O'qildi: 32
Oktabr 5, 2025
/ 13 Rabiul-oxir 1447
Fatvo mavzusi: Meros masalalari
Savol
Inson kuyovi bilan yuzaga kelgan muammolar tufayli qizlaridan birini merosdan mahrum qilishi joizmi-yo‘qmi, shuni bilmoqchi edim. Bu uning qizlaridan birini merosdan mahrum etish uchun asosli sabab bo‘la oladimi? O‘nta farzandi bor odam ularning biriga boshqalariga qaraganda ko‘proq meros bera oladimi? Masalan, hayotlik paytida o‘sha farzandining nomiga uy yoki yer-mulkni rasmiylashtirishi mumkinmi? U kishi: «Bu ish harom emas, chunki bu mening mulkim va unga boshqalar aralasha olmaydi», deydi?!
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Bunday vasiyat qilish joiz emas, chunki u shariat talablariga va Alloh belgilagan adolatga ziddir – ayniqsa farzandlar o‘rtasida. Alloh taolo aytadi:
«Erkaklar uchun ota-onalar va qarindosh-urug‘lari qoldirib ketgan merosdan ulush bordir. Ayollar uchun ham ota-onalari va qarindosh-urug‘lari qoldirib ketgan merosdan ulush bordir. Bu ulushlar ozmi-ko‘pligidan (qat’iy nazar) farz qilingan haqlardandir» (Niso: 7).
So‘ngra U Zot yana aytadi:
«Alloh farzandlaringizga (tegishli meros) haqida bir o‘g‘il uchun ikki qiz ulushi barobarida meros berishni amr qilur. Agar merosxo‘rlar ikkidan ortiq qiz bo‘lsa, ularga ular (ota-ona) qoldirgan narsaning uchdan ikkisi, agar yakka qiz bo‘lsa, unga (merosning) yarmi tegur. Agar marhumning farzandi bo‘lsa, qoldirgan merosidan ota-onasining har biriga oltidan biri tegur. Endi agar farzand bo‘lmay, faqat ota-onasi (merosxo‘r) bo‘lsa, u holda onasiga uchdan bir tegur (qolgani otasiga qoladi). Agar uning aka-ukalari bo‘lsa, onasiga oltidan bir tegur, (qolgan qismi otasiga tegadi, zero, marhumning aka-ukalarini yedirib-kiydirish va uylab-joylash otaning zimmasidadir. Bu taqsimotlar) marhum qilgan vasiyat va uning qarzlari ado etilganidan keyin bo‘lur. Ota-onalaringiz va farzandlaringizning qaysi birlari sizlar uchun foydasi teguvchiroq ekanini bilmaysizlar. (Binobarin, o‘zingizga qolsa, meros taqsimotini ham adolat bilan hal qila olmaysiz. Shu boisdan kimga qancha meros tegishi) Alloh tomonidan qat’iy farz qilib qo‘yildi. Albatta, Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan Zotdir» (Niso: 11).
So‘ngra Alloh taolo meros taqsimotida Uning qonunlariga xilof ish qiluvchi va bu masalada o‘ynashadiganlarga quyidagi so‘zlari bilan tahdid qiladi:
«Kim Alloh va Uning payg‘ambariga itoatsizlik qilib Allohning belgilab qo‘ygan hadlariga tajovuz qilsa, uni abadiy qoladigan joyi bo‘lmish do‘zaxga kiritur. Va uning uchun xor qilguvchi azob bordir» (Niso: 14).
Kim farzandlaridan ba’zilarini merosdan mahrum etsa yoki ularga haqqidan kam bersa yoxud ba’zilariga haqqidan ortiq bersa yoki merosxo‘r bo‘lmaganlarga meros bersa, shubhasiz, u osiy, gunohkor va gunohi kabiralarda birini sodir etgan bo‘ladi. Shuningdek, merosxo‘rga vasiyat qilish joiz emas, chunki uning shariat bo‘yicha aniq belgilangan ulushi bor. Buning dalili:
Abu Umoma roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Alloh har bir haq egasiga haqqini berib qo‘ygan. Merosxo‘rga (merosdan biron narsa) vasiyat qilinmaydi», deganlarini eshitganman» (Abu Dovud, 2870; Hadis hukmi: «hasan sahih». Manba: «Sahihi Abu Dovud», 2870).
Agar ba’zi farzandlarning kofirligi shar’iy asosda isbotlansa, masalan, otasi vafotidan so‘ng namozni tark etgan bo‘lsa, vasiyatnomada ko‘rsatilmasa ham meros olmaydi. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlar:
Usoma ibn Zayd roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Musulmon kofirdan, kofir musulmondan meros olmaydi», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 6764).
Shar’iy sababsiz ba’zi farzandlarga boshqalaridan farqli ravishda hadya berish esa harom va zulm hisoblanadi. Bu holat aka-uka va opa-singillar qalbida bir-biriga nisbatan adovat tuyg‘usini paydo qiladi. Buning haromligiga dalil:
Nu’mon ibn Bashirdan rivoyat qilinadi: «Otasi uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib borib: «Men mana bu o‘g‘limga bir g‘ulom tortiq qildim», debdi. Shunda u zot: «Har bir farzandingga ham shunday tortiq berdingmi?» debdilar. U: «Yo‘q», debdi. U zot: «Unda uni qaytar», debdilar» (Sahihi Buxoriy, 2586).
Imom Muslimning rivoyatida:
«Allohga taqvo qilinglar, farzandlaringiz o‘rtasida adolat qilinglar!» dedilar». Otam qaytib kelib, boyagi sadaqani qaytarib oldi». (Sahihi Muslim, 1623).
Yana bir hadisda:
Nu’mon ibn Bashir roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Otam meni ko‘tarib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib bordi va: «Ey Allohning Rasuli, Nu’monga o‘z molimdan falon-falon narsalarni tortiq qilganimga guvoh bo‘ling», dedi. U zot: «Hamma bolalaringga ham Nu’monga tortiq qilganingdek tortiq qildingmi?» dedilar. U: «Yo‘q», dedi. U zot: «Unday bo‘lsa, bunga mendan boshqasini guvoh qil», dedilar. So‘ngra: «Ularning senga yaxshilik qilishda bir xil bo‘lishlari seni xursand qiladimi?» dedilar. U: «Ha», dedi. U zot: «Unday bo‘lsa, yo‘q (ya’ni bo‘lmaydi)», dedilar» (Sahihi Muslim, 1623).
Agar farzandlardan biriga shar’iy sabab bilan, masalan, kambag‘alligi, qarzdorligi yoki davolanish xarajatlari tufayli biror narsa berilsa, buning zarari yo‘q.
Alloh bilguvchiroqdir. Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, u zotning oila a’zolariga va sahobalariga salavot va salomlar yo‘llasin.
Bu javob foydali bo’ldimi?