O'qildi: 111
20.01.2026
/ 1 Shaban 1447
Fatvo mavzusi: Gʻayridinlarni Islomga chaqirish » Ikki jins orasidagi munosabatlar
Savol
Men musulmon bo‘lmoqchiman. Biroq avvalgi hayotim borasida xavotirlarim bor. O‘tmishdagi tajribalarim Allohning to‘g‘ri yo‘liga ergashishimga to‘sqinlik qilishidan qo‘rqaman. Ochiqchasiga gapirganim uchun meni ma’zur tutasiz.
Islomda erkak va ayolning nikohsiz munosabatda bo‘lishi halol emas. Shu sababli Islomni qabul qilishdan oldin ichimda kurash avj olayotganini his qilyapman.
Ammo men Islomni qabul qilishdan oldin bu narsalarga boshqacha qarardim. Endi esa o‘tmishimdagi ishlarimni Islom harom qilgani haqida ko‘p o‘qidim.
Savolim, ayollar bilan munosabatda, istaklarim va shariat taqiqlagan narsalar o‘rtasida qanday muvozanat oʻrnatishim mumkin? Qanday yo‘l tutishim kerak-ki, bu istaklar meni yana gunohga boshlamasin va Islomdan uzoqlashtirmasin?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Javobning qisqacha mazmuni
Agar Islomni qabul qilsangiz va dinda sobit tursangiz, shariatga to‘g‘ri amal qilsangiz, Allohning amriga bo‘ysunib, qaytarganlaridan saqlansangiz, inshaalloh, savolingizda zikr qilgan ushbu qiyinchilikki yoʻliqmaysiz va bundan aziyat chekmaysiz. Keyin sizda shariat buyurgan nikoh kabi o‘zingizni haromdan tiyish vositalari bor. Pok yo‘ldan yurgan kishining botqoqlikka botish ehtiyoji bo‘lmaydi.
Batafsil javob:
Aziz savol beruvchi, sizga bo‘lgan xursandligimiz va minnatdorligimizni yashira olmaymiz. Savolingizda haq din – Islomni qabul qilishga moyillik alomatlari ko‘ringanidan chin dildan quvonch his etmoqdamiz. Siz zikr qilgan hayratlanish va ikkilanish tabiiy, chunki inson harom munosabatlar botqog‘iga botganda, keyin esa poklik va iffat diniga o‘tmoqchi bo‘lganda, ular o‘z nafslarining ustun kelishidan va Islom talab qiladigan poklik hamda iffatni saqlay olmasliklaridan qo‘rqadilar. Biroq, sizga shunday bir narsani aytib beramanki, u siz qo‘rqayotgan qiyinchiliklarni yengishingizga yordam beradi va vaziyatga to‘g‘ri nuqtai nazar bilan qarashingizni ta’minlaydi.
Haq dinga e’tiqod qiluvchi inson uchun bu e’tiqod uning xulq-atvori va axloqiga katta ta’sir ko‘rsatishi, shaxsiyatini o‘zgartirishi, uni butunlay qayta tiriltirishi va hayotini johiliyat davridan butunlay boshqa tomonga yo‘naltirishi lozim. Bu tub o‘zgarish va to‘liq farqlanish avval mavjud bo‘lmagan axloq va qadriyatlarni vujudga keltiradi hamda qalbni poklab, nafsda iffat paydo qiladi. Bular yangi musulmonni o‘tmishda qilgan ishlariga jirkanch ko‘z bilan qarashga undaydi. Shuningdek, johiliyat ahlining fahsh ishlari, xiyonatlari, buzuqlik, hayosizlik va boshqa nopokliklar bilan ajralib turadigan johiliyat ahlining holatiga nisbatan nafrat hissini uyg‘otadi. U kufr va fujur davrida shayton undan tortib olgan fitrat salomatligini va qalb pokligini qayta tiklaydi. Bu yo‘l ushbu shariatni joriy qilgan va ushbu dinni – Islomni nozil qilgan Parvardigorning buyruq va taqiqlariga to‘liq bo‘ysunishga asoslangan ixtiyoriy, rozilik bilan qilingan tanlovdan kelib chiqadi. Bu gapga ikkita isbotimiz bor: shar’iy va tarixiy.
Shar’iy dalilga kelsak, u Allohning Kitobining bir qancha oyatlarida zikr qilingan, masalan, Alloh taoloning ushbu so‘zlari:
«Avval o‘lik (kofir) bo‘lgan, so‘ngra biz uni (dinga hidoyat qilish bilan) tiriltirib, unga odamlar orasida o‘zi bilan birga olib yuradigan nurni (iymonni) berib qo‘yganimiz bir kishi zulmatlarda qolib ketgan va undan hech chiquvchi bo‘lmagan kimsaga o‘xshaydimi?!» (An’om: 122).
Yana Alloh taoloning ushbu oyati:
«Ular Alloh bilan birga boshqa biron ilohga iltijo qilmaslar va Alloh (o‘ldirishni harom qilgan) biron jonni nohaq o‘ldirmaslar hamda zino qilmaslar. Kim mana shu (gunohlardan birontasini) qilsa uqubatga duchor bo‘lur. Qiyomat Kunida uning uchun azob bir necha barobar qilinur va u joyda xorlangan holida mangu qolur. Magar kim tavba qilsa va iymon keltirib yaxshi amallar qilsa, bas, Alloh ana o‘shalarning yomonlik-gunohlarini yaxshilik-savoblarga aylantirib qo‘yur. Alloh mag‘firatli, mehribon bo‘lgan Zotdir» (Furqon: 68-70).
Mufassirlar Alloh taoloning «Alloh ana o‘shalarning yomonlik-gunohlarini yaxshilik-savoblarga aylantirib qo‘yur» degan oyatini sharhlab: «Ular yomon amallarni yaxshi amallar bilan almashtirdilar», deganlar. Ali ibn Abu Talha Ibn Abbosdan rivoyat qilgan tafsirda: «Ular mo‘minlardir. Ular iymon keltirishlaridan oldin yomonlikda edilar. Alloh ularni yomonliklardan yuz o‘girtirib, yaxshilik tarafga burdi. Shunday qilib, ularning yomonliklarini yaxshiliklar bilan almashtirdi», deyilgan.
Ato ibn Abu Raboh aytadi: «Bu dunyoda kishi xunuk sifatlarda bo‘ladi, keyin Alloh buni yaxshilik bilan almashtiradi». Said ibn Jubayr aytadi: «Alloh ularning butlarga ibodatini Rahmonga ibodat bilan, musulmonlarga qarshi jang qilishni mushriklarga qarshi jang qilish bilan, mushrik ayollarga uylanishni mo‘mina ayollarga uylanish bilan almashtirdi». Hasan Basriy aytadi: «Alloh ularning yomon amallarini solih amallaga, shirklarini ixlosga, buzuqliklarini poklikka, kufrlarini Islomga almashtirdi». Bu Abul Oliya, Qatoda va boshqa jamoa olimlarning fikridir» (Ibn Kasir tafsiri).
Tarixiy dalilga kelsak, kufrda bo‘lib, keyin Islomga kirgan musulmonlarning qanday o‘zgarganlari va ishlari to‘g‘rilangani haqida ko‘plab qissalar bor. Quyidagi qissa shulardan biridir:
Amr ibn Shuayb otasidan, u esa bobosidan rivoyat qiladi: U aytdi: « Makkadan asirlarni olib, Madinaga olib keladigan kishi edi. Makkada Anoq ismli fohisha ayol bo‘lib, u Marsadning sevgilisi edi. U Makka asirlaridan birini olib ketishga va’da bergan edi. U aytadi: «Oydin kechada Makkadagi bir devor soyasiga yetib keldim. Anoq kelib, devor yonidagi soyamni ko‘rdi. U mening oldimga kelganda, meni tanib: «Marsad?» dedi. Men: «Ha, Marsad», dedim. U: «Xush kelibsiz! Bu kecha biznikida qoling», dedi. Men: «Ey Anoq, Alloh zinoni harom qilgan…» dedim U: «Ey chodir ahli, mana bu kishi asirlaringizni ko‘tarib qochmoqda», dedi (ya’ni, zinodan bosh tortgani uchun undan o‘ch olib, kofirlarni chaqirdi). Shunda sakkiz kishi meni ta’qib qildi va men Xandama yo‘li bilan ketdim. Bir kavak yoki g‘or oldiga yetib kelib, unga kirib oldim. Ular kelib, tepamda turishdi va peshob qilishdi. Garchi ularning peshobi boshimga tushsa-da, ammo Alloh meni ulardan toʻsib, ko‘zlarini koʻr qilib qo‘ydi». U soʻzida davom etib: «So‘ng ular qaytib ketishdi, men esa sherigimning oldiga qaytdim va uni toki Izxirga yetib kelguncha ko‘tarib oldim. U og‘ir kishi edi. Izxirga yetgach, uning kishanlarini yechdim. Men uni ko‘tarib borardim, u esa menga yordam berardi, nihoyat Madinaga yetib keldim. So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga kelib: «Yo Rasulalloh, Anoqqa uylansam bo‘ladimi?» deb so‘radim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sukut saqladilar va menga hech qanday javob bermadilar, soʻng quyidagi oyat nozil bo‘ldi.
«Zinokor erkak faqat zinokor ayolga yoki mushrikaga uylanur. Zinokor ayolga faqat zinokor erkak yoki mushrik uylanur. Va bu (ya’ni, zinokor ayollarga uylanish) mo‘minlarga harom qilingandir» (Nur: 3). Bu qissa Alloh taoloning ushbu oyatining sababi nuzulidir. (Termiziy, 3177; Hadis hukmi: «hasan». Manba: «Sahihi Termiziy», 3177).
Qissadan hissa shuki, bu kishining holati Islomdan keyin qanchalik o‘zgargani va unga taklif etilgan harom ishga qoʻl urishdan tiyilganidir. Shuningdek, ayol kishi ham agar Islomni qabul qilsa va Islomga to‘g‘ri amal qilsa, uning holati shunday oʻzgaradi. Huddi quyidagi qissada kelgani kabi:
Abdulloh ibn Mug‘affaldan rivoyat qilinadi: johiliyat paytida bir fohisha ayol bor edi. Bir kishi uning yonidan o‘tayotganda yoki u o‘sha kishining yonidan o‘tayotganda, u kishi ayolga qo‘lini uzatdi. Ayol uni bu ishdan tiyish va inkor qilish uchun: «To‘xta! Alloh shirkni ketkazib, Islomni keltirdi», dedi. Shunda u kishi uni tashlab, ortiga qarab ketdi». («Mustadrak ala sahihayn», 1309; Imom Muslimning shartiga ko‘ra sahih).
Agar siz Islomni qabul qilsangiz va uni go‘zal tarzda amalda qo‘llasangiz, ushbu muborak shariatga to‘g‘ri rioya qilsangiz, Alloh subhanahu va taologa U zot sevgandek ibodat qilsangiz, Uning amrlariga bo‘ysunib, qaytarganlaridan tiyilsangiz, inshaalloh, savolingizda tilga olingan qiyinchiliklarga duch kelmaysiz va ulardan aziyat chekmaysiz. Keyin sizda shariat buyurgan nikoh kabi o‘zingizni haromdan tiyish vositalari bor. Kim pok yo‘ldan yursa, unga botqoqlikka botish ehtiyoji bo‘lmaydi. Allohdan sizni tez fursatda hidoyat qilishini va ishlaringizni oson aylab, yomonliklardan uzoqlashtirishini so‘raymiz. Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga Allohning saloti va salomi bo‘lsin.
Foydali ma’lumotlar uchun quyidagi javoblarga murojaat qiling: 9465, 113996, 10680, 344118, 199119.
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?