O'qildi: 54
Sentabr 2, 2025
/ 10 Rabiul-avval 1447
Fatvo mavzusi: Taqdirga iymon keltirish
Savol
Agar biz ilon, chayon, sichqon va shunga o‘xshash hayvonlarni iste’mol qilmasak, Alloh ularni yaratishining hikmati nimada?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
«Nega Alloh zararli hayvonlarni yaratdi?» degan savolga umumiy va xos jihatdan javob berish mumkin;
1. Umumiy javob:
Musulmon kishi Alloh hikmat va ilm sohibi ekaniga, U hech narsani behuda yaratmasligiga va Uning barcha ishlari hikmat bilan sodir bo‘lishiga ishonadi. Agar Alloh taoloning biror ishidagi hikmati bandasiga maxfiy bo‘lsa, u shu e’tiqodga tayanadi va Rabbisi haqida yomon gumonga bormaydi.
2. Xos javob:
Bunday maxluqotlarni yaratishdagi hikmatlardan biri Alloh taoloning maxluqotlarni yaratish san’atining mukammalligi va ularni boshqarishini namoyon etishdir. Ular qancha ko‘p boʻlmasin, Alloh taolo barchasini rizqlantiradi. Shuningdek, bandalarini ular bilan sinaydi va ulardan aziyat chekkanlarni mukofotlaydi. Ularni o‘ldirganlarning jasorati namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga, U Zot bandalarini iymoni va ishonchini yaratgan maxluqotlari bilan imtihon qiladi. Mo‘min rozi bo‘lib, taslim bo‘ladi, shak keltiruvchi esa «Alloh bu maxluqotni yaratishdan qanday maqsadni ko‘zladi?» kabi savollarni beradi. Bundan tashqari, insonning ojizligi va zaifligini o‘zidan ancha kichik jonzotlar keltiradigan og‘riq va kasalliklar orqali namoyon etadi.
Ba’zi ulamolardan pashshalarni yaratishning hikmati haqida so‘ralganda, ular: «Alloh taolo zolimlarni xor qilish, ularning burunlarini yerga ishqash uchun ulardan foydalanadi» deb javob berganlar.
Zararli mavjudotlarning borligi foydali narsalarni yaratishdagi ne’matning ulug‘ligini ta’kidlaydi, chunki: «Narsalar o‘z ziddi bilan taniladi», deyiladi.
Bundan tashqari, tibbiy tadqiqotlar va tajribalar shuni ko‘rsatdiki, ilon va shunga o‘xshash hayvonlar zaharidan bir qator foydali dori-darmonlar olish mumkin. Tashqaridan zararli bo‘lib ko‘ringan narsada manfaatlarni yaratgan Zot pokdir. Yana shuni ta’kidlash joizki, bu zararli hayvonlarning ko‘pchiligi foydali hayvonlar uchun ozuqa bo‘lib, Alloh mukammal qilib yaratgan tabiat va atrof-muhitdagi muvozanatni saqlashda muhim rol o‘ynaydi.
Shuningdek, musulmon kishi Alloh taoloning barcha ishlari ezgulik ekaniga, U yaratgan narsalarda faqat zohiriy yomonlik emas, balki ba’zilarimizdan yashirin bo‘lsa-da, boshqa jihatlarda ham yaxshilik borligiga ishonishi lozim. Hatto yomonlik manbai bo‘lgan Iblisning yaratilishida ham hikmatlar va foydalar bor. Ulardan biri shuki, Alloh taolo u orqali O‘z maxluqotlarini sinaydi va itoatkorni osiydan, g‘ayratlilarni g‘ofillardan, jannat ahlini do‘zax ahlidan ajratadi.
Alloh subhanahu va taolodan bizga mustahkam iymon va dinni chuqur anglashni nasib etishini so‘raymiz. Alloh taolo Payg‘ambarimizga salovot va salomlar yo‘llasin.
Hayvonlar va ular bilan bog‘liq hukmlar haqida ko‘proq ma’lumot olish uchun quyidagi javoblarga murojaat qiling: (3005) (42237) (11437) (155578) va (119652).
Vallohu a’lam.
Bu javob foydali bo’ldimi?