O'qildi: 32
26.02.2026
/ 9 Ramazon 1447
Fatvo mavzusi: Roʻzani qasddan buzish kafforati
Savol
Maʼlumki, Ramazon oyida kunduzi ayoli bilan jinsiy aloqa qilgan kishining jazosi qul ozod qilish yoki ikki oy ketma-ket roʻza tutish yoxud oltmish miskinga taom berishdir.
Bu masalaga oid bir qancha savollarim bor:
1. Agar erkak kishi xotini bilan boshqa-boshqa kunlarda bir necha marta jinsiy aloqa qilsa, uning har bir kuni uchun ikki oydan roʻza tutadimi yoki ikki oy roʻza tutsa, barcha aloqa qilgan kunlari uchun kifoya qiladimi?
2. Agar ushbu jarimaga tushgan kishi yuqorida zikr qilingan hukmni bilmagan boʻlsa, balki har bir yaqinlik kunini bir kun roʻza tutish bilan qazo qilaman deb oʻylagan boʻlsa, bu holatda hukm oʻzgaradimi?
3. Eriga lozim boʻlgan kafforat xotinga ham lozim boʻladimi?
4. Miskinlarni toʻydirish oʻrniga pul toʻlash joizmi?
5. Bir miskinga er va xotini nomidan birgalikda taom berish joizmi?
6. Agar toʻydirishga hech bir miskinni topa olmasa, pulni Riyozdagi «al-Birr» jamiyati kabi xayriya tashkilotlaridan biriga yoki boshqa tashkilotlarga toʻlashi joizmi?
Javob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Roʻza tutishi farz boʻlgan kishiga kelsak:
Birinchidan: Agar u Ramazon kunduzida ayoli bilan bir kunda bir yoki bir necha marta yaqinlik qilsa va birinchisi uchun kafforat bermagan boʻlsa, unga bitta kafforat oʻtash vojib boʻladi. Agar Ramazonning boshqa-boshqa kunlarida kunduzi yaqinlik qilsa, unga har bir kun miqdoricha kafforat vojib boʻladi.
Ikkinchidan: Jinsiy aloqa sababli kafforat vojib boʻlishini bilmagan boʻlsa ham, unga kafforat vojib boʻladi.
Uchinchidan: Agar xotin bu ishda eriga itoat qilgan boʻlsa, unga ham kafforat vojib boʻladi. Ammo majburlangan boʻlsa, u holda kafforat oʻtashi shart emas.
Toʻrtinchidan: Miskinlarni toʻydirish oʻrniga pul toʻlash joiz emas, agar shunday qilsa kafforati oʻtmaydi.
Beshinchidan: Bir miskinga oʻz nomidan yarim soʻ va xotini nomidan yarim soʻ taom berishi joiz. Bu kambagʻal, miskin kishi siz va xotiningiz toʻydirishi lozim boʻlgan oltmish kishidan biri hisoblanadi.
Oltinchidan: Kafforatni bir miskinga yoki «al-Birr» jamiyatiga yoxud boshqa biror tashkilotga berish joiz emas, chunki ular uni oltmish miskinga tarqatmasligi mumkin. Moʻmin kishi kafforatlar va boshqa vojibotlardan zimmasini poklashga haris, ishtiyoqmand boʻlishi vojibdir.
Muvaffaqiyat Allohdandir. Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, u zotning oila aʼzolari va sahobalariga salovat va salomlar boʻlsin.
Manba: Ilmiy Tadqiqotlar va Fatvolar boʻyicha Doimiy Qoʻmita, 10/320
Bu javob foydali bo’ldimi?