O'qildi: 9
17.03.2026
/ 28 Ramazon 1447
Fatvo mavzusi: Fitr sadaqasi
Savol
«Ramazon ro‘zasi fitr zakoti berilmaguncha ko‘tarilmaydi» degan hadis sahihmi?
Agar ro‘zador muhtoj bo‘lib, zakot nisobiga ega bo‘lmasa ham ushbu hadisga yoki sunnatdan sobit bo‘lgan boshqa sahih shar’iy dalillarga koʻra, fitr zakotini berishi vojib bo‘ladimi?
Javob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Fitr zakoti hayit kuni va kechasida o‘zining hamda oilasining ehtiyojlaridan ortiqcha bir so‘ miqdoridagi mol-mulkka ega bo‘lgan har bir musulmon uchun, qaramog‘idagilarning nafaqasi boʻynida bo‘lgan kishining zimmasida vojib bo‘ladi. Buning dalili quyidagi hadisdir:
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitr zakotini xurmodan bir so’ yoki arpadan bir so’ miqdorida har bir hur-u qul, erkag-u ayol musulmonga farz qildilar» (Sahihi Buxoriy, 1504).
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zamonlarida uning (ya’ni fitr sadaqasi) uchun yegulikdan bir so’ yo xurmodan bir so’ yoki arpadan bir so’ yoki mayizdan bir so’ berar edik» (Sahihi Buxoriy, 1508; Sahihi Muslim, 985).
Fitr zakoti sifatida kishi o‘z yurtining ozuqasidan, masalan, guruch va shunga o‘xshash narsalardan bir so’ berishi kifoya qiladi. «So’»dan maqsad – Nabiy sollallohu alayhi vasallamning so’ nomli idishlari bo‘lib, u o‘rtacha gavdali kishining kafti bilan hisoblaganda to‘rt hovuchga teng keladi.
Kimdir imkoni boʻlaturib fitr zakotini chiqarishdan bosh tortsa, gunohkor sanaladi va buning qazosini o‘tashi vojib bo‘ladi.
Siz zikr qilgan hadisga kelsak, uning sahihligini bilmaymiz.
Allohdan sizni muvaffaq qilishini, biz va sizning so‘z, amallarimizni isloh qilishini so‘raymiz.
Alloh bilguvchiroqdir.
Manba: Ilmiy Tadqiqotlar va Fatvolar bo‘yicha Doimiy Qo‘mita (9/364)
Bu javob foydali bo’ldimi?