O'qildi: 70
Sentabr 3, 2025
/ 11 Rabiul-avval 1447
Fatvo mavzusi: Oxiratga iymon keltirish
Javob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Alloh azza va jallaning adolati shundayki, U Zot da’vat yetib bormagan, hujjat sobit bo‘lmagan qavmni azoblamaydi. Rabbingiz hech kimga zulm qilmaydi. Alloh azza va jalla aytadi:
«Biz to biron payg‘ambar yubormaguncha (u orqali O‘zimizning amru farmonlarimizni yuborib, unga itoat qilishdan bosh tortmagunlaricha, biron kimsani) azoblaguvchi emasmiz» (Isro: 15).
Ibn Kasir rahimahulloh bu oyatning tafsirida shunday deydi: «Alloh taoloning «Biz to biron payg‘ambar yubormaguncha azoblaguvchi emasmiz» degan so‘zi U Zotning adolati va to elchi yuborib, hujjat qoim qilmaguncha hech kimni azoblamasligining xabaridir. Alloh taolo boshqa oyatda aytganidek:
«Har qachon unga bir to‘da (kofir) tashlanganida uning qo‘riqchilari ulardan (kofirlardan): «Sizlarga (hayoti dunyoda) biron ogohlantirguvchi — payg‘ambar kelmaganmidi?», deb so‘raganida, ular derlar: «Ha, darhaqiqat, bizlarga ogohlantirguvchi kelgan edi, (lekin bizlar uni) yolg‘onchi qilganmiz va: «Alloh (hech kimga) hech narsa nozil qilgan emas, sizlar faqat katta zalolat-gumrohlikdadirsizlar», deganmiz» (Mulk: 8-9).
Shuningdek, Alloh taoloning ushbu so‘zlari:
«Va kofir boʻlgan kimsa to‘da-to‘da qilinib jahannamga haydaldi. To qachon ular (jahannamga) kelib yetganlarida, uning darvozalari ochildi va uning qo‘riqchilari (kofirlarga): «Sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan payg‘ambarlar — Parvardigorlaringizning oyatlarini sizlarga tilovat qilgan hollarida va sizlarni mana shu Kuningizdagi muloqotdan ogohlantirgan hollarida kelmaganmidilar», deganlarida ular: «Ha, (kelganlar), lekin azob so‘zi kofirlar ustiga haq bo‘lgandir, (bas, bizlar ham ularni yolg‘onga chiqarganimiz sababli mana shu azobga giriftor bo‘ldik)», dedilar» (Zumar: 71).
Demak, Islom dini haqida ham, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam haqlarida ham eshitmagan va da’vat to‘g‘ri shaklda yetib bormagan kishini Alloh taolo kofir boʻlib vafot etgani uchun azoblamaydi. «Uning taqdiri qanday bo‘ladi?» deb so‘ralsa, javob shuki, Alloh uni qiyomat kuni imtihon qiladi. Agar itoat qilsa, jannatga kiradi, agar osiylik qilsa, do‘zaxga kiradi.
Bu haqda quyidagi hadisda aytiladi:
Asvad ibn Sariy’dan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Qiyomat kuni to‘rt toifa bo‘ladi: bir kishi kar bo‘lib, hech narsa eshitmagan, biri aqlsiz, yana biri keksaygan; yana bir kishi fatra davrida vafot etgan. Kar kishi aytadi: «Ey Rabbim, darhaqiqat, Islom keldi, lekin men hech narsa eshitmadim». Aqlsiz kishi: «Ey Rabbim, darhaqiqat, Islom keldi, (lekin u paytda) bolalar menga tezak otishardi», deydi. Qarigan kishi aytadi: «Ey Rabbim, darhaqiqat, Islom keldi, lekin men hech narsani tushunmadim». Fatra davrida vafot etgan kishi esa: «Ey Rabbim, menga Sendan hech bir elchi kelmadi», deydi. Shunda (Alloh) ulardan Oʻziga itoat qilishlari haqida ahd oladi, so‘ng ularga: «Do‘zaxga kiringlar!» deb buyuradi. U zot (sollallohu alayhi vasallam): «Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar ular unga (ya’ni, do‘zaxga) kirganlarida, u ularga salqin va salomatlik bo‘lar edi», dedilar (Ahmad, 16301; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihul Jome’», 881).
Boshqa rivoyatda esa:
«Kim unga kirsa, u unga salqin va salomatlik bo‘ladi, kim unga kirmasa, u yerga sudralib olib boriladi», deyilgan.
Demak, kimga Islom da’vati to‘g‘ri shaklda yetkazilgan bo‘lsa, unga hujjat qoim bo‘lgan sanaladi. Kimga da’vat yetmagan yoki noto‘g‘ri yetkazilgan holda vafot etsa, uning ishi Allohga havola qilinadi. Zero, U O‘z maxluqotlarini eng yaxshi bilguvchi, hech kimga zulm qilmaydigan va bandalarini ko‘rib turuvchi Zotdir.
Batafsil ma’lumot uchun quyidagi javoblarga qarang: 98714, 215066, 98714, 165492, 130271, 6667, 20327, 10127.
Alloh bilguvchiroqdir.
Bu javob foydali bo’ldimi?