O'qildi: 8
18.12.2025
/ 27 Jumadal-oxira 1447
Fatvo mavzusi: Tibbiyot va davolanish
Javob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Bu savolga Shayx alloma Muhammad ibn Ibrohim Oli Shayx rahimahulloh shunday javob berganlar. «Bu savolning javobi uchta masalani muhokama qilishni taqozo etadi:
Birinchi: qon topshirilayotgan shaxs kim? Ikkinchi: qon olinayotgan shaxs kim? Uchinchi: qon topshirish zarurligini aytgan shaxs kim?
Birinchi masalaga kelsak: qon topshirilayotgan shaxs – bu kasalligi yoki yaralangani sababli, uning hayoti qon quyish orqali saqlab qolinadigan kishidir.
Buning asl hukmi Alloh taoloning quyidagi kalomidan olinadi:
«U sizlarga faqatgina o‘laksa, qonni, to‘ng‘iz go‘shtini va Allohdan o‘zgaga atalib so‘yilgan narsalarnigina harom qildi. Endi kimki zolim bo‘lmagan va haddan oshmagan holida nochor vaziyatda qolsa, gunohkor bo‘lmaydi» (Baqara: 173).
Alloh subhanahu va taolo boshqa oyatda:
«Bas, kimki ocharchilikda, gunoh tomonga og‘magan holida (mazkur harom qilingan narsalarni yeyishga) majbur bo‘lsa (Alloh kechirar). Zero, Alloh mag‘firatli, mehribondir» (Moyida: 3).
Alloh taolo yana aytadi:
«Axir U sizlarga harom qilingan narsalarni mufassal bayon qilgan-ku. Magar muztar bo‘lib qolgan holingizdagina (u narsalardan yeyishingiz mumkin)» (An’om: 119).
Ushbu oyatlardan kelib chiqadiki, agar bemor yoki jarohatlanganlarning shifo topishi va hayotini saqlab qolishi boshqa kishining qonini quyish orqali amalga oshsa, ya’ni halol taomlar va dori-darmonlar orasida shifo topish va hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmasa, ularga qon quyish joizdir. Bu aslida davolanish emas, balki ovqatlanish toifasiga kiradi (zarurat tug‘ilganda harom taom iste’mol qilish joiz, xuddi chorasiz qolgan odam o‘limtik yeyishi mumkin bo‘lganidek).
Ikkinchi masalaga kelsak: qon topshirayotgan shaxs – bu qon berish natijasida sezilarli zarar ko‘rmaydigan kishidir. Bunga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislarining umumiy ma’nosi asos bo‘ladi:
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Zarar berish ham, zarar ko‘rish ham yo‘q», dedilar» (Ibn Moja, 2341; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Ibn Moja», 1910).
Uchinchi masalaga kelsak: qon quyish zarurligini aniqlagan kishi musulmon tabibdir. Agar musulmon shifokor topilmasa, g‘ayridin – u yahudiy, nasroniy yoki boshqa din vakili bo‘lishidan qat’i nazar, agar u tibbiyotda tajribali va ishonchli deb hisoblansa, uning so‘zlariga tayanishda hech qanday to‘siq ko‘rmaymiz. Bu sahih hadisda tasdiqlangan:
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zavjalari Oisha roziyallohu anho aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va Abu Bakr Banu Dillik bir xirritni – yo‘l boshlovchini yolladilar. U Quraysh kofirlarining dinida edi. Ikkovlari unga ulovlarini berishdi va uch kechadan keyin, uchinchi kecha tongida Savr g‘origa ulovlari bilan (kelishga) va’dalashishdi» (Sahihi Buxoriy, 2264).
Ma’lumot uchun: Hadisda kelgan «Xirrit» kalimasi – yo‘l ko‘rsatishda va yo‘llarni bilishda mohir kishiga ishlatiladi – tarjimon. Shayx Muhammad ibn Ibrohimning fatvolaridan.
Bu mavzuda Kibor Ulamolar Kengashining fatvosi mavjud bo‘lib, uning matni quyidagichadir:
Birinchi: inson o‘ziga zarar yetkazmaydigan miqdorda muhtoj musulmonlarga yordam berish uchun qon topshirishi joiz.
Ikkinchi: muhtoj musulmonlarga yordam berish maqsadida odamlar tomonidan ehson qilingan qonni qabul qilish va saqlash uchun musulmonlarning qon saqlash markazlari tashkil etish joiz. Bunda qon saqlash markazi bemorlar va ularning vasiylaridan qon uchun haq olmasligi, undan moddiy manfaat ko‘rish vositasi sifatida foydalanmasligi lozim, chunki bu musulmonlar uchun umumiy manfaatga xizmat qiladi».
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?