O'qildi: 73
Noyabr 24, 2025
/ 3 Jumadal-oxira 1447
Fatvo mavzusi: Nafl roʻzalar
Savol
Men yangi musulmonman va diniy amallarini bajarishni boshladim. Ular orasida Ramazon ro‘zasi ham bor edi, bu meni juda quvontirdi. Men ixtiyoriy ravishda nafl ro‘za tutish maqsadida, har oyning 13, 14 va 15-kunlarida ro‘za tutish sunnat ekanligini o‘rgandim. Bu «oydin kechalar roʻzasi» deb atalar ekan. Men ularni quyosh taqvimi (melodiy taqvim) bo‘yicha hisobladim. Men qilgan ish to‘g‘rimi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Alloh taolo sizni ushbu dinga yo‘llaganidan, ibodat lazzatini his etganingizdan va eng ulug‘ hamda fazilatli ibodatlardan biri bo‘lmish ro‘za tutish imkoniyati bilan siylanginingizdan tabriklayman! Ro‘zaning fazilatlari haqida qisqacha ma’lumot:
Ro‘zaning fazilati ulug‘dir. Bu haqda ishonchli hadislarda quyidagilar keltirilgan: Alloh taolo ro‘zani O‘zi uchun xos qilib qo‘ygan va uni O‘zi mukofotlaydi, ro‘za tutgan kishining savobini ko‘paytirib beradi. Bu haqda sahih hadislarda quyidagilar kelgan:
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Alloh: «Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za mustasno. Chunki u Men uchundir va uning mukofotini O‘zim beraman», dedi. Ro‘za qalqondir. Birortangiz ro‘za tutgan kuni fahsh so‘z aytmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa: «Men ro‘zador odamman», desin. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta, ro‘zadorning og‘zidan kelgan hid Allohning nazdida mushkning bo‘yidan yaxshiroqdir. Ro‘zadorni xursand qiladigan ikki xursandchilik bor: iftor qilganida xursand bo‘ladi va Robbiga yo‘liqqanida ro‘za tutganiga xursand bo‘ladi» (Sahihi Buxoriy, 1904).
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Men: «Yo Rasulalloh, menga bir amalni buyuring», dedim. U zot aytdilar: «Ro‘zani lozim tut, chunki unga teng keladigan (amal) yo‘qdir» (Nasoiy, 2223; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Nasoiy», 2222).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uch kishining duosi rad etilmaydi: odil imom, ro‘zador(ning duosi) to iftor qilgunicha (rad etilmaydi)» (Sunani Ibn Moja, 1752; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Ibn Moja», 1432).
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Ro‘zador quvonadigan ikki quvonch bor: iftor qilganida iftor qilgani uchun quvonadi, Robbiga uchraganida tutgan ro‘zasi uchun quvonadi» (Sahihi Muslim, 1151).
Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ro‘za va Qur’on qiyomat kuni bandani shafoat qiladi. Ro‘za aytadi: Yo Rabbiy, men uni kunduzi taom va shahvatlardan to‘sdim, shunday ekan, uni shafoat etishimga ruxsat ber. Qur’on aytadi: Men uni kechasi uyqudan to‘sdim, shunday ekan, uni shafoat qilishimga ruxsat ber». U zot aytdilar: «Ikkalasining ham shafoati qabul qilinadi» (Musnadi Ahmad, 6626; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihu Targ‘ib», 984).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deyotganlarini eshitdim: «(Roʻzadorning) og‘zining hidi esa Allohning nazdida mushkning hididan ham xushbo‘yroqdir» (Sahihi Muslim, 1151).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Ro‘za qalqondir va do‘zaxdan mustahkam bir qo‘rg‘ondir» (Musnadi Ahmad, 9225; Hadis hukmi: «hasan lig‘oyrihi». Manba: «Sahihu Targ‘ib», 980).
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Kim Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, Alloh uning yuzini do‘zaxdan yetmish kuz uzoq qiladi», deganlarini eshitdim» (Sahihi Muslim, 1153).
Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhu aytadi: «Men Nabiy sollallohu alayhi va sallamni ko‘kragimga suyadim, shunda u zot: «Kim Allohning roziligini istab bir kun ro‘za tutsa va unga shu bilan xotima berilsa, jannatga kiradi», dedilar (Musnadi Ahmad, 23324; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihu Targ‘ib», 985).
Sahl roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Jannatda bir eshik bor. U «Rayyon» deyiladi. Qiyomat kuni undan ro‘zadorlar kirishadi, ulardan boshqa hech kim undan kirmaydi. «Ro‘zadorlar qani?» deyiladi. Shunda ular turishadi. Ulardan boshqa hech kim undan kirmaydi. Ular kirgach, u berkitiladi. Keyin undan hech kim kirmaydi», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 1896).
Nafl ro‘za farz ro‘zadagi nuqsonlarni to‘ldiradi. Oshuro roʻzasi, Arafa, oydin kechalar, dushanba va payshanba kunlari, Shavvol oyidan olti kun, Muharram va Sha’bonda ko‘p ro‘za tutish shular jumlasidandir.
Oydin kechalar deganda har qamariy oyning 13, 14 va 15-kunlari nazarda tutiladi. Alloh taolo aytadi:
«Sizdan hilollar — yangi chiqqan oylar haqida so‘rashadi. Ayting: u (oylar) odamlar va haj uchun vaqt o‘lchovlaridir» (Baqara: 189).
Islom dinidagi barcha ibodatlar va shariat belgilagan barcha muddatlar (masalan, taloq qilingan, eri vafot etgan ayol va boshqalar uchun belgilangan muddatlar) hammasi qamariy oylarga, hijriy taqvim hisobiga asoslangandir, melodiy taqvimga emas.
Melodiy taqvimga ko‘ra tutgan ro‘zangiz gʻoliban qamariy taqvimga mos kelmaydi. Har qanday holatda ham, inshaalloh, Allohning yuzini istab tutgan nafl ro‘zangiz uchun savob olasiz. Biroq, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tavsiya etgan oydin kechalardagi ro‘za uchun maxsus ajr-u savobga ega bo‘lishni istasangiz, qamariy oylarni, hijriy taqvimni bilishingiz va ro‘za tutishingizda shu taqvimga suyanishingiz lozim. (Hozirgi kunda hijriy oylarni hisoblash uchun ko‘plab usullar mavjud. Internetdagi hijriy taqvim saytlari, «Ummul Quro» taqvimining rasmiy (https://ummalquracalendar.com) sahifasi hamda mobil telefonlar uchun maxsus ishlab chiqilgan taqvim ilovalari bular qatoriga kiradi – tarjimon).
Allohdan sizga O‘z fazl-u karamini ziyoda qilishini, dinida sobitqadam etishini, O‘z roziligi yo‘lidagi amallarga muvaffaq aylab, ajr-u savoblarni ko‘paytirish bilan mukofotlashini so‘raymiz. U eshitguvchi va ijobat qilguvchi Zotdir. Birodarim, ro‘za paytingizdagi duolaringizda bizni ham yodga oling. Alloh payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga salovot va salomlar yo‘llasin.
Bu javob foydali bo’ldimi?