O'qildi: 148
06.02.2026
/ 18 Shaban 1447
Fatvo mavzusi: Uzrli kishilarning roʻzasi
Savol
Bemorning ramazonda roʻza tutmasligi afzalmi yoki qiyin boʻlsa ham, chidab roʻza tutishi afzalmi?
O’xshash fatvolarJavob
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Agar roʻza tutish bemorga ogʻirlik qilsa, roʻza tutmasligi va sogʻaygandan soʻng qoldirgan kunlarini qazo qilishi afzaldir. Mashaqqat bilan roʻza tutish mustahab deyilmaydi.
Buning dalili:
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Darhaqiqat, Alloh taolo Oʻzining ruxsatlariga amal qilinishini yaxshi koʻradi, xuddi Oʻziga maʼsiyat qilinishini yomon koʻrganidek» (Musnadi Ahmad, 5866; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihul Jomeʼ», 1886).
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ikki ish orasida ixtiyor berilsa, modomiki gunoh boʻlmasa, osonrogʻini tanlaganlar. Agar gunoh boʻlsa, odamlarning bundan eng uzogʻi boʻlar edilar» (Sahihi Buxoriy, 3560; Sahihi Muslim, 2327).
Imom Navaviy rahimahulloh ushbu hadisning sharhida: «Hadisdan agar harom yoki makruh boʻlmasa, yengilroq va osonroq yoʻlni tanlash mustahabligi tushuniladi», deganlar.
Bundan tashqari, bemorning roʻza tutishi unga mashaqqat tugʻdirgani sababli makruhdir. Agar roʻza tutish natijasida zarar koʻrishdan xavotirlansa, hatto roʻza tutish harom boʻlishi ham mumkin.
Qurtubiy rahimahulloh aytadi:
«Bemorning holati ikki turga boʻlinadi:
Birinchisi: roʻzani umuman koʻtara olmaydigan kasallik, bu holda ogʻiz ochish vojib boʻladi.
Ikkinchisi: roʻza tutishga qodir boʻlsa-da, zarar va mashaqqat bilan roʻza tutish, bu holda ogʻiz ochish mustahab boʻladi va faqat johillargina roʻza tutadi» (Tafsiri Qurtubiy, 2/276).
Ibn Qudoma rahimahulloh aytadi: «Agar bemor shunga qaramay, roʻza tutishda davom etsa, makruh ish qilgan boʻladi, chunki bu oʻziga zarar yetkazish, Alloh bergan yengillikni rad etish va U Zotning ruxsatini qabul qilmaslikdir» («Mugʻniy», 4/404).
Shayx Ibn Usaymin rahimahulloh aytadi: «Shunday qilib, biz baʼzi ijtihod qiluvchilar va baʼzi bemorlarning xatolarini koʻramizki, ular uchun roʻza tutish ogʻir va balki zararli boʻlsa-da, ogʻiz ochishni xohlamaydilar. Biz aytamizki: bular Alloh azza va jallaning karami-ehsonini qabul qilmay, U Zotning ruxsatini rad etib va oʻzlariga zarar yetkazib xato qildilar. Alloh azza va jalla aytadi:
«Va oʻzlaringizni oʻldirmangiz!» (Niso: 29)» («Sharh al-Mumtiʼ», 6/352).
Qoʻshimcha foyda uchun 1319-raqamli savolga murojaat qiling.
Vallohu aʼlam.
Manba: Islomiy savol-javoblar
Bu javob foydali bo’ldimi?