O'qildi: 82
20.11.2025
/ 29 Jumadal-ula 1447
Fatvo mavzusi: Er-xotin huquqlari
Savol
O‘tgan hafta men, xotinim va uning 20 yoshli qizi o‘rtasida bir voqea sodir bo‘ldi. Qizining farzandi bor, lekin u hamon biz bilan birga yashaydi. Men xotinimga bir narsa aytdim, bu uni g‘azablantirdi va u menga qo‘pol gapirdi, qo‘pollik qildi va qo‘polona munosabatda bo‘ldi. Men esa uning yuzini qo‘lim bilan ushlab, yengil bosdim va kula boshladim. Birdan u meni ura boshladi va tepdi, men esa uni yuzimga urolmaydigan qilib ushlab oldim. Shu payt uning qizi aralashib, boshimga ura boshladi. Men o‘zimni tutdim va g‘azablanmadim. Keyin uning qizi politsiyani chaqirdi, ular kelib, hamma bilan so‘rashib, bayonnoma tuzishdi. Xotinim qizining xulq-atvori haqida hech qanday afsus bildirmadi va qiziga bunday munosabatda bo‘lish mumkin degan kabi harakat qildi. Men hozirda ular bilan bir uyda yashamayapman va aslida qaytishni ham istamayman, lekin men xotinimni juda qadrlayman va Qur’on hamda Sunnat belgilagan uslubda u bilan yashash uchun kurashayapman. U Qur’on va sunnatni faqat qalbi g‘azabdan xoli bo‘lganida tinglaydi. Bu voqea mening azmimni zaiflashtirdi. Mening barcha intilishim — haqiqiy Islom ta’limotlariga binoan yashash. Iltimos, bu masalada menga yordam bering. Allohning sizga salomi boʻlsin.
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Bilish lozim bo‘lgan narsalardan biri shuki, er-xotin o‘rtasida muammolarning kelib chiqishi va juda yomon holatga yetib borishining eng muhim sabablaridan biri — er-xotindan har birining bir-birlari ustidagi huquqlarini bilmasliklaridir.
Islom bu huquqlarni bayon qilib, er-xotinning har birini ularga rioya qilishga va ular haqida qayg‘urishga majbur qilgan. Alloh taolo aytadi:
«Va yaxshi amallarda ular (ayollar) uchun zimmalaridagi erlari oldidagi burchlari barobarida huquqlari ham bor. Va erkaklar uchun (ayollar) ustida bir daraja (imtiyoz) bor» (Baqara: 228).
Oyati karima er-xotinning har birining huquqiga ikkinchi tomon ado etishi lozim bo‘lgan majburiyat bor ekanligini belgilaydi. Shu tariqa ular o‘rtasida muvozanat hosil bo‘ladi, bu esa oila hayotining barqarorligini va uning ishlarining to‘g‘riligini ta’minlaydi.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo oyat haqida shunday deydi: «Ya’ni, ularning erlari zimmasidagi goʻzal muomala va yaxshilik bilan munosabatda bo‘lish haqqi, xuddi erlarining ularning zimmasidagi itoat etish vojibligi haqqi kabidir». Ibn Zayd aytdi: « Sizlar ular haqida Allohdan taqvo qilganingizdek, ular ham sizlar haqingizda Alloh azza va jalladan taqvo qilishlari lozim». Qurtubiy aytdi: «Oyat er-xotinlikning barcha huquqlarini o‘z ichiga oladi».
O‘sha huquqlardan biri: kamchiliklar va xatolarni ko‘z yumishdir — ayniqsa, so‘z va amallarda yomonlik qasd qilinmagan bo‘lsa.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Barcha odam farzandi xatokordir, xatokorlarning eng yaxshisi esa tavba qiluvchilardir» (Termiziy, 2499; Hadis hukmi: «hasan». Manba: «Sahihul Jome’», 4515).
Shunday ekan, er va xotinning har biri o‘z juftiga sabr-toqatli bo‘lishi lozim, zero har bir insonning toyilishi bor. Hayotda sabr-toqat qilishga eng haqli kishilar – doim birga yashaydigan juftliklardir. Har bir tomon boshqaisining jahlini xuddi shunday jahl bilan qarshi olmasligi kerak. Agar er-xotindan biri ikkinchisini qattiq g‘azablangan holda ko‘rsa, o‘z g‘azabini bosib, darhol munosabat bildirmasligi kerak. Shu sababdan Abu Dardo roziyallohu anhu xotiniga: «Meni g‘azablanganimni ko‘rsang, meni rozi qil, agar seni g‘azablanganingni ko‘rsam, men seni rozi qilaman, aks holda birga yashay olmaymiz», der edi.
Ahli sunna imomi Imom Ahmad rahimahulloh o‘g‘li Solihning onasi Abbosa bint al-Mufaddalga uylangan edi. U ayoli haqida: «Ummu Solih men bilan yigirma yil yashadi, biz u bilan biron so‘zda kelishmovchilikka bormadik», der edi.
Eng ulug‘ huquqlardan biri – har ikkisi o‘z juftini Alloh azza va jallaga itoat qilishga chaqirishidir.
Savbondan rivoyat qilinadi: «Qachonki «Oltin-kumushni bosib, uni Alloh yo‘lida infoq-ehson qilmaydigan kimsalar…» (Tavba: 34) oyati nozil bo‘lganida u shunday dedi: «Biz Nabiy sollallohu alayhi va sallam bilan safarlardan birida edik, shunda ashoblaridan ba’zilari: «Oltin va kumush haqida (oyat) nozil bo‘ldi. Qaysi mol yaxshiroq ekanini bilsaydik, o‘shani jamg‘arar edik», dedilar. Shunda u zot: «Eng afzali – zikr qiluvchi til, shukr qiluvchi qalb va eriga iymonida yordam beradigan mo‘mina ayoldir», dedilar» (Termiziy, 3094; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Termiziy», 3094).
Keyin, erkak kishi o‘z xotinida yoqtirmagan biror narsani ko‘rsa ham, uni yomon ko‘rmasligi kerak. Chunki agar uning bir xislatini yoqtirmasa, boshqa bir xislatidan mamnun bo‘ladi va shu bilan birinchisini muvozanatlaydi. Hadisda keladi:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Mo‘min mo‘minani yomon ko‘rmasin. Undagi bir xulqni yoqtirmasa, (qolgan) bir xulqidan [yoki «boshqa bir xulqidan»] rozi bo‘ladi» (Sahihi Muslim, 1469).
Samurani Basra minbarida xutba qilayotganida eshitdim, u shunday der edi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday deganlarini eshitdim: «Albatta, ayol qovurg‘adan yaratilgan va agar sen qovurg‘ani to‘g‘rilamoqchi bo‘lsang, uni sindirib qo‘yasan, bas, unga muloyim bo‘l, chunki u bilan yashaysan» (Musnadi Ahmad, 20093; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihul Jome’», 1944).
Er-xotin oʻrtasidagi turmushning musaffoligiga yordam beradigan eng ulugʻ narsalardan biri goʻzal xulqdir. Shu sababli Islom uning shaʼnini yuksaltirdi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam oʻzlarining goʻzal muomalalari va xulqlarida eng yuksak darajaga hamda kamolotga yetgan edilar.
Abu Dardodan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Tarozuga qoʻyiladigan hech bir narsa goʻzal xulqdan ogʻirroq emasdir va albatta, goʻzal xulq egasi bu amali bilan roʻzador va namozxonning darajasiga yetib oladi» (Termiziy, 2003; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Termiziy», 2003).
Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Mo‘minlarning iymon jihatidan eng komili – xulqi eng go‘zalidir va sizlarning eng yaxshingiz – ayollariga eng yaxshi bo‘lganingizdir» (Termiziy, 1162; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihul Jome’», 1232).
Ma’ruf bilan muomala qilish koʻz yumish va har bir katta-yu kichik masalalarga ahamiyat beravermaslikni, Alloh taoloning haqqiga daxldor bo‘lmagan barcha narsalarda tanbeh berishdan va tanqid qilishdan o‘zini tiyishni o‘z ichiga oladi. Bu Alloh taoloning oyatida bizga uqtirilganidek:
«Ular bilan tinch-totuv yashanglar. Agar ularni yomon ko‘rsangizlar ham (sabr qilib inoq holda yashayveringlar). Zero, sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh ko‘p yaxshiliklarni qilib qo‘ygan bo‘lishi mumkin» (Niso: 19).
Agar ayol eriga bo‘ysunmasa va uning aytganlarini bajarishni rad etsa, eri uni shar’iy jazolash orqali tarbiyalashi mumkin. Alloh taolo aytadi:
«Erkaklar xotinlari ustida rahbardirlar. Bunga sabab Alloh ularning birovlarini birovlaridan (ya’ni, erkaklarni ayollardan) ortiq qilgani va erkaklar (xotinlari va oilalari uchun) o‘z mol-mulklaridan sarf-xarajat qilganlaridir. Bas, ibodat-itoatli va erlari yo‘qligida Allohning hifzu himoyati bilan (erlarining mol-mulklarini va o‘z iffatlarini) saqlovchi xotinlar — yaxshi xotinlardir. Xotinlaringizning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo ularga pand-nasihat qilinglar, so‘ng (ya’ni, nasihatlaring kor qilmasa) ularni yotoqlarda tark qilingiz (ular bilan bir joyda yotmang, yaqinlashmang), so‘ngra (ya’ni, shunda ham sizlarga bo‘ysunmasalar), uringlar! Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi boshqa yo‘l axtarmanglar. Albatta, Alloh eng yuksak va buyuk bo‘lgan Zotdir» (Niso: 34).
Ushbu oyat erning o‘z xotiniga nisbatan bosqichma-bosqich tartibda tarbiya berish huquqini ifodalaydi. Bu huquq xotin erning buyrug‘iga bo‘ysunmagan va unga qarshi isyon qilgan holatlarda qo‘llaniladi. Ma’lum shartlar topilganda bu jarayon jismoniy jazolashgacha borib yetishi mumkin.
Qurtubiy rahimahulloh aytadi: «Shuni bilingki, Alloh taolo O‘z Kitobida faqat xotin erga itoatsizlik qilgan holda va og‘ir had jazolari (gunohi kabiralar) uchun urishni ochiq-oydin buyurgan. U Zot erga bo‘ysunmaslikni gunohi kabiralarga tenglashtirib, ustiga ustak bunga hokimlar o‘rniga erlarni mas’ul qilgan. Bu masalani qozilar emas, balki guvoh va dalil talab qilmagan holda erlar ixtiyoriga topshirgan. Bu Allohning erkaklarga xotinlari ustidan bergan ishonchidir».
Oyatdagi «nushuz» itoatsizlik ma’nosidadir, ya’ni: itoatsizligidan va Alloh ularga vojib qilgan erlarga itoat etishdan bosh tortishidan qo‘rqsangiz.
Alloh tarbiyalash uchun bir necha darajalarni belgiladi:
Birinchi daraja: hijronsiz va urishsiz nasihat qilish.
Ayolga Alloh unga vojib qilgan yaxshi hamrohlik va er bilan go‘zal muomalada bo‘lish eslatiladi. Agar muloyimlik va yumshoqlik bilan qilingan nasihat va eslatma foyda bermasa, ikkinchi darajaga o‘tiladi.
Ikkinchi daraja: yotoqda hajr qilish (alohida yotish).
Bu yotoqda unga orqa o‘girish yoki undan alohida to‘shakda yotish bilan bo‘ladi. Lekin u hijronda to‘rt oydan ortiqqa mubolag‘a qilmasligi kerak. Bu xotinini yotoqda tark etishga qasam ichgan kishiga Alloh belgilab bergan muddatdir. Shuningdek, hajr qilishdan maqsad — o‘ch olish va qasos emas, balki tarbiya va tuzatish bo‘lishi kerak.
Uchinchi daraja: Alloh taoloning: «…ularni uringlar», degan so‘ziga binoan yengil shaklda ta’zirini berishni, qattiq urmaslikni anglatadi. Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytdi: «Uni yotoqda hajr qil, agar itoat qilsa (yaxshi), aks holda Alloh senga uni yengil urishgagina ruxsat bergan».
Er esda tutishi kerakki, ayolni urishdan maqsad – uni isloh etish, tarbiyalash va ogohlantirish bo‘lib, boshqa niyat bo‘lmasligi lozim. Shu sababli, u bu ishda o‘ta ehtiyotkor bo‘lishi kerak. Bu turtish yoki shunga o‘xshash harakatlar bilan amalga oshiriladi. Ato aytadi: «Men Ibn Abbosdan: «Yengil urish nima?» deb so‘radim. U zot: «Misvok yoki shunga o‘xshash narsa bilan (ya’ni, misvok bilan urish)», deb javob berdilar».
Hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam ummatiga vasiyatlarida aytganlar:
«Ayollar xususida Allohdan qo‘rqinglar! Zero, siz ularni Allohning omonati ila olgansiz va Allohning kalimasi ila farjlarini o‘zingizga halol qilgansiz. Ularning zimmasidagi haqqingiz – siz yomon ko‘rgan kimsani ostonangizdan hatlatmasliklaridir. Bordiyu shunday qilishsa, ularni qattiq urmanglar» (Abu Dovud, 1905; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Abu Dovud», 1905).
Er ayolning boshI va qorni kabi nozik joylariga va yuziga urishdan saqlanishi lozin. Chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam yuzga urishdan umumiy ravishda qaytarganlar.
Hakim ibn Muoviya Qushayriy otasi roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Ey Allohning Rasuli! Ayollarimizning zimmamizda qanday haqlari bor?» dedim. U zot shunday dedilar: «Yeganingdan yedirasan, kiyganingdan [yoki «topganingdan»] kiydirasan. Yuziga urma. Haqoratlama va uydan boshqa joyda hajr qilma» (Abu Dovud, 2142; Hadis hukmi: «hasan sahih». Manba: «Sahihi Abu Dovud», 2142).
Agar ayol tarbiyaga kelsa va itoatsizlikni tark qilsa, hech qanday holatda uni jazolashda davom etish yoki unga so‘z yoki fe’l bilan zulm qilish joiz emas, Alloh taolo aytganidek:
«Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi boshqa yo‘l axtarmanglar» (Niso: 34).
Sizning muammoingizga kelsak, agarchi biz uning tafsilotlarini va xotiningizni urishingizga, so‘ng u va qizining sizga hujum qilishiga sabab bo‘lgan narsani bilmasak ham, biz shuni tushundikki: siz muammoni boshlab yuborgansiz, ya’ni siz urishni boshlagan, keyin kulish bilan uni g‘azablantirgansiz. Keyin esa undan va uning qizidan xatolar ketma-ket sodir bo‘lgan.
Sizga nasihatimiz shuki, xotiningizni qaytarib, yana bir uyda yashashingiz kerak. Xotiningizga nasihat qilib, unga nimada xato qilganingizni e’tirof etishingiz lozim. Keyin esa uning sizga bo‘ysunmaslik, itoat qilmaslik va urish bilan javob qaytarishi, hamda aytganingizdek, qizini sizga qarshi qo‘zg‘atishda qilgan qilmishi qanchalik katta xato ekanligini unga eslatishingiz kerak.
Qizingizga ham onasining erining uyida mehmon ekanligini, uni uyiga qabul qilgan va unga yaxshilik qilgan kishini hurmat qilishi shart ekanligini tushuntirish kerak. Agar uning mavjudligi ishlarni yanada murakkablashtirsa va muammolarni kuchaytirib, og‘irlashtirsa, unda siz ular bilan kelishib, qizning alohida uyda yashashiga harakat qiling.
Allohdan yordam so‘rang, sabr qiling va xotiningiz bilan yaxshi xulq bilan muomalada bo‘ling. Allohdan sizlarning ishingizni to‘g‘rilashini va qalblaringizni birlashtirishini so‘raymiz.
Alloh Payg‘ambarimiz Muhammadga salavot va salomlar yo‘llasin.
Alloh bilguvchiroq.
Bu javob foydali bo’ldimi?