O'qildi: 85
16.01.2026
/ 27 Rajab 1447
Fatvo mavzusi: Nikoh ahkomlari
Savol
Men Kanadada tug‘ilganman va Islom haqida ko‘proq bilishga intilayotgan sanoqli qizlardan biriman. Afsuski, har kuni uni o‘rganishga urinsam-da, dinimiz haqida hali ko‘p narsani bilmayman. Men 19 yoshdaman va bir livanlik musulmon yigit menga sovchi qo‘ydi. Unashtirilgandan keyin uning o‘tmishda boshqa qizlar bilan munosabatlari bo‘lganini va benikoh jinsiy aloqalari bo‘lganini aniqladim. Men, albatta, bu ishning dinimizda katta gunoh ekanligini tushunaman va endi bu odamga turmushga chiqish yoki chiqmaslik haqida qaror qabul qilishim kerak. Men shaxsan bunday ishlarni qilgan odamga turmushga chiqmasligim kerak deb o‘ylayman, oilam esa «kechir va o‘tkazib yubor» deyishmoqda. Bu haqda sizning fikringiz qanday? Menday qiz uchun, bunday odamga turmushga chiqish to‘g‘rimi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Birinchidan, Allohdan iltijo qilamizki, sizni yaxshilik bilan mukofotlasin va butun savolga javob bermaganimiz uchun uzr so‘raymiz. Sizga tegishli savol masalasiga kelsak, sovchi qo‘ygan erkak masalasida e’tibor qaratish kerak bo‘lgan narsa uning hozirgi holidir. U besh vaqt namoz kabi majburiyatlarni bajaradimi va harom qilingan narsalardan tiyilib, qilgan gunohlaridan tavba qilganmi yoki yo‘qmi? Agar u Allohning haqqini ado etayotgan bo‘lsa, u diniga rozi bo‘linadigan talab qilingan inson bo‘lib, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam nikohlash haqida buyurgan kishidir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar sizlarga dini va xulqidan rozi bo‘ladigan kishingiz sovchilik qilsa, unga (qizingizni) turmushga bering. Agar shunday qilmasangiz, yer yuzida fitna va katta fasod bo‘ladi», dedilar (Termiziy, 1084; Hadis hukmi: «hasan sahih». Manba: «Sahihi Termiziy», 1084).
Tavba qilgan, qilgan ishidan pushaymon bo‘lgan, gunohini tashlab qo‘ygan kishining o‘tmishini kavlashtirish joiz emas, balki uni yashirish vojibdir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim bu dunyoda musulmon birodarining (aybini) yashirsa, Alloh dunyo-yu oxiratda uning aybini yashiradi», dedilar (Ahmad, 7942; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihul Jome’», 6287).
Ammo agar bu kishi fosiq, osiy bo‘lib, hali ham avvalgi aloqalarini davom ettirayotgan va ulardan tavba qilmagan bo‘lsa, u bilan nikohga rozi bo‘lmang. Alloh taolo aytdi:
«Zinokor erkak faqat zinokor ayolga yoki mushrikaga uylanur. Zinokor ayolga faqat zinokor erkak yoki mushrik uylanur. Va bu mo‘minlarga harom qilingandir» (Nur: 3).
Ibn Kasir «va hurrima zalika alal mu’minin» (Va bu mo‘minlarga harom qilingandir) oyatining tafsirida aytadi: «Ya’ni… fohishalarga uylanish yoki iffatli ayollarni fojir erkaklarga turmushga berish… Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh ushbu oyatga asoslanib, iffatli erkakning fohisha ayol bilan nikohi, toki u shunday holatda ekan, tavba qilishga chaqirilmaguncha, nikohi sahih boʻlmaydi, deganlar. Agar tavba qilsa, unga nikohlanish sahih boʻladi, aks holda yoʻq. Shuningdek, hur, iffatli ayolning fojir, zinokor erkakka, u chinakam tavba qilmaguncha, turmushga chiqishi durust boʻlmaydi. Chunki Alloh taolo «va hurrima zalika alal mu’minin» (va bu mo‘minlarga harom qilingandir) dedi… Ammo agar tavba hosil boʻlsa, uylanish halol boʻladi» (iqtibos tugad).
Fojir kishi bilan turmush qurish ortidan kelib chiqadigan fasod, baxtsizlik va qayg‘u hech kimga sir emas. Ko‘pincha shaxslarning haqiqiy ahvolini bilish hamda ularning iffat va fojirlik nuqtai nazaridan holatlarini aniqlash qiyin va mushkul ish, lekin izlanish, so‘rash, tekshirish, maslahatlashish, nasihat olish, shoshilmaslik va Allohdan muvaffaqiyat so‘rash orqali bu masalada natijaga erishish mumkin. Allohdan sizga yaxshilikni tanlashini va ishingizda to‘g‘ri yo‘lga muvaffaq qilishini so‘raymiz. Payg‘ambarimiz Muhammadga Allohning saloti va salomi bo‘lsin.
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?