O'qildi: 186
24.01.2026
/ 5 Shaban 1447
Fatvo mavzusi: Nafl roʻzalar » Sha’bon oyi
Savol
Shaʼbonning ikkinchi yarmidan keyin roʻza tutish joizmi? Chunki Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam Shaʼbonning yarmidan keyin roʻza tutishdan qaytarganlarini eshitganman.
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Javobning qisqacha mazmuni:
Shaʼbon oyining ikkinchi yarmida roʻza tutish makruh yoki harom ekani sababli qaytariladi, faqat roʻza tutishni odat qilgan yoki oyning birinchi yarmidan boshlab uzluksiz roʻza tutib kelayotgan kishilar bundan mustasno. Bunday cheklovning hikmati shundaki, ketma-ket roʻza tutish Ramazon oyidagi roʻza tutishdan zaiflashtirib qoʻyishi mumkin.
Javob:
Abu Hurayradan shunday rivoyat qilgan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Shaʼbon yarmiga yetsa, roʻza tutmanglar», deganlar» (Abu Dovud, 2337; Termiziy, 738; Ibn Moja, 1651; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Abu Dovud», 2337).
Bu hadis Shaʼbon oyining ikkinchi yarmida, yaʼni oʻn oltinchi kundan boshlab roʻza tutishdan qaytarishga dalolat qiladi.
Biroq, roʻza tutishning joizligiga dalolat qiluvchi rivoyatlar ham kelgan. Jumladan:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramazondan bir ikki kun oldindan roʻza tutib olmanglar. Lekin bir kishining tutib yurgan (odat) roʻzasi boʻlsa, uni tutaversin», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 1914; Sahihi Muslim, 1082) .
Ushbu hadis Shaʼbon oyining oʻn beshinchi kunidan keyin roʻza tutishga odatlangan kishi uchun joiz ekaniga dalolat qiladi. Masalan, dushanba va payshanba kunlari roʻza tutishga odatlangan kishi yoki bir kun roʻza tutib, bir kun ogʻzi ochiq yuradigan kishi va shunga oʻxshashlar.
Oisha roziyallohu anho rivoyat qiladilar, u kishi aytdi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Shaʼbonning (deyarli) hammasini roʻza tutib oʻtkazardilar. Shaʼbonning bir necha kunida roʻza tutmasdilar, xolos» (Sahihi Buxoriy, 1969; Sahihi Muslim, 1156; Muslimning lafzi).
Imom Navaviy aytadi: «Oisha onamizning: «Shaʼbonning (deyarli) hammasini roʻza tutib oʻtkazardilar. Shaʼbonning bir necha kunida roʻza tutmasdilar, xolos» degan soʻzida ikkinchisi birinchisini izohlab, «hammasi» degan soʻzdan maqsad «aksariyati» ekanini bayon qiladi». Iqtibos tugadi.
Ushbu hadis Shaʼbon oyining oʻn beshinchi kechasidan keyingi kunlarda ham roʻza tutish joizligini koʻrsatadi. Biroq, bu hukm faqat oyning birinchi yarmidan boshlab uzluksiz roʻza tutib kelayotganlarga taalluqlidir.
Shofeʼiylar bu hadislarning barchasiga amal qilib, shunday deyishgan: «Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasidan keyin roʻza tutish joiz emas, faqat odati boʻlgan yoki uni oyning yarmidan oldingisiga ulagan kishi bundan mustasno».
Ularning aksariyatida eng sahih fikr shuki, hadisdagi qaytariq haromlik uchundir. Baʼzilari esa – Ruyoniy kabi – qaytariq haromlik uchun emas, balki makruhlik uchundir, degan fikrga borishgan («Al-Majmuʼ», 6/399-400; «Fathul Boriy», 4/129).
Imom Navaviy rahimahulloh «Riyozus solihiyn» kitobida (412-bet) aytadi: «219-bob: Oʻn beshinchi Shaʼbondan keyin Ramazon kirmay turib roʻza tutish man etilgani, faqat avvaldan tutib kelayotgan boʻlsa yoki dushanba va payshanbadagi odatlariga toʻgʻri kelib qolsa zarari yoʻqligi haqida». Iqtibos tugadi.
Jumhur ulamolar Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasidan keyin roʻza tutishdan qaytaruvchi hadisni zaif sanashgan va shunga binoan, Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasidan keyin roʻza tutish makruh emas, deyishgan.
Hofiz aytadi: «Jumhur ulamolar: Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasidan keyin nafl roʻza tutish joiz, deyishgan va bundan qaytarilgan hadisni zaif sanashgan. Ahmad va Ibn Maʼiyn bu hadisni munkar deyishgan» («Fathul Boriy»). Bu hadisni zaif sanaganlar orasida Bayhaqiy va Tahoviy ham bor.
Ibn Qudoma «Mugʻniy»da Imom Ahmadning bu hadis haqida shunday deganini zikr qilgan: «Bu hadis mahfuz emas. Biz u haqda Abdurahmon ibn Mahdiydan soʻradik, u bu hadisni sahih emas dedi va menga rivoyat qilmadi hamda oʻzini bundan chetga olardi. Aloʻ ishonchli roviy, lekin uning hadislaridan faqat shunisi inkor qilingan». Iqtibos tugadi.
Aloʻ bu – Aloʻ ibn Abdurahmon boʻlib, bu hadisni otasidan, u esa Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan.
Ibn Qayyim rahimahulloh «Tahzib as-Sunan»da hadisni zaif sanaganlarga javoban shunday degan: «Bu hadis Muslimning shartiga koʻra sahihdir. Bu hadis haqida yolgʻiz Aloʻ rivoyat qilishi hadisga putur yetkazmaydi, chunki Aloʻ ishonchli roviydir va Muslim oʻzining «Sahih»ida undan otasi orqali Abu Hurayra roziyallohu anhudan bir necha hadis rivoyat qilgan. Koʻplab sunnatlarni ishonchli roviylar Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamdan yolgʻiz rivoyat qilishgan va ummat ularni qabul qilib, amal qilgan…». Soʻngra yana aytadi: «Bu hadisni Shaʼbonda roʻza tutishga dalolat qiluvchi hadislarga zid degan gumonga kelsak, ular oʻrtasida hech qanday ziddiyat yoʻq. U hadislar oyning yarmini undan oldingisi bilan birga tutishga va ikkinchi yarmida odatdagi roʻzani tutishga dalolat qiladi. Aloʻning hadisi esa, na odat, na avvalgi roʻza muddatining davomi oʻlaroq, oyning oʻrtasidan keyin qasddan roʻza tutish joiz emasligiga dalolat qiladi». Iqtibos tugadi.
Shayx Ibn Boz rahimahullohdan Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasidan keyin roʻza tutishdan qaytaruvchi hadis haqida soʻralganda, u kishi shunday dedilar: «U birodarimiz alloma shayx Nosiriddin Alboniy aytganidek, sahih hadisdir. Undan maqsad, oyning yarmidan keyin roʻzani boshlashdan qaytarishdir. Ammo kim oyning aksariyatini yoki hammasini tutsa, sunnatga muvofiq ish qilibdi». Iqtibos tugadi («Majmuʼ fatava li-Shayx Ibn Boz», 15/385).
Shayx Ibn Usaymin rahimahulloh «Riyozus solihiyn» sharhida (3/394) aytadi: «Hatto hadis sahih boʻlgan taqdirda ham, undagi qaytariq harom ekani uchun emas, balki faqat makruh boʻlgani uchundir, baʼzi ahli ilmlar rahimahumulloh shunday fikrni ilgari surganlar, faqat roʻza tutish odati boʻlgan kishi bundan mustasno, u Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasidan keyin ham roʻza tutadi». Iqtibos tugadi.
Javobning xulosasi: Shaʼbon oyining ikkinchi yarmida roʻza tutish makruh yoki harom ekani sababli qaytariladi, faqat roʻza tutishni odat qilgan yoki oyning birinchi yarmidan boshlab uzluksiz roʻza tutib kelayotgan kishilar bundan mustasno. Alloh bilguvchidir.
Bunday cheklovning hikmati shundaki, ketma-ket roʻza tutish Ramazon oyidagi roʻza tutishdan zaiflashtirib qoʻyishi mumkin.
Agar: «Oyning boshidan roʻza tutish kishini yanada zaiflashtiradi-ku!» deyilsa, bunga javob shuki, Shaʼbonning boshidan roʻza tutgan kishi roʻza tutishga odatlangan boʻladi va shu tariqa roʻza tutishning qiyinchiligini kamaytiradi.
Hanafiy mazhabi olimlaridan Mulla Ali qori «Mirqotul mafotiyh» kitobida aytadi: «Nahiy tanzihiydir (makruhlikni bildiradi), ummatga rahmat oʻlaroq, ular Ramazon roʻzasini tutish haqqini gʻayrat bilan ado etishdan zaiflashib qolmasliklari uchundir. Ammo Shaʼbonni toʻliq tutgan kishi roʻzaga odatlanadi va undan mashaqqat ketadi». Iqtibos tugadi.
Manba: Islomiy savol-javob hayʼati ulamolari
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?