O'qildi: 31
Oktabr 3, 2025
/ 11 Rabiul-oxir 1447
Fatvo mavzusi: Ayollar bilan suhbat odobi
Savol
Quyidagi holatlarda erkakning ayol bilan gaplashishi joiz degan hukmni eshitdim. Shu to‘g‘rimi? Holatlar: oilasining ahvolini so‘rash, tibbiy maqsadlarda, savdo-sotiq paytida, nikoh uchun tanishish va Islomga da’vat qilish. Bu haqiqatmi va buning dalillari bormi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Begona ayol bilan gaplashishning shar’iy shartlari Alloh taoloning kalomida zikr qilingan:
«Qachon sizlar (payg‘ambar ayollaridan biron narsa so‘rasangizlar) parda ortida turib so‘ranglar! Mana shu sizlarning dillaringizni ham, ularning dillarini ham toza tutguvchiroqdir» (Ahzob: 53).
Shuningdek, Alloh taoloning quyidagi so‘zlarida ham bayon qilingan:
«Bas, sizlar (parda ortidan biron nomahram erkakka javob qilgan paytlaringizda) mayin-nazokatli so‘z qilmanglarki, u holda ko‘nglida maraz-nifoq bo‘lgan kimsa tama qilib qolur. Yaxshi — to‘g‘ri so‘zni so‘zlanglar!» (Ahzob: 32).
Qurtubiy (Alloh u kishini rahmat qilsin) ushbu oyat tafsirida shunday deydi: «Ya’ni, gapni yumshatmanglar. Alloh ularga so‘zlari dangal, gaplari aniq bo‘lishini buyurdi (ya’ni jiddiy shaklda, qisqa, ikkilanmasdan gapirishi kerak) va yumshoqlik ortidan paydo boʻladigan, qalbda bog‘lanish uygʻotadigan shaklda gapirmasligi kerak. Chunki arab ayollaridan ba’zilari erkaklar bilan muloyim ovoz va noziklik bilan gaplashar edilar, bu esa fisq-fasodga moyil ayollar hamda fohishalarning gaplashishiga o‘xshar edi. Shuning uchun ularni bunda soʻzlashishdan qaytardi. «Ko‘nglida maraz-nifoq bo‘lgan kimsa tama qilib qolur» ya’ni buzuqlikka, axloqsizlikka, ishqiy suhbatlarga moyil bo‘ladilar. «Yaxshi — to‘g‘ri so‘zni so‘zlanglar!» — bu shariat ham, odamlar ham inkor etmaydigan to‘g‘ri so‘zdir. Ayol kishi begonalar bilan, shuningdek qarindoshlik sababli mahram bo‘lgan kishilar bilan gaplashganda, ovozini ko‘tarmasdan, aksincha dag‘allashtirishga targ‘ib qilinadi. Chunki ayol kishiga ovozini pasaytirish buyurilgan» Iqtibos tugadi.
Begona ayol bilan suhbatlashish, fatvo so‘rash, savdo-sotiq qilish, uy egasini surishtirish va shu kabi holatlarda zarur bo‘lib, mavzu va uslub jihatidan qisqa bo‘lishi kerak. Ammo begona ayollar bilan suhbatni savolda keltirilgan besh masala bilan cheklash masalasiga kelsak, bu mulohazali masala. Chunki bu masalalar misol sifatida to‘g‘ri bo‘lishi mumkin, ammo cheklov sifatida emas. Bunga qo‘shimcha ravishda, hatto da’vat, fatvo berish, oldi-sotdi va shu kabi zarur holatlarda ham, ular bilan suhbatlashganda shariat talablariga rioya qilish zarur.
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?