Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Bosh sahifa » Fiqh asoslari » Fiqh » Urf-odatlar » Kiyim-kechak, taqinchoqlar va rasmlar » Ayollar kiyimi » Ayollar yuzini ochishi joiz bo‘lgan holatlar
Fatvo: 2192

O'qildi: 21

11.12.2025

/ 20 Jumadal-oxira 1447

Fatvo mavzusi:

Ayollar yuzini ochishi joiz bo‘lgan holatlar

Savol

Ma’lumki, ulamolar orasida ayol kishining yuzini yopishi farz ekanligi haqidagi qarash quvvatliroq sanaladi. Biroq, shunday vaziyatlar ham bo‘ladiki, ayol kishi yuzini yopa olmaydi. Ushbu masalaga oydinlik kiritib bersangiz.

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Dalillarga muvofiq eng to‘g‘ri fikr shuki: «Yuzni yopish farzdir». Shunga ko‘ra, yosh ayollar begona erkaklar oldida yuzlarini ochib yurishdan qaytarilgan. Chunki bu fasodga, buzg‘unchilikka yo‘l ochishi mumkin. Bu qaytariq, ayniqsa, fitnaga tushish xavfi bo‘lganda yanada qat’iyroq bo‘ladi.

Ulamolar buzg‘unchilikning oldini olish uchun harom qilingan ishlar kattaroq manfaat uchun mubohga aylanishini aytganlar.

Shunga asoslanib, fuqaholar ayol kishi ehtiyoj bo‘lganda begona erkaklar oldida yuzini ochishi joiz bo‘lgan ma’lum vaziyatlarni belgilab berganlar. Bunday hollarda, erkaklar ham ularga qarashi joiz, faqat ehtiyoj darajasida, chunki zarurat yoki ehtiyoj tufayli ruxsat etilgan narsa o‘sha ehtiyojning darajasi bilan chegaralanadi.

Quyida bu holatlarni o‘rganib chiqamiz:

Birinchisi Sovchilik: Ayol sovchi qo‘ygan kishiga yuzini va kaftlarini ko‘rsatishi joiz. Bu faqat ular yolg‘iz qolmasligi va bir-biriga tegmasligi sharti bilan ruxsat etiladi. Yuz qizning chiroyli yoki xunukligini, kaftlar esa tanasining ozg‘in yoki to‘laligini ko‘rsatib beradi.

Abul Faraj al-Maqdisiy aytadi: «Olimlar orasida ayol kishining yuziga qarash mubohligida ixtilof yo‘q… U go‘zallik jamlangan va nazar solish o‘rnidir…»

Nomzod bo‘lgan kishi sovchi qo‘ygan ayolga qarashi joizligiga ko‘plab hadislar misol bo‘ladi, shulardan:

عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ : «أَنَّ امْرَأَةً جَاءَتْ رَسُولَ اللهِ ﷺ فَقَالَتْ: يَا رَسُولَ اللهِ، جِئْتُ لِأَهَبَ لَكَ نَفْسِي، فَنَظَرَ إِلَيْهَا رَسُولُ اللهِ ﷺ، فَصَعَّدَ النَّظَرَ إِلَيْهَا وَصَوَّبَهُ، ثُمَّ طَأْطَأَ رَأْسَهُ، فَلَمَّا رَأَتِ الْمَرْأَةُ أَنَّهُ لَمْ يَقْضِ فِيهَا شَيْئًا جَلَسَتْ، فَقَامَ رَجُلٌ مِنْ أَصْحَابِهِ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنْ لَمْ يَكُنْ لَكَ بِهَا حَاجَةٌ فَزَوِّجْنِيهَا…»

Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga kelib, «Ey Allohning Rasuli, men o‘zimni sizga hiba qilgani (bag‘ishlagani) keldim», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga nazar tashlab, unga boshdan-oyoq razm soldilar. Keyin boshlarini quyi solib oldilar. Ayol o‘zi haqida u zotning hech qanday qaror qilmaganlarini ko‘rgach, o‘tirdi. Shu payt u zotning as’hoblaridan bir kishi o‘rnidan turib, «Ey Allohning Rasuli, agar sizning ehtiyojingiz bo‘lmasa, unga meni uylantirib qo‘ying», dedi...» (Sahihi Buxoriy, 5030).

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: «كُنْتُ عِنْدَ النَّبِيِّ ﷺ، فَأَتَاهُ رَجُلٌ، فَأَخْبَرَهُ أَنَّهُ تَزَوَّجَ امْرَأَةً مِنَ الْأَنْصَارِ، فَقَالَ لَهُ رَسُولُ اللهِ ﷺ: أَنَظَرْتَ إِلَيْهَا؟ قَالَ: لَا، قَالَ: فَاذْهَبْ، فَانْظُرْ إِلَيْهَا، فَإِنَّ فِي أَعْيُنِ الْأَنْصَارِ شَيْئًا».

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edim. Bir kishi u zotning oldilariga kelib, bir ansoriyaga uylanganini aytdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Unga nazar soldingmi?» dedilar. «Yo‘q», dedi u. «Bor, unga nazar sol, chunki (ba’zi) ansoriylarning ko‘zlarida nimadir* bo‘ladi», dedilar» (*Shorihlar bunda ko‘zning kichik bo‘lishi yoki ko‘zda dog‘ bo‘lishi nazarda tutilgan, deyishgan) (Sahihi Muslim, 1424).

عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللَّهِ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «إِذَا خَطَبَ أَحَدُكُمُ الْمَرْأَةَ، فَإِنِ اسْتَطَاعَ أَنْ يَنْظُرَ إِلَى مَا يَدْعُوهُ إِلَى نِكَاحِهَا فَلْيَفْعَلْ»، قَالَ: فَخَطَبْتُ جَارِيَةً فَكُنْتُ أَتَخَبَّأُ لَهَا حَتَّى رَأَيْتُ مِنْهَا مَا دَعَانِي إِلَى نِكَاحِهَا وَتَزَوُّجِهَا فَتَزَوَّجْتُهَا

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Birortangiz bir ayolga sovchi qo‘yib, o‘sha ayolni oʻz nikohiga olishga undovchi narsaga nazar sola olsa, shunday qilsin», dedilar. Men bir qizga sovchi yuborib, uni ko‘rish uchun panada turdim. Uni ko‘rganimdan so‘ng unga uylanishga rag‘bat paydo bo‘lib, unga uylandim» (Abu Dovud, 2072; Hadis hukmi: «hasan». Manba: «Sahihi Abu Dovud», 2072).

Mashhur Hanafiy olimlaridan Jamoliddin Zayla’iy shunday deydi: «Garchi kishi shahvatdan omonda, hirsdan holi bo‘lsa ham, ayolning yuziga va kaftlariga tegishi, bu ishning haromligi va zarurat yo‘qligi sababli joiz emas» (Raddul muxtor, 5/237).

Ibn Qudoma aytadi: «Qiz va yigitning yolg‘iz qolishi joiz emas, chunki bu haromdir. Shariat faqat qarashga ruxsat bergani uchun uzlatga chiqish haromligicha qoladi. Zero, yolg‘iz qolganda harom ishga qo‘l urish xavfi bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Er kishi o‘ziga mahram bo‘lmagan ayol bilan yolg‘iz qolmasin. Aks holda, ularning uchinchisi shayton bo‘ladi», deganlar.

Shuningdek, erkak kishi ayolga shahvat bilan yoki lazzat olish uchun qaramasligi kerak. Imom Ahmadning Solihdan keltirgan rivoyatida: «Uning yuziga qarashi joiz, lekin rohatlanadigan tarzda emas», deyilgan.

Erkak kishi ayolga qayta-qayta ko‘z tashlab, uning fazilatlari haqida aniq taassurot hosil qilishi joiz. Chunki u shu asosda o‘z qarorini qabul qiladi».

IkkinchisiMuomala: Ayol kishining oldi-sotdi qilishga ehtiyoji bo‘lsa yuzini va kaftlarini ochishi joiz. Shuningdek, sotuvchi sotilgan narsani topshirayotganda va haq so‘rayotganda ayolning yuziga qarashi ruxsat etiladi. Ammo fitnaga tushish xavfi bo‘lmasligi kerak, aks holda, bunday qarash man etiladi.

Ibn Qudoma aytadi: «Agar ayol kishi bilan oldi-sotdi yoki ijara muomalasi qilinsa, uni yaxshiroq tanish maqsadida yuziga qarash joiz. Rivoyat qilinishicha, Imom Ahmad keksa ayollarga ruxsat bergan, ammo yosh ayollarga buni ma’qul ko‘rmagan. U ehtiyoji bo‘lmagan va fitna xavfi bo‘lgan kishilarga ham buni xushlamas edi. Biroq, zarurat tug‘ilsa va shahvoniy istak bo‘lmasa, bunda hech qanday zarar yo‘q» (Mug‘niy 7/459).

Dusuqiy aytadi: «Niqobli ayolga yuzini ochmaguncha guvohlikka o‘tish, nikoh, oldi-sotdi, hadya, qarz, vakolat va shunga o‘xshash ishlar joiz emas» (Hoshiyati Dusuqiy, 4/194).

Uchinchisi – Davolanish: Ayol kishi yuzida yoki tanasining boshqa qismida davolanishi zarur bo‘lgan nuqsonni, agar ayol tabib topilmasa, mahrami yoki eri huzurida shifokorga ko‘rsatishi joiz. Ayol tabibni shart qilishning sababi, bir jinsdagi kishining oʻz jinsidagi kishiga qarashi yengilroq bo‘lganligidandir. Bundan tashqari, musulmon tabibga davolatish imkoni bo‘laturib, g‘ayridin tabibga murojaat qilinmaydi. Shuningdek, kasallik o‘rnidan ortig‘ini ochish ham joiz emas.

Tabib ham hojatdan ortiq miqdorda qarashi yoki teginishi joiz emas.

Ibn Qudoma aytadi: «Tabibga bemor tanasining ehtiyoj tug‘ilgan joyiga, avrat yoki boshqa qismiga qarashi muboh, chunki bu ehtiyoj o‘rni hisoblanadi.

Usmondan rivoyat qilinishicha, uning huzuriga o‘g‘rilik qilgan bir bolani keltirishdi. U: «Uning belbog‘iga (ya’ni, avratidagi tuklariga) qaranglar» dedi. (Chunki avrat tuklari shariat mezonida balog‘at alomati sanaladi). Qachonki tuklar chiqmaganini (balog‘atga yetmaganini) ko‘rishgach, uning qo‘li kesilmadi» (Mug‘niy, 7/459).

Hanafiy olimlaridan Ibn Obidin shunday deydi: «Javhara kitobida aytilishicha: «Agar kasallik jinsiy a’zosida emas, boshqa a’zolarida bo‘lsa, davolash paytida oʻsha a’zolarga qarash joiz, chunki bu zarurat o‘rnidir. Agar muammo jinsiy a’zoda bo‘lsa, uni davolay oladigan ayol mutaxassisni topish zarur. Bunday ayolni topish imkoni bo‘lmasa va bemorning hayoti xavf ostida qolsa yoki u chidab bo‘lmas darajada og‘riq tortayotgan bo‘lsa, u holda ayolning butun tanasini yopib, faqat kasallik yetgan joyni ochiq qoldirish lozim. Bunday vaziyatda, erkak shifokor ayolni davolashi mumkin, biroq iloji boricha faqat jarohat o‘rniga qarab, boshqa joylarga nazar solishdan tiyilishi kerak» (Roddul Muhtor, 5/237).

«Shuningdek, bu hukm bemor kishiga, u ayol bo‘lsa ham, tahorat va istinjo qilishda yordam berayotgan kishiga ham (bu vazifalarni o‘z zimmasiga olib, bevosita bajarayotgan kishiga ham) taalluqlidir» (G‘izo al-Albob, 1/97).

Muhammad Fuod aytadi: Erkak ayolni davolashi joizligiga (yuqorida aytilgan shartlar bilan) Imom Buxoriy Rubayyi’ bint Muavvizdan rivoyat qilgan hadis dalil bo‘ladi.

عَنْ رُبَيِّعَ بِنْتِ مُعَوِّذِ بْنِ عَفْرَاءَ قَالَتْ: «كُنَّا نَغْزُو مَعَ رَسُولِ اللهِ ﷺ نَسْقِي الْقَوْمَ وَنَخْدُمُهُمْ وَنَرُدُّ الْقَتْلَى وَالْجَرْحَى إِلَى الْمَدِينَةِ».

Rubayyi’ bint Muavviz ibn Afro roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga g‘azotga chiqar edik. Qavmga suv berardik, ularga xizmat qilardik hamda qurbonlar va yaradorlarni Madinaga qaytarib olib kelardik» (Sahihi Buxoriy, 5679). Imom Termiziy ham shunga o‘xshash hadisni Anasdan rivoyat qilgan va «hasan-sahih» degan.

Imom Buxoriy ushbu hadisni «Erkak ayolni, ayol erkakni davolayveradimi?» nomli bob ostida keltirgan (ma’lumot uchun, imom Buxoriyning boblari u kishining fiqhlari, bu masaladagi o‘zining qarashlariga dalolat qiladi – tarj.) (Fath al-Boriy 10/136).

Hofiz Ibn Hajar aytadi: «Erkak shifokorning ayol kishini davolashi hukmi qiyos asosida belgilanadi. Imom Buxoriy hukmni qat’iy aytmadi, chunki bu voqea hijob farz qilinishidan oldin sodir bo‘lgan yoki ayol kishi bu xizmatni eriga yoki mahramiga ko‘rsatgan bo‘lishi ehtimoli bor. Masala hukmiga kelsak: zarurat doirasida begona (ayol)larni davolash, qarash, qo‘l bilan ushlash kabi ishlar joizdir» (Fath al-Boriyб 10/136).

To‘rtinchisi Guvohlik: Ayolga guvohlik berishda, ya’ni guvohlikni ado etish va mas’uliyatni zimmasiga olish uchun yuzini ochishi joiz. Qozi ham ayolni tanib olish, huquqlarni himoya qilish va ularni zoye qilmaslik maqsadida uning yuziga qarashi joizdir.

Shayx Dirdir aytadi: «Niqobli ayolga u yuzini ochib, aniq kim ekanligi va sifatlarini bildirmaguncha guvohlik berish joiz emas» (ash-Sharh al-Kabir li-sh-Shayx ad-Dirdir, 4/194).

Ibn Qudoma aytadi: «Guvohning guvohlik berilayotgan ayolning yuziga qarashi joiz. Sababi, u kimga nisbatan guvohlik berayotganini aniq bilib olishi kerak. Imom Ahmad aytadi: «Agar u ayolni aniq taniy olmasa, u ayol haqida guvohlik bermasligi kerak» (Mug‘niy, 7/459).

Beshinchisi Mahkamada: Ayol kishi o‘zining foydasiga yoki zarariga hukm qiladigan qozining oldida yuzini ochishi joizdir. Shuningdek, qozi huquqlarni ta’minlash va ayolni tanib olish uchun uning yuziga qarashiga ruxsat etiladi. Guvohlik bo‘yicha hukmlarda ham aynan shu qoida tatbiq etiladi, chunki ikkalasining hukmi bir xil yoki o‘xshashdir (Durrul Muxtor 5/237, al-Hidoya ma’a takmila Fath al-Qodir, 10/26).

Oltinchisi Go‘daklar: Agar bola hali yosh bo‘lib, shahvatni tushunmasa yoki ayollarga rag‘bati bo‘lmasa, ayol undan pardalanishi shart emas. Bu holatda mahramlari huzurida ochadigan joylarini ochishi joiz.

Shayx Abul Faraj al-Maqdisiy aytadi: «Shahvat hissi yo‘q va (ayol va erkakni) ajrata olmaydigan bolaga ayolning kindigidan yuqoridagi va tizzasidan pastdagi a’zolarini ko‘rish joiz. Chunki Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

﴿لَيْسَ عَلَيْكُمْ وَلَا عَلَيْهِمْ جُنَاحٌ بَعْدَهُنَّ ۚ طَوَّافُونَ عَلَيْكُمْ بَعْضُكُمْ عَلَىٰ بَعْضٍ﴾

«Ular o‘sha (vaqtlardan) so‘ng (izn so‘ramay kirishlarida) sizlarga ham, ularga ham gunoh yo‘qdir. (Chunki) ular sizlarga, biringiz biringizga kelib-ketib turguvchidirsizlar» (Nur: 58).

Boshqa oyatda:

﴿وَإِذَا بَلَغَ الْأَطْفَالُ مِنْكُمُ الْحُلُمَ فَلْيَسْتَأْذِنُوا كَمَا اسْتَأْذَنَ الَّذِينَ مِنْ قَبْلِهِمْ﴾

«Qachon go‘daklaringiz balog‘atga yetsalar, bas, ular ham xuddi ulardan ilgari (balog‘atga yetganlar) kabi izn so‘rasinlar!» (Nur: 59).

Abu Abdulloh: «Abu Tayba bolaligida Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ayollariga hijoma qilgan», deydi.

Ikkinchi holat: Agar bola shahvatni his eta boshlasa, ayol undan pardalanishi shart. Alloh taolo aytadi:

﴿أَوِ الطِّفْلِ الَّذِينَ لَمْ يَظْهَرُوا عَلَىٰ عَوْرَاتِ النِّسَاءِ﴾

«Yoki ayollarning avratlaridan xabardor bo‘lmagan go‘daklargagina (ko‘rsatishlari) joizdir» (Nur: 31).

Abu Abdullohdan: «Ayol kishi yosh bola oldida qachon boshini yopadi?» deb so‘rashdi. U: «O‘n yoshga yetganda», dedi. Agar unda shahvat paydo bo‘lgan bo‘lsa, u Alloh taoloning so‘ziga ko‘ra mahram kabidir:

﴿وَإِذَا بَلَغَ الْأَطْفَالُ مِنْكُمُ الْحُلُمَ﴾

«Qachon go‘daklaringiz balog‘atga yetsalar» (Nur:59).

Abu Abdulloh yana aytadi: U (ya’ni shahvat hissi bor bola) shahvat jihatidan balog‘atga yetgan kishiga o‘xshaydi. Shuning uchun u begona erkak kabidir. Bu esa ayolning hijobda bo‘lishini vojib qiladi va unga qarashni harom etadi. Buning dalili Alloh taoloning quyidagi oyatidir:

﴿أَوِ ٱلطِّفۡلِ ٱلَّذِينَ لَمۡ يَظۡهَرُواْ عَلَىٰ عَوۡرَٰتِ ٱلنِّسَآءِ﴾

«Yoki ayollarning avratlaridan xabardor bo‘lmagan go‘daklargagina (ko‘rsatishlari) joizdir» (Nur: 31).

Shahvatni farqlay olmaydigan go‘dakdan esa hech narsani yashirmasa ham bo‘ladi» (Sharh al-Kabir ala matn al-Muqni’, 7/349).

YettinchisiShahvatsiz kishi: Jinsiy shahvati bo‘lmagan kishi huzurida ayol kishi o‘z mahramlari oldida odatda oshkor qiladigan a’zolarini ochib yurishi joiz, chunki bunday odamning ayollarga mayli bo‘lmaydi va ularning xususiyatlarini tushunmaydi. Bunday kishilar ham ayoldagi bu jihatlarning barchasini ko‘rishlari joiz.

Ibn Qudoma aytadi: «Qarilik, jinsiy ojizlik yoki tuzalmas kasallik sababli shahvati yo‘qolgan erkaklar, bichilganlar, shahvatsiz xunasalar, bularning qarashdagi hukmi mahramlar hukmidadir. Alloh taoloning ushbu oyatiga binoan:

﴿ أَوِ ٱلتَّٰبِعِينَ غَيۡرِ أُوْلِي ٱلۡإِرۡبَةِ مِنَ الرِّجَالِ ﴾

«Yoki (ayollardan) behojat bo‘lgan (ya’ni, juda keksayib qolgan yoki aqlsiz-devona) erkak xizmatkor-qullarga» (Nur: 31). Ya’ni, ayollarga rag‘bat-ehtiyoji yo‘qlar.

Ibn Abbos: «U shunday kishiki, ayollar undan uyalmaydi», degan. Yana u kishi: «Jinsiy qo‘zg‘alishi bo‘lmaydigan xunasa», degan.

Mujohid va Qatodadan: «Ayollarga mayli yo‘q kishi», deyilgan. Agar xunasa shahvatli bo‘lib, ayollar ishini bilsa, uning hukmi boshqalar kabi bo‘ladi, chunki:

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا، قَالَتْ: كَانَ يَدْخُلُ عَلَى أَزْوَاجِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مُخَنَّثٌ، فَكَانُوا يَعُدُّونَهُ مِنْ غَيْرِ أُولِي الْإِرْبَةِ، فَدَخَلَ عَلَيْنَا النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَوْمًا وَهُوَ عِنْدَ بَعْضِ نِسَائِهِ، وَهُوَ يَنْعَتُ امْرَأَةً، فَقَالَ: إِنَّهَا إِذَا أَقْبَلَتْ أَقْبَلَتْ بِأَرْبَعٍ، وَإِذَا أَدْبَرَتْ أَدْبَرَتْ بِثَمَانٍ، فَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «أَلَا أَرَى هَذَا يَعْلَمُ مَا هَاهُنَا، لَا يَدْخُلَنَّ عَلَيْكُنَّ هَذَا» فَحَجَبُوهُ.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ayollari oldiga xotinsifat bir kishi kirib yurardi. Uni (ayollardan) behojat erkak deb hisoblashar edi. Bir kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam kirgan edilar, o‘sha (xotinsifat) kishi ayollarning oldida o‘tirib, ularni ta’riflab, «O‘ziyam oldidan to‘rt qat, ortidan sakkiz qat ko‘rinadi-da!» deb qoldi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Manavi bunaqangi narsalarni bilar ekan, oldilaringizga zinhor-bazinhor kirmasin!» dedilar. Shundan keyin uni kiritmay qo‘yishdi» (Abu Dovud, 4107; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Abu Dovud», 4107).

Ibn Abdulbarr aytadi: «Xunasa faqat fahsh bilan tanilgan emas, balki yaratilishida xunasalik bo‘lgan kishidir. Unda ortiqcha yumshoqlik, gapirishida, qarashida, ovozida va aqlida ayollarga o‘xshashlik bor. Shuning uchun ayollar ishlariga fahmi yetmaydi. Ular ayollarga mayli yo‘q kishilardir, ularga ayollar huzuriga kirish muboh qilingan. Qarang, Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘sha xunasani ayollari oldiga kirishdan to‘xtatmadilar, faqat u G‘aylon qizini tasvirlab, ayollar ishini tushunishini eshitgachgina taqiqladilar» (Mug‘niy, 7/463).

Sakkizinchisi – Keksa ayol: Qaraganda shahvat qo‘zg‘atmaydigan darajadagi keksa ayolga yuzi va odatda ko‘rinadigan qismlarini begona erkaklar oldida ochishi joiz. Biroq, bu holatda ham yopinish afzalroq.

Alloh taolo shunday dedi:

﴿وَالْقَوَاعِدُ مِنَ النِّسَاءِ اللَّاتِي لَا يَرْجُونَ نِكَاحًا فَلَيْسَ عَلَيْهِنَّ جُنَاحٌ أَنْ يَضَعْنَ ثِيَابَهُنَّ غَيْرَ مُتَبَرِّجَاتٍ بِزِينَةٍ ۖ وَأَنْ يَسْتَعْفِفْنَ خَيْرٌ لَهُنَّ ۗ وَاللَّهُ سَمِيعٌ عَلِيمٌ۝٦٠﴾

«Xotinlardan (o‘tirib) keksayib qolgan, erga tegishni o‘ylamaydiganlari biron zeb-ziynat bilan yasanmagan hollarida kiyimlarini (ya’ni, ro‘mol, yopinchiqlarini) olib qo‘yishlarida ularga gunoh yo‘qdir. O‘zlarini pok (ya’ni, ro‘mol, yopinchiqda) tutishlari o‘zlari uchun yaxshiroqdir. Alloh eshitguvchi, bilguvchidir» (Nur: 60).

Ibn Qudoma aytadi: «Judayam keksaygan qari ayolning odatda ko‘rinadigan (yuz va kaft kabi) o‘rinlariga qarashning zarari yo‘q. Bu Alloh taoloning: «Xotinlardan (o‘tirib) keksayib qolgan, erga tegishni o‘ylamaydiganlar…» oyatiga ko‘radir.

Ibn Abbos Alloh taoloning:

﴿قُل لِّلۡمُؤۡمِنِينَ يَغُضُّواْ مِنۡ أَبۡصَٰرِهِمۡ … وَقُل لِّلۡمُؤۡمِنَٰتِ يَغۡضُضۡنَ مِنۡ أَبۡصَٰرِهِنَّ﴾

«(Ey Muhammad alayhis-salot-u vas-salom), mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini (nomahram ayollarga tikishdan) to‘ssinlar... Mo‘minalarga ham ayting, ko‘zlarini (nomahram erkaklarga tikishdan) to‘ssinlar…» (Nur: 30-31) oyatlari haqida: «Bu mansux bo‘ldi va «Xotinlardan (o‘tirib) keksayib qolgan, erga tegishni o‘ylamaydiganlar…» oyatida bundan keksa ayollar mustasno qilindi», degan. Shuningdek, shahvat qo‘zg‘atmaydigan xunuk ayol ham bundan mustasnodir» (Mug‘niy, 7/463).

To‘qqizinchisi G‘ayridin ayollar oldida: Muslima ayol g‘ayridin ayol oldida qayerlarini ochishi joizligi xususida olimlar ixtilof qilganlar:

Ibn Qudoma aytadi: «Ayol bilan ayol o‘rtasidagi hukm erkak bilan erkak o‘rtasidagi hukm kabidir. Xuddi ikki musulmon erkak o‘rtasida qarashda farq bo‘lmaganidek, musulmon erkak bilan zimmiy erkak o‘rtasida ham farq yo‘q. Ayollarda ham shunday.

Imom Ahmad: «Bir qancha olimlar ayol kishi yahudiy va nasroniy ayollar oldida ro‘molini yechmasligi kerak, deb aytishgan. Men esa, ayol kishi ularning avratlariga qaramasligi va tug‘ishlariga yordam bermasligi kerak, deb aytaman» (ya’ni, faqat nihoyatda zarur hollardagina tug‘ruqda yordam berishi mumkin).

Imom Ahmaddan boshqa rivoyatda: «Musulmon ayol zimmiy ayol oldida niqobini yechmaydi…» deyilgan. Birinchisi afzalroq, chunki yahudiy va boshqa mushrik ayollar Nabiy sollallohu alayhi vasallam ayollari oldiga kirar edilar, ular hijoblanmas va hijoblanishga buyurilmas edilar.

Masalan, Oisha roziyallohu anhodan: «Bir yahudiy ayol Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan bir narsa so‘rab keldi va: «Alloh seni qabr azobidan asrasin», dedi. Shunda Oisha onamiz Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘radi…» hadisi zikr qilinadi.

Yana Asmo roziyallohu anho aytadilar: «Onam Islomni qabul qilmagan holda huzurimga keldi, shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Unga yaxshilik qilaymi?» deb so‘radim. U zot: «Ha», dedilar».

Musulmon ayol bilan zimmiy (g‘ayri muslima) ayol o‘rtasida parda tutish vojib emas, chunki bu haqda na Qur’on va na hadisda aniq dalil bor, hatto qiyos ham yo‘q.

Alloh taolo aytadi:

﴿أَوْ نِسَائِهِنَّ﴾

«Yoki o‘zlari (kabi) ayollarga» (Nur: 31). Ushbu oyatga kelsak, bu yerda barcha ayollar iroda qilingan bo‘lishi mumkin» (Mug‘niy, 7/464).

Ibn al-Arabiy al-Molikiy aytadi: «Menimcha, sahihrog‘i bu barcha ayollarga joiz, misollarni keltirish esa ergashish uchundir. Bu kabi misollar Qur’onda o‘xshashi bo‘lmagan yigirma besh o‘rinda kelgan, shuning uchun bu oyatga ergashiladi» (Ahkom al-Qur’on 3/326).

Olusiy shunday degan: «Faxriddin Roziy zimmiy ayolni musulmon ayol kabi deb hisoblagan. U aytgan: «Mazhabga ko‘ra, u musulmon ayol kabidir. «Yoki o‘zlari (kabi) ayollarga» deganda barcha ayollar nazarda tutiladi. Salaflarning so‘zlari esa mustahablik (afzallik) ma’nosidadir». So‘ngra yana aytadi: «Bu qavl bugungi kunda odamlarga yengillik beradi, chunki musulmon ayollarning zimmiy ayollardan hijoblanishi deyarli mumkin bo‘lmagan ish» (Tafsir al-Olusiy, 19/143).

Muhammad Fuod aytadi: «Agar bu fikr o‘z davrida yengillik hisoblangan bo‘lsa, bizning asrimizda, ayniqsa, musulmonlar yurtidan tashqarida yashashga majbur bo‘lganlar uchun qulaylik nuqtayi nazaridan yanada munosib, yanada yengil va afzal ekani a shubha yo‘q. Chunki muslima ayollar g‘ayridin ayollar bilan aralashib ketgan, yashash sharoitlari murakkablashgan, zimmiy ayollar huzurida hijobini saqlash qiyinchiliklarga to‘lib toshgan. Biz Allohnikimiz va Unga qaytguvchidirmiz.

O‘ninchisiHaj va umra payti: Ayolga haj yoki umraga ehrom bog‘laganda, agar yonida nomahram erkaklar boʻlmasa yuzi va kaftlarini ochishi joiz, shunda unga niqob va qo‘lqop kiyish harom bo‘ladi (chunki niqob va qo‘lqop badanga moslab tikilgan kiyimlar sarasidandir. Ammo qo‘lini kiyimining yengi bilan, yuzini boshidan ro‘mol tashlab olish orqali to‘sib olishning zarari yo‘q. Zero, ehromdagi ayol nomahram erkaklar oldida o‘zini shu shaklda satr qilishi mumkin. Shu oʻrinda xalq orasida tarqalgan muhim masalaga oid eslatma berib ketishimiz darkor. U ham boʻlsa, Paygambar sollallohu alayhi vasallamning ehromdagi ayolni niqob kiyishdan qaytarganliklari ayolning yuzi avrat emasligiga dalil qilish togri emas. Buning sababi: Paygambar sollallohu alayhi vasallam ehromdagi ayolga yuzini ochishni buyurmaganlar, balki uni niqob taqishdan qaytarganlar. Zero, bu ikki ish orasida farq bor. Ha, ayollar niqob taqmaydi, lekin yuzini niqobdan boshqa narsa bilan, masalan, ro‘mol bilan to‘sib oladi. Bu, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ehromdagi erkakni ko‘ylak kiyishdan qaytarganlariga o‘xshaydi. Bu qaytariqdan «Erkaklar yalang‘och yurishi kerak», deb emas, balki badanini ko‘ylakdan boshqa narsa bilan, masalan, izor va rido bilan to‘sishini tushundik. Ayollar ham niqob taqishdan qaytarildi, ammo yuzini niqobdan boshqa narsa bilan toʻsib oladi. Shu sababli Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam davrlarida ayollar ehromda bo‘lganlarida va ularga begona erkaklar yaqin kelsa, yuzlarini niqobdan boshqa narsa bilan to‘sib olardilar. Bu masalaga 120377–fatvoda batafsil toʻxtalamiz – tarj).

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عُمَرَ ﵄ قَالَ: فَقَالَ النَّبِيُّ ﷺ: «وَلَا تَنْتَقِبِ الْمَرْأَةُ الْمُحْرِمَةُ، وَلَا تَلْبَسِ الْقُفَّازَيْنِ».

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ehromdagi ayol niqob tutmasin, qo‘lqop kiymasin», dedilar».

Agar yonidan erkaklar o‘tishi yoki go‘zalligi oshkor bo‘lib, erkaklarning qarashidan xavfsirasa, u holda ro‘molini boshidan yuziga tushiradi.

عَنْ عَائِشَةَ، قَالَتْ: «كَانَ الرُّكْبَانُ يَمُرُّونَ بِنَا وَنَحْنُ مَعَ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مُحْرِمَاتٌ، فَإِذَا حَاذَوْا بِنَا سَدَلَتْ إِحْدَانَا جِلْبَابَهَا مِنْ رَأْسِهَا عَلَى وَجْهِهَا فَإِذَا جَاوَزُونَا كَشَفْنَاهُ».

Oisha roziyallohu anho: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga ehromdalik paytimizda oldimizdan otliqlar o‘tishar edi. Ular ro‘paramizga kelganda jilbobimizni boshimizdan yuzimizga tushirardik, ular o‘tib ketishgach, ochib olar edik», dedilar (Abu Dovud, 1833; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Hijobul mar’a», 32).

Jaziriy ulardan naql qilib aytadi: «Ehromdagi ayol zarurat yuzasidan begonalar oldidan o‘tganda yuzini yopishi joiz. Yopinchiqning yuziga tegishi zarar qilmaydi, bunda qiyinchilik va mashaqqatni ketkazadigan kenglik bor» (To‘rt mazhab fiqhi, 1/645).

Ushbu sanab o‘tgan holatlarimiz fuqaholarning qarashlariga ko‘ra, ayollarning yuzi va kaftlarini ochishi joiz bo‘lgan holatlar jamlanmasidir. Lekin yana bir ahamiyatli masala bor: «Majburlash holati», ya’ni muslima ayol yuzini ochishga majbur qilinganda, shar’an qanday yo‘l tutiladi?

O‘n birinchisi Majburlash holati: Ba’zi zo‘ravon tuzumlar, zolim hukumatlar adolatsiz qonunlar va hukmlari bilan Islom diniga qarshi chiqib, Alloh va Rasuliga isyon qilishadi. O‘sha jirkanch qonunlar bo‘yicha muslima ayollarni hijobdan man qilgan, hatto ba’zi hollarda ayollarning boshidan majburan hijobni yulib olishgan. Ularga qarshi zulm, qahr va tahdidlarni amalga oshirishgan.

Ayrim mamlakatlarda niqobli ayollarga tazyiqlar qilinib, ularga ozor yetkazilgan. Ba’zida esa, Islom diniga yoki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga haqorat toshlari otilgan.

Shunday holatlarda, agar ayol toqati yetmaydigan ozor kelishiga aniq ishonsa u holda yuzini ochishiga ruxsat etiladi. Bunday holatlarda zolimlar tomonidan azob-uqubatlarga duchor bo‘lishdan ko‘ra zaif qavlga amal qilish afzalroqdir.

Agar ayol kishiga yuzini berkitishi taqiqlangan, yuzi va kaftlarini ochishiga ruxsat berilgan bo‘lsa, u holda yuz va kaftlarni ochishi yaxshiroqdir. Ayniqsa, niqobi va boshidan hijobni tortib oladigan zolimlarga yo‘liqsa.

Ahli ilmlarning ta’kidlashicha, zarurat taqiqlangan narsani muboh qiladi, ammo zarurat sababli ruxsat berilgan narsa faqat o‘sha zarurat miqdori bilangina chegaralanadi.

Shu bilan birga, bu masalaga yengil qaramaslik kerak. Muslima ayol yashayotgan muhitni, u yerdagi sinov va vaziyatlarni yaxshilab o‘rganish lozim. Shunda haqiqiy zaruratni aniqlash to‘g‘ri bo‘ladi, injiqlik va havoyi-nafs asosida ruxsat berilmaydi.

«Agar ayolga yuqoridagi ruxsat etilgan holatlarda yuzi va kaftlarini ochish joiz bo‘lsa ham, unda pardozlanmaslik va taqinchoqlar bilan bezanmaslik shart. Barcha fuqaholar ijmosiga ko‘ra, begona erkaklar oldida pardozlanish haromdir: «Ziynatlarini oshkor qilmasinlar» oyati bunga kifoyadir» (Hijob masalasida soxtakorlarning noto‘g‘ri talqini va johillarning botil ta’vili, 239).

Alloh bilguvchiroqdir.

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

0

O’xshash fatvolar

  • Ayollarning niqob taqish shartlari

    Niqob nima va uning hukmi qanday? U Islomning dastlabki davrida mavjud bo‘lganmi?
  • Sharʼiy hijobning shartlari

    Ayol kishi haqiqiy muslima deb atalishi uchun uning libosi qanday boʻlishi kerak?