O'qildi: 144
08.03.2026
/ 19 Ramazon 1447
Fatvo mavzusi: Eʼtikof masalalari
Savol
Ramazon oyining oxirgi o‘n kunida e’tikof o‘tirish niyatidaman. Masjidga kirish va chiqish vaqtlarini bilmoqchi edim.
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Birinchidan:
Jumhur ulamolar (jumladan, to‘rt imom: Abu Hanifa, Molik, Shofe’iy va Ahmad, rahimahumulloh) Ramazonning oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirmoqchi bo‘lgan kishi e’tikofga yigirma birinchi kechasi quyosh botishidan oldin kiradi, degan fikrga borishgan. Bunga bir necha dalillarni keltirishgan, jumladan:
Bu u zotning kunduzlari emas, kechalari e’tikof o‘tirganlariga dalolat qiladi. Chunki «o‘n» so‘zi kechalarga tegishlidir. Alloh taolo aytadi:
«O‘n kechaga qasam» (Fajr: 2).
Oxirgi o‘n kunlik yigirma birinchi kechadan boshlanadi.
Shunga ko‘ra, e’tikof oʻtiruvchi masjidga yigirma birinchi kechaning quyoshi botishidan oldin kiradi.
Lekin quyidagi hadisda shunday deyilgan:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har Ramazonda e’tikof o‘tirar edilar. Bomdodni o‘qib bo‘lib, e’tikof o‘tiradigan joylariga kirar edilar» (Sahihi Buxoriy, 2041; Sahihi Muslim, 1173).
Ba’zi salaflar ushbu hadisning zohiriga amal qilib, e’tikof o‘tiruvchi bomdod namozidan keyin kiradi, deganlar. Doimiy Qo‘mita ulamolari (10/411) va Shayx Ibn Boz (15/442) shu fikrni qoʻllab quvvatlagan.
Lekin jumhur ulamolar bu hadisga quyidagi ikki javobdan biri bilan e’tiroz bildirganlar:
Birinchisi:
Nabiy sollallohu alayhi va sallam quyosh botishidan oldin e’tikofda bo‘lganlar, lekin e’tikof uchun xoslangan joyga faqat bomdod namozidan keyin kirganlar.
Imom Navaviy aytadilar: «Bomdodni o‘qib bo‘lib, e’tikof o‘tiradigan joylariga kirar edilar» degan so‘zni e’tikofni kunning boshidan boshlaydi, deganlar hujjat qilishgan. Avzo’iy, Savriy va Lays ikki so‘zining birida shunday degan. Molik, Abu Hanifa, Shofe’iy va Ahmad esa: agar bir oy yoki o‘n kun e’tikof o‘tirmoqchi bo‘lsa, quyosh botishidan oldin kiradi, deyishgan. Hadisni esa u zot e’tikof o‘tiradigan joyga kirib, u yerda alohida bo‘lib, bomdod namozidan keyin o‘zlari yolg‘iz qolganlar, deb tafsir qilishgan. Bu e’tikofning boshlanish vaqti emas, balki u zot shomdan oldin masjidning ichida e’tikofda bo‘lganlar, bomdod namozini o‘qigach esa alohida bo‘lganlar, deb tushuntirishgan», iqtibos tugadi.
Ikkinchi javob:
Bu javobni hanbaliylardan Qozi Abu Ya’lo zikr qilib, hadisni u zot sollallohu alayhi va sallam bu ishni yigirmanchi kuni qilganlar, deb tushuntirgan. Sindiy aytadi: «Bu javob mulohazaga ko‘ra foydaliroqdir, shuning uchun u avloroq va e’timodga loyiqroqdir». Iqtibos tugadi.
Shayx Ibn Usaymindan e’tikof qachon boshlanishishi haqida so‘ralganda, u kishi shunday javob bergan:
«Ko‘pchilik ulamolarning fikricha, e’tikof yigirma birinchi kunning tongida emas, yigirma birinchi kechadan boshlanadi. Garchi ba’zi ulamolar Oisha roziyallohu anhoning Sahihi Buxoriyda vorid boʻlgan: «Bomdodni o‘qib bo‘lib, e’tikof o‘tiradigan joylariga kirar edilar» hadisini dalil qilib, e’tikofning boshlanishi yigirma birinchi kunning tongidan boshlanadi, degan fikrga borgan bo‘lsalar-da. Lekin jumhur bunga Rasul alayhissalotu vassalom ertalab odamlardan ajralib chiqqanlar, e’tikof niyati esa kechaning boshidan bo‘lgan, chunki oxirgi o‘n kunlik yigirmanchi kunning quyoshi botishi bilan boshlanadi, deb javob berishgan», iqtibos tugadi («Fatava as-Siyam», 501-bet).
U kishi yana shunday deydi:
«Oxirgi o‘n kunlikda e’tikofni niyat qilgan kishi yigirma birinchi kechaning quyoshi botayotganda e’tikofga kiradi. Chunki bu oxirgi o‘n kunlikning kirish vaqtidir. Bu Oisha onamizning hadisiga zid kelmaydi, chunki bu hadisning lafzlari har xil koʻrinishda kelgan. Shuning uchun lug‘aviy ma’noga eng yaqini olinadi. Bu quyidagi hadisdir:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har Ramazonda e’tikof o‘tirar edilar. Bomdodni o‘qib bo‘lib, e’tikof o‘tiradigan joylariga kirar edilar» (Sahihi Buxoriy 2041; Sahihi Muslim, 1173).
Oisha onamizning: «Bomdodni o‘qib bo‘lib, e’tikof o‘tiradigan joylariga kirar edilar» degan so‘zi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning masjidda qolishi e’tikof joyiga kirishlaridan oldin bo‘lganini taqozo etadi. Chunki «e’tikof o‘tirardilar» degan so‘zi o‘tgan zamon fe’lidir va asl qoidaga koʻra uni haqiqiy ma’nosida ishlatish kerak», iqtibos tugadi («Fatava as-Siyam», 503-bet).
E’tikofdan chiqish vaqtiga kelsak, undan Ramazon oyining oxirgi kuni quyosh botganida chiqiladi.
Shayx Ibn Usaymindan: «E’tikof o‘tiruvchi e’tikofidan qachon chiqadi, hayit kechasi quyosh botgandan keyinmi yoki hayit kuni bomdoddan keyinmi?», deb soʻralganda u kishi shunday javob bergan:
«E’tikof o‘tiruvchi e’tikofidan Ramazon tugagach chiqadi. Ramazon esa hayit kechasi quyosh botishi bilan tugaydi», iqtibos tugadi («Fatava as-Siyam», 502-bet).
Shuningdek, Doimiy qoʻmita ulamolari: «Ramazonning o‘n kunlik e’tikofining muddati uning oxirgi kuni quyosh botishi bilan tugaydi», deganlar. Iqtibos tugadi («Doimiy Qoʻmita fatvolari», 10/411).
Agar u bomdod namozini o‘qiguncha qolib, e’tikof o‘tirgan joyidan hayit namoziga chiqishni tanlasa, buning zarari yo‘q. Ba’zi salaflar shunday qilishni mustahab sanashgan.
Imom Molik rahimahulloh ba’zi ilm ahllarini Ramazonning oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirganlarida, odamlar bilan birga hayitni kutib olmagunlaricha ahllariga qaytmasliklarini ko‘rgan. U kishi: «Bu menga o‘tmishdagi fazilatli odamlardan yetib kelgan va men bu haqda eshitganlarimning eng suyuklisidir», deganlar.
Imom Navaviy aytadi: «Imom Shofe’iy va uning as’hoblari aytadilar: Kim Ramazonning oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirishda Nabiy sollallohu alayhi va sallamga iqtido qilmoqchi bo‘lsa, undan biror narsani o‘tkazib yubormaslik uchun yigirma birinchi kechasi quyosh botishidan oldin masjidga kirishi va oy to‘liq yoki kam bo‘lishidan qat’i nazar, hayit kechasi quyosh botganidan keyin chiqishi kerak. Afzali, hayit kechasi masjidda qolib, u yerda hayit namozini o‘qishi yoki agar hayitni masjiddan tahqaridagi namozgohda o‘qishsa, hayit namozi uchun namozgohga chiqishidir», iqtibos tugadi («Majmu’», 6/323).
Agar e’tikof oʻtiruvchi e’tikofidan keyin to‘g‘ridan-to‘g‘ri hayit namoziga chiqsa, namozga chiqishdan oldin g‘usl qilib, ziynatlanishi mustahabdir. Chunki bunday qilish hayit sunnatlaridandir. Buning tafsiloti uchun 36442-raqamli savolga murojaat qiling.
Allloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?