O'qildi: 27
Sentabr 16, 2025
/ 24 Rabiul-avval 1447
Fatvo mavzusi: Bezaklar
Javob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Tarkibida odekolon yoki spirti boʻlgan atirlar alohida o‘rganilishi lozim. Agar spirt miqdori oz bo‘lsa, masalan 5% yoki undan kam bo‘lsa, ularni ishlatishda zarar yo‘q va odamlar bemalol foydalanishlari mumkin, chunki bu miqdor hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.
Ammo spirt miqdori ta’sir qiladigan darajada yuqori bo‘lsa, zarurat bo‘lmasa ishlatmaslik kerak. Zarurat hollarida, masalan, yaralarni dezinfeksiya qilish kabi holatlarda ishlatish mumkin. Ammo ehtiyoj bo‘lmagan holatlarda ishlatmaslik afzal, lekin harom demaymiz.
Chunki bu yuqori darajadagi spirt miqdori mast qiluvchi modda hisoblanadi va shubhasiz, mast qiluvchi moddalarni iste’mol qilish Qur’on va ulamolarning ijmosiga ko‘ra haromdir. Lekin uni ichishdan boshqa maqsadlarda ishlatish mumkinmi? Bu yaxshilab oʻrganishni, tekshirishni talab qiladi. Ehtiyotli yondashuv – ishlatmaslikdir.
Bu masala tekshirishni talab qiladi deyishimning sababi, Alloh taolo shunday degan:
«Ey mo‘minlar, aroq (mast qiladigan ichkilik ichish), qimor (o‘ynash), butlar (ya’ni, ularga sig‘inish) va cho‘plar (ya’ni, cho‘plar bilan folbinlik qilish) shayton amalidan bo‘lgan harom ishdir. Bas, najot topishingiz uchun ularning har biridan chetlaningiz! Ichkilik, qimor sababli shayton o‘rtalaringizga bug‘zu adovat solishni hamda sizlarni Allohni zikr qilishdan va namoz o‘qishdan to‘sishni istaydi, xolos! Endi to‘xtarsizlar!» (Moida: 90-91).
Agar Allohning «chetlaningiz» so‘zining umumiy deb qarasak, hukmi ham umumiy qilib, spirtdan har qanday holatda – ichish, tanaga surtish yoki boshqa maqsadlarda foydalanishdan chetlanish kerak deymiz.
Ammo agar sababga qarasak:
«Ichkilik, qimor sababli shayton o‘rtalaringizga bug‘zu adovat solishni hamda sizlarni Allohni zikr qilishdan va namoz o‘qishdan to‘sishni istaydi, xolos! Endi to‘xtarsizlar?!» (Moida: 91).
Demak, oyatda taqiqlangan narsa – spirtni va spirtli ichimliklarni ichish, xolos. Chunki shunchaki tanaga surtish ushbu oqibatlarga olib kelmaydi.
Xulosa shuki: agar atirdagi spirt miqdori oz bo‘lsa, uni ishlatishda muammo yo‘q va bu borada xavotirlanishga o‘rin yo‘q. Agar spirt miqdori yuqori bo‘lsa, zarurat bo‘lmasa ishlatmaslik ma’qul. Zarurat hollari esa jarohatni dezinfeksiya qilish kabi holatlardir.
Manba: Liqo’ al-bab al-maftuh, 240.
Bu javob foydali bo’ldimi?