Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Fatvo: 1252

O'qildi: 70

Sentabr 5, 2025

/ 13 Rabiul-avval 1447

Fatvo mavzusi:

Mahdiy haqiqatmi?

Savol

Mahdiyning kelishi haqidagi hadis sahihmi yoki yo‘qmi? Do‘stlarimdan biri bu hadis sahih emas, zaif ekanligini aytgani uchun bu savolni beryapman.

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Mundarija

  • Mahdiy haqida kelgan hadislar
  • Mahdiyning chiqishi haqidagi hadislarning ma’naviy mutavotirligi to‘g‘risida ulamolarning fikrlari

MAHDIY HAQIDA KELGAN HADISLAR

Mahdiy alayhissalomning zohir bo‘lishiga dalolat qiluvchi sahih hadislar mavjud bo‘lib, bu voqea oxirzamonda sodir bo‘ladi va qiyomatning alomatlaridan biridir. Ushbu hadislardan ba’zilari:

عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ، أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، قَالَ: «يَخْرُجُ فِي آخِرِ أُمَّتِي الْمَهْدِيُّ يَسْقِيهِ اللَّهُ الْغَيْثَ، وَتُخْرِجُ الْأَرْضُ نَبَاتَهَا، وَيُعْطِي الْمَالَ صِحَاحًا، وَتَكْثُرُ الْمَاشِيَةُ وَتَعْظُمُ الْأُمَّةُ، يَعِيشُ سَبْعًا أَوْ ثَمَانِيًا» يَعْنِي حِجَجًا «هَذَا حَدِيثٌ صَحِيحُ الْإِسْنَادِ، وَلَمْ يُخْرِجَاهُ»

Abu Sa’id al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Ummatimning oxirgi davrida Mahdiy chiqadi. Alloh unga yomg‘ir yog‘diradi, yer o‘z hosilini undirib chiqaradi. U mo‘l-ko‘l boylik ulashadi, chorva mollari ko‘payadi va ummat ulug‘likka erishadi. U yetti yoki sakkiz yil umr ko‘radi (ya’ni, yetti yoki sakkiz marta haj qiladi)» (Mustadrak, 8673; Hokim aytadi: «Bu hadisning isnodi sahih, garchi Buxoriy va Muslim rivoyat qilmagan boʻlsa-da»).

عَنْ عَلِيٍّ﵁، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «الْمَهْدِيُّ مِنَّا أَهْلَ الْبَيْتِ، يُصْلِحُهُ اللَّهُ فِي لَيْلَةٍ»

Ali roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Mahdiy bizdan, ahli baytdan bo‘ladi. Alloh uni bir kechada isloh qiladi» (Ibn Moja, 4085; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihul Jome’», 6735).

Ibn Kasir aytadi: «Isloh qiladi», degani, Alloh uning tavbasini qabul qiladi, unga tavfiq beradi, uni ilhomlantiradi va to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi, garchi ilgari bunday bo‘lmagan bo‘lsa ham» «An-Nihoya fil-fitan val-malohim» 1/29, Toha Ziyniy tahqiqi.

عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «الْمَهْدِيُّ مِنِّي، أَجْلَى الْجَبْهَةِ، أَقْنَى الْأَنْفِ، يَمْلَأُ الْأَرْضَ قِسْطًا وَعَدْلًا، كَمَا مُلِئَتْ جَوْرًا وَظُلْمًا، يَمْلِكُ سَبْعَ سِنِينَ»

Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Mahdiy mening avlodimdan bo‘ladi, peshonasi keng, qirg‘iyburun bo‘ladi. Yer yuzi javr-u zulmga qanday to‘lgan bo‘lsa, xuddi shunday to‘g‘rilik va adolatga to‘ldiradi. U yetti yil davomida hukmronlik qiladi» (Abu Dovud, 4285; Hadis hukmi: «hasan». Manba: «Sahihi Abu Dovud», 4285).

عَنْ أُمِّ سَلَمَةَ، قَالَتْ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: «الْمَهْدِيُّ مِنْ عِتْرَتِي، مِنْ وَلَدِ فَاطِمَةَ»

Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Mahdiy mening naslimdan, Fotimaning avlodidan bo‘ladi», deganlarini eshitganman» (Abu Dovud, 4284; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihul Jome’», 6734).

عَنْ جَابِرٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «يَنْزِلُ عِيسَى بْنُ مَرْيَمَ فَيَقُولُ أَمِيرُهُمُ الْمَهْدِيُّ: تَعَالَ صَلِّ بِنَا، فَيَقُولُ: لَا إِنَّ بَعْضَهُمْ أَمِيرُ بَعْضٍ تَكْرِمَةَ اللهِ لِهَذِهِ الْأُمَّةِ»

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumo aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitganman: «Iso ibn Maryam alayhissalom tushadi. Shunda ularning amiri Mahdiy: «Kel, bizga (imom bo‘lib) namoz o‘qib ber», deydi. U: «Yo‘q. Batahqiq, ularning ba’zisi ba’zilariga amirdirlar. Bu – Allohning shu ummatga ikromidir», deydi» (Sahihi Muslim, 156).

Ayni shu hadis Sahih Muslimda quyidagi lafz bilan kelgan:

جَابِرَ بْنَ عَبْدِ اللهِ يَقُولُ: سَمِعْتُ النَّبِيَّ يَقُولُ: «لَا تَزَالُ طَائِفَةٌ مِنْ أُمَّتِي يُقَاتِلُونَ عَلَى الْحَقِّ ظَاهِرِينَ إِلَى يَوْمِ الْقِيَامَةِ، قَالَ: فَيَنْزِلُ عِيسَى ابْنُ مَرْيَمَ فَيَقُولُ أَمِيرُهُمْ: تَعَالَ صَلِّ لَنَا، فَيَقُولُ: لَا، إِنَّ بَعْضَكُمْ عَلَى بَعْضٍ أُمَرَاءُ، تَكْرِمَةَ اللهِ هَذِهِ الْأُمَّةَ».

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumo aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitganman: «Ummatimdan bir toifa haq ustida jang qilib, qiyomat kunigacha g‘olib bo‘lib turaveradi. Keyin Iso ibn Maryam sollallohu alayhi vasallam tushadi. Shunda ularning amiri: «Kel, bizga (imom bo‘lib) namoz o‘qib ber», deydi. U: «Yo‘q. Sizlar bir-biringizga amirsizlar. Bu – Allohning shu ummatga ikromidir», deydi» (Sahihi Muslim, 156).

عَنْ أَبِي سَعِيْدٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «مِنَّا الَّذِي يُصَلِّي عِيسَى ابْنُ مَرْيَمَ خَلْفَهُ»

Abu Sa’id al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Bizdan shunday kishi chiqadiki, uning ortida Iso ibn Maryam namoz o‘qiydi» (Abu Nu’aym «Axbor al-Mahdiy»; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «As-silsila as-sahiha», 2293).

عَنْ عَبْدِ اللهِ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «لَا تَذْهَبُ الدُّنْيَاأَو قَالَ: «لَا تَنْقَضِي الدُّنْيَاحَتَّى يَمْلِكَ الْعَرَبَ رَجُلٌ مِنْ أَهْلِ بَيْتِي، يُوَاطِئُ اسْمُهُ اسْمِي»

Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ismi mening ismimga mutobiq keladigan, mening ahli baytimdan boʻlgan bir kishi arablarga rahbar bo‘lmagunicha bu dunyo ketmaydi [yoki, bu dunyo tugamaydi]», dedilar (Musnadi Ahmad, 3573; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Shokir: Musnad taxriji», 6/74).

Boshqa rivoyatda:

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «لَوْ لَمْ يَبْقَ مِنَ الدُّنْيَا إِلَّا يَوْمٌ» – قَالَ زَائِدَةُ فِي حَدِيثِهِ: «لَطَوَّلَ اللَّهُ ذَلِكَ الْيَوْمَ»، ثُمَّ اتَّفَقُوا – «حَتَّى يَبْعَثَ فِيهِ رَجُلًا مِنِّي» – أَوْ «مِنْ أَهْلِ بَيْتِي» – يُوَاطِئُ اسْمُهُ اسْمِي، وَاسْمُ أَبِيهِ اسْمُ أَبِي».

Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Dunyoning bir kunigina qolsa ham – (Roviy Zoida) «(Mahdiy chiqishi uchun) Alloh o‘sha kunni uzaytirib qo‘yadi», deb aytgan. – o‘sha kuni mening naslimdan bir kishi [yoki mening ahli baytimdan bir kishi] yuboriladi. Uning ismi mening ismimga, otasining ismi mening otamning ismiga mutobiq bo‘ladi», deyilgan (Abu Dovud, 4282; Hadis hukmi: «hasan sahih». Manba: «Sahihi Abu Dovud», 4282).

 

MAHDIYNING CHIQISHI HAQIDAGI HADISLARNING MA’NAVIY MUTAVOTIRLIGI TO‘G‘RISIDA ULAMOLARNING FIKRLARI

Mahdiyning chiqishi haqidagi hadislar ma’naviy mutavotirlik darajasiga yetgan, ayrim imomlar va ulamolar buni ta’kidlashgan. Quyida ularning ayrimlarining so‘zlaridan keltiramiz:

  1. Hofiz Abul-Hasan al-Oburiy aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Mahdiy haqida, uning payg‘ambar oilasidan ekanligi, yetti yil hukmronlik qilishi, yerni adolatga to‘ldirishi, Iso alayhissalom chiqib, unga Dajjolni o‘ldirishda yordam berishi, u bu ummatga rahbarlik qilishi va Iso alayhissalom uning ortida namoz o‘qishi haqidagi xabarlar takror-takror va mutavotir shaklda rivoyat qilingan».

 

  1. Muhammad al-Barzanjiy o‘zining «Al-ishaa’a li-ashrotis saa’a» kitobida aytadi: « Uchinchi bob qiyomatning katta alomatlari va u kun yaqinlashganda sodir bo‘ladigan belgilar haqida. Bu belgilar juda ko‘p bo‘lib, Mahdiy ularning birinchisidir. Shuni bilingki, u haqidagi hadislar, rivoyatlardagi farqlarga qaramay, son-sanoqsizdir».U yana aytadi: Bilingki, Mahdiyning mavjudligi, oxirgi zamonda chiqishi va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning zurriyotlaridan, Fotima roziyallohu anhoning avlodidan ekani haqidagi hadislar ma’naviy mutavotirlik darajasiga yetgan. Shu bois, ularni inkor etishga asos yo‘q».

 

  1. Alloma Muhammad as-Siffaariniy aytadi: «Uning – ya’ni Mahdiyning paydo bo‘lishi haqidagi rivoyatlar ko‘payib, ma’naviy mutavotirlik darajasiga yetgan va bu sunnat ulamolari orasida tarqalib, ularning e’tiqodlaridan biriga aylangan».Keyin u Mahdiyning chiqishi haqidagi hadislar va asarlardan bir qismini va ularni rivoyat qilgan sahobalarning ismlarini keltiradi, so‘ng aytadi: «Bu rivoyatlar zikr qilingan sahobalardan va zikr qilinmagan boshqa sahobalardan –Alloh ulardan rozi boʻlsin– turli rivoyatlar orqali keltirilgan, shuningdek ulardan keyingi tobeinlardan ham rivoyat qilingan bo‘lib, bular umumiy qat’iy bilimni ifoda qiladi. Shu sababli, ulamolar tasdiqlaganidek va ahli sunna val-jamoa aqidalarida yozilganidek, Mahdiyning chiqishiga iymon keltirish vojibdir».

 

  1. Alloma va mujtahid Shavkoniy aytadi: «Kutilayotgan Mahdiy haqida rivoyat qilingan va topilishi mumkin bo‘lgan hadislar ellikta bo‘lib, ular orasida sahih, hasan va «zaifi munjabir» (ya’ni dastlab zaif bo‘lgan, soʻng boshqa sanadlar orqali kuchaytirilgan va maqbul darajaga ko‘tarilgan) hadislar bor. Ular shubhasiz mutavotirdir, hatto ulardan kamrog‘i ham usul ilmidagi barcha istilohlarga ko‘ra mutavotir ta’rifiga mos keladi. Mahdiyni ochiq-oydin zikr qilgan sahobalarning xabarlariga kelsak, ular ham juda ko‘p bo‘lib, ularning hukmi marfu’dir (ya’ni Payg‘ambarimizga bog‘lanadi), chunki bunday (g’aybiy) masalalarda shaxsiy fikr bildirish joiz emas».

 

  1. Alloma shayx Siddiq Hasan Xon aytadi: «Mahdiy haqidagi hadislar, rivoyatlardagi farqlarga qaramay, shunchalik ko‘pki, ular ma’naviy mutavotirlik darajasiga yetadi. Ular Sunan to‘plamlarida va boshqa islomiy hadis to‘plamlarida – mo’jamlarda va musnadlarda mavjud».

 

  1. Shayx Muhammad ibn Ja’far al-Kittoniy aytadi: «Xulosa qilib aytganda, kutilayotgan Mahdiy haqida zikr qilingan hadislar, xuddi Dajjol va Iso ibn Maryam alayhissalomning tushishi haqida zikr qilingan hadislar kabi mutavotirdir» (Yusuf ibn Abdulloh al-Vobil, «Ashrot as-saa’a», 195-203-betlar).

Shuni ta’kidlash lozimki, ba’zi yolg‘onchilar Mahdiy alayhissalom haqida hadislar to‘qiganlar yoki ayrim shaxslarni nohaq Mahdiy deb ataganlar yoxud u ahli sunna val-jamoaning e’tiqodidan boshqa e’tiqodga ergashadi, deb da’vo qilganlar. Shuningdek, bir qancha firibgarlar Allohning bandalarini aldash, mol-dunyo orttirish va Islom qiyofasini buzib ko‘rsatish uchun o‘zlarini Mahdiy deb da’vo qilishga uringanlar. Ularning ayrimlari harakatlar va qo‘zg‘olonlar uyushtirib, aldangan yoki shaxsiy manfaat yo‘lida ergashgan kishilarni atroflariga to‘plaganlar. Keyinchalik bu odamlar halok bo‘lib, ularning soxtakorliklari va munofiqliklari fosh bo‘lgan.

Bularning hech biri ahli sunna val-jamoaning Mahdiy alayhissalom haqidagi e’tiqodiga zarar yetkazmaydi, a u zotning kelishi muqarrar ekanligiga zarar yetkazmaydi. Kun kelib u zot yer yuzini Islom shariati bilan boshqaradi.

Alloh bilguvchiroqdir.

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

0

O’xshash fatvolar

  • Islom yetib bormagan kofirlarning qismati

    Islom haqida eshitmagan kofirlarning holi nima kechadi?
  • Jannat ahli dunyodagi hayotlarini eslaydilarmi?

    Jannat ahli dunyoda qanday yashaganlarini eslaydilarmi? Ular yer yuzida orzu qilgan narsalarini jannatda ham istaydilarmi?
  • Alloh O‘z soyasida soyalantiradigan kishilar

    Qiyomat kuni quyosh yerga yaqinlashganida Alloh O‘z soyasida soyalantiradigan kishilar kimlar?
  • Muayyan shaxsni jannatiy yoki do‘zaxiy deyish hukmi

    Men o‘zlarini salafiy deb atovchi ba’zi olimlarning ma’ruzasini tingladim. Ular shunday deyishdi: «Mening onam kofira va u do‘zaxga kiradi. Men buni aniq bilaman». Ular insonning do‘zaxga kirishini qat’iy aytish mumkinligini ta’kidlashdi. Bu to‘g‘rimi? Biz insonning dini tufayli do‘zaxga kirishini ayta olamizmi?
  • Jannatda ayollarga nima beriladi?

    Bir ayol soʻramoqda: Men Allohga va Uning kitobiga to‘liq iymon keltiraman. Rabbimga hamdlar bo‘lsinki, U Zotga bo‘lgan iymonim kundan-kunga ortib bormoqda… Savolim shuki: Qur’oni Karimda erkaklarga Jannatning in’omi va go‘zal, pokiza hurlar takror-takror tilga olinadi. Ko‘pchilik Islomni erkaklar ustunligi dini deb aytadilar. Nima uchun ayollar uchun Jannat in’omi zikr etilmagan?
  • Jannatga kimlar kiradi?

    Jannatga kimlar kiradi?