O'qildi: 131
24.01.2026
/ 5 Shaban 1447
Fatvo mavzusi: Nafl roʻzalar » Sha’bon oyi
Savol
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har oyda uch kun roʻza tutar edilar. Baʼzida buni keyinga qoldirar, hattoki bir yillik roʻzasi toʻplanib qolardi. Gohida esa, Shaʼbon oyida roʻza tutguncha kechiktirardilar» hadisining rivoyat zanjiri qanday?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Javobning qisqacha mazmuni:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har oyda uch kun roʻza tutar edilar. Baʼzida buni keyinga qoldirar, hattoki bir yillik roʻzasi toʻplanib qolardi. Gohida esa, Shaʼbon oyida roʻza tutguncha kechiktirardilar» hadisi zaifdir.
Moʻminlar onasi Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, u kishi aytdilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har oyda uch kun roʻza tutar edilar. Baʼzida buni keyinga qoldirar, hattoki bir yillik roʻzasi toʻplanib qolardi. Gohida esa, Shaʼbon oyida roʻza tutguncha kechiktirardilar» (Tabaroniy, «Muʼjam al-avsat», 2098; U aytadi: «Bizga bu hadisni Ahmad rivoyat qildi, u Ali ibn Harb al-Jundisaburiydan, u esa Sulaymon ibn Abu Havzadan, u Amr ibn Abu Qays Muhammad ibn Abdurahmon ibn Abu Laylodan, u akasi Isodan, u esa otasi Abdurahmondan, u Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qildi, u kishi aytdilar», deya hadisni zikr qildi. Soʻngra: «Bu hadis Abdurahmon ibn Abu Laylodan faqat shu isnod bilan rivoyat qilingan, uni Amr yolgʻiz oʻzi rivoyat qilgan». Iqtibos tugadi.
Bu isnod Muhammad ibn Abdurahmon ibn Abu Laylo – mashhur faqih – sababli zaifdir. Imom Ahmad u haqida: «Xotirasi yomon, hadisida iztirob bor edi», degan. Shuʼba aytadi: «Ibn Abu Laylodan koʻra xotirasi yomonroq biror kishini koʻrmadim». Ali ibn al-Madiniy aytadi: «Xotirasi yomon, hadisi zaif edi». Shuning bois, ahli ilmlar uning bu hadisini zaif sanaganlar.
Haysamiy rahimahulloh dedi: «Hadisning rivoyat zanjirida Muhammad ibn Abu Laylo boʻlib, u kishiga oid mulohazalar bor». Iqtibos tugadi («Majmaʼ az-zavoid», 3/195).
Hofiz Ibn Hajar rahimahulloh dedi: «Ibn Abu Laylo zaif roviy sanaladi. Ushbu bobdagi va undan keyingi bobdagi hadislar uning rivoyatlarining zaifligini yaqqol koʻrsatib beradi». Iqtibos tugadi («Fathul Boriy», 4/252).
Shavkoniy rahimahulloh dedi: «Uning isnodida Ibn Abu Laylo bor va u zaif roviydir». Iqtibos tugadi («Nayl al-avtor», 4/332).
Ulamolar Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Shaʼbon oyining koʻp qismida roʻza tutishlari hikmatini keng muhokama qilganlar va bu borada turli fikrlarni bildirganlar. Ushbu izohlardan biri yuqorida keltirilgan fikr boʻlib, uning dalili sahih emas. Ehtimol, uni birinchi boʻlib Ibn Battol oʻzining «Sahih al-Buxoriy» sharhi (4/115)da naql qilgan va boshqa qarashlarni ham keltirgan. Hofiz Ibn Hajar bu fikrlarni naql qilgan, ularga qoʻshimchalar kiritgan va soʻngra shunday degan:
«Bu masalada eng maʼquli avvalgilardan koʻra sahihroq hadisda kelgan rivoyatdir. Buni Nasoiy va Abu Dovud rivoyat qilgan boʻlib, Ibn Xuzayma uni sahih deb tasdiqlagan.
Usoma ibn Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Men: «Ey Allohning Rasuli, oylardan birortasida Shaʼbondagidek roʻza tutganingizni koʻrmadim?» dedim. U zot sollallohu alayhi vasallam shunday javob berdilar: «Bu shunday oyki, odamlar Rajab va Ramazon orasida undan gʻaflatda qoladilar. Vaholanki, u amallar Olamlar Robbisi huzuriga koʻtariladigan oydir. Men esa amalim roʻzador holimda koʻtarilishini yaxshi koʻraman» (Nasoiy, 2678; Hadis hukmi: «hasan». Manba: «Sahihi Nasoiy», 2356). Iqtibos tugadi («Fathul Boriy», 4/215).
Manba: Islom savol va javob
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?