Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Bosh sahifa » Odob-axloq va maʼnaviyat » Odob » Qurʼon tilovati odoblari » Hayz paytida Qur’on o‘qish
Fatvo: 2564

O'qildi: 483

19.01.2026

/ 30 Rajab 1447

Fatvo mavzusi:

Hayz paytida Qur’on o‘qish

Savol

Ayol hayz paytida Qur’on o‘qishi joizmi?

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Javobning qisqacha mazmuni:

Faqihlarning jumhuri hayzli ayolning to poklangunicha yoddan Qur’on o‘qishi harom ekanini aytishgan, ammo ba’zi oyatlarni faqat zikr va duo sifatida, tilovat maqsad qilinmagan holda oʻqish bundan mustasno. Ayrim ulamolar hayzli ayol Mus’hafni ushlamasdan, yoddan Qur’on o‘qishi joiz degan fikrni aytishgan. Bu Imom Molikning mazhabi va Imom Ahmaddan kelgan rivoyatlarning biri bo‘lib, buni Shayxulislom ixtiyor qilgan va Shavkoniy ham quvvatlagan. Hayzli ayolning Mus’hafni ushlab Qur’on o‘qishiga kelsak, ulamolarning ikki fikridan ustun bo‘lgani tahoratsiz kishining Mus’hafni ushlashi harom ekanidir. Alloh taoloning quyidagi oyatining umumiyligi bunga dalil boʻladi:

Javob:

﴿لَا يَمَسُّهُ إِلَّا الْمُطَهَّرُونَ۝٧٩﴾

«Uni faqat tahoratli — pok kishilargina ushlarlar» (Voqea: 79).
Shuningdek, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam Yaman ahliga yozgan Amr ibn Hazm maktubida: «Qur’onni faqat pok kishi ushlasin», deganliklari ham bu fikrni quvvatlaydi.

Bu masalada ulamolar ixtilof qilishgan. Aksariyat fuqaholar hayzli ayolning hayz paytida toki poklangunicha Qur’on o‘qishi harom, degan fikrda. Bundan faqat zikr va duo sifatida, tilovat maqsad qilinmagan holatlar mustasno. Masalan, «Bismillahir rohmanir rohiym», «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un», «Robbana atina fid-dunyo hasana…» kabi Qur’onda kelgan va umumiy zikrga kiradigan jumlalarni aytish.

Ular hayzli ayolning Qur’on o‘qishini man qilish uchun quyidagi dalillarni keltirishgan:

  • Hayzli ayol g‘usl qilishi lozim bo‘lgani jihatidan junub kishiga o‘xshashdir. Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda, Allohning Rasuli sollallohu alayhi va sallam ularga Qur’on o‘rgatar edilar va u zotni Qur’ondan faqat junublik to‘sar edi. Bu hadisni Abu Dovud (1/281), Termiziy (146), Nasoiy (1/144), Ibn Moja (1/207), Ahmad (1/84), Ibn Xuzayma (1/104) rivoyat qilgan. Termiziy: «bu hadis hasan sahih» degan. Hofiz Ibn Hajar: «Sahihroq qavl shuki, bu hadis hasan bo‘lib, hujjatga yaroqlidir», deganlar.
عَنِابْنِ عُمَرَ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، قَالَ: «لَا تَقْرَأِ الْحَائِضُ وَلَا الْجُنُبُ شَيْئًا مِنَ الْقُرْآنِ».

Ibn Umardan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Hayz ko‘rgan ayol ham, junub ham Qur’ondan biror narsa o‘qimasin», dedilar». Bu hadisni Termiziy (131), Ibn Moja (595), Doraqutniy (1/117) va Bayhaqiy (1/89) rivoyat qilgan. Bu hadis zaif, chunki u Ismoil ibn Ayyoshning hijozliklardan qilgan rivoyati bo‘lib, uning Hijoz ahlidan rivoyatlari zaif sanaladi. Shayxulislom aytadi: «Bu hadis hadis ilmini biluvchilarning ittifoqi bilan zaifdir».

Ayrim ulamolar hayzli ayolning Qur’on o‘qishi joiz, degan fikrni bildirishgan. Bu Imom Molikning mazhabi va Imom Ahmaddan kelgan rivoyatlarning biri bo‘lib, buni Shayxulislom ixtiyor qilgan va Shavkoniy ham ushbu fikrni quvvatlagan. Ular quyidagi dalillarni keltirishgan:

  • Qur’on o‘qishda asl hukm bu amalning joizligi va halol ekani bo‘lib, buni man qiluvchi dalil bo‘lmaguncha hukm oʻz kuchida qoladi. Hayzli ayolning Qur’on o‘qishini man qiluvchi dalil yo‘q. Shayxulislom Ibn Taymiya aytadi: «Hayzli ayolni Qur’on o‘qishdan man qilish haqida sahih va ochiq dalillar yo‘q». Yana aytadi: «Ma’lumki, Allohning Rasuli sollallohu alayhi va sallam davrlarida ayollar hayz ko‘rishar, ammo u zot ayollarni Qur’on o‘qishdan qaytarmas edilar, xuddi zikr va duodan qaytarmaganlaridek».
  • Alloh taolo Qur’on tilovat qilishga buyurgan, uni o‘quvchini maqtagan va unga ulkan savob va buyuk mukofot va’da qilgan. Shunday ekan, faqat dalili bor kishigina Qur’onni tilovat qilishdan man qilinadi, ammo yuqorida aytganimizdek, hayzli ayolning Qur’on o‘qishini man qiluvchi dalil yo‘q.
  • Qur’on o‘qishdan man qilinishda hayzli ayolni junub kishiga qiyoslash oʻxshamagan qiyoslashdir. Chunki junub kishi bu to‘siqni g‘usl qilish bilan o‘z ixtiyori bilan bartaraf etishi mumkin, ammo hayzli ayol bunday qila olmaydi. Shuningdek, hayz odatda uzoq davom etadi, junub kishi esa namoz vaqti kelganda g‘usl qilishga buyurilgan.
  • Hayzli ayolni Qur’on o‘qishdan man qilish unda ajrning yo‘qolishiga sabab bo‘ladi, balki Qur’onning bir qismini unutish xavfi tug‘iladi yoki o‘qitish yoki o‘rganish holatida o‘qishga ehtiyoj tug‘ilishi mumkin.

Yuqoridagilardan hayzli ayolning Qur’on o‘qishi joiz degan fikrning dalillari kuchli ekanligi ma’lum bo‘ladi. Agar ayol ehtiyot bo‘lib, faqat yodlagan suralarini unutish xavfi bo‘lgandagina o‘qish bilan cheklansa, ehtiyotliroq yo‘lni tutgan bo‘ladi.

E’tibor berish kerak bo‘lgan narsa shuki, yuqorida keltirilgan fikrlar hayzli ayolning Qur’onni yoddan o‘qishiga tegishli.

Mus’hafdan o‘qishga kelsak, buning boshqa hukmi bor. Ulamolarning ikki fikridan quvvatliroq bo‘lgani tahoratsiz kishining Mus’hafni ushlashi harom ekanidir. Alloh taoloning quyidagi oyatining umumiyligi bunga dalil boʻladi:

﴿لَا يَمَسُّهُ إِلَّا الْمُطَهَّرُونَ۝٧٩﴾

«Uni faqat tahoratli — pok kishilargina ushlarlar» (Voqea: 79).
Shuningdek, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam Yaman ahliga yozgan Amr ibn Hazm maktubida: «Qur’onni faqat pok kishi ushlasin», deganliklari ham bu fikrni quvvatlaydi. Bu hadisni Molik (1/199), Nasoiy (8/57), Ibn Hibbon (793) va Bayhaqiy (1/87) rivoyat qilgan. Hofiz Ibn Hajar aytadi: «Bir qancha imomlar bu hadisni mashhurligi jihatidan sahih deganlar». Shofe’iy aytadi: «Ularning oldida bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning maktubi ekanligi sobit bo‘lgan». Ibn Abdulbarr aytadi: «Bu maktub siyrat ahli nazdida mashhur, ilm ahli nazdida ma’lum bo‘lib, mashhurligi uni isnoddan behojat qiladi. Chunki odamlar uni qabul va ma’rifat bilan qarshi olganlari sababli u mutavotirga o‘xshaydi». Shayx Alboniy ham bu hadisni: «sahih», degan. (Manbalar: «Talxisul Habir», 4/17; «Nasbur Roya», 1/196, «Irvoul g‘alil», 1/158, «Hoshiyatu Ibn Obidin», 1/159, «Majmu’», 1/356, «Kashshoful Qino’», 1/147, «Mug‘niy», 3/461, «Naylul Avtor», 1/226, «Majmu’ul Fatovo», 21/460, Shayx Ibn Usaymin: «Sharhul Mumti’», 1/291).

Shuning uchun agar hayzli ayol Mus’hafdan o‘qimoqchi bo‘lsa, u Mus’hafni undan ajralgan narsa, masalan, pok latta bilan ushlaydi yoki qo‘lqop kiyadi, yoki Mus’haf varaqlarini tayoqcha yoki qalam kabi narsa bilan varaqlaydi. Mushafning unga tikilgan yoki yopishtirilgan muqovasi ham ushlashda Mushaf hukmidadir.

Alloh bilguvchiroqdir.

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

10

O’xshash fatvolar

  • Qur’oni Karim tarjimasini o‘qishning savobi

    2237-raqamli «Juma kechasi jamoatda Yosin surasini o‘qish» savoliga ishora qilib, siz keltirgan Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning: «Kim Allohning Kitobidan bir harf o‘qisa, unga bir hasana (savob) beriladi va har bir hasana o‘n barobar ko‘paytiriladi. Men «Alif, lom, mim» bir harf demayman, balki «Alif» alohida harf, «Lom» alohida harf va «Mim» alohida harfdir», degan hadisi shariflari haqida so‘ramoqchiman. Ushbu hadis Qur’onni boshqa tillarda (masalan, inglizcha yoki oʻzbekcha tarjimasida) o‘qiydigan va shu orqali o‘qiyotganini tushunishga harakat qiladigan kishilarga ham taalluqlimi?
  • Tumor bilan hojatxonaga kirish

    Xotinimda Qur’on oyatlari yozilgan tumor bor. U buni taqib hojatxonaga kirishi joizmi?
  • Qur’onni bo‘lishib c to‘liq savobga erishadimi?

    Qur’onni ovoz chiqarmasdan o‘qish uchun birgalikda yig‘iladigan odamlar bor. Har bir kishi Qur’onning bir juzini o‘qiydi va shu yig‘ilishda butun Qur’on o‘qib bo‘linganini da’vo qiladi. Bu amal joizmi yoki bid’at hisoblanadimi?
  • Qur’onni tag’anniy qilish nima degani?

    Qur’onni tag’anniy qilishning mashru’ ekanini ko‘rsatuvchi hadislar borligini eshitdim. Bu hadislarni qanday tushunishimiz kerak?
  • Bir bemor ustida bir nechta kishi Ruqiya qilishi

    Bir bemorning ustida bir vaqtning o‘zida bir nechta qori qiroat qilishi joizmi?