi vojibmi yoki yo‘qmi? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunda mashaqqat bo‘lgani uchun yechish vojib emasligini bayon qilganlar, ayniqsa junublikdan keyin g‘usl qilishda.
Bu masalada ixtilof bor. Ba’zi ulamolar ayol kishi hayzdan g‘usl qilganda oʻrilgan sochlarini yoyishi vojib, janobatdan g‘usl qilganda esa vojib emas. Junublikdan g‘usl olish va hayzdan keyingi g‘usl orasidagi farq zohir. Chunki junublikdan g‘usl tez-tez takrorlanadi, shuning uchun ertalab yechib, kechqurun qayta oʻrib olish yoki buning aksini qilish ayolga mashaqqat tug‘diradi. Hayzdan poklangandagi g‘usl esa, ko‘pincha bir oyda bir marta bo‘ladi, shuning uchun sochni yoyish osonroqdir» («Bulug‘ al-marom», 406).
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?