O'qildi: 55
Noyabr 9, 2025
/ 18 Jumadal-ula 1447
Fatvo mavzusi: Gʻayridinlarni Islomga chaqirish » Masjidul Harom va Masjidun Nabaviy
Savol
Men Islom diniga qiziquvchi g‘ayrimusulmonman va izlanishlarim davomida meni hayratlanlantirgan ba’zi ma’lumotlarga duch keldim. Men Ibrohim va Ismoil Ka’badan barcha butlarni olib tashlashgan, lekin «Iloh» degan bir but qolgani haqida ma’lumot o’qidim. Unda «Alloh» ismi shundan olingan va bu iloh butparastlikda oy xudosi bo‘lgan, uning ramzi hilol bo‘lgan va ramazon oyi oy harakatiga qarab belgilanishi aytilgan. Men bunday din mavjud bo‘lganmi yoki yo‘qmi va Islom haqiqatan ham butparastlik an’anasiga bog‘liqmi, shu haqida bilmoqchi edim.
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Haqiqatni izlayotgan va Islomga qiziqish bildirgan savol beruvchi singlimiz, sizga marhabo deymiz! Allohdan sizga haqni haq qilib ko‘rsatishini, unga ergashish nasib etishini, shayton hamda uning vasvasalaridan, Islom dushmanlarining zalolatlaridan saqlashini so‘raymiz.
Savolingizga javob berishdan oldin, dinning haqiqatini bilish yo‘li uning asl manbalariga murojaat qilish ekanligini eslatmoqchimiz. Islomdagi bu manbalar – Allohning kalomi bo‘lgan Qur’on va Allohdan vahiy qilingan Islom payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir.
Islom dinini o‘rganayotganlar yo‘l qo‘yadigan xatolardan biri ishonchsiz manbalarga yoki g‘arazgo‘y shaxslar va Islom dushmanlarining maqolalariga tayanishdir. Ular odamlar orasida Islomga nisbatan nafrat uyg‘otish va ularni Allohning yo‘lidan ozdirish maqsadida Islom haqida yolg‘on ma’lumotlarni tarqatadilar.
Ka’ba, Ibrohim va Ismoil alayhissalomlar haqidagi savolingizga kelsak, «Ibrohim va Ismoil Ka’badan butlarni olib tashlagan, lekin bitta butni qoldirgan» degan gap juda g‘alati. Bu tarixiy haqiqatlarga zid va aql ham buni qabul qilmaydi. Chunki Ibrohim va Ismoil Ka’bani Allohning amri bilan qurganlari ma’lum. Ular qanday qilib undan butlarni chiqarib, yana birini qoldirishlari mumkin? Ularning o‘zlari qurgan, Allohni zikr qilish, odamlarni tavof qilish va Allohni yolg‘iz deb haj qilishga chaqirish bilan obod qilgan Ka’bada qanday qilib but bo‘lishi mumkin?
Ka’badagi butlar ulardan keyin uzoq yillar o‘tib paydo bo‘lgan. Ba’zi arablar chet elga, kofirlar yurtiga safar qilib, o‘zlari bilan butlarni olib kelib, ularning ba’zilarini Ka’ba atrofiga qo‘yishdi. Keyin mushriklar tomonidan boshqa butlar ham qo‘shildi. Natijada Ka’ba atrofida uch yuz oltmishta but bo‘ldi. Alloh Muhammad sollallohu alayhi vasallamni yuborguncha shunday bo‘ldi. U zot kelgach, tavhid quyoshi porlab, butparastlik zulmatlari yo‘q qilindi. Alloh u zotning qo‘llari bilan mushriklarni yengdi, butlarni sindirdi, Baytul-Haromni pokladi va Ka’bani bobosi Ibrohim Xalil alayhissalom davridagi kabi — tavhid va yolg‘iz Allohga ibodat qilinadigan uyga aylantirdi.
Quyida Qur’on va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hadislaridan Ka’baning qurilishi haqida dalillar keltiriladi.
Alloh taolo aytadi:
«Eslang: Ibrohim: «Ey Parvardigor, bu shaharni tinch shahar qilgin va uning ahllaridan Allohga va Oxirat kuniga ishonuvchilarini turli mevalar bilan rizqlantirgin», deganida, Alloh taolo: «Kofirlarini ham bir oz foydalantirib, so‘ngra do‘zax azobiga duchor qilamanki, bu eng yomon oqibatdir», dedi. Eslang: Ibrohim Ismoil bilan birgalikda Baytullohning poydevorini ko‘tarib (dedilar): «Parvardigoro, bizdan (ushbu qilgan amalimizni) O‘zing qabul ayla. Shubhasiz, Sen eshitguvchi, bilguvchisan! Parvardigoro, bizni O‘zingga bo‘yinsunguvchilardan qilgin va zurriyotimizdan ham O‘zingga itoat qiladigan kishilar chiqargin. Va bizga (qiladigan) iboratlarimizni o‘rgatgin va tavba-tazarru’larimizni qabul et! Shubhasiz, Sen tavbalarni qabul qilguvchi, Rahmlisan. Parvardigoro, ularning orasiga o‘zlaridan bo‘lgan, ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, Kitob va Hikmatni (Qur’on va Hadisni) o‘rgatadigan va ularni poklaydigan bir payg‘ambarni yubor! Shubhasiz, Sen qudrat va hikmat sohibisan» (Baqara: 126-129).
Alloh taolo aytadi:
«(Ey Muhammad alayhis-salot-u vas-salom), eslang, Biz Ibrohimga Baytullohning o‘rnini (o‘sha uyga qarab ibodat qilishi va uni obod qilishi uchun) belgilab berib, (unga shunday degan edik): «Sen Menga biron narsani sherik qilmagin va Mening Baytim — Uyimni tavof qilguvchilar qiyom (ya’ni, namozda tik — g‘oz turish), ruku’, sajda qilguvchilar (ya’ni, o‘sha joyda namoz o‘qiguvchilar) uchun pok tutgin! Va odamlar orasida (yurib ularni) hajga chaqirgin, ular senga (ya’ni, sening da’vatingga javoban) yayov hollarida va yiroq yo‘llardan keladigan oriq-holdan toygan tuyalar ustida kelurlar» (Haj: 26-27).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning sunnatlarida Ka’baning qurilishi haqidagi qissada Ibn Abbos roziyallohu anhu Ibrohim alayhissalomning rafiqasi Hojar va o‘g‘li Ismoil alayhissalom haqida shunday rivoyat qiladilar:
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: «Ayollarning mintaq (*tananing pastki qismiga o‘rab olinadigan izor kabi kiyim. U avvalda xuddi peshband singari xizmat vaqtida kiyiladigan ayollar kiyimi bo‘lgan) tutishi birinchi bo‘lib Ismoilning onasi tarafidan bo‘lgan. U izini Soraga ko‘rsatmaslik uchun mintaq tutgan edi. Keyin Ibrohim uni va uning farzandi Ismoilni olib kelib, Baytning yoniga, ulkan daraxt oldiga – masjidning tepa tomonidagi Zamzamning ustiga qo‘ydi. U uni emizar edi. U paytlar Makkada na biror odam, na suv bor edi. Ikkovlarini o‘sha yerga qo‘ydi va oldilariga bir xalta xurmo hamda bir suvdonda suv qo‘ydi. Keyin Ibrohim yo‘lga tushmoqchi bo‘lib, ortiga otlangan edi, Ismoilning onasi unga ergashib: «Ey Ibrohim! Bizlarni na bir inson, na bir narsa bor bu vodiyga tashlab, qayerga ketyapsiz?» dedi. U buni unga bir necha marta aytdi. (Ibrohim) esa unga qaramay turib oldi. (Hojar) unga: «Buni sizga Alloh buyurdimi?» dedi. U: «Ha», dedi. (Hojar:) «U holda U Zot bizni zoye qilmaydi», deb, so‘ng ortiga qaytdi. Ibrohim yo‘lga tushdi. Nihoyat, ular ko‘rmaydigan joyga – dovonga yetganida Bayt tomonga yuzlandi. Keyin qo‘lini ko‘tarib, ushbu so‘zlarni aytib, duo qildi: «Robbimiz, haqiqatda, men o‘z zurriyotimni Baytul Haroming yoniga, giyohsiz vodiyga joylashtirdim, namozni to‘kis ado etishlari uchun, Robbimiz. Bas, O‘zing odamlardan ba’zilarining qalblarini ularga talpinadigan qilgin va ularni mevalardan rizqlantirgin. Shoyad, shukr qilsalar» (Ibrohim: 37). Ismoilning onasi Ismoilni emizib, haligi suvdan icha boshladi. Nihoyat, suvdondagi suv tugagach, chanqay boshladi. O‘g‘li ham chanqadi. (Hojar) uning buralayotganini [yoki o‘zini yerga urayotganini] ko‘rib, bunga qarab turishga chiday olmay, yura boshladi. Safoning o‘sha yerda o‘ziga eng yaqin tog‘ ekanini ko‘rib, uning ustiga chiqib, turdi. Keyin biror kishini ko‘rib qolarmikanman deb, vodiyga qaradi. Hech kimni ko‘rmadi. Safodan tushdi. Nihoyat, vodiyga yetganida ko‘ylagining etagini ko‘tardi-da, og‘ir ahvolga tushgan inson yugurishidek yugura ketdi. Hatto vodiydan o‘tib ketdi. Keyin Marvaga kelib, uning ustiga chiqib turdi va biror kishini ko‘rib qolarmikanman deb qaradi. Hech kimni ko‘rmadi. Yetti marta shunday qildi – Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Odamlarning shu ikkisi (Safo-Marva) orasida sa’y qilishlari shundan», degan edilar. – Marvaning ustiga chiqqanda bir ovoz eshitdi. O‘ziga o‘zi «Jim tur», dedi-da, quloq tutdi, yana eshitdi. «Eshittirib bo‘lding, agar senda biror yordam bo‘lsa…» dedi. Qarasa, Zamzamning o‘rnida farishta turibdi. U tovoni bilan [yoki qanoti bilan] kavladi, nihoyat, suv chiqdi. (Hojar) buni qo‘li bilan mana bunday qilib hovuz qila boshladi. So‘ng suvdoniga suvdan hovuchlab quya boshladi. Har hovuchlab olganidan keyin, u otilib chiqar edi. – Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh Ismoilning onasini rahmatiga olsin, Zamzamni qo‘yib berganida edi, [yoki suvdan hovuchlab olmaganida edi] Zamzam oqar buloq bo‘lar edi», degan edilar. – U undan ichdi va bolasini emizdi. Farishta unga: «Zoye bo‘lishdan qo‘rqmanglar. Chunki mana shu yerda Allohning uyi bo‘ladi, (uni) shu bola va uning otasi quradi. Albatta, Alloh uning ahlini zoye qilmaydi», dedi. Bayt yerdan ko‘tarilgan, xuddi tepalik kabi edi. Sellar kelib, uning o‘ngidan va chapidan olar edi. U ana shu ahvolda ekan, ularning oldiga Jurhumdan (*qadimiy arab sulolalaridan, ular asli yamanlik bo‘lgan) yo‘lovchilar [yoki Jurhumdan bir oila] Kado (*Makkadagi yuqori dovon qirg‘og‘idagi tog‘. Ba’zan mazkur dovonning o‘zi ham shu nom bilan nomlangan) yo‘lidan yurib kelib qolishdi va Makkaning pastiga tushishdi. Ular aylanayotgan qushni qo‘rib qolishdi. «Bu qush suvning ustida aylanyapti. Aniq bilamizki, bu vodiyda suv yo‘q», deyishdi. Bir yo ikki chopar yuborishdi. Qarashsa, suv. Ortga qaytib, ularga suvning xabarini berishdi. Shunda ular kelishdi. Ismoilning onasi suv oldida edi. Ular: «Yoningga tushishimizga izn berasanmi?» deyishdi. U: «Ha, lekin suvda sizlarning haqqingiz yo‘q», dedi. Ular: «Xo‘p», deyishdi – Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ismoilning onasi uns-ulfat istab turganida u (kishi) uni uchratdi», deganlar. – Ular tushishdi va o‘z ahllariga odam yuborishdi. Ular ham bular bilan birga tushishdi. Nihoyat, bu yerda ulardan oilalar paydo bo‘ldi. Bola ulg‘ayib, ulardan arabchani o‘rgandi. Ulg‘ayganda ularni o‘ziga rom qildi va ularga yoqib qoldi. U voyaga yetgach, uni o‘zlaridan bir ayolga uylab qo‘yishdi. (Keyinroq) Ismoilning onasi vafot etdi. Ismoil uylangach, Ibrohim o‘zi tashlab kelgan kishilarni ko‘rgani kelib, Ismoilni topmadi. Ayolidan uni so‘radi. U: «Biz uchun (rizq) izlab chiqib ketgan», dedi. Keyin undan tirikchiliklari va ahvollari haqida so‘ragan edi, «Biz yomon ahvoldamiz. Tangchilik, qiyinchilikdamiz», deb unga shikoyat qildi. U: «Ering kelsa, unga salom ayt. Unga aytginki, eshigining ostonasini o‘zgartirsin», dedi. Ismoil kelgach, nimanidir sezgandek bo‘ldi. «Oldingizga biror kishi keldimi?» dedi. U: «Ha. Shunday-shunday bir chol keldi. Bizdan sen haqingda so‘ragan edi, unga aytdim. Tirikchiligimiz qandayligi haqida so‘ragan edi, mashaqqat va qiyinchilikda ekanimizni aytdim», dedi. «Senga biror tavsiya aytdimi?» dedi. U: «Ha. Senga salom aytishimni buyurdi va aytdiki, eshigingning ostonasini o‘zgartirar ekansan», dedi. «O‘sha mening otam. Menga sendan ajralishni buyuribdilar, ahlingga boraver», dedi-da, uni taloq qildi va ulardan yana bir ayolga uylandi. Ibrohim ulardan uzoqda Alloh xohlagancha yurdi. Keyin ularning oldiga keldi. Yana uni topmadi. Ayolining oldiga kirib, uni so‘radi. «Biz uchun (rizq) izlab chiqib ketgan», dedi u. «O‘zlaring qalaysizlar?» deb undan tirikchiliklari va ahvollari haqida so‘radi. U: «Biz yaxshilik va kengchilikdamiz», dedi va Allohga hamdu sano aytdi. «Yeguligingiz nima?» dedi. «Go‘sht», dedi. «Ichimligingiz nima?» dedi. «Suv», dedi. «Allohim! Ular uchun go‘shtga ham, suvga ham baraka ber», dedi – Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «O‘sha kunda ularda don yo‘q edi. Agar bo‘lganida, ular uchun unga ham duo qilgan bo‘lar edi», deganlar. Shu bois Makkadan boshqa yerda biror kishi faqat shu ikkisini (go‘sht va suvni) yesa, bular unga (mizojiga) to‘g‘ri kelmaydi. – «Ering kelsa, unga salom ayt va unga buyurki, eshigining ostonasini mahkam qilsin», dedi. Ismoil kelgach: «Oldingizga biror kishi keldimi?» dedi. (Ayoli): «Ha, oldimizga bir xushsurat chol keldi – ya’ni uni maqtadi, – mendan sen haqingda so‘ragan edi, unga aytdim. Mendan tirikchiligimiz qandayligi haqida so‘ragan edi, unga yaxshilikda ekanimizni aytdim», dedi. «Senga biror tavsiya aytdimi?» dedi. U: «Ha, senga salom aytdi va senga eshigingning ostonasini mahkam qilishni buyurdi», dedi. «O‘sha mening otam. «Ostona» sensan, menga seni mahkam tutishimni buyuribdilar», dedi u. Keyin (Ibrohim) ulardan uzoqda Alloh xohlagancha yurib, shundan keyin keldi. Ismoil Zamzam yaqinidagi ulkan daraxt oldida o‘qini uchlayotgan edi. Uni ko‘rgach, o‘rnidan turdi. Ikkovlari ota bolaga, bola otaga qiladigan muomalani qilishdi. So‘ngra: «Ey Ismoil, Alloh menga bir ish buyurdi», dedi. U: «Robbingiz buyurganini qiling», dedi. «Menga yordam berasanmi?» dedi. «Sizga yordam beraman», dedi. U bir baland qumtepaga, uning (tepalikning) atrofiga ishora qilib: «Alloh menga mana shu yerga bir uy qurishni buyurdi», dedi. O‘shanda Baytning poydevorlarini ko‘tarishdi. Ismoil tosh keltirar, Ibrohim binoni qurar edi. Oxiri bino ko‘tarilgach, (Ismoil) mana bu toshni olib kelib, uning uchun qo‘yib berdi. (Ibrohim) o‘shaning ustida turib, qurar edi. Ismoil unga toshni olib berib turar edi. Ikkovlari ham «Robbimiz! Bizlardan qabul qil! Albatta, Sen o‘ta eshituvchi, o‘ta biluvchisan», deyishar edi. Ular Baytni aylanasiga qura boshlashdi. Ikkovlari ham «Robbimiz! Bizlardan qabul qil! Albatta, Sen o‘ta eshituvchi, o‘ta biluvchisan» (Baqara: 127), deyishar edi» (Sahihi Buxoriy, 3364).
Ka’baning qurilishi haqidagi tarixiy haqiqatni bayon etganimizdan so‘ng, savolingizda tilga olingan «Alloh» ismini but nomidan kelib chiqqan degan fikrga e’tibor qaratamiz. Bu juda g‘alati va inkor qabul qilib boʻlmaydigan fikrdir. Qanday qilib Yaratuvchi, Birinchi bo‘lgan, Aziz va Jabbor Zotning ismi foyda ham, zarar ham bera olmaydigan, yaratilgan butning nomidan olingan bo‘lishi mumkin?
Alloh taolo mushriklarni malomatlab aytadi:
«(Mushriklar) esa U zotni qo‘yib, biron narsa yarata olmaydigan, (balki) o‘zlari yaralguvchi bo‘lgan, (o‘zgalar u yoqda tursin, hatto) o‘zlariga ham biron ziyon yo foyda berishga ega bo‘lmaydigan va na (birovlarga) o‘lim berishga, na hayot berishga va na qayta tiriltirishga ega bo‘lmaydigan «xudolar»ni ushladilar (ya’ni, o‘shalarga sig‘indilar)» (Furqon: 3).
Alloh taolo aytadi:
«Sizlar Allohni qo‘yib faqat butlarga ibodat qilmoqdasizlar va (ularni «xudolar», deb) yolg‘on to‘qimoqdasizlar. Aniqki, sizlar Allohni qo‘yib ibodat qilayotgan narsalar sizlarga rizqu ro‘z berishga qodir emaslar. Bas, (shunday ekan) sizlar rizqni (yolg‘iz) Alloh dargohidan istanglar va Ungagina ibodat qilinglar, Ungagina shukr qilinglar, (zotan), sizlar Ungagina qaytarilursizlar» (Ankabut: 17).
Alloh taolo Ibrohim alayhissalom haqida so‘zlab, u zot o‘z otasi va qavmi uchun but-sanamlarga sig‘inishni qat’iyan rad etganini shunday bayon qiladi:
«Eslang, u otasiga: «Ey ota, nega sen eshitmaydigan, ko‘rmaydigan va senga biron foyda yetkaza olmaydigan butga ibodat qilursan?» (Maryam: 42).
Alloh azza va jalla aytadi:
«(Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), ularga Ibrohim xabarini tilovat qiling! O‘shanda u otasi va qavmiga: «Nimaga ibodat qilmoqdasizlar?», deganida, Ular: «But-sanamlarga ibodat qilmoqdamiz. Bas, ularga sodiqligimizcha qolurmiz», dedilar. (Ibrohim) aytdi: «Iltijo qilgan paytlaringizda (butlaringiz) sizlarni(ng iltijolaringizni) eshitdilarmi? Yoki sizlarga foyda yo ziyon yetkaza oladilarmi?!» Ular dedilar: «Yo‘q, bizlar ota-bobolarimizning mana shunday (butlarga ibodat) qilishlarini ko‘rganmiz (shuning uchun bizlar ham butlarga ibodat qilamiz). (Ibrohim) aytdi: «Sizlar ibodat qilguvchi bo‘lgan butlaringiz haqida hech o‘ylab ko‘rdinglarmi? O‘zingiz ham, qadim-qadim ota-bobolaringiz ham (ibodat qilguvchi bo‘lgan butlaringiz haqida hech o‘ylab ko‘rdinglarmi?) Shak-shubhasiz, ular men uchun dushmandir (bas, men ularga ibodat qilmayman), magar barcha olamlar Parvardigorigagina (ibodat qilurman). U meni yaratgandir, bas, O‘zi meni hidoyat qilur» (Shuaro: 69-78).
Alloh taolo u zotning qavmining butlarini sindirgani haqida aytadi:
«Bas, (Ibrohim) asta ularning butlari oldiga kelib: «(Oldilaringizdagi) taomlarni yemaysizlarmi? Nega so‘zlamayapsizlar?!», dedi. So‘ng ularga yaqin kelib, o‘ng qo‘li(dagi bolta) bilan urdi. Bas, (qavmi) uning oldiga shosha-pisha kelishgach, U dedi: «O‘zlaringiz yo‘nib-yasab olgan narsalarga ibodat qilurmisizlar?! Holbuki, sizlarni ham, qilib olgan butlaringizni ham Alloh yaratgan-ku?!» (Soffot: 91-96).
Ushbu dalillardan keyin ham qanday qilib Ibrohim Ka’ba atrofida butni qoldirdi va «Alloh» ismini but nomidan olingan deyish mumkin?
Shu oʻrinda, «Alloh» ismining ma’nozsi va bu ismning lug’aviy kelib chiqishiga to’xtalamiz.
«Alloh» ismi Arab tilidagi «aliha, ya’lahu» fe’lidan olingan, bu fe’l ibodat bilan birga muhabbat ma’nosini o‘z ichiga oladi. U subhonahu va taolo mo‘minlarning qalblari unga iloh deb e’tiqod qiladigan ma’buddir, ular Uni sevadi, ulug‘laydi, Undan qo‘rqadi va Unga umid qiladi.
Islomning butparastlik va yulduzlarga sig‘inish bilan bog‘liqligi haqidagi oxirgi savolingizga kelsak, bu hayratga soladigan va ajablanarli narsadir. Islom Allohni yolg‘iz deb, sheriksiz ibodat qilish bilan keldi, Islom butparastlikka qarshi kurashish va uni yo‘q qilish uchun keldi, qanday qilib u butparastlik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin?
Ehtimol, muhtarama so‘rovchi, Qur’onda hudhud qushining tavhid qissasini o‘qirsiz, u o‘z Robbisini tanigan va yulduzlarga sig‘inishni inkor qilgan, Alloh u haqda, u Sulaymon alayhissalomga o‘sha vaqtdagi Yaman malikasi haqida xabar berayotganda aytgan:
«So‘ng uzoqqa qolmay (hudhud kelib) dedi: «Men sen ogoh bo‘lmagan narsadan ogoh bo‘ldim va senga Saba’ (shahri)dan aniq bir xabar keltirdim. Darhaqiqat, men bir ayolni ko‘rdim. U ularning malikasi ekan. Unga barcha narsadan ato etilgan bo‘lib, katta taxti ham bordir. Men u va uning qavmi Allohni qo‘yib, quyoshga sajda-ibodat qilayotganlarini ko‘rdim». Shayton ularga (qilayotgan) amallarini chiroyli ko‘rsatib, ularni (Haq) yo‘ldan to‘sib qo‘ygandir. Bas, ular (Haq yo‘lga) hidoyat topmaslar. (To) Allohga sajda qilmagunlaricha. (Alloh) osmonlar va Yerdagi barcha sirlarni oshkor qiladigan hamda sizlar yashiradigan va oshkor qiladigan barcha narsalarni ham biladigan Zotdir. «Alloh — hech qanday iloh yo‘q, magar Uning O‘zigina bordir. U ulug‘ Arsh Egasidir» (Naml: 22-26).
Shuningdek, Ibrohim alayhissalomning qavmining yulduzlar, quyosh va oyga sig‘inishini inkor qilgan qissasi Qur’oni Karimda An’om surasida keltirilgan.
Ramazon ro‘zasining oy bilan bog‘liqligi esa, bu biz oyga sig‘inamiz degan ma’noni anglatmaydi, balki oyni yaratgan Zot insoniy ehtiyojlar va ibodatlar uchun oylarni vaqt o‘lchovi qilib belgilagan. Biz Allohga ro‘za tutish uchun ramazon oyining hilolini ko‘rishga harakat qilamiz, keyin ibodatning tugashi uchun kelasi oyning hilolini ko‘rishga harakat qilamiz. Shuningdek, haj kunlarini va boshqa ibodatlarni aniqlashda ham shunday qilamiz.
Ushbu bayon bilan sizga chalkash bo‘lgan narsalarni tushuntirgan, noaniqlik va mavhumlik yo‘qolgan bo‘lishini umid qilamiz. Bu masala juda jiddiyligini angling. Alloh nazdida din – Islom, U buni bandalari uchun tanlagan va ulardan boshqasini qabul qilmaydi. Keling, haq dinga va hidoyat shariatiga, Robbingizdan sizga nozil bo‘lgan narsaga ergashing. Alloh mo‘minlar bilan birgadir.
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?