O'qildi: 29
Oktabr 5, 2025
/ 13 Rabiul-oxir 1447
Fatvo mavzusi: Tushlar
Savol
Yaqinda men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning tashqi ko‘rinishlari haqida o‘qib, xayolimda bir tasavvur yaratdim. Keyin tushimda shu tasavvurimga o‘xshash bir insonni ko‘rdim. U nima deganini aniq eslay olmayman, lekin xavotirdaman, chunki men yaxshi koʻradigan ba’zi musulmon birodarlarim meni tushlarida ko‘rishini aytgan bo‘lishi mumkin. Ilgari ularning uyida gunoh ish qilib qo‘ygan edim va bu tushdan oldin ular buni tush orqali bilib qolisharmikan, deb doim xavotirda yurardim. Men bu tushda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni ko‘rganimga qanday ishonch hosil qilishim mumkin? Bu meni juda tashvishga solmoqda. Bundan tashqari, yaqinda yana bir tush ko‘rdim, unda yana Payg‘ambar alayhissalomni ko‘rgandek bo‘ldim. U zot Ramazon oyida Jabroil alayhissalomga Qur’on tilovat qilayotgan edilar. Zayd roziyallohu anhu va Hamza roziyallohu anhu ham u yerda edilar. Hamza roziyallohu anhu Uhud jangida shahid bo‘lganlari uchun u yerda bo‘lishlari mumkin emasligini bilaman. Rostdan ham men tushimda ko‘rgan zot Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam edimi? Buni qanday aniqlashtirib olishimiz mumkin? Vassalamu alaykum va rahmatulloh.
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Ey musulmon birodar, quyida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sifatlari bayon qilingan hadislarni e’tiboringizga havola qilamiz. Agar tushingizda ko‘rgan zot ushbu sifatlarga mos kelsa, demak siz chindan ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rgan bo‘lasiz, chunki:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Ismimni qo‘yinglar, lekin kunyam bilan kunyalanmanglar. Kim meni tushida ko‘rsa, aniq meni ko‘ribdi, chunki shayton mening suratimga kira olmaydi. Kim mening ustimdan qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdan o‘rnini egallayversin» (Sahihi Buxoriy, 6197).
Rabi’a ibn Abu Abdurrahmondan rivoyat qilinadi: «Men Anas ibn Molikning Nabiy sollallohu alayhi vasallamni vasf qila turib, bunday deganini eshitdim: «U zot qavmda o‘rta bo‘yli bo‘lib, novcha ham, pakana ham emasdilar. Bug‘doyrang edilar, o‘ta oppoq ham, o‘ta qora ham emasdilar. Juda jingalaksoch ham, silliqsoch ham emasdilar, taram-taram sochli edilar. Qirq yoshdaliklarida u zotga vahiy nozil qilindi. Makkada o‘n yil, Madinada o‘n yil turdilar, shu vaqtda u zotga vahiy nozil qilinib turdi. Soch-soqollarida yigirmata ham oq tola yo‘q edi». U zotning sochlarida qizg‘ish tolalar ko‘rdim. Keyin so‘ragan edim, «Xushbo‘ylik sababli qizargan», deyishdi» (Sahihi Buxoriy, 3547).
Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rta bo‘yli edilar, yelkalari keng, sochlari qalin bo‘lib, quloqlarining yumshog‘iga tushib turardi. Egnilarida qizil hulla bo‘lardi. U zot sollallohu alayhi vasallamdan ko‘rkamroq hech kimni ko‘rmaganman» (Sahihi Muslim, 2337).
Ali aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam na baland bo‘yli, na past bo‘yli edilar. Qo‘l va oyoq kaftlari yo‘g‘on edi. Boshlari katta, bo‘g‘imlari yirik, ko‘kraklaridan kindikkacha mayin tuklari bor edi. Yurganlarida xuddi qiyalikdan tushayotgandek oldinga engashib yurardilar. Men undan oldin ham, keyin ham u zotga o‘xshagan kishini ko‘rmaganman» (Termiziy, 3637; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Termiziy», 3637).
Jobir ibn Samura roziyallohu anhumo aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning og‘izlari keng, ko‘zlari katta, tovonlarining esa go‘shti oz edi». (Roviy) Shu’ba aytadi: «Simokka «Zali’ul-fam» nima degani?» dedim. «Og‘zi katta» dedi. «Ashkalul-’ayn nima?» dedim. «Ko‘zlarining kesimi uzun», dedi. «Manhusul-aqib nima?» dedim. «Tovonlarining go‘shti kam», dedi» (Sahihi Muslim, 2339).
Birodarlaringizning uyida qilgan gunohingiz uchun Alloh taologa tavba qiling. Agar ularning haq-huquqlarini poymol qilgan bo‘lsangiz, uni ularga qaytaring. Shubhasiz, Alloh taolo mag‘firatli va rahmli Zotdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?