Mavzular

Yangi fatvolar

Maqolalar

Kitoblar


Saqlanganlar

Murakkab qidiruv


Loyiha haqida

Fikr bildiring

Bosh sahifa » Odob-axloq va maʼnaviyat » Odob » Uxlash odoblari » Balog‘atga yetgan erkak kishi onasi bilan bir to‘shakda uxlashi joizmi?!
Fatvo: 148242

O'qildi: 21

27.06.2026

/ 12 Muharram 1448

Fatvo mavzusi:

Balog‘atga yetgan erkak kishi onasi bilan bir to‘shakda uxlashi joizmi?!

Savol

Men 19 yoshdaman va balogʻat yoshidan oʻtdim. Kechasi onam bilan bir to‘shakda yotishim joizmi?

O’xshash fatvolar

Javob

Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.

Ilmiy tadqiqotlar va fatvolar bo‘yicha doimiy qo‘mitadan soʻraldi:

«O‘g‘il bola balog‘atga yetganida onasi va opa-singlisi bilan birga uxlashi joizmi?»

Ulamolar hay’ati quyidagicha javob berdi: «O‘g‘il bolalar balog‘atga yetsalar yoki o‘n yoshga to‘lsalar, onalari yoki opa-singillari bilan yotoqlarida va to‘shaklarida uxlashlari joiz emas. Bu farjlarni saqlash, fitna qo‘zg‘alishidan uzoq bo‘lish va yomonlik eshigini to‘sish uchundir. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam o‘n yoshga yetganlarida bolalarning yotoqlarini ajratishga buyurganlar va shunday deganlar:

«Bolalaringizga yetti yoshda namoz o‘qishni buyuringlar, o‘n yoshda (o‘qimasalar) uringlar va yotoqlarini ajratinglar».

Balog‘atga yetmaganlarga esa uch vaqtda, ya’ni avratlar ochilishi gumon qilingan vaqtlarda uylarga kirishdan oldin izn so‘rashga buyurgan va buni avratlar deb nomlab, ta’kidlagan. Alloh taolo aytadi:

﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لِيَسْتَأْذِنْكُمُ الَّذِينَ مَلَكَتْ أَيْمَانُكُمْ وَالَّذِينَ لَمْ يَبْلُغُوا الْحُلُمَ مِنْكُمْ ثَلَاثَ مَرَّاتٍ ۚ مِنْ قَبْلِ صَلَاةِ الْفَجْرِ وَحِينَ تَضَعُونَ ثِيَابَكُمْ مِنَ الظَّهِيرَةِ وَمِنْ بَعْدِ صَلَاةِ الْعِشَاءِ ۚ ثَلَاثُ عَوْرَاتٍ لَكُمْ ۚ لَيْسَ عَلَيْكُمْ وَلَا عَلَيْهِمْ جُنَاحٌ بَعْدَهُنَّ ۚ طَوَّافُونَ عَلَيْكُمْ بَعْضُكُمْ عَلَىٰ بَعْضٍ ۚ كَذَٰلِكَ يُبَيِّنُ اللَّهُ لَكُمُ الْآيَاتِ ۗ وَاللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٌ ۝٥٨﴾

«Ey mo‘minlar, qo‘l ostingizdagi (qul va cho‘rilaringiz) hamda o‘zlaringizning balog‘atga yetmagan (bolalaringiz) uch vaqtda (huzuringizga kirish uchun) sizlardan izn so‘rasinlar — bomdod namozidan ilgari, peshin vaqtida (issiqdan) kiyimlaringizni tashlagan paytingizda va xufton namozidan keyin. (Bu uch vaqt) sizlarning avratlaringiz (ochiq bo‘lishi mumkin bo‘lgan vaqtlardir). Ular o‘sha (vaqtlardan) so‘ng (izn so‘ramay kirishlarida) sizlarga ham, ularga ham gunoh yo‘qdir. (Chunki) ular sizlarga, biringiz biringizga kelib-ketib turguvchidirsizlar. Alloh oyatlarni sizlarga mana shunday bayon qilur. Alloh bilim va hikmat Sohibidir» (Nur: 58).

Balog‘atga yetganlarga esa uylarga kirishda barcha vaqtlarda izn so‘rashga buyurgan va shunday degan:

﴿وَإِذَا بَلَغَ الْأَطْفَالُ مِنْكُمُ الْحُلُمَ فَلْيَسْتَأْذِنُوا كَمَا اسْتَأْذَنَ الَّذِينَ مِنْ قَبْلِهِمْ ۚ كَذَٰلِكَ يُبَيِّنُ اللَّهُ لَكُمْ آيَاتِهِ ۗ وَاللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٌ ۝٥٩﴾

«Qachon go‘daklaringiz balog‘atga yetsalar, bas, ular ham xuddi ulardan ilgari (balog‘atga yetganlar) kabi izn so‘rasinlar! Alloh O‘z oyatlarini sizlarga mana shunday bayon qilur. Alloh bilim va hikmat Sohibidir» (Nur: 59).

Bularning barchasi fitnani daf qilish, nomuslarni ehtiyot qilish va yomonlik vositalarini yo‘q qilish uchundir.

Ammo o‘n yoshga to‘lmagan bolaga kelsak, u g‘amxo‘rlikka muhtoj va fitna xavfi bo‘lmagani uchun unga onasi yoki opa-singlisining yotog‘ida uxlashga ruxsat beriladi. Lekin fitna xavfi bo‘lmaganda, ularning barchasi – garchi balog‘atga yetgan bo‘lsalar ham – bir joyda, faqat har biri o‘zining alohida to‘shagida uxlashi joiz.

Tavfiq Allohdandir, Payg‘ambarimiz Muhammadga, uning oilasi va sahobalariga Allohning salotu salomlari bo‘lsin» («Doimiy qo‘mita fatvolari», 26/334).

Bu masalaga berilgan javobning asosi quyidagi hadisdir:

عَنْ عَمْرِو بْنِ شُعَيْبٍ، عَنْ أَبِيهِ، عَنْ جَدِّهِ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «مُرُوا أَوْلَادَكُمْ بِالصَّلَاةِ وَهُمْ أَبْنَاءُ سَبْعِ سِنِينَ، وَاضْرِبُوهُمْ عَلَيْهَا، وَهُمْ أَبْنَاءُ عَشْرٍ وَفَرِّقُوا بَيْنَهُمْ فِي الْمَضَاجِعِ»

Amr ibn Shuayb otasidan, u bobosi roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Farzandlaringiz yetti yoshga yetganda namozga buyuringlar. O‘n yoshga yetganda (ham namoz o‘qimasa), buning uchun uringlar, ularning yotar joylarini alohida qilinglar» («Sunani Abu Dovud», 495; Hadis hukmi: «sahih». Manba: «Sahihi Abu Dovud», 495).

Bu ajratish barcha bolalarni o‘z ichiga oladi: o‘g‘il bolalarni o‘g‘il bolalardan ham, qiz bolalardan ham, shuningdek qiz bolalarni boshqa qiz bolalardan ham, oʻgʻil bolalardan ham ajratish lozim.

Agar-ki shu yoshda ularning orasini ajratish vojib bo‘lsa, undan kattaroq yoshda yotoqlari ayro boʻlishi lozimligi yanada ta’kidliroq sanaladi.

Shuningdek, ushbu hadisda «mahramlar o‘rtasida shahvat bo‘lmaydi», deguvchilarga raddiya bor. Bu esa ba’zi ulamolarni balog‘atga yetganning onasi yoki otasi bilan uxlashini joiz deyishga undagan, lekin to‘g‘riroq qarashga koʻra haqiqat buning aksidir. Bugungi kunda jamiyatning holatiga nazar solgan kishi, buni man qilish naqadar to‘g‘ri ekaniga va hadis balog‘atga yetgan o‘g‘ilning onasi va otasi bilan, balog‘atga yetgan qizning onasi va otasi bilan uxlashini ham o‘z ichiga olishiga shubha qilmaydi.

Ibn Obidin al-Hanafiy rahimahulloh aytadi:

«Agar bola o‘n yoshga yetsa: onasi, opa-singlisi va (begona) ayol bilan uxlamaydi, faqat xotini yoki joriyasi bilan (uxlaydi)», iqtibos tugadi («Bazzoziya»).

Bundan maqsad, haromga tushib qolish xavfidan uxlash vaqtida ularning orasini ajratishdir. Chunki bola o‘n yoshga yetsa, jinsiy aloqani anglaydi va uni qaytaradigan diyonati yo‘q. Shu sababli opa-singlisi yoki onasiga tajovuz qilib qo‘yishi mumkin. Chunki uyqu rohat vaqti bo‘lib, shahvatni qo‘zg‘atadi va unda ikki tomondan ham kiyimlar avratdan ko‘tariladi, bu esa taqiqlangan ishga va harom yotishga olib keladi. Ayniqsa bu zamon bolalari buzuqlikni kattalardan ham ko‘proq biladilar! («Hoshiyatu Ibn Obidin», 6/382).

Imom Navaviy rahimahulloh aytadi:

«Erkak kishi erkak kishi bilan, ayol kishi ayol kishi bilan bir to‘shakda yotishi joiz emas, garchi har biri to‘shakning bir tomonida bo‘lsa ham. O‘g‘il yoki qiz bola o‘n yoshga yetsa, uni onasi, otasi, opa-singlisi va aka-ukasidan yotoqda ajratish vojib bo‘ladi» («Ravzat at-tolibin», 7/28).

Nafraviy al-Molikiyning asarida keladi:

«Erkak va ayolning bir-biriga tegib yotishiga kelsak, agar ular balog‘atga yetgan bo‘lsalar, bir ko‘rpa ostida, garchi avrati ochilmagan va to‘siq ustidan bo‘lsa ham, bir-biriga tegib yotishlarining haromligiga shubha yoʻq» («al-Favokih ad-davoniy», 2/312)

Xulosa:

Yuqorida keltirilgan oyat va hadislar hamda ulamolarning soʻzlariga binoan, savolingizda zikr qilgan ishdan, ya’ni onangiz bilan bir joyda uxlashdan chetlaning. Alloh bizni va sizni har bir yaxshilikka muvaffaq qilsin va bizni hamda musulmon birodarlarimizni har qanday yomonlik va noxushlikdan asrasin.

Alloh bilguvchiroqdir.

Fatvo manbasi

Maqola borasida fikringiz?

Izoh sababi
Ushbu qator to'ldirilishi shart.

Bu javob foydali bo’ldimi?

0

O’xshash fatvolar

  • Bomdoddan va asrdan keyin uxlash hukmi

    Bomdoddan va asrdan keyin uxlashga tegishli hukm bormi?
  • Qorin bilan uxlashdan qaytarish sababi

    Nima uchun qorin bilan uxlash man etilgan? Bu taqiq erkaklar va ayollar uchun birdek amal qiladimi?