O'qildi: 122
07.02.2026
/ 19 Shaban 1447
Fatvo mavzusi: Uzrli kishilarning roʻzasi
Savol
Islom shariatida, ayniqsa yoz oylarida jismoniy mehnat bilan mashgʻul boʻlgan ishchilarning ahvoliga oid hukm qanday? Masalan, metall eritish pechlari yonida ishlaydigan kishilar. Ularning Ramazon roʻzasini tutmasliklari joizmi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Islomda Ramazon oyida roʻza tutish voyaga yetgan har bir mukallafga farz boʻlgan, islom ruknlaridan, dinning ustunlaridan biri ekani har bir musulmon bilishi lozim boʻlgan maʼlum narsadir.
Shunday ekan, har bir mukallaf Alloh unga farz qilgan narsani amalga oshirish uchun, Uning savobidan umidvor boʻlib va azobidan qoʻrqib, dunyodagi nasibasini unutmagan holda va dunyosini oxiratidan ustun qoʻymagan holda roʻza tutishga haris boʻlishi kerak. Agar Alloh farz qilgan ibodatlarni bajarish ularning dunyoviy ishlariga zid boʻlsa, u ikkalasini ham bajara olishi uchun ibodati va kasbi oʻrtasini muvofiqlashtirishi vojibdir. Savolda keltirilgan misolda dunyoviy ishlar uchun tunni ajratish mumkin. Agar buning iloji boʻlmasa, haq toʻlanmasa ham, Ramazon oyida ishdan taʼtil olishlari kerak. Agar buning ham iloji boʻlmasa, ikkala majburiyatni birlashtirish imkonini beradigan boshqa ish izlashi kerak. Dunyo ishini oxiratdan ustun qoʻymasligi kerak. Ish oʻrinlari koʻp, rizq-roʻz topish vositalari esa bunday mashaqqatli mehnat bilan cheklanib qolmaydi. Musulmon kishi, inshaalloh, albatta, Alloh farz qilgan ibodatlarni bajarishga imkon beradigan halol kasblardan birini topishi aniq. Alloh taolo aytadi:
«Kim Allohdan taqvo qilsa (qoʻrqsa), U zot uning uchun chiqar yoʻlni (paydo) qilur. Va uni oʻzi oʻylamagan tomondan rizqlantirur. Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, (Allohning) Oʻzi unga yetarlidir. Albatta Alloh Oʻzi (xohlagan) ishiga yetguvchidir. (Uning xohishiga qarshi turguvchi kimsa yoʻqdir). Darhaqiqat, Alloh barcha narsa uchun miqdor-oʻlchov qilib qoʻygandir (yaʼni, hayotda roʻy beradigan har bir yaxshi-yomon voqea-hodisa yolgʻiz Alloh xohlagan — belgilagan vaqt va oʻlchovda roʻy beradi)» (Taloq: 2-3).
Agar zikr qilingan ogʻir jismoniy mehnatdan boshqa ish topa olmasa, dinini saqlash uchun yashab turgan joyidan diniy va dunyoviy vojiblarini ado etish oson boʻlgan, musulmonlar bilan yaxshilik va taqvoda hamkorlik qila oladigan yerga hijrat qilsin. Allohning yeri kengdir. Alloh taolo aytadi:
«Kim Alloh yoʻlida hijrat qilsa, Yer yuzida koʻp panoh boʻlgudek joylarni va kengchilikni topgay» (Niso: 100).
U Zot yana aytadi:
«(Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), Mening iymon keltirgan bandalarimga ayting: «Parvardigoringizdan qoʻrqingiz! Bu dunyoda chiroyli amal qilgan zotlar uchun (Oxiratda) chiroyli (oqibat-jannat) bordir. Allohning yeri kengdir. Hech shak-shubha yoʻqki, sabr-toqat qilguvchilarga ajr-mukofotlari hisob-kitobsiz toʻla-toʻkis qilib berilur» (Zumar: 10).
Agar mazkur holatlarning birortasi ham unga toʻgʻri kelmasa va savolda aytilganidek, ogʻir ishni bajarishga majbur boʻlsa, u holda mashaqqat alomatlarini sezmaguncha roʻza tutsin. Shundan soʻng, mashaqqatga tushib qolmaslik uchun yetarli miqdorda ovqatlanib, suv ichishi, keyin esa (kunning oxirigacha) oʻzini tiyishi kerak. Bu roʻzaning qazosini roʻza tutish osonroq boʻlgan kunlarda ado etishi lozim.
Tavfiq Allohdandir. Paygʻambarimiz Muhammad Mustafoga, u zotning oilalari va sahobalariga salavot va salomlar boʻlsin.
Manba: Ilmiy Tadqiqotlar va Fatvolar boʻyicha Doimiy Qoʻmita, 10/233-234.
Bu javob foydali bo’ldimi?