O'qildi: 51
30.12.2025
/ 10 Rajab 1447
Fatvo mavzusi: Tibbiyot va davolanish
Savol
Agar bemor kasallikning so‘nggi bosqichida bo‘lsa va davolash samarasiz bo‘lganda (oz umid bilan), bemor davolanishni tark qilsa boʻladimi? Chunki davolashning nojo‘ya ta’sirlari boʻlib, bemor azoblanishni xohlamaydi. Umuman olganda, musulmon kishi davolanishi shartmi yoki bu ixtiyoriy ishmi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Davolanish umuman olganda shariatda joriy qilingan ishdir.
Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Alloh azza va jalla dardni ham, davoni ham yaratgan, har bir dardning davosini yaratgan. Shunday ekan, davolaninglar, lekin harom bilan davolanmanglar» (Abu Dovud, 3874; Hadis hukmi: «sahih ligʻoyrihi». Manba: «Shuayb Arnaut taxriji», 3874).
Usoma ibn Sharik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u aytdi: A’robiylar: «Ey Allohning Rasuli, biz davolanaylikmi?», deb so‘radilar. U zot aytdilar: «Ha, ey Allohning bandalari, davolaninglar, zero, Alloh biror dardni tushirmadiki, albatta unga shifosini ham [yoki davosini ham] tushirdi, faqat birgina darddan tashqari», – dedilar. Ular: «Ey Allohning Rasuli, u nima?», deyishdi. U zot: «Qarilik», deb javob berdilar» (Termiziy, 2038; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Termiziy», 2038).
Olimlarning jumhuri (hanafiy mazhabi ulamolari va molikiylar) davolanish muboh deb aytganlar. Shofi’iylar, shuningdek hanbaliylardan Qoziy, Ibn Aqil va Ibn al-Javziy esa mustahab deb aytganlar, chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: «Alloh azza va jalla dardni ham, davoni ham yaratgan, har bir dardning davosini yaratgan. Shunday ekan, davolaninglar, lekin harom bilan davolanmanglar», deganlar. Shuningdek, davolanish haqida buyruq bo‘lgan boshqa hadislar ham bor. Ular aytadilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning hijoma qilishi va davolanishi davolanish shar’iy ekaniga dalildir.
Shofi’iylar nazdida mustahab hukmi davolashning foydasi qat’iy bo‘lmagan holatga tegishlidir. Agar davolashning foydasi qat’iy (jarohatni bog‘lash kabi) bo‘lsa, u vojibdir (bunga zamonamizdagi misol: ayrim holatlarda qon quyish).
Qarang: Hoshiyatul Ibn Obidin 5/215, 249; al-Hidoya, takmilatul Fathil Qodir 8/134; al-Favokih ad-Davoniy 2/440; Ravzatut-Tolibin 2/96; Kashshoful Qino’ 2/76; al-Insof 2/463; al-Odob ash-Shar’iya 2/359 va keyingi betlar; Hoshiyatul Jumal 2/134.
Ibn al-Qayyim aytadi: «Sahih hadislarda davolanish buyurilgan. Bu tavakkulga zid emas, ochlik, chanqoqlik, issiqlik va sovuqlikni ularning ziddi bilan daf qilish tavakkulga zid bo‘lmaganidek. Aksincha, tavhidning haqiqati – Alloh taqdir va shariat bo‘yicha sabablarni bajarish bilan to‘liq bo‘ladi. Sabablarni tark etish tavakkulga zid keladi, xuddi chunki bu amr va hikmatga zid kelganidek. Ularni tark qiluvchi tavakkulda kuchliroq deb o‘ylaydi. Aslida esa ularni tark qilish tavakkulga zid keladigan ojizlikdir. Tavakkulning mohiyati – bandaga dini va dunyosida foyda beradigan va zarar yetkazadigan narsalarni olish va daf qilishda qalbning Allohga tayanishi. Bu tayanish bilan birga sabablarni bajarish zarur, aks holda hikmat va shariatni bekor qilgan bo‘ladi. Shuning uchun banda o‘z ojizligini tavakkul ham, tavakkulini ojizlik ham qilmasin». Zod al-Ma’od 4/15. Qarang: al-Mavsu’a al-Fiqhiyya 11/116.
Xulosa shuki, davolanish olimlar nazdida vojib emas, faqat uning foydasi qat’iy bo‘lganda – ularning ba’zilari nazdida – vojibdir. Savolda aytilgan holatda davolashdan foyda qat’iy emas va bemor undan ruhiy aziyat chekmoqda, shuning uchun uni tark qilishda mutlaqo zarar yo‘q. Bemor Allohga tavakkul qilishni va Unga murojaat qilishni unutmasligi lozim, chunki osmon eshiklari duo uchun ochiqdir. U o‘zini Qur’oni Karim bilan davolashi kerak, masalan, o‘ziga Fotiha surasini, Falaq surasini va Nos surasini o‘qishi kerak. Bular ruhiy va jismoniy foyda beradi, qiroat qilishda ajr borligini ham unutmaslik kerak. Alloh shifo beruvchidir, Undan boshqa shifo beruvchi yo‘qdir.
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?