O'qildi: 135
13.02.2026
/ 25 Shaban 1447
Fatvo mavzusi: Uzrli kishilarning roʻzasi
Savol
Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamning: «Safarda roʻza tutish yaxshilikdan emas», deganlarini eshitdim. Bu musofirning roʻza tutishi durust emasligini anglatadimi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Birinchidan: 20165-raqamli savolning javobida aytib oʻtilganidek, safarda roʻza tutishning uch holati bor:
Birinchisi: agar roʻza qiyinchilik tugʻdirmasa, roʻza tutish afzaldir.
Ikkinchisi: agar roʻza qiyinchilik tugʻdirsa, roʻzani ochish afzaldir.
Uchinchisi: agar roʻza sogʻligiga zarar yetkazsa yoki halok qilish xavfi boʻlsa, roʻza tutish haromdir va roʻzani ochish vojib boʻladi.
Buning Sunnatdan dalillari oldin keltirib oʻtilgan.
Ikkinchidan: Savol beruvchi nazarda tutgan ushbu hadis uchinchi holatga taalluqlidir. Hadisning mazmunini va rivoyat qilinish sababini tushunib olsak, holat yanada ravshanlashadi.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir safarda edilar. Toʻplanib turgan odamlarni va ustiga soya qilib turilgan bir kishini koʻrdilar. «Bu nimasi?» dedilar. Ular: «Roʻzador ekan», deyishdi. Shunda u zot: «Safarda roʻza tutish yaxshilikdan emas», dedilar» (Sahihi Buxoriy, 1946; Sahihi Muslim, 1115).
Shayx Sindiy aytadi: «U zotning «yaxshilikdan emas» degan soʻzlari, yaʼni bu toat va ibodatdan emas, deganidir».
Imom Navaviy aytadi: «Hadisning maʼnosi: agar sizlarga mashaqqat tugʻdirsa va zarardan qoʻrqsangiz, deganidir. Hadisning siyoqi shu tafsirni taqozo etadi… Darhaqiqat, hadis roʻzadan zarar koʻrgan kishi haqidadir».
Imom Buxoriy rahimahulloh hadisdan shu maʼnoni tushunganlar. U zot bu hadisni quyidagi sarlavha ostida keltirganlar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning kun issigʻida ustiga soya qilib turilgan kishiga «Safarda roʻza tutish yaxshilikdan emas», deganlari haqidagi bob».
Hofiz aytadi: «Bu sarlavha bilan u zot sollallohu alayhi va sallamning «Safarda roʻza tutish yaxshilikdan emas) degan soʻzlarining sababi u zikr qilgan mashaqqat ekanligiga ishora qilgan».
Ibn al-Qayyim «Tahzibus-sunan»da aytadi:
«U zotning «Safarda roʻza tutish yaxshilikdan emas» degan soʻzlariga kelsak, bu muayyan bir shaxs haqida aytilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uning ustiga soyabon tutilganini va roʻza uni holdan toydirganini koʻrib, shu soʻzni aytganlar. Yaʼni, inson oʻzini shu darajaga yetkazguncha qiynashi yaxshilik emas, vaholanki Alloh unga ogʻiz ochishga ruxsat bergan».
Uchinchidan: Bu hadisni umumiy maʼnoda, yaʼni har qanday safarda roʻza tutish yaxshilikdan emas, deb tushunish toʻgʻri emas, chunki Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamning safarda roʻza tutganlari sobit boʻlgan.
Shuning uchun Xattobiy rahimahulloh aytganlar:
«Bu soʻz bir sababga koʻra aytilgan, shuning uchun u oʻsha kishining holatidagi insonlargagina tatbiq etiladi. Goʻyoki u zot: «Agar roʻza musofirni shunday holatga olib kelsa, roʻza tutishi yaxshi emas», deganlar. Bunga dalil Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamning Fath yilidagi safarlarida roʻza tutganlaridir» («Avnul-maʼbud»).
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?