O'qildi: 147
08.03.2026
/ 19 Ramazon 1447
Fatvo mavzusi: Eʼtikof masalalari
Savol
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning e’tikof borasidagi sunnatlari haqida bilmoqchiman.
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
U zot sollallohu alayhi vasallamning e’tikofdagi yo‘llari eng mukammal va eng yengil yo‘l edi.
Bir marta Qadr kechasini izlab birinchi o‘n kunlikda, so‘ng o‘rta o‘n kunlikda e’tikof o‘tirdilar. So‘ng u kechaning oxirgi o‘n kunlikda ekani ma’lum bo‘lgach, Robbilari azza va jallaga yetishguncha oxirgi o‘n kunlikda e’tikof o‘tirishni davom ettirdilar.
Bir marta oxirgi o‘n kunlik e’tikofini tark qildilar va uning qazosini Shavvolda o‘tadilar, ya’ni uning birinchi o‘n kunligida e’tikof o‘tirdilar.
Vafot etgan yillari esa yigirma kun e’tikof o‘tirdilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam har Ramazonda o‘n kun e’tikof o‘tirar edilar. Vafot etgan yillari esa yigirma kun e’tikof o‘tirdilar» (Sahihi Buxoriy, 2044).
Ba’zi ulamolarning aytishicha, buning sababi shundaki, u zot sollallohu alayhi va sallam ajallari yaqinlashganini bildilar va yaxshi amallarni ko‘paytirishni istadilar, toki ummatlariga amalning eng yuqori cho‘qqisiga yetganlarida amalda ijtihod qilishni ko‘rsatib, Allohga eng yaxshi holatlarida yo‘liqsinlar.
Boshqa fikrga koʻra, buning sababi Jabroil alayhissalom har Ramazonda u zotga Qur’onni bir marta o‘tkazib berar edi. Vafot etgan yillari esa ikki marta o‘tkazib berdi. Shuning uchun u zot ikkita e’tikof miqdorida e’tikof o‘tirdilar.
Bundan ham kuchliroq dalil shuki, u zot o‘sha yili yigirma kun e’tikof o‘tirganlarining sababi, undan oldingi yili safarda bo‘lganlaridir.
Ubay ibn Ka’bdan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ramazonning oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirardilar. Bir yili safar qildilar. Kelasi yili kelganda yigirma kun e’tikof o‘tirdilar» (Ibn Moja, 1770; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Ibn Moja», 1445) («Fathul-Boriy»dan iqtibos tugadi).
U zot sollallohu alayhi va sallam masjidda o‘zlariga kigizdan qilingan kichik kapa qurishni buyurar edilar va unda qolar, odamlardan xoli bo‘lib, Robbisi taboraka va taologa yuzlanar edilar, toki u zot uchun xoli qolish amalda to‘liq ro‘yobga chiqsin.
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonning avvalgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirdilar. Keyin o‘rta o‘n kunlikda bo‘yra bilan to‘silgan turkiy kapada* e’tikof o‘tirdilar» (Sahihi Muslim, 1167).
* Turkiy kapa – kigizdan qilingan kichik kapa.
Ibn Qayyim aytadi:
«Bularning barchasi e’tikofning maqsadi va ruhini hosil qilish uchundir. Bu johillarning e’tikof joyini o‘n kishilik yig‘in joyiga, ziyoratchilarni jalb qiluvchi makonga va o‘zaro suhbatlashish joyiga aylantirishlarining aksidir. Bu bir narsa, Payg‘ambar e’tikofi esa boshqa narsadir» («Zodul-maod», 2/90).
U zot doimo masjidda bo‘lar, faqat hojat uchungina chiqar edilar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zavjalari Oisha roziyallohu anho aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari masjidda turib, boshlarini men tomonga kirgizar edilar, men sochlarini tarab qo‘yar edim. U zot e’tikofda bo‘lganlarida uyga biror ehtiyoj yuzasidangina kirar edilar» (Sahihi Buxoriy, 2029; Sahihi Muslim, 297).
Hadisda zikr qilingan «ehtiyoj»ni Imom Zuhriy peshob va katta hojat deb tafsir qilgan.
U zot sollallohu alayhi va sallam o‘zlarining tozaliklariga rioya qilar edilar, boshlarini masjiddan Oisha onamizning hujrasiga chiqarar, Oisha onamiz esa u zot sollallohu alayhi va sallamning boshlarini yuvib, tarab qo‘yar edilar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam masjidda e’tikof o‘tirgan holda menga boshlarini engashtirar edilar, men hayzli holimda u zotning sochlarini tarar edim» (Sahihi Buxoriy, 2028).
Buxoriy va Muslimning boshqa rivoyatida: «Yuvib qo‘yar edim», deganlar. Sochni tarash – uni tartibga solishdir.
Hofiz Ibn Hajar shunday deydi: «Hadisda tozalanish, xushbo‘ylanish, g‘usl qilish, soch oldirish va ziynatlanishning joizligi bor, bular soch tarashga qiyos qilinadi. Jumhur ulamolarning fikricha, e’tikofda faqat masjidda makruh bo‘lgan narsalar makruhdir». Iqtibos tugadi.
U zot sollallohu alayhi va sallamning sunnati saniyyalaridan biri shu ediki, e’tikofda bo‘lganlarida bemorni ko‘rgani bormas va janozaga qatnashmas edilar. Bu Alloh taolo bilan munojotga to‘liq e’tibor qaratish va e’tikofning hikmati bo‘lgan odamlardan uzilib, Alloh taologa yuzlanishni amalga oshirish uchun edi.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «E’tikof o‘tirgan kishiga bemorni ziyorat qilmaslik, janozaga qatnashmaslik, ayol kishi bilan yaqinlik ham, mubosharat ham qilmaslik, faqat zaruriy ehtiyoj uchun chiqish sunnatdir. Ro‘zasiz e’tikof yo‘q. Jome masjiddan boshqa joyda e’tikof yo‘q» (Abu Dovud, 2473; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Abu Dovud», 2473).
Hadisda Oisha onamiz «Ayol kishi bilan yaqinlik ham, mubosharat ham qilmaslik» deb jinsiy aloqani nazarda tutganlar. Imom Shavkoniy «Naylul-avtor»da hadisni shunday sharhlagan.
Ba’zi ayollari u zot sollallohu alayhi va sallam e’tikofda ekanliklarida ziyorat qilishar edi. Qaytish uchun o‘rinlaridan turganda, u zot ham u bilan birga uni kuzatib qo‘yish uchun turar edilar. Bu kechasi bo‘lar edi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zavjalari Safiyya roziyallohu anho bunday xabar qiladi: «Ramazonning oxirgi o‘n kunligida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda e’tikof o‘tirganlarida u zotni ziyorat qilgani keldim. Huzurlarida bir muddat gaplashib, so‘ng qaytish uchun turdim. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham meni kuzatib qo‘yish uchun birga turdilar» (Sahihi Buxoriy, 2035; Sahihi Muslim, 2175).
Xulosa qilib aytganda, u zot sollallohu alayhi vasallamning e’tikoflari yengilligi va ortiqcha mashaqqatdan xoli ekanligi bilan ajralib turardi. U zotning butun vaqtlari Alloh taoloni zikr qilish va Qadr kechasini izlab Uning toatiga yuzlanish bilan o‘tar edi.
Qoʻshimcha foyda uchun: Ibn Qayyimning «Zodul-maod» kitobi 2-jild 90-sahifasi va Doktor Abdullatif Baltoning «E’tikof: tarbiyaviy nazar» kitobiga murojaat qilishingiz mumkin.
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?