Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Bosh sahifa » Fiqh asoslari » Fiqh » Ibodatlar » Roʻza masalalari » Uzrli kishilarning roʻzasi » Jihodga quvvat olish uchun roʻzani ochishning sharʼiyligi
Fatvo: 12641

O'qildi: 60

22.02.2026

/ 5 Ramazon 1447

Fatvo mavzusi:

Jihodga quvvat olish uchun roʻzani ochishning sharʼiyligi

Savol

Mujohidlarning Ramazonda roʻza tutmasliklari joizmi? Garchi ular oʻz yurtlarida boʻlsalar va musofir boʻlmasalar ham.

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Ha, mujohidlarga Ramazonda roʻza tutmaslik joizdir, toki ular shu bilan jihodga quvvat olsinlar, garchi ular oʻz yurtlarida boʻlsalar ham. Chunki roʻza ularni jang qilishdan va dushmanlarga zarar yetkazishdan zaiflashtiradi.

Bu Imom Ahmadning ikki qavlidan biri boʻlib, uni Shayxulislom va u kishining ikki shogirdi: Ibn Muflih va Ibn Qayyim hamda boshqa ahli ilmlar ixtiyor qilganlar («al-Furuʼ», 3/28»

Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamdan jihod sababli roʻzani ochishning sharʼiyligiga dalolat qiluvchi rivoyatlar kelgan.

حَدَّثَنِي قَزَعَةُ قَالَ: «أَتَيْتُ أَبَا سَعِيدٍ الْخُدْرِيَّ وَهُوَ مَكْثُورٌ عَلَيْهِ، فَلَمَّا تَفَرَّقَ النَّاسُ عَنْهُ، قُلْتُ: إِنِّي لَا أَسْأَلُكَ عَمَّا يَسْأَلُكَ هَؤُلَاءِ عَنْهُ، سَأَلْتُهُ عَنِ الصَّوْمِ فِي السَّفَرِ؟ فَقَالَ: سَافَرْنَا مَعَ رَسُولِ اللهِ إِلَى مَكَّةَ وَنَحْنُ صِيَامٌ، قَالَ: فَنَزَلْنَا مَنْزِلًا، فَقَالَ رَسُولُ اللهِ : إِنَّكُمْ قَدْ دَنَوْتُمْ مِنْ عَدُوِّكُمْ، وَالْفِطْرُ أَقْوَى لَكُمْ، فَكَانَتْ رُخْصَةً، فَمِنَّا مَنْ صَامَ، وَمِنَّا مَنْ أَفْطَرَ، ثُمَّ نَزَلْنَا مَنْزِلًا آخَرَ، فَقَالَ: إِنَّكُمْ مُصَبِّحُو عَدُوِّكُمْ، وَالْفِطْرُ أَقْوَى لَكُمْ، فَأَفْطِرُوا، وَكَانَتْ عَزْمَةً، فَأَفْطَرْنَا، ثُمَّ قَالَ: لَقَدْ رَأَيْتُنَا نَصُومُ مَعَ رَسُولِ اللهِ بَعْدَ ذَلِكَ فِي السَّفَرِ».

Qazaʼa aytadi: «Abu Saʼid Xudriy roziyallohu anhuning oldiga bordim. Oldida koʻpchilik bor ekan. Odamlar tarqab ketgach, «Men sizdan manavilar soʻrayotgan narsani soʻramayman», dedim va undan safarda roʻza tutish haqida soʻradim. U bunday dedi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga Makkaga safar qildik. Biz roʻzador edik. Bir manzilga tushdik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Dushmaningizga yaqinlashib qoldingiz. Roʻza tutmasangiz, quvvatliroq boʻlasiz», dedilar. Bu ruxsat edi, shuning uchun kimdir roʻza tutdi, kimdir tutmadi. Soʻngra boshqa bir manzilga tushdik. Shunda u zot: «Ertalab dushmaningizga yoʻliqasiz. Roʻza tutmasangiz, quvvatliroq boʻlasizlar, tutmanglar», dedilar. Bu buyruq edi, shuning uchun tutmadik. Ammo oʻshandan keyin ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga safarda roʻza tutganmiz» (Sahihi Muslim, 1120).

عَنْ أَبِي بَكْرِ بْنِ عَبْدِ الرَّحْمَنِ، عَنْ بَعْضِ أَصْحَابِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: رَأَيْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَمَرَ النَّاسَ فِي سَفَرِهِ عَامَ الْفَتْحِ بِالْفِطْرِ، وَقَالَ: «تَقَوَّوْا لِعَدُوِّكُمْ»

Abu Bakr ibn Abdurrahmon Nabiy sollallohu alayhi vasallamning bir sahobalaridan rivoyat qiladi: «Fath yili (Ramazonda) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safarda odamlarga ogʻiz ochishni buyurganlarini koʻrganman. Oʻshanda u zot: «Dushmaningizga qarshi quvvatlanib olinglar», dedilar» (Abu Dovud, 2365; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Abu Dovud», 2365).

Hofiz Ibn Hajar aytadi: «Hokim va Ibn Abdulbarr uni sahih degan» («at-Talxis al-habir»).

Bu ikki hadis ogʻiz ochishga buyruq safar uchun emas, balki jihodga quvvat olish uchun ekanligiga dalolat qiladi.

Imom Molikning «Muvatto asari sharhi «Al-Muntaqo» kitobida shunday deyiladi:

Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning «Dushmaningizga qarshi quvvatlanib olinglar» degan soʻzlari sahobalarning ogʻiz ochishlariga sabab boʻlgan… Agar maqsad faqatgina safar boʻlganida, bu ish dushmanga qarshi quvvatlanish bilan izohlanmagan, balki safar bilan izohlangan boʻlar edi. Iqtibos tugadi.

Al-Munoviy «Fayzul-Qodir»da aytadi:

Hadisdagi «Musabbihuv» fe’li yaʼni: «Dushmanga ertalab yoʻliqasizlar», deganidir. Boshqa rivoyatda: «Dushmaningizga yaqinlashdingiz», deyilgan… U zotning dushmanga yaqinlashish va ularga qarshi jang qilishda kerak boʻladigan quvvatga muhtojlik bilan izohlashlaridan, bu yerda ogʻiz ochish safar uchun emas, jihod uchun ekanligi tushuniladi. Agar dushman ularga oʻz yurtlarida duch kelsa va ular ogʻiz ochish bilan quvvatlanishga muhtoj boʻlsalar, shu hadisga koʻra bu joizdir, chunki bu faqat safar sababli ogʻiz ochishdan avloroqdir. Iqtibos tugadi.

Ibn Qayyim aytadi:

«U zot – yaʼni Paygʻambar sollallohu alayhi va sallam – dushmanga yaqinlashganlarida ular bilan jang qilishga quvvatlanishlari uchun ogʻiz ochishga buyurar edilar. Agar shunga oʻxshash holat oʻz yurtida sodir boʻlsa va ogʻiz ochishda ular uchun dushmanga yoʻliqqan payt quvvat boʻlsa, ularga ogʻiz ochish joizmi? Bu masalada ikki qavl bor: dalil jihatidan eng sahihi – buning joizligidir. Bu Shayxulislomning ixtiyori boʻlib, u Islom lashkarlari Damashq tashqarisida dushman bilan yoʻliqqanda shunday fatvo bergan. Shubhasiz, buning uchun ogʻiz ochish faqat safar uchun ogʻiz ochishdan avloroqdir. Balki, musofirga ogʻiz ochishga ruxsat berilishi bu holatda ham ruxsat berilganiga ishoradir. Chunki bu joizlikka haqliroqdir. Zero, u yerdagi quvvat musofirga xos, bu yerdagi quvvat esa shaxsning oʻzi bilan birga musulmonlarga ham tegishlidir. Shuningdek, jihod mashaqqati safar mashaqqatidan kattaroqdir. Bundan tashqari, mujohidning ogʻiz ochishidan hosil boʻladigan manfaat musofirning ogʻiz ochishidan hosil boʻladigan manfaatdan ulugʻroqdir. Shu bois Alloh taolo shunday buyurgan:

﴿وَأَعِدُّوا لَهُمْ مَا اسْتَطَعْتُمْ مِنْ قُوَّةٍ﴾

«(Ey moʻminlar), ular uchun imkoningiz boricha kuch tayyorlab qoʻyingiz» (Anfol: 60).

Dushmanga yoʻliqqan payt ogʻiz ochish quvvatning eng katta sabablaridan biridir… Chunki Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalar dushmanga yaqinlashganlarida ularga: «Dushmaningizga yaqinlashib qoldingiz. Roʻza tutmasangiz, quvvatliroq boʻlasiz», deganlar. Bu ruxsat edi. Soʻng boshqa bir manzilga tushganlarida: «Ertalab dushmaningizga yoʻliqasiz. Roʻza tutmasangiz, quvvatliroq boʻlasizlar, tutmanglar», dedilar. Bu qatʼiy buyruq edi, shunda sahobalar roʻzasini ochganlar.

U zot dushmanga yaqinlashishlari va dushmanga yoʻliqqan payt kerak boʻladigan quvvatga muhtojlik bilan izohladilar. Bu safardan boshqa sababdir. Safar esa oʻzi mustaqil sababdir. U zot izohlarida safarni zikr qilmadilar va unga ishora ham qilmadilar… Xulosa qilib aytganda, Shoriʼning ishorasi va hikmati jihod uchun ogʻiz ochish faqat safar uchun ogʻiz ochishdan avloroq ekanini taqozo etadi. Qanday qilib ham u zot sababga ishora qilib, uni ogohlantirib, hukmini ochiq aytib, u sababli ogʻiz ochishga qatʼiy buyurib turganlarida (bunday boʻlmasin)? Bunga Iyso ibn Yunusning Shuʼbadan, u Amr ibn Dinordan rivoyat qilgan hadisi dalolat qiladi. U aytdi: Men Ibn Umarning shunday deganini eshitdim: Rasululloh Makka fathi kuni asʼhoblariga: «Bu jang kunidir, bas, ogʻzingizni ochinglar», dedilar. U zot jang bilan izohladilar va unga «fa» harfi bilan ogʻiz ochishga buyruqni bogʻladilar. Har bir kishi bu lafzdan ogʻiz ochish jang uchun ekanligini tushunadi. Iqtibos tugadi («Zodul-maod», 2/53-54).

Ibn Qayyim rahimahulloh zikr qilgan bu jang musulmonlar va tatarlar oʻrtasida hijriy 702-yilda boʻlib oʻtgan va unda gʻalaba musulmonlar tomonida boʻlgan.

Ibn Kasir rahimahulloh aytadi:

U – yaʼni Shayxulislom rahimahulloh – jang davomida odamlarga ogʻiz ochishga fatvo bergan va oʻzi ham ogʻzini ochgan. U lashkarlar va amirlar orasida aylanib, qoʻlidagi narsadan yer edi, toki ularga jangga quvvatlanish uchun ogʻiz ochishlari afzal ekanini bildirsin. Shunda odamlar ham taomlandilar. Iqtibos tugadi («al-Bidoya van-nihoya», 14/31).

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

0

O’xshash fatvolar

  • Tugʻruq sababli roʻzani qazo qilmoq

    Yaqinda Ramazon oyida farzand koʻrganim sababli tutolmagan roʻzalarimni qanday qilib qazosini tutaman? Roʻza tutishdan oldin qanday niyat qilishim kerak?
  • Imtihon ro‘zani ochishga uzr boʻlmaydi

    Ramazonda olti yarim soat davom etadigan imtihon topshiraman, uning orasida 45 daqiqalik tanaffus bor. O‘tgan yili ham shu imtihonni topshirgan edim, lekin ro‘za sababli diqqatimni jamlay olmagandim. Imtihon kuni ro‘zamni ochishim joizmi?
  • Imtihon sababli ro‘zani ochish joizmi?

    Agar o‘rta maktabni bitirish imtihoni Ramazon oyiga to‘g‘ri kelsa, talaba imtihonga diqqatini jamlay olishi uchun Ramazonda ro‘zasini ochishi joizmi?
  • Kafforat oʻtash tartibi

    Ramazonda roʻza tutmagan kishi uchun har kun uchun alohida fidya berish kerakmi yoki Ramazondan keyin barchasini jamlab bir marta beriladimi?
  • «Roʻza tutganga bir ajr, tutmaganga ikki ajr», degan hadis bormi?

    Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Roʻza tutgan kishiga bir ajr, roʻza tutmaganga esa ikki ajr», degan soʻzlarining maʼnosi nima?
  • «Safarda roʻza tutish yaxshilikdan emas» hadisining maʼnosi

    Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamning: «Safarda roʻza tutish yaxshilikdan emas», deganlarini eshitdim. Bu musofirning roʻza tutishi durust emasligini anglatadimi?