O'qildi: 53
Oktabr 5, 2025
/ 13 Rabiul-oxir 1447
Fatvo mavzusi: Bidʼat — dindagi yangiliklar » Shariat manbalari
Savol
Musulmonlar uchun yarim oy va yulduz ramzi nimani anglatadi? Saytingiz va kutubxonamdagi manbalarni titkilab, Usmonlilar imperiyasi bayrog‘iga havoladan boshqa hech narsa topmadim. E’tiboringiz uchun rahmat.
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Islom shariatida yarim oy yoki yulduzlarni musulmonlarga xos belgi sifatida qabul qilishga asos yo‘q. Bu narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida ham, xulafoi roshidinlar davrida ham, hatto umaviylar davrida ham ma’lum emas edi. U keyinchalik paydo bo‘lgan va tarixchilar uning birinchi paydo bo‘lishi va undan birinchi bo‘lib kim foydalangani haqida turli fikrlarni bildirishgan. Ba’zilar forslar deydi, ba’zilar yunonlar deydi, so‘ngra ba’zi hodisalar tufayli musulmonlarga o‘tgan (Kattoniy: «At-Tarotib al-idoriya», 1/320).
Aytishlaricha, hilolni ta’yin qilishlarining sababi shuki, musulmonlar G‘arb mamlakatlarini fath qilganlarida, ularning cherkovlari tepasiga xochlar qo‘yilgan va musulmonlar bu xochlarni hilol bilan almashtirganlar, shuning uchun ham u keng tarqalgan. Nima bo‘lganda ham, belgilar va bayroqlar shariatga muvofiq bo‘lishi kerak va uning mashru’ligiga dalil yo‘qligi sababli, uni tark etish afzalroqdir.
Yarim oy ham, yulduz ham musulmonlarning ramzi emas, garchi ba’zi musulmonlar uni qabul qilgan bo‘lsalar ham. Musulmonlarning Oy va yulduzlar haqidagi e’tiqodlariga kelsak, ularni Alloh azza va jalla yaratgan. Ular foyda ham, zarar ham keltirmaydi va o‘z-o‘zidan yerdagi hodisalarga ta’sir qilmaydi. Alloh ularni insonlarga manfaat berish uchun yaratgan. Alloh azza va jalla aytadi:
«Sizdan hilollar — yangi chiqqan oylar haqida so‘rashadi. Ayting: u (oylar) odamlar va haj uchun vaqt o‘lchovlaridir» (Baqara: 189).
Ibn Kasir rahimahulloh «Ayting: u (oylar) odamlar va haj uchun vaqt o‘lchovlaridir» jumlasining ma’nosini quyidagicha izohlaydi: « Odamlar ulardan o‘z dinlaridagi ishlarning halolligini, ayollarining iddasini va haj vaqtini aniqlashda foydalanadilar… Alloh ularni musulmonlarning ro‘zasi va iftori, ayollarining iddasi va qarzlarining muddati uchun vaqt o‘lchovlari qilib qo‘ydi» (Ibn Kasir tafsiri).
Qurtubiy rahmatullohi alayh oyatni tafsir qilib shunday deydi: «Oyning koʻpayishi va kamayishidagi hikmati shuki, muddatlar, muomalalar, qasamlar, haj, idda, ro‘za va iftor, homiladorlik muddati, ijara haqi… hamda boshqa masalalarni insonlar manfaati yo‘lida hal qilishdir. Shunga o‘xshash Alloh taoloning quyidagi gapi ham bor:
«Biz kecha va kunduzni ikki belgi — alomat qilib qo‘ydik. (Hech narsa) ko‘rinmas qorong‘ilikni kechaning alomati qildik. Kunduz alomatini esa, Parvardigoringizdan fazlu marhamat (ya’ni, rizqu ro‘z) istashlaringiz uchun hamda yillar sanog‘ini va hisob-kitobni bilishlaringiz uchun yorug‘lik qilib qo‘ydik» (Isro: 12)…
Yana ushbu oyati:
«U (Alloh) quyoshni (kunduzlari) ziyo sochguvchi, oyni esa (kechalari) nur — yorug‘lik qilgan va sizlar yillarning sanog‘ini hamda (vaqtlarning) hisobini bilishlaringiz uchun uni (ya’ni, oyni bir qancha) manzil-burjlarga bo‘lib qo‘ygan Zotdir» (Yunus: 5).
Oylar bilan hisoblash kunlarni sanashdan osonroqdir» (Qurtubiy tafsiri).
Yulduzlar haqida islom ulamolari shunday deganlar: «Alloh taolo bu yulduzlarni uch maqsadda: osmonning ziynati, shaytonlarni daf qilish uchun va yo‘l ko‘rsatuvchi belgilar bo‘lishi uchun yaratgan» (Sahihi Buxoriy, «Bad’ul-xolq» kitobi).
Alloh taolo aytganidek:
«U quruqlik va dengiz zulmatlarida yo‘l topishingiz uchun sizlarga yulduzlarni yaratib qo‘ygan Zotdir» (An’om: 97).
Alloh taolo yana aytadi:
«Darhaqiqat, Biz eng yaqin osmonni chiroqlar (yulduzlar) bilan bezadik va ularni shaytonlarga otiladigan toshlar qilib qo‘ydik. Biz ular (shaytonlar) uchun (Oxiratdagi) olov-do‘zax azobini ham tayyorlab qo‘ygandirmiz» (Mulk: 5).
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?