O'qildi: 100
Oktabr 10, 2025
/ 18 Rabiul-oxir 1447
Fatvo mavzusi: Roʻzani qasddan buzish kafforati
Savol
Ramazon oyining kunduz kunlarida xotinim bilan bir necha marta jinsiy aloqada bo‘ldim va bu qilmishimdan chuqur afsus chekmoqdaman. Ramazon kunduzi jinsiy aloqa qilishning kafforati qul ozod qilish ekanligini bilib oldim, ammo qul ozod qilish uchun mablag‘im yetarli emas. Ishim tufayli ketma-ket ikki oy ro‘za tutish men uchun juda mushkul. Hadisda aytilganidek, buning o‘rniga oltmishta miskinga taom bersam, joiz bo‘ladimi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Sizga maslahatim shunday, salqin yoki mo‘tadil kunlarda – kunduzi qisqaroq va mashaqqati kamroq paytda, yoki yillik mehnat ta’tilingiz vaqtida va shunga o‘xshash burchingizni ado etishga qulay fursatlarda ikki oy ketma-ket ro‘za tutishni sinab ko‘ring. Agar haqiqatan ro‘za tutishga ojiz bo‘lsangiz, u holda oltmishta miskinga taom berish joiz bo‘ladi. Ularga oziq-ovqatni imkoningizga qarab bo‘lib-bo‘lib, to‘liq miqdorga yetguncha tarqating. Agar xotiningiz Ramazon oyida siz bilan jinsiy aloqaga rozi bo‘lgan bo‘lsa, u ham xuddi shunday kafforat oʻtashi lozim. Agar jinsiy aloqa turli kunlarda sodir bo‘lgan boʻlsa, bu muborak oyning muqaddasligini buzgan har bir kuningiz uchun alohida kafforat oʻtashingiz vojib boʻladi.
«Kifayat at-tolib» muallifi aytadi: « Kunlar soni ko‘payishi bilan kafforat ham ko‘payadi, lekin bir kunda takrorlansa, ulamolarning yakdil fikriga koʻra kafforat ko‘paymaydi».
Hoshiyati Dusuqiy kitobida aytiladi: «Bir kunda bir necha marta ovqatlansa yoki jinsiy aloqa qilsa ham kafforat ko‘paymaydi», deyilgan.
«Mug‘niy al-muhtoj» muallifi aytadi: «Roʻzani buzish soni ko‘payishi bilan kafforat ham ko‘payadi… (Kim ikki kun jinsiy aloqa qilsa, ikki kafforat talab qilinadi), chunki har bir kun mustaqil ibodatdir, shuning uchun ularning kafforatlari birlashmaydi… Agar jinsiy aloqa o‘sha kunning o‘zida takrorlansa, kafforat ko‘paymaydi» (Iqtibos tugadi).
Alloh hech kimni toqatidan ortiq narsaga majbur qilmaydi. Savolingizda ishora qilgan hadisga kelsak:
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida o‘tirgan edik. To‘satdan bir kishi u zotning oldilariga kelib: «Ey Allohning Rasuli! Halok bo‘ldim!» dedi. «Senga nima bo‘ldi?» dedilar. U: «Ro‘zador holimda ayolimga yaqinlik qilib qo‘ydim», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qul ozod qilishga imkoning bormi?» dedilar. U: «Yo‘q», dedi. «Ketma-ket ikki oy ro‘za tuta olasanmi?» dedilar. «Yo‘q», dedi. «Oltmishta miskinni taomlantirishga imkoning bormi?» dedilar. «Yo‘q», dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam turib qoldilar. Ana shu holatda ekanimizda Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bir savatchada xurmo keltirildi. «Haligi savol beruvchi qani?» dedilar. U: «Men», dedi. «Buni ol-da, sadaqa qil», dedilar. Haligi kishi: «O‘zimdan ham faqirroqqami, ey Allohning Rasuli? Allohga qasamki, ikki toshloq – ya’ni, ikki harra* – orasida mening oilamdan ko‘ra faqirroq oila yo‘q», dedi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam kulib yubordilar, hatto oziq tishlari ko‘rindi, so‘ngra: «Uni ahlingga yedirgin», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 1936).
*Hadisdagi «Harra» so‘zi aslida qotib qolgan vulqon lavasidan hosil bo‘lgan qora toshli joyni anglatadi. Madina ana shunday ikki toshloq orasida joylashgan edi. «Ikki toshloq orasida» degani Madinaning u chekkasi bilan bu chekkasi orasida deganidir.
Imom Ahmadning mo’minlar onasi Oisha roziyallohu anhodan keltirgan rivoyatida: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hassonning baland qal’asi soyasida o‘tirganlarida bir kishi kelib: «Halok bo‘ldim, Yo Rasulalloh!» dedi. U zot: «Senga nima bo‘ldi?» deb soʻradilar. Haligi kishi: «Ro‘zador holimda xotinim bilan jimo’ qildim», dedi. Oisha onamiz aytdilar: «Bu voqea Ramazon oyida yuz bergan edi». Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «O‘tir», dedilar. U majlisning chetiga o‘tirdi. Shu payt bir kishi eshakda xurmo xaltasini olib kelib: «Yo Rasulalloh, bu mening sadaqam», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Hozirgina halok bo‘lganini aytgan kishi qani?» dedilar. U: «Mana, men shu yerdaman, yo Allohning Rasuli», dedi. U zot: «Mana buni olib, sadaqa qil», dedilar. U: «O‘zimdan boshqa kimga sadaqa beray, yo Allohning Rasuli? Sizni haq bilan yuborgan Zotga qasamki, na menda, na oilamda biron narsa bor», dedi. Shunda u zot: «Unday bo‘lsa, o‘zing ol», dedilar va u oʻzi oldi» (Musnad, 26359; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Shuayb Arnaut taxriji», 26359).
Alloh subhanahu va taolodan gunohlarimizni va ishimizdagi isrofimizni kechirishini hamda bizning tavbamizni qabul qilishini so‘raymiz, Zero, U Tavbalarni qabul qiluvchi, Rahmli Zotdir.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun (12329), (222485), (106532), (93109), (106535), (22960) raqamli fatvolarga qarang.
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?