O'qildi: 73
Oktabr 23, 2025
/ 1 Jumadal-ula 1447
Fatvo mavzusi: Taqiqlangan savdolar
Savol
Sizning fikringizcha, «bay’u tasrif» (realizatsiyaga mol sotib olish) savdosi va chet eldan keltirilgan tovarlarni do‘konga yetib kelmasidan oldin sotishning islomiy hukmi qanday?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Bu savolda ikkita masala ko‘tarilgan.
1. Realizatsiyaga mol olish hukmi
Birinchi savol: «bay’ at-tasrif» savdosining hukmi qanday? (Bay’ut tasrifni bizning diyorlarda «realizatsiya» deb atashadi – tarj.).
Buning shakli shunday: sotuvchi: «Men sizga bu molni sotdim, agar bu molning bir qismini sotsangiz, sotilganiga koʻra foydangizni olasiz. Sotilmay qolganini esa menga qaytarasiz», deydi. Bu turdagi bitim taqiqlangan, chunki u noaniqlikka (majhullikka) olib boradi. Na sotuvchi, na xaridor bu molning qanchasi sotilishini bilmaydi, demak, masala noaniqlik (majhullik) bilan yakunlanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oqibati noma’lum savdodan, ya’ni g‘arar savdosidan qaytarganliklari sobit bo‘lgan, bu bitim esa g‘ararning oʻzginasidir.
Ammo, agar ikki tomon bitim tuzishi kerak bo‘lsa, tovar egasi boshqa tomonni tovarni sotish uchun o‘z vakili etib tayinlashi va unga bu vakillik uchun haq belgilashi lozim. Shunday qilib, har ikki tomonning maqsadi amalga oshadi. Ikkinchi tomon birinchisining haq evaziga vakili bo‘ladi va bunda hech qanday zarar yo‘q.
2. Oʻzida yoʻq molni sotish hukmi
Molni kelishidan oldin sotishga kelsak, bu ham joiz emas, chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam savdogarlar molni sotib olingan joyda turgan holda, o‘z joylariga olib kelmagunlaricha sotishdan qaytarganlar. Avval molni qo‘lga kiritish, keyin sotish kerak. Boshqa shaharda bo‘lgan molning sog‘-salomat yetib kelish-kelmasligi noma’lum bo‘lsa, uni sotish joiz emas.
Agar kimdir: «Xaridor molning holatidan qat’i nazar, uning qiymati pasayadimi yoki yo‘qmi, olishga rozi» desa, biz aytamiz-ki, hattoki xaridor rozi bo‘lsa ham bu baribir joiz emas! Chunki u bu shartga foyda umidida rozi bo‘lishi mumkin, keyin agar qiymat pasaysa afsuslanadi va pushaymon bo‘ladi. Ehtimol, u bilan sotuvchi o‘rtasida nizo kelib chiqar. Shariat – Allohga hamdlar bo‘lsin – pushaymonlik, janjal va nizoga olib boradigan har bir yo‘lni to‘sib qo‘ygan. Shuningdek, agar tovarlar yo‘qolsa, ikki tomon o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelishi mumkin. Muhimi, molni sotuvchining manziliga yetib kelmasdan oldin sotish joiz emas. Molni qoʻlga kiritgandan keyingina tasarruf qilish mumkin.
Bu javob foydali bo’ldimi?